Jadidlar va islom dini
Jadidlar mafkurasiga ko‘ra islom dini shaxsning ma’naviy kamoloti va jamiyat rivojida muhim o‘rin tutgan. Ular ushbu vazifani hal etmay turib, boshqa muammolarni bartaraf qilishning iloji yo‘qligini anglab yetgan. Ana shu maqsadda 1909-yilda Mahmudxo‘ja Behbudiy, 1910-yilda Abdulla Avloniy, 1915-yilda Abdurauf Abdurahim o‘g‘li Fitrat tomonidan islom tarixiga oid asarlar yaratildi. Ushbu asarlarda ular islomning paydo bo‘lishi va tarqalishining eng muhim bosqichlarini yoritib berishdi, shuningdek, islom aqidalarining noto‘g‘ri talqin qilinishiga qarshi chiqishdi. Turkiston taraqqiyparvarlari tomonidan birinchi navbatda amalga oshirilgan chora-tadbirlar qatorida islom dini me’yorlarini, Qur’on oyatlari va hadislarni, shariat hukmlarini to‘g‘ri talqin etish, ta’lim tizimini isloh qilish, uni zamon talablariga moslashtirish kabilar bor edi. Milliy taraqqiyparvarlar musulmon ruhoniylarining fanga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lgan vakillarini qoraladi. Taraqqiyparvarlar islom dini har bir musulmon erkak va ayollarning bilimga ega bo‘lishini ularning zimmasiga burch qilib qo‘yganligini keng targ‘ib qilishdi.

Jadidlar ilm-fanni taraqqiyotning va farovonlikning asosiy yo‘naltiruvchi kuchi hamda jaholatga qarshi kurashning birdan bir vositasi deb hisoblashdi.
Ularning fikriga ko‘ra chin musulmon bo‘lish uchun diniy bilimlar bilan birga dunyoviy bilimlarni, ayniqsa, matematika, fizika, kimyo, tibbiyot, tarix va boshqa fanlarni bilishlari zarur deb hisoblangan. Buni muqaddas Qur’on oyatlari va hadislar asosida tasdiqladilar. Jadidlarning islomga oid g‘oyalari ularni islomning asosiy ta’limotini o‘zgartirishga intilganlar, degan xulosaga olib kelmasligi kerak. Sababi ular o‘z faoliyatlarida Qur’onni ham, umuman, butun islom ta’limotini ham to‘g‘ri izohlab berganlar. Ularning barchasi islom diniga va musulmon an’analariga sodiq edi. Ular islomga putur yetkazadigan urf-odatlarga, jamiyat rivojiga va taraqqiyotiga xalal beradigan salbiy ko‘rinishdagi holatlarga qarshi chiqdi. Jadidlar johillikni tugatishga, omma orasida taraqqiyparvar g‘oyalar uyg‘otishga intilishdi. Yodda tuting! Jadidlar islomga putur yetkazadigan an’ana va odatlarga qarshi chiqdilar, jamiyat rivojiga xalal bergan barcha salbiy ko‘rinishlarga norozilik bildirdilar.
Taraqqiyparvarlarning Turkiston ijtimoiy-iqtisodiy sohasidagi faoliyati
Jadidlar o‘lkani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida ham o‘ziga xos qarashlarga ega edi. Taraqqiyparvarlar o‘z faoliyatlari davomida o‘lka xalqlarining ijtimoiy hayoti, turmush tarzi, kasb-kori, shart-sharoitlaridan xabardor bo‘lishgan. Xalqning ahvoli yildan yilga og‘irlashib borayotganini angladi. Ularning fikricha, mamlakatning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlamay turib, siyosiy va huquqiy erkinlikka erishish mumkin emasdi. Buning uchun birinchi navbatda yerni, yerosti va yerusti boyliklarini, suvni Turkiston xalqlarining umumiy boyligi deb e’lon qilish, barcha sohalarni rivojlantirishga qodir mahalliy kadrlarni tayyorlash, zavod va fabrikalar qurib, mahsulotlarni o‘lkaning o‘zida ishlab chiqarishni zarur deb bilishdi. Jadidlar ko‘plab yoshlarni rivojlangan xorijiy davlatlarga, jumladan, Germaniyaga o‘qishga yuborish, u yerda ular tahsil olib kelib, yurt va millat uchun xizmat qilishi g‘oyalarini ilgari surdi. Ularning sa’y-harakatlari bilan mahalliy aholi tomonidan yoshlarning xorijda o‘qib kelishiga ketadigan xarajatlari uchun mablag‘lar yig‘ildi. O‘lkada va xorijda savdo-sotiq, sanoat va qishloq xo‘jaligi rivojining qiyosiy tahliliga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalar e’lon qilindi. Turkiston taraqqiyparvarlaridan biri, Toshkentning ʻʻQor yog‘diʼʼ mahallasidan bo‘lgan Asadullaxo‘ja o‘g‘li Ubaydullaxo‘ja Rossiyada huquqshunoslik sohasi bo‘yicha ta’lim olib, birinchi oliy ma’lumotli o‘zbek advokati bo‘ldi. U buyuk rus yozuvchisi Lev Tolstoy bilan yozishmalar olib borgan.

Yodda tuting!
Taraqqiyparvarlar barcha sohalarni rivojlantirishga qodir mahalliy kadrlarni tayyorlash, zavod va fabrikalar qurib, mahsulotlarni o‘lkaning o‘zida ishlab chiqarishni zarur deb bildilar.
Jadidchilikning siyosiy harakatga aylanishi
Turkiston taraqqiyparvarlari XX asrning boshlaridagi dunyoda ro‘y bergan siyosiy jarayonlarni diqqat bilan kuzatib bordilar. Bu davrda xorijdagi siyosiy partiyalarning dasturlarini tahlil qildilar. Shu vaziyatda taraqqiyparvarlar o‘zbek xalqining tinchliksevarligi, bosiqligidan kelib chiqib, barcha muammolarni tinch yo‘l bilan hal etishga intildilar, chunki ular qonli to‘qnashuv va urushlarga qarshi edilar. 1917-yildagi Rossiya fevral voqealari arafasida Turkiston jadidchiligi kuchli siyosiy harakatga aylandi. Birinchi jahon urushidan keyin jadidlar parlamentar monarxiya uchun kurashgan bo‘lsalar, fevral voqealaridan keyin ancha keng qamrovli, bir qator siyosiy talablarni ilgari surishdi. Jumladan, mahalliy aholi huquqlarini kengaytirish, o‘lkani boshqarish yuzasidan islohotlar o‘tkazish, Davlat Dumasidan o‘lka aholisi sonidan kelib chiqib o‘rin ajratish, milliy matbuot erkinligini ta’minlash kabilar. Ayni vaqtda, milliy-siyosiy partiyalar va tashkilotlar, masalan, ʻʻSho‘royi Islomiyaʼʼ, ʻʻIttifoqʼʼ kabi bir qator tashkilotlar tuzildi. Bu paytda jadidlar tub yerli aholi ijtimoiy tarkibining barcha qatlam vakillarini o‘z ortidan ergashtiroldi. Turkistonda jadidlar faoliyati mahalliy aholini ma’rifatli qilishga, ularda milliy o‘zlikni anglashning kuchayishiga, ozodlik uchun kurashlarning ko‘tarilishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Jadidchilik harakati o‘lkada podsho hukumatining mustamlakachilik siyosatiga qarshi turuvchi asosiy ma’naviy kuch sifatida namoyon bo‘ldi. 1917-yil mart oyi boshlarida jadidlar tomonidan Toshkentda barcha erkparvar tashkilotlarning umumiy dasturiga ega bo‘lgan yagona tashkilot — ʻʻMusulmon markaziy sho‘rosiʼʼ tuzildi. Uning ta’sis syezdida 350 delegat qatnashgan.
Ular orasida ozarbayjonlar, tatarlar, turkmanlar, boshqirdlar kabi boshqa musulmon xalqlarining vakillari ham bo‘lgan. Syezdda barcha delegatlar bo‘lajak davlat Turkiston deb atalishi, uning tarkibiga Buxoro, Xiva va Turkiston general-gubernatorligi kirishi kerak degan fikrni ma’qullashdi.
Biroq Turkistonda 1917-yildagi oktyabr voqealari va bolsheviklarning hokimiyatni egallashi jadidlarning o‘z maqsadlarini oxirigacha amalga oshirishlariga imkon bermadi. Shunga qaramay, ular markazi Qo‘qonda bo‘lgan, Turkiston muxtoriyati deb atalgan mustaqil muxtor respublika e’lon qildi. 72 kun yashagan bu muxtor respublika sovet hokimiyati tomonidan tor-mor etildi. Natijada jadidlar ta’qibga uchradi va oxir-oqibat, 1937–1938-yillarda qatag‘on qurboni bo‘lishdi.
Atamalar izohi
Delegat (lotincha — yuborgan) — biror tashkilot, jamoa tomonidan vakolatli qilib saylab yoki tayinlab yuborilgan vakil.
Federatsiya (lotincha — ittifoq bo‘lib mustahkamlash) — davlatlarning o‘z siyosiy mustaqilligini muayyan doirada cheklash yo‘li bilan yagona ittifoqqa birlashuvi.
Avtonomiya (yunoncha — qonun) — biror-bir hududning qonun bilan chegaralangan davlat hokimiyatini mustaqil amalga oshirish huquqi.