Turkiston general-gubernatorligining tashkil etilishi


Turkiston o‘lkasida mustamlaka boshqaruvining o‘rnatilishi


O‘rta Osiyoni o‘z mustamlakasiga aylantirish maqsadida podsho hukumatining olib borgan harbiy istilochilik yurishlari natijasida uning katta hududlari bosib olindi. Yo‘qotishlar va talafotlarga qaramay, imperator Aleksandr II ning buyrug‘i bilan navbatdagi harbiy rejalarni amalga oshirish davom ettirildi. 1865-yilda tashkil qilingan Turkiston viloyati O‘rta Osiyodagi harbiy harakatlarni olib borishda harbiy markaz rolini bajardi. Navbatdagi vazifa bosib olingan hududlarda podsho hukumati hukmronligini mustahkamlash va ma’muriy-hududiy birliklarni tashkil qilishdan iborat edi.
Mazkur maqsadlarni amalga oshirish uchun bosib olingan joylarni o‘z ichiga oluvchi ma’muriy-boshqaruv hudud, ya’ni alohida general-gubernatorlik tashkil etishga kirishildi. Buning sababi O‘rta Osiyoning Orenburg general-gubernatorligidan uzoqda joylashganligi bo‘lsa, boshqa yana bir sababi bu kelgusida bosib olinadigan yerlarni ham birlashtirish bo‘lgan. Bu hududlarning imperiya tarkibida yana bitta general-gubernatorlik tashkil qilish uchun aholisi va hududi to‘g‘ri kelgan. Shu bilan birga O‘rta Osiyoda alohida general-gubernatorlikni tashkil qilish orqali uning geografik xususiyatlari, iqtisodi, tabiiy boyliklari, mineral resurslarini imperiya manfaatlariga har tomonlama moslashtirish edi.


1867-yilda bosib olingan hududlarni o‘z ichiga oluvchi Turkiston general-gubernatorligi tashkil qilindi va Turkiston harbiy okrugi tuzildi. 1847-yildan boshlab harbiy istilochilik yurishlarida ishtirok etgan barcha harbiy qismlar uning tarkibiga kiritildi. Bu davrda Turkiston harbiy okrugidagi harbiylar soni 40 ming kishidan iborat bo‘lgan. Toshkent shahri general-gubernatorlikning markazi qilib belgilandi. U qulay geografik makonda joylashgan bo‘lib, harbiy, siyosiy, strategik maqsadlarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlarga ega edi. Turkiston general-gubernatori o‘lkada joylashgan harbiy qo‘shinlar qo‘mondoni, Yettisuv kazaklari qismi qo‘mondoni va shu bilan birga bosh sudya ham hisoblangan. Turkiston general-gubernatorligiga 1867-yil Rossiya imperatori farmoniga ko‘ra general-adyutant Konstantin Petrovich fon Kaufman (1867–1881) tayinlandi. U bir paytning o‘zida Turkiston harbiy okrugining qo‘mondoni ham edi.

K. P. Kaufman


Yangi ma’muriy hududlarning tashkil qilinishi

Turkiston general-gubernatorligi Turkiston viloyati va Semipalatinsk viloyatining janubiy qismini ham o‘z ichiga oldi. Dastlab Turkiston general-gubernatorligi ma’muriy jihatdan ikkita viloyat: Sirdaryo (markazi — Toshkent) va Yettisuv (markazi — Verniy) viloyatlariga bo‘lingan. Sirdaryo viloyatining hududiga, asosan, 1865-yilda tashkil qilingan Turkiston viloyatiga tegishli bo‘lgan yerlar va Qo‘qon xonligining bosib olingan shimoliy hududlari kirgan. Yettisuv viloyati esa Semipalatinsk viloyatining Sergiopol, Kopal va Olatavsk okrugi yerlari va sobiq Turkiston viloyatining bir qismidan iborat holda tashkil qilindi. Bosib olingan hududlar hisobiga keyinchalik quyidagi ma’muriy-hududiy birliklar vujudga kelgan: 1868-yilda Buxoro amirligiga qarashli yerlarda Zarafshon okrugi (markazi — Samarqand), 1873-yilda Xiva xonligiga qarashli hududlarda Amudaryo bo‘limi (markazi — Petro Aleksandrovsk; hozirgi To‘rtko‘l) va 1876-yilda Farg‘ona viloyati (markazi — Yangi Marg‘ilon, keyinchalik Skobelev — hozirgi Farg‘ona shahri), 1881-yilda Kaspiyorti viloyati (markazi — Ashxobod shahri) tashkil qilingan.

Turkiston general-gubernatorligining markaziy boshqaruvi


Turkiston o‘lkasidagi viloyatlarning hududlari katta bo‘lgan. Ularning maydoni Rossiyaning ayrim markaziy gubernalarining hududidan ham katta bo‘lgan.
Jumladan, o‘lkadagi viloyatlarning hududiy jihatdan eng kichigi bo‘lgan Samarqand viloyatining maydoni 2000 kv. verst (1 verst — 1,066 km ga teng) bo‘lib, u Saratov gubernasidan, Sirdaryo viloyatining hududi esa Moskva gubernasidan katta bo‘lgan. Turkiston general-gubernatori 1867-yilgi ʻʻNizomʼʼ loyihasida ko‘rsatilgan huquqlardan tashqari o‘lkani boshqarish uchun mahalliy sharoitdan kelib chiqqan holda mustaqil faoliyat olib borishda katta huquqlarga ega bo‘lgan. Turkiston o‘lkasida Rossiya imperiyasining boshqa guberna boshliqlaridan farqli ravishda siyosiy, iqtisodiy, harbiy va geosiyosiy maqsadlarini amalga oshirishda K. P. Kaufmanga katta vakolatlar berilgan. Shuning uchun u xalq orasida ʻʻyarim podshoʼʼ nomini olgan.


Yodda tuting!


Turkiston o‘lkasida Rossiya imperiyasining mustamlakachilik siyosati to‘liq amalga oshirilishi va hukmronligining mustahkam bo‘lishi uchun o‘lkadagi istilochi amaldorlarga keng vakolatlar berildi.