XIX asr o‘rtalarida O‘rta Osiyo aholisining madaniy hayoti


Xalq ijodiyoti. Ta’lim


Xonliklardagi aholining aksariyati o‘zbek tilida so‘zlashgan. Bu tilda oliyhimmat qahramon va bahodirlarning jasorati, ularning g‘alabalari va adolat uchun kurashlari sharaflangan xalq dostonlari – qahramonlik eposlari keng tarqalgan. XIX asrda qirqqa yaqin doston ma’lum bo‘lib, ʻʻAlpomishʼʼ, ʻʻGo‘ro‘g‘liʼʼ, ʻʻKuntug‘mishʼʼ, ʻʻShirin va Shakarʼʼ dostonlari ularning eng mashhurlari edi. Aholi orasida xalq og‘zaki ijodiyoti katta o‘rin egallagan.
Ularda amaldorlarning illatlari, saroy a’yonlarining nuqsonlari va ochko‘zligi kulgi ostiga olinardi. Ba’zi insofsiz amaldor va boylar qoralangan hamda mehnatkash xalqning oliyjanobligi, mardligi madh etilgan. Dostonlarda ko‘pincha ezgulik ning yovuzlik ustidan g‘alabasi g‘oyasi yetakchilik qiladi.
O‘zlari mavzular to‘qib, ularni o‘zlari ijro etgan qiziqchilar va askiyachilar ham o‘zbek adabiyoti hamda folklorining rivojida salmoqli hissa qo‘shishgan. Har yili bahorda shahar va qishloqlar atroflaridagi bog‘lar va chorbog‘larda, qir-u adirlarda xalq sayillari o‘tkazilardi. Xalq sayillarida sayyor sirk truppalari bozor maydonlarida o‘z tomoshalarini ko‘rsatib, aholini xushnud qilgan.

Polvonlar o‘rtasida kurash musobaqalari o‘tkazilgan. Har uchala xonlikda ham ta’lim deyarli bir xilda olib borilgan. Buxoro amirligidagi tizim Xiva va Qo‘qon xonliklarida ham joriy etilgan. Madrasalar Olimlar yasovuli lavozimidagi shaxs (bu mansab XVI asrda paydo bo‘lgan) madrasalar ta’limini nazorat qiluvchi, yuqori bo‘g‘in, ya’ni xon yoki amir bilan madrasalar o‘rtasidagi munosabatlarni yo‘lga qo‘yuvchi mansab egasining hukmdorga yozma ma’lumot berib, o‘qish mavsumi boshlanganini bildirgan. Madrasalarda o‘qish muddati sentyabr oyining ikkinchi yarmida boshlanib, mart oyining oxiriga qadar davom etgan. Shu tariqa o‘qish mavsumi 6 oy davom etgan. O‘quv mavsumining bu tariqa belgilanishi xalqning iqtisodiy-ijtimoiy hayoti bilan bog‘liq edi. Mart oyi oxirlaridan dalalarda ekin-tikin ishlari boshlangan. Sentyabr oxirlarida hosil yetilib bo‘lgan. Oradagi 6 oyda talaba dala ishlarida ishtirok etishi va ota-onasi, oilasiga moddiy yordam berish imkoniyatiga ega edi. Madrasalarda haftada to‘rt kun shanba, yakshanba, dushanba, seshanba o‘qish kuni hisoblangan. Chorshanba, payshanba va juma kunlari ta’til bo‘lgan. Talabalar ta’til kunlari o‘tilgan mavzular yuzasidan mustaqil ishlashga berilgan topshiriqlarni bajargan. Juma musulmonlarning an’anaviy bayram kuni bo‘lgan va barcha shu kungi ibodatga tayyorgarlik ko‘rgan. Talabalarga esa olayotgan ilmini mustahkamlaydigan amaliy mashg‘ulot kuni sifatida qaralgan.

Xalq tomoshalari. XIX asr


Ta’lim olish muddati ko‘p hollarda cheklanmagan. Ma’lumki, madrasalar o‘rta va oliy o‘quv yurtlari sifatida shakllangan bo‘lib, maktablar uchun mullalar, masjidlar uchun imomlar, hukumat idoralari uchun qozilar, mirzalar, moliyaviy ishlarni olib boruvchilar, yer-suvni taqsimlovchilar singari amaldorlarni tayyorlardi.


Ilm-fan. Adabiyot.

Bu davrda Xiva va Qo‘qon xonliklari, Buxoro amirligida ilm-fan ma’lum darajada rivojlangan. Xiva xonligida Eltuzar (1804–1806) farmoyishi bilan Shermuhammad Munis Xorazmning 1812-yilga qadar bo‘lgan tarixini yozgan.
Uning asl ismi Shermuhammad Amir Avazbiy o‘g‘li bo‘lib, tarixchi, ayni paytda shoir, tarjimon, xattot, ma’rifatparvar bo‘lgan. U 1819-yilda Mirxondning ʻʻRavzat us-safoʼʼ (ʻʻSoflik bog‘iʼʼ) tarixiy asarini o‘zbek tiliga tarjima qilishni boshladi va asarning 1-jildini tarjima qilishga ulgurdi. Uning ʻʻFirdavs ul-iqbolʼʼ (ʻʻBaxt lar bog‘iʼʼ) asarini va ʻʻRavzat us-safoʼʼ tarjimasini shogirdi va jiyani Ogahiy nihoyasiga yetkazdi. Ogahiyning asl ismi Muhammad Rizo Ernazarbiy o‘g‘li bo‘lib, 1809–1874-yillarda yashagan. 16 ta tarixiy, ma’rifiy, tarjima asar muallifi. U arab, fors, turk tillarini puxta bilgan va Xorazmning 1812–1872-yillardagi tarixiga bag‘ishlangan asar yozgan. Xiva xonligi tarixiga oid ʻʻRiyoz ud-davlaʼʼ, ʻʻZubdat ut-tavorixʼʼ, ʻʻGulshani davlatʼʼ, ʻʻShohidi iqbolʼʼ nomli asarlar yozgan. Ogahiyning xalqparvarligi va xalq holiga befarq emasligi uning ʻʻQishʼʼ g‘azalida o‘zining yorqin ifodasini topgan. Ogahiy she’riyati, tarixnavislik va tarjimonlik faoliyati O‘rta Osiyo hududidagina emas, balki XIX asr Sharq dunyosi madaniy hayotida chuqur iz qoldirdi.


Buxoro amirligida ham bir qator ilm-fan namoyandalari yetishib chiqdi. Ulardan biri yozuvchi, faylasuf, musavvir, ma’rifatparvar Ahmad Donish edi.
U Buxoro amiri Nasrulloning elchilari bilan 1857-yilda Moskva, Peterburg va boshqa Rossiya shaharlari bo‘ylab sayohat qilgan. U ʻʻBuxorodan Peterburgga sayohatʼʼ, ʻʻBuxoroi sharif mang‘it amirlari muxtasar tarixiʼʼ, ʻʻNavodir ul-vaqoyeʼʼ (ʻʻNodir voqealarʼʼ) asarlarining muallifidir. Ahmad Donish 1865-yilda amir Muzaffar taklifi bilan ʻʻManozir ul-kavokibʼʼ (ʻʻSayyoralarning joylanishlariʼʼ) nomli astronomiyaga oid kitob yozgan.
U faqat Buxoro amirligi emas, balki O‘rta Osiyoning boshqa xonliklarida ham eng ko‘zga ko‘ringan madaniyat arbobi sifatida tanilgandi.

Ahmad Donish


XIX asr boshlarida amir Umarxon hukmronlik qilgan davrda Qo‘qon xonligida markazlashgan hokimiyat o‘rnatilishi, savdo-sotiq munosabatlarining tartibga solinishi, xonlikdagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik ilm-fan rivojlanishida muhim o‘rin tutdi. Xon saroyida o‘zbek milliy madaniyati rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan namoyandalar ko‘paydi. Saroyda tarixnavislik, adabiyot, xattotlik rivojlandi. Saroy tarixchisi Muhammad Yunus tomonidan 1859-yilda yozilgan ʻʻXudoyqul anvarʼʼ asarida Muhammad Alixon davri tarixi voqealari batafsil yoritilgan. Xonlikdagi eng mashhur xattot Turdi Ali bo‘lgan.
Xonlik o‘rdasi qurilgach, Xudoyorxon saroy devorlaridagi xattotlik ishlarini bajarishni ikki shaxsga – Turdi Ali va Mirzo Mahmudlarga topshirgan. Turdi Alining xon saroyidagi nufuzi baland bo‘lgan va ba’zi madaniy tadbirlarda xon undan maslahatlar olgan.


Me’morchilik


XIX asrda ham O‘rta Osiyo davlatlari shaharlarida qurilish ishlari rivojlangan.
Ayniqsa, Xiva xonligida XIX asr o‘rtalariga borib qurilish ishlari avj oldi. Bu davrda Xiva va boshqa shaharlarda ko‘plab imoratlar – saroy, bozor, madrasa, masjid, xonaqoh kabi inshootlar qurildi. Ollohqulixon madrasasi, Rahmonqul Inoq saroyi, Ichan qal’adagi Muhammad Aminxon madrasasi (1851–1855), Ark darvozasi qarshisida Muhammad Rahimxon madrasasi (1871) bugungi kunda ham Xiva shahrining ko‘rki hisoblanadi. Ularning devorlari o‘sha davr Xorazm me’morchiligiga xos bo‘lgan usulda, tiniq zangori rang ustidan oq va yashil gullar tushirilgan koshinlar bilan bezatilgan.
Qo‘qon xonligida bu davrda Hazrati Kalon Sohibzoda madrasasi (1862), Hokim Oyim madrasasi (1869–1870), Sulton Murodbek madrasasi (1872) qurib bitkazilgan. Ularning ichida XIX asr ikkinchi yarmi noyob arxitektura yodgorligi hisoblangan yuzdan ortiq xonadan iborat Xudoyorxon saroyi (1863–1870) alohida o‘rin tutadi. U o‘zining bezaklari, naqshlari rang-barangligi, yorqin jilosi bilan ajralib turadi.

Tillashayx masjidi.. XX asr boshi
Muhammad Rahimxon madrasasi (zamonaviy rasm)


Xudoyorxon saroyi (1863–1870) alohida o‘rin tutadi. U o‘zining bezaklari, naqshlari rang-barangligi, yorqin jilosi bilan ajralib turadi. Xonlikning yirik markazi Toshkentda XIX asrning o‘rtalarida qadimiy inshootlardan Hazrati Imom majmuasini, 1859-yilda Baroqxon madrasasini ta’mirlash ishlari boshlanadi. Shu davrda Baroqxon madrasasi qarshisidagi Mo‘yi muborak madrasasining (XX asr boshida) qurilishi yakunlangan. Tillashayx jome masjidi singari inshootlar bunyod etildi. Bu vaqtga kelib Buxoro amirligi me’moriy qiyofasida ham o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Shahar va qishloq aholisi yashaydigan turar joylar va mahalla guzarlaridagi qurilishlar joylarni yanada obod va ko‘rkam qildi. Kufiy, rayhoniy, nasta’liq yozuv uslublaridan binolarni bezashda foydalanish davom ettirildi.


O‘rta Osiyo xalqlari madaniyatining o‘ziga xosligi


Bu davrda ikki tilda (zullisonayn), ya’ni o‘zbek va fors tillarida ijod qilingan.
Ayni mahalda bu madaniyatda o‘zbek adabiyotining ulug‘ namoyandalari, ayniqsa, Alisher Navoiy asos solgan insonparvarlik va demokratik an’analar muhim o‘rin tutgan. O‘rta Osiyo xalqlarining mushtarak tarixi mustahkam do‘stlik zaminiga qurilgan edi. Minglab she’rlar, g‘azallar va og‘zaki rivoyatlar og‘izdan og‘izga o‘tib, bahodir yigitlar jasoratini madh etar, botirlar va pahlavonlar haqida kuylar, sadoqat, mardlik, do‘stlik va muhabbat haqidagi dostonlar odamlarda ishonch, o‘zaro hurmat tuyg‘ularini uyg‘otib, ezgulikka da’vat etardi.

Ichan qal’a turkumidagi inshootlar (zamonaviy rasm)


Yakunlarni chiqaramiz!


► Xalq ijodiyoti: baxshilar, qiziqchilar, hofizlar, askiyachilar.

► Munis (1778–1829), Ogahiy (1809–1874), Ahmad Donish (1827– 1897).

► Xattotlik: Muhammad Yunus, Turdi Ali.

► Me’morchilik: Muhammad Aminxon, Hazrati Kalon Sohibzoda, Tillashayx.
Atamalar izohi.

Epos – xalq og‘zaki ijodida qahramonlik va qahramonlar haqidagi dostonlar majmuasi.

Xonaqoh – darveshlar uchun maishiy xona va masjiddan iborat yotoqxona.

Truppa – teatr yoki sirk artistlari jamoasi.