O‘rtayer dengizida hukmronlik uchun kurash


Rim armiyasi

Rimning kuchli qo‘shini tashqi dushmanlardan himoyalanish va qo‘shni mamlakatlarning yerlarini bosib olish uchun zarur edi. Dastlab qo‘shinga yer-mulkka ega bo‘lgan rimliklar olingan. Keyinchalik qo‘shin doimiy harbiy kuchga aylangan. Armiyada 17 yoshga yetgan erkak fuqarolar xizmat qila olgan. 80 kishidan iborat jangchilar guruhi senturiyalar deb yuritilgan. Bir necha senturiyalar kogortani, 10 ta kogorta legionni tashkil etgan. Jangchilarning ko‘pchiligi yaxshi ta’lim olgan askarlar bo‘lib, ular maosh olishlaridan tashqari kiyim va yarog‘- aslahalar bilan ta’minlangan. Xizmat muddati 25 yil bo‘lgan. Shuncha muddatdagi xizmati evaziga legioner uy-joy, durustgina oylik maosh olish va Rim tarkibidagi turli o‘lkalarda xizmat qilish imkoniyatlariga ham ega bo‘lar edi.

Rim askarlari jangda
Rim harbiylarining himoya ashyolari

Rimliklar o‘ziga xos jang olib borish taktikasini ishlab chiqishgan: avvaliga shahar qurshab olinar, so‘ngra esa katapulta degan qamal quroli bilan devorlarni teshishar va shaharga bostirib kirishar edi. Pishiq metall taxtachalardan tiklangan uzun ko‘tarma minoralar yordamida baland devorlardan oshib o‘tishardi.

O‘q otish quroli – katapulta
Yarador Rim askari
Rim armiyasining «Toshbaqa» deb nomlangan himoya qalqoni

Harbiy guruhlar davlat hududi bo‘ylab tezroq harakatlanishi uchun mamlakatda soz (tekis) yo‘llar tarmog‘i barpo etilgan, bu yo‘llar bilan mamlakatning har qanday o‘lkasiga borish mumkin bo‘lgan. Davlat chegaralarida tosh qal’alar qurilgan.
Janglardagi zafardan so‘ng Senat qaroriga ko‘ra, Rim qo‘shinlari g‘alaba (triumf)ni nishonlagan. Tantanada qo‘shinlar boshida lavr gulchambari taqib olgan g‘olib sarkarda to‘rtta oq arg‘umoq qo‘shilgan aravada kirib kelgan. Uning ortidan o‘ljalar ham keltirilgan.

Rimdagi gʻalaba – triumf arkasi

Puni urushlari
Mil. avv. III asr o‘rtalariga kelib, Rim butun Italiyani zabt etishga erishdi. Shu tariqa Rim davlatining hududi kengayib bordi. Bu paytda Shimoliy Afrika sohillarini, Sardiniya, Korsika orollarini o‘z ichiga olgan qudratli davlat – Karfagen quldorlari Sitsiliya orolining g‘arbiy qismini egallab olgan edi. Aynan Sitsiliya masalasi Rim va Karfagen o‘rtasidagi urush boshlanishiga sabab bo‘ladi.


Rimliklar Karfagen bilan uch marotaba urushdi. Bu urushlar tarixga Puni urushlari nomi bilan kirgan edi, negaki, rimliklar Karfagenni Puna deb atashardi. Birinchi urushda rimliklar g‘alaba qozondi va Sitsiliyani bosib olib, karfagenliklarni o‘zlariga o‘lpon to‘lashga majbur qildi. Karfagen quldorlari Ispaniyaning katta qismini bosib oldi. Karfagen armiyasiga tajribali sarkarda Gannibal boshchilik qilardi.

Gannibal

Karfagenning vayron etilishi


Gannibal qo‘shinlarining Ispaniyadan Italiyaga qarshi yurishlari tufayli ikkinchi Puni urushi boshlandi. Karfagen armiyasi Alp tog‘lari etaklariga yetib bordi. O‘tib bo‘lmasdek tuyulgan tog‘lardan oshgan Gannibal Shimoliy Italiya hududiga bostirib kirdi va mil. avv. 216-yilda Kann yaqinidagi jangda rimliklar armiyasini tor-mor etdi. Bu jangda 70 ming rimlik legioner halok bo‘lgan.

Gannibal jangchilari

Mag‘lubiyatdan keyin rimliklar hal qiluvchi janglarga botina olmagan. Italiya aholisi Gannibalni qo‘llab-quvvatlamadi, chunki Karfagen yollanma qo‘shinlari mamlakatni talon-toroj qilib tashlagan edi. Rimlik sarkarda Ssipionning kutilmaganda o‘z qo‘shinlari bilan Afrika qirg‘og‘iga kelib tushganidan xabar topgan Gannibal Karfagenni himoya qilishga otlanadi, ammo mil. avv. 202-yilda uning lashkari Zama shahri yaqinida (Shimoliy Afrika) rimliklar tomonidan tor-mor etildi.

Rim piyodalari jangda

Karfagen Rimga taslim bo‘lib, katta miqdordagi boylik bilan tovon to‘lashi kerak edi. Biroq vaqt o‘tib u o‘z qudratini tiklashga harakat qiladi. Uchinchi Puni urushida rimliklar tomonidan Karfagen qamal qilinadi. Shahar aholisi ikki yil Karfagenni mudofaa qildi, shaharda ochlik boshlandi. Rimlik legionerlar shaharga hujum qilib, o‘t qo‘yadi. Shunday qilib, mil. avv. 146-yilda Karfagen butunlay vayronaga aylantirildi. Rim qo‘shinlari esa g‘alaba sururi, talangan o‘lja va minglab qullar bilan Italiyaga qaytib keladi.

Karfagenning vayron qilinishi

Rim tomonidan bosib olingan hududlar


Puni urushlaridan keyin Italiya sarhadidan ancha uzoqda bo‘lgan katta-katta hududlar ham Rim hokimiyati tasarrufiga o‘tdi. Bosib olingan yerlarni rimliklar provinsiya deyishgan. Sitsiliya, Korsika, Sardiniya, Ispaniya va boshqa hududlar ana shular sirasiga kirar edi. Provinsiyalarni boshqarish uchun noiblar – prokonsullar tayinlangan.

Rim suvoriylari

Ular cheklanmagan hokimiyatga ega bo‘lishgan. Prokonsullar odatda bir yilga saylanardi. Provinsiyalar Rimga qarshi kurashga birlashmasliklari uchun rimliklar “Bo‘lib tashlab, hukmronlik qil!” tamoyilida ish ko‘rgan.