Buxoro amirligiga qarshi harbiy harakatlarning boshlanishi


Buxoro amirligini bosib olishning boshlanishi


Toshkent shahri bosib olingandan so‘ng podsho hukumatining kelgusidagi rejasi xonliklarni navbat bilan bosib olish edi. Barcha harbiy harakatlar Toshkent shahridan turib tashkil qilindi va boshqarildi. Shu maqsadda, eng avvalo, xonliklarning birlashmasligiga qaratilgan siyosat olib borildi. Ya’ni mustamlakachilar o‘zlarining asosiy qoidasi hisoblangan ʻʻBo‘lib tashla, hukmronlik qilʼʼ shioriga amal qilishga kirishdi. Podsho hukumati O‘rta Osiyodan M. Chernyayevni Sankt Peterburgga chaqirib oldi va uning o‘rniga Turkiston viloyatining gubernatori qilib F. Romanovskiyni tayinladi. F. Romanovskiy 1866-yilda Buxoro amirligi Rossiyaga qarshi urushga tayyorlanayotganini bahona qilib, unga qarshi harbiy yurish boshlashga imperatordan ruxsat so‘radi. Hukumat tomonidan bu taklif qabul qilingach, u Sirdaryoning o‘rta oqimidagi hududlarni egallashga kirishdi. Birinchi jang 1866-yil 8-mayda Erjar qishlog‘i yaqinida bo‘lib, kuchlar harbiy jihatdan teng bo‘lmagani uchun amir qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchradi.

Buxoro harbiy qo‘shinlari

F. Romanovskiy Buxoro qo‘shinini ta’qib qilishni to‘xtatib, avval Qo‘qon xonligi bilan Buxoro amirligi o‘rtasida joylashgan Toshkent, Qo‘qon, Balx va Buxoro bilan bog‘lovchi Xo‘jandga qarab harakat boshladi. Turkiston viloyati harbiy gubernatori qo‘shinlari tomonidan Xo‘jand qal’asi may oyida qamal qilinib, 20 ta to‘pdan o‘qqa tutildi. Ertasi tonggacha qamal davom etib, keyin hujum boshlandi. Birinchi hujum qaytarilgandan so‘ng, shahar yana qayta o‘qqa tutildi. Shahar qamali va o‘qqa tutish ikki kun davom etdi. Istilochilarga qarshi shahar mudofaachilari har bir qarich joy uchun mardonavor jang qilishdi.
Lekin harbiy texnika va son jihatdan ustun bo‘lgan mustamlakachilar qo‘shinlari 24-mayda tunga borib himoyachilarning mudofaasini yorib o‘tishdi. Shahar ko‘chalarida ko‘plab mudofaachilar va tinch aholining jasadlari, vayron bo‘lgan xonadonlar qoldi.


O‘ratepa va Jizzax uchun janglar

Turkiston viloyati gubernatori F. Romanovskiyga Orenburg general-gubernatori N. Krijanovskiy tomonidan harbiy harakatlarni Qo‘qon xonligiga qarshi qaratish to‘g‘risida ko‘rsatma berildi. Rossiya imperiyasining O‘rta Osiyodagi harbiy harakatlari rejasiga ko‘ra Qo‘qon xonligining taqdiri 1866-yildayoq hal qilinib, Xo‘jandda Qo‘qonga qarshi hamma narsa tayyor holatga keltirilgandi. Qo‘qonga qarshi yurishga boshchilik qilish uchun N. Krijanovskiyning o‘zi keldi. U Buxoro amirining vakili bilan sulh shartnomasi bo‘yicha uchrashib, 10 kun mobaynida 100 ming rubl tovon to‘lashni talab qildi. Belgilangan muddat o‘tgach, N. Krijanovskiy Buxoro amiri talablarni bajarmaganini bahona qilib, o‘z qo‘shinlariga amirlikka qarshi hujum boshlashga buyruq berdi. 1866-yilning kuzida 6 ming piyoda askar, 500 kazak, 28 to‘p, 600 arava va 800 ta kerakli tuyadan iborat harbiy qo‘shin O‘ratepaga qarab harakat boshladi. Bu harakatga Qo‘qonga qarshi tayyorlab qo‘yilgan kuchlar ham jalb qilindi. F. Romanovskiyning harbiy qo‘shinlari O‘ratepaga yetib borgach, shahar uch kun to‘plardan o‘qqa tutildi. Shundan keyin tongda hujumga o‘tildi. Shahar aholisi bosqinchilarga mardonavor qarshilik ko‘rsatdi. O‘ratepa to‘plardan o‘qqa tutilganligi natijasida vayron qilinib, dushman tomonidan egallandi. Hujum natijasida 2 ming nafardan ko‘proq aholi halok bo‘ldi. Rossiya imperiyasining harbiy qo‘shinlari O‘ratepani egallagandan so‘ng, 12-oktyabrda navbatdagi harakat Jizzaxga qarshi boshlandi.

To‘xtovsiz otishmalar natijasida shahar devorlari vayron qilinib, ikki kecha-kunduz davom etgan jangdan so‘ng 1866-yil 18-oktyabrda Jizzax shahri ham podsho hukumati qo‘liga o‘tdi. Uni bosib olish uchun bo‘lgan jangda har ikkala tomondan 6 mingdan ko‘proq kishi halok bo‘ldi. Bu shahar himoyasida Buxoro amirligidan yordamga chiqqan kuchlar kechikib keldi. Ular himoyachilarga hech qanday yordam berolmasdan orqaga qaytishdi. Podsho hukumati Jizzaxda 3 ming askar, 300 kazak va 12 to‘pdan iborat harbiy kuchlarini qoldirdi. 1864–1866-yillar davomida bosib olingan hududlarni o‘z ichiga oluvchi Sirdaryo viloyati tashkil qilindi. Kazak — Rus davlatida o‘rta asrlarda krepostnoy dehqonlar orasidan chekka hududlarga qochib borib, erkinlikka chiqqan kishilardan tuzilgan qo‘shin.