Yer egaligi va soliq tizimi
XIX asrda O‘rta Osiyo xonliklari agrar davlatlar edi. Aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli yerga egalik tartiblari qandayligi, to‘lanadigan soliq va to‘lovlarining miqdori bilan belgilangan. Bu davrda yerlarning asosiy qismi, ayniqsa, ekin maydonlari xon, uning qarindosh va yaqinlari hamda bir qancha katta yer egalari qo‘lida bo‘lgan. Aholining aksariyati katta yer egalariga tegishli ekin maydonlarida mehnat qilib, ijaraga olgan yerlari uchun hosilning bir qismi (ko‘p hollarda hosilning 1/5 yoki 1/3 qismi)ni xiroj sifatida to‘lashgan.
Xiva xonligida ijaraga yer olgan dehqonlar yarimchi deb atalgan. Chunki ular olingan hosilning yarmini ijara haqi qilib to‘lagan. Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklarida yerga egalik qilish shakllari deyarli bir xil edi. Ular uch turdagi yer egaligidan iborat bo‘lib, amlok – davlat yerlari, mulk – xususiy yerlar, shuningdek, masjid va madrasalar, diniy muassasalarga qarashli vaqf yerlari hisoblangan. Xonliklardagi yirik amaldorlar, harbiy sarkardalarga davlat tomonidan yerlar in’om etilgan. Vaqf yerlaridan olinadigan foydaning hisob-kitobi va taqsimoti bilan mutavalli shug‘ullangan.
Aholi soliq va to‘lovlarni mahsulot yoki pul ko‘rinishida to‘lagan. Bundan tashqari sug‘orish inshootlari, yo‘llar, ko‘priklar qurish va ularni ta’mirlash kabi ishlarni majburiyat tarzida bajarishgan. Mehnat majburiyati aholining ishlab berishi bo‘lib, u begar deb ham nomlangan. Bu davrda aholidan xiroj, zakot, suv, tegirmon, tuz, mulk, tomorqa, bog‘ solig‘i va boshqa soliqlar yig‘ilgan.
Xiva xonligida asosiy soliq solg‘ut deb atalgan. Harbiy majburiyatda har bir erkak kishi oziq-ovqati, qurol-aslahasi bilan birga qatnashishi kerak bo‘lgan.
Chorvador aholi chorva mollaridan zakot solig‘i, yaylov va suvdan foydalangani uchun ham soliqlar to‘lagan. Shaharlar aholisi – hunarmand va savdogarlardan savdo puli, do‘kon puli, tarozi puli kabi soliqlar olingan.
Sug‘orish tizimi va tartiblari
O‘rta Osiyo hududi va uning iqlimi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga qulay bo‘lgan. Bu soha taraqqiyoti sug‘orish ishlarining holati va suv ta’minotining qay darajada ekaniga bog‘liq edi. Shuning uchun ham sug‘orish va suv ta’minoti sohasi O‘rta Osiyoda muhim hamda davlat ahamiyati darajasiga ko‘tarilgan. Qolaversa, xazinaga tushadigan asosiy daromadni dehqonlardan yig‘iladigan soliqlar tashkil qilgan. Har bir hududda aholi va ma’muriyat vakillari sug‘orish sohasiga mas’ul va javobgar bo‘lgan. Sug‘orish ishlarini yuritish va nazorat qilish bilan bu sohaning mutaxassislari – miroblar shug‘ullangan. Ular sug‘orish ishlari, suv inshootlarining qurilishi, ta’minoti, ta’mirlanishi, tozalanishi, suv taqsimotini yaxshi bilgan kishilar bo‘lgan. O‘rta Osiyoda sug‘orish tizimi qadimdan rivojlanib kelgan soha hisoblanadi. Mazkur ishlar, asosan, hashar yo‘li bilan bajarilgan. Aholisi, asosan, sug‘orma dehqonchilik bilan shug‘ullangan Farg‘ona vodiysida sug‘orish tizimiga katta e’tibor qaratilgan. Vodiy hududida yirik sug‘orish inshootlari – Shahrixonsoy, Andijonsoy, Marg‘ilonsoy, Yangiariq, Ulug‘nor, Qora daryo kabilar bo‘lgan.
Suv chiqishi qiyin bo‘lgan joylarga maxsus qurilmalar – chig‘irlar yordamida suv chiqarilgan. Amudaryo, Sirdaryo suvlari turli sun’iy sug‘orish tizimlari – kanallar hamda uning bo‘ylariga qurilgan to‘g‘onlar orqali ekin maydonlariga yetkazilgan. Bu hududda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, asosan, paxta va donli ekinlar tashkil qilgan. Bundan tashqari bog‘dorchilik, uzumchilik, poliz va sabzavot mahsulotlari yetishtirilgan.
Hunarmandchilik va savdo-sotiq
O‘rta Osiyo xalqlari hayotida hunarmandchilik muhim o‘rin egallab, aholining dehqonchilik, chorvachilik va savdo-sotiq bilan shug‘ullanadigan qatlami hayoti ham bevosita hunarmandchilik bilan bog‘liq bo‘lgan. Chunki har bir dehqon va chorvador hunarmandchilik buyumlaridan foydalangan holda mehnat qilgan, ayni vaqtda ular hunarmandchilikning turli sohalari uchun xomashyo yetkazib bergan. Savdogarlar esa hunarmandchilik mahsulotlari bilan savdo-sotiq qilgan. O‘rta Osiyo davlatlarida ko‘plab hunarmandchilik markazlari mavjud bo‘lib, ular mahalliy xususiyatlariga ko‘ra turli hunarmandchilik sohalariga ixtisoslashgan. Masalan, Marg‘ilonda atlas to‘qish, do‘ppichilik, Rishtonda kulolchilik, Shahrixonda pichoqchilik, do‘ppichilik, duradgorlik, Chustda ham do‘ppichilik, pichoqchilik, Qo‘qonda temirchilik, duradgorlik, zargarlik, Buxoroda zargarlik, Samarqandda zargarlik, Xivada me’morchilik, ganchkorlik rivojlangan. Buxoro amirligida bu davrda kulolchilik, temirchilik, miskarlik, zardo‘zlik, shishasozlik, kandakorlik, badiiy kashtachilik sohalari ham keng tarqalgan. Xonliklarda temir mahsulotlariga ehtiyoj katta bo‘lgani bois metallga ishlov beruvchi mahalliy temirchilik sohasi rivojlangan. Hunarmandlar tomonidan, asosan, mehnat qurollari, xususan, dehqonchilikda ishlatiladigan asbob-uskunalar, kiyim-kechaklar, zeb-ziynatlar, idish-tovoqlar, chorvadorlar foydalanadigan buyumlar tayyorlangan. O‘rta Osiyo xalqlari o‘rtasida azaldan hunarmandlarga hurmat bilan qaralgan, hunar egallash va bu kasbga munosib bo‘lish yaxshi fazilat hisoblangan. Xalq orasida ʻʻHunardan unarʼʼ, ʻʻYigit kishiga qirq hunar ham ozʼʼ, ʻʻHunari bor kishi xor bo‘lmasʼʼ kabi hikmatli so‘zlar bejiz tarqalmagan.
Hunarmandchilik xonadon va kasanachilik ko‘rinishidagi mayda ustaxonalardan iborat bo‘lib, unda, asosan, qo‘l mehnatidan foydalanilgan.
Hunarmandchilik mahsulotlari mahalliy aholi ehtiyojlarini qondiribgina qolmay, balki savdogarlar tomonidan chetga ham olib borilgan. O‘rta Osiyo savdogarlari Eron, Xitoy, Hindiston, Afg‘oniston, Rossiya davlatlari va qozoq juzlari bilan savdo-sotiq qilishgan. Xorijda hunarmandlarning zargarlik mahsulotlari, shoyi va atlas matolari, kulolchilik buyumlari yuqori baholangan. Bu davrda O‘rta Osiyodagi ichki va tashqi savdoning yanada jadal rivojlanishiga uchta davlat o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, ichki nizolar va notinchliklar salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Yakunlarni chiqaramiz!
► O‘rta Osiyoda yer egaligining uch turi mavjud bo‘lgan. Aholi zimmasida ko‘p turdagi soliqlar va majburiyatlar bo‘lgan.
► O‘rta Osiyoda qadimdan ko‘p tarmoqli hunarmandchilik rivojlangan.
► Savdogarlar mahalliy mahsulotlarni chetga olib borib, u yerlardan zarur mollarni olib kelgan.
Atamalar izohi.
Agrar (lotincha – agrarius) – yerga, dalaga oid – qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullaniladigan hududga, aholining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi ustun bo‘lgan joyga nisbatan qo‘llaniladi.