Jadidchilik harakatining vujudga kelishi


O‘rta Osiyoda jadidchilik harakatining vujudga kelish shart-sharoitlari


Rossiya imperiyasi tomonidan O‘rta Osiyo xonliklarining zabt etilishi ushbu hududning tanazzulga yuz tutishiga, jahonning rivojlangan davlatlaridan ko‘p sohalarda orqada qolib ketishiga, milliy qadriyatlarning toptalishiga olib keldi.
Maorif sohasida ham imperiya manfaatlaridan kelib chiqib, mahalliy aholini savodsizlikda, qoloqlikda tutib turishga qaratilgan siyosat olib borildi. Turkistonda mustamlakachilikka qarshi milliy-ozodlik harakatlari bilan bir qatorda mahalliy aholining aksariyat qismi o‘zlikni saqlab qolish, milliy madaniyatni asrash va rivojlantirishni bir kun bo‘lsa ham unutmadi. O‘rta Osiyoga nisbatan Rossiya imperiyasining harbiy jihatdan ustunligi mahalliy aholining ochiqdan ochiq kurash olib borishiga imkon bermadi. Shuning uchun ham Vatan, millat, xalq qayg‘usini tushungan kishilar, ayniqsa, ziyolilar xalqni ozodlikka eltuvchi yo‘l bu — xalqni ma’rifatli qilish deb bildi. Ular xalqni ma’rifatli qilmasdan turib, mustaqillikni qo‘lga kiritib bo‘lmaydi deb hisoblashgan. Ziyolilar xalq orasida ilg‘or g‘oyalarni tarqatishda maorif tizimini asosiy vosita deb bilishdi. O‘lka milliy ziyolilarining jamiyatni yangilashga va isloh qilishga qaratilgan harakati jadidchilik nomi bilan maydonga chiqdi. Yodda tuting! XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Turkistonda ma’rifatparvarlik harakati vujudga keldi.


Jаdidchilik hаrаkаtining vujudgа kеlishi


Har bir jamiyatdagi o‘zgarishlar o‘z davrining tarixiy sharoitidan kelib chiqib namoyon bo‘ladi. Bu o‘zgarishlarda tarixiy shaxslar, ayniqsa, ziyolilarning o‘rni katta bo‘lib, ularning har biri o‘ziga xos ilg‘or g‘oyalarni ilgari suradi.
Ziyolilar jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish yo‘llarini topishga harakat qiladi. Xuddi shunday jarayon XIX asrning ikkinchi yarmida Rossiya imperiyasi tarkibiga kirgan Qrim, Kavkazorti, Turkiston, protektoratga aylantirilgan Buxoro amirligi va Xiva xonligida ham ro‘y berdi.
XIX asrning ikkinchi yarmida mustamlaka zulmi ostidagi ziyolilar o‘z xalqlarini ma’rifatli qilish va ularning taraqqiyot darajasini ko‘tarishga qaratilgan harakatlarni boshladi. Qrim-tatar ma’rifatparvari bo‘lgan Ismoil G‘aspirali (1851–1914) butun turkiy xalqlar o‘rtasida yoyilgan jadidchilik harakatining asoschisi hisoblanadi. U diniy va dunyoviy bilimlarni chuqur egallab, jahon taraqqiyoti bilan yaqindan tanishgan, bir nechta xorijiy tillarni, turli xalqlarning madaniyatini o‘rgangandi. O‘zi egallagan bilimlar asosida Sharq va G‘arb dunyosini taqqoslab, turkiy xalqlarning taraqqiyotga erishish yo‘llarini izlaydi. Ismoil G‘aspirali 1884-yilda Qrimdagi Boqchasaroyda birinchi jadid maktabiga asos soldi.


U o‘zi tuzgan ta’lim dasturi asosida darslik tayyorladi. Shu dastur bo‘yicha 40 kunda 12 ta o‘quvchining savodi chiqarildi. Bu usul ʻʻusuli savtiyaʼʼ — harf tovushi usuli, ya’ni ʻʻusuli jadidʼʼ nomi bilan keng tarqaldi. Uning 1888-yilda ʻʻRahbari muallimin yoki muallimlarga yo‘ldoshʼʼ kitobi chop etildi. Unda yangi usul maktablarining ta’lim tizimi, dars o‘tish va uning tashkil qilinishi, o‘quv xonalarining jihozlanishi, dars jadvali, ta’tillar, imtihonlar bayon etilgan.
ʻʻJadidʼʼ so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, ʻʻyangiʼʼ degan ma’noni anglatadi.
Jadidlar Rossiya imperiyasi mustamlakasi bo‘lgan xalqlarni, eng avvalo, maorif tizimini yaxshilash, ta’lim sohasini isloh qilish, yoshlarga diniy bilimlar bilan birga dunyoviy fanlarni ham o‘qitish zarur deb bilishdi. Ular musulmon xalqlarining maktab va madrasalarida yoshlarga diniy ta’lim, arab, fors va rus tillari, tibbiyot, kimyo kabi fanlar o‘qitilishi zarurligi g‘oyasini ilgari surishdi.

Jadid maktabi hovlisi


Taraqqiyparvarlik harakatining O‘rta Osiyoga yoyilishi


Turkiston o‘lkasida millat istiqbolini o‘ylovchi taraqqiyparvar kuchlar xalqning deyarli barcha tabaqalari — hunarmand, dehqon, savdogar, mulkdor, ulamolar orasida mavjud edi. Jadidchilik g‘oyalarining keng yoyilishida ʻʻTarjimonʼʼ gazetasi muhim o‘rin tutdi. Ismoil G‘aspiralining 1893-yilda Toshkent, Samarqand va Buxoroga tashrifi ma’rifatparvarlik g‘oyalarining keyingi rivojiga turtki bo‘ldi. 1893-yilda Buxoro amirligida birinchi yangi usul maktabi faoliyat ko‘rsata boshladi. Keyinchalik bunday maktablar boshqa hududlarda ham keng tarqaldi. O‘rta Osiyo jadidlari ma’rifatparvarlik yo‘lida qrim ziyolilari tajribalarini o‘rganish bilan birga boshqa mamlakatlardagi taraqqiyparvarlarning ilg‘or g‘oyalaridan ham foydalandi. O‘rta Osiyo taraqqiyparvarlik harakati ishtirokchilarining yoshi boshqa mamlakatlar jadid vakillaridan ajralib turgan. 1910-yilda ularning eng yoshi Abdulhamid Cho‘lpon — 13 yoshda, eng kattasi Mahmudxo‘ja Behbudiy — 36 yoshda bo‘lgan. Taraqqiyparvarlik harakatining rivojlanishi ikki bosqichda bo‘ldi.
Birinchi bosqichda ma’rifatparvarlikdan boshlangan bu harakat 1917-yilga kelib o‘zining ikkinchi bosqichi — siyosiy ko‘rinishdagi harakatga aylandi.

Ismоil G‘аspirаli


O‘rta Osiyodagi milliy taraqqiyparvarlik harakati hududiy xususiyatlariga ko‘ra Turkiston, Buxoro va Xiva jadidlariga bo‘linadi. Turkiston jadidchiligining asosiy tarkibini ziyolilar tashkil qilib, ular Rossiya imperiyasi mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurashning oldingi saflarida turishdi. Ular podsho hukumatining xomashyo manbayiga aylantirilgan Turkistonning kelajagini mustaqil, rivojlangan davlat sifatida ko‘rishni orzu qilishgan. XX asrning boshlarida shakllangan taraqqiyparvarlik kuchlari davlatning boshqaruv tizimi zamon talablariga javob bermasligini, xalqning turmush darajasi past ekanini va uni o‘zgartirish lozimligini chuqur angladi. Buxoro milliy ziyolilarining harakati Turkiston o‘lkasiga nisbatan og‘ir ijtimoiy-siyosiy sharoitda yuzaga keldi. Uning tarkibi, asosan, mayda do‘kondorlar, o‘qituvchilar, hunarmandlar, savdogarlardan iborat edi. Jadidlar iqtisod va boshqaruv sohasida bir qator talablar, chunonchi, soliqlarni kamaytirish talabi bilan ham chiqishdi. Shuningdek, Buxoro jadidchiligi ayrim mutaassib mullalar, yangilik va islohotlarni xush ko‘rmaydiganlar oqimi qarshiligiga uchradi. 1910-yildan boshlab Buxoroda jadidchilik harakati siyosiy tashkilot sifatida shakllana boshladi. XX asrning boshlarida Buxoro taraqqiyparvar kuchlari vaziyatga tanqidiy yondashgan holda davlatning ichki boshqaruv tizimi zamon talablariga javob bermasligini, siyosiy-ma’muriy tuzumni o‘zgartirish lozimligini chuqur anglay boshlashdi.


Xiva xonligida XX asr boshlarida shakllangan taraqqiyparvarlik harakati esa boshqacharoq tarixiy shart-sharoitda vujudga keldi. Xiva xonligida jadidchilik ikkita oqimdan iborat bo‘lib, uning o‘ng oqimi Bosh vazir Islomxo‘ja boshchiligida xonlikdagi savdo-sanoat korxonalari egalari hamda yirik boylarning vakillarini birlashtirdi. Mazkur oqim o‘z oldiga mamlakatda xon hokimiyatini saqlab qolgan holda islohotlar o‘tkazilishini maqsad qilib qo‘ydi.
So‘l oqim esa qozikalon Bobooxun Salimov rahbarligida sarmoyadorlar, hunarmandlar va boshqa tabaqa vakillarini birlashtirib, yangi usul maktablarini tashkil qilish orqali xalq ommasining siyosiy faolligiga erishmoqchi bo‘lishdi. Turkistonda ma’rifatparvarlik harakatining yoyilishi bu davrdagi mustamlakachi hukumat va uning amaldorlari hamda mahalliy mutaassib va johil ruhoniylarning qarshiligiga uchradi. Shunga qaramay, jadidlar matbuot, noshirlik va teatr sohalarida faoliyatlarini davom ettirdi.
1898-yilda Qo‘qon shahrida Salohiddin domla ikkinchi jadid maktabini ochdi.
1899-yili Andijonda Shamsiddin domla va Toshkentda Mannon qori jadid maktabini ochib, ko‘plab o‘quvchilarning yangi usulda ta’lim olishlariga erishdilar.

Yodda tuting!

1893-yil Buxoroda birinchi, 1898-yil Qo‘qon shahrida ikkinchi jadid maktabi ochildi. 1899-yili Andijonda Shamsiddin domla va Toshkentda Mannon qori jadid maktablarini ochadilar.


Atamalar izohi

Maorif (arabcha) — insonlarning bilimi va tafakkurini oshirishga qaratilgan ta’lim-tarbiya.


Jadid (arabcha) — ʻʻyangiʼʼ degan ma’noni bildiradi.