Kushon davlati


Kushon davlatining tashkil topishi


Mil. avv. 140 –130-yillar oralig‘ida ko‘chmanchi yuechji qabilalari Yunon-Baqtriya davlatini bosib oladi. Yuechjilar Baqtriya yerlariga kelib o‘rnashadi va milodiy I asrda Guyshuan (Kushon) xonadonining boshlig‘i barcha yuechji mulklarini o‘z hokimiyati ostida birlashtirib, Kushon davlatiga asos soladi.

Kushon hukmdori

Birlashgan yuechji qabilalarining birinchi hukmdori Kudzula Kadfiz bo‘lgan. Kudzula Kadfiz hukmronligi davrida Afg‘oniston va Kashmir Kushon davlatiga qo‘shib olingan. Uning vorisi Vima Kadfiz hukmronligi davrida Kushon davlati hududi yanada kengaydi. Podsho Kanishka hukmronligi zamonida poytaxt Baqtriyadan Peshovar (hozirgi Pokiston)ga ko‘chiriladi, Kushon podsholigi esa ulkan davlatga aylanadi.

Kushon podsholigi
Kushon shahzodasining tasviri

Uning hududiga Hindiston, Xo‘tan, Afg‘oniston va O‘zbekistonning janubigacha bo‘lgan yerlar kirgan. Rim, Parfiya, Xitoy davlatlari qatorida Kushon davlati ham ulkan podsholiklardan biriga aylangan. To‘xtovsiz urushlar oqibatida Kushon davlati inqirozga yuz tutdi va parchalanib ketdi.

Xo‘jalikning rivojlanishi

Vima Kadfiz hukmronligi davridan Kushon podsholigida hukmdor nomi ko‘rsatilgan tanga zarb qilish boshlandi. Hukmdor pul islohoti o‘tkazadi, zarb qilingan tangalar qadri ortadi. Tangalar oltin, kumush va misdan zarb qilingan.

Kushon podsholigi tangalari

Kanishka hukmronligi davrida Kushon podsholigi o‘z taraqqiyotining cho‘qqisiga erishadi. Yangi-yangi shaharlar bunyod etildi, Hindiston, Xitoy va Rim imperiyasi bilan savdo va elchilik munosabatlari yo‘lga qo‘yildi. Hunarmandchilik ham yuksak darajada taraqqiy etgan. Surxon vohasidagi Kushon davlati yodgorliklari Xolchayon, Dalvarzintepa, Ayritom, Zartepa, Qoratepa va boshqalarni o‘rganish jarayonida aniqlangan topilmalar ham buni tasdiqlaydi. Kushon davlati iqtisodiyotining asosini sug‘orma dehqonchilik, savdo-sotiq va hunarmandchilik tashkil qilgan. Kushon davlati davrida suv tegirmoni, chig‘ir turlaridan keng foydalanildi, yerga ishlov berish qurollari takomillashtirildi.

Chig’ir – suv chiqaradigan moslama

Kushon davlati yozuvi


Kushon davlatida yashagan xalqlarning o‘zaro madaniy va savdo-sotiq aloqalari tufayli O‘rta Osiyoda qadimgi oromiy yozuvi keng tarqaladi. Bu yozuv G‘arbiy Osiyoda paydo bo‘lib, alifboga asoslangani tufayli o‘zlashtirish ancha oson bo‘lgan.
Qadimgi Termiz yodgorliklarini o‘rganish natijasida oromiy yozuvi asosidagi kushon-baqtriya alifbosidagi yozuv namunalari topilgan. Kushon mamlakatida yana kushon shaklli yozuvi mavjud bo‘lgan, bunda harflar burchakli, to‘rtburchak va aylana shaklida yozilgan.


Kushon podsholigida yozuv qadimdan mavjudligini Surxko‘tal (Afg‘onistondagi Qunduz shahri yaqinida) yodgorligidan topilgan yunon alifbosidagi kushon bitiklari ham tasdiqlaydi. Amudaryoning quyi oqimida, Zarafshon va Qashqadaryo vohalarida oromiy alifbosi asosidagi xorazmiy va so‘g‘diy yozuvlari ham keng tarqalgan edi. Yozuvning turli ko‘rinishlariga oid topilmalar Kushon podsholigining jahondagi ko‘plab davlatlar bilan keng ko‘lamdagi aloqalaridan guvohlik beradi.

Diniy e’tiqod

Kushon davlati tashkil topayotganda Baqtriya, So‘g‘diyonaning asosiy aholisi zardushtiylik dinida edi. Kanishka hukmronligi davrida Hindistonning bir qismi qo‘shib olinib, yaqindan aloqalar o‘rnatilgach, Kushon davlati hududiga kirib kelgan buddaviylik dini zardushtiylik bilan birga milodiy VIII asrgacha O‘rta Osiyoda saqlanib qoldi.Aynan Surxon vohasi orqali buddaviylik O‘rta Osiyo bo‘ylab tarqala boshladi.


Me’morchilik va san’at. Kushonlar davrida binokorlik va me’morchilik yuksak darajada taraqqiy etgan. Dalvarzintepa va Eski Termiz singari shaharlar xom g‘ishtdan qurilgan mustahkam istehkom devorlari bilan o‘ralgan edi. Shaharlarning o‘zi hunarmandlar mahallalariga va turar joy mavzelariga ajratilgan. Xolchayondagi kushon hukmdorlari saroyi, Eski Termiz (Qoratepa, Fayoztepa) va Dalvarzintepadagi buddaviylik ibodatxonalarida o‘sha davr devoriy tasvirlari va haykaltaroshlikning yuksak san’at namunalari o‘rganilgan.

O‘smirning tasviri. Devoriy sur’at

Shahzodalar, saroy a’yonlari, jangchilar tasviri, Budda haykali va Ayritomda topilgan do‘mbirachi hamda ud cholg‘u asbobini chalayotgan musiqachilar tasvirlari shular jumlasidandir.

Budda boshining tasviri. Dalvarzintepa. II–III asr boshlari
Chang chalayotgan ayol tasviri
Do‘mbirachi. Ayritom yodgorligidan namuna
Ayol kishi bosh tuzilishining haykali. I-II asr

Kandakorlik yuqori rivojlangan. Dalvarzintepadan fil suyagidan yasalgan shaxmat donalari topilgan. Kushon san’atida mahalliy an’analar, Qadimgi Sharq va Qadimgi Yunoniston ellinistik san’ati uslublari muvofiqlashgan.

Tuyadagi chavandoz haykalchasi