Mustaqillikning dastlabki yillarida ta’lim tizimi
Madaniy-ma’naviy rivojlanishning eng muhim poydevori – ta’lim tizimidir. Chunki zamon talablariga javob beradigan, ilg‘or fan-texnika, texnologiya yutuqlarini egallab olgan kadrlarni yetishtirmasdan jamiyatni yuksaltirib bo‘lmaydi. O‘zbekistonda 1992-yil 2-iyulda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Bu dasturilamal hujjatda ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy tamoyillari, ta’lim tizimi, uning boshqaruv tarkibi, pedagog xodimlarning burch va mas’uliyatlari aniq belgilab berildi. Mustaqillikning dastlabki yillarida 10 mingdan ortiq xalq ta’limi xodimiga davlat uylari, 22 mingdan ortiq xodimga esa tashkilot va muassasalar tasarrufidagi uylar bepul xususiylashtirib berildi. 50 mingdan ortiq pedagog xodimga shaxsiy qurilish uchun yer maydonlari ajratildi. Qishloqlarda istiqomat qiladigan pedagog xodimlarning hammasi kommunal xizmat uchun to‘lovlardan ozod etilgan bo‘lsa, shaharliklar uning 50 foizi miqdorida to‘lashi belgilandi. Keyinchalik kommunal xizmat bo‘yicha bu imtiyozlar oylik maoshlariga qo‘shib beriladigan kompensatsiya bilan almashtirildi. 1992-yildagi qonun asosida umumiy ta’lim quyidagi bosqichlar bo‘yicha amalga oshirila boshlandi.

Maktab binosi. 1991–2000-yillar.
«I bosqich – boshlang‘ich ta’lim (1–4-sinf);
II bosqich – asosiy (tayanch) maktab (4–9-sinf);
III bosqich – yuqori o‘rta maktab (10–11-sinf);»
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996-yil dekabrdagi qarori bilan 1-oktabr – “O‘qituvchilar va murabbiylar kuni” deb belgilandi hamda bu kun bayram sifatida dam olish kuni deb e’lon qilindi. O‘zbekistonda jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansubligi, e’tiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqeyi, turar joyidan qat’i nazar, har kimga bilim olishda teng huquqlar kafolatlandi.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi
O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi siyosat 1997-yil 29-avgustda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonun hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturida o‘z aksini topdi.
1996–1997-o‘quv yilidan boshlab maktablarning birinchi sinflarida o‘qish lotin alifbosida olib borildi. Yangi alifboda o‘qitish uchun zarur dastur, qo‘llanma va darsliklar yaratildi.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi
3 bosqichdagi islohotlar asosida amalga oshirildi. I bosqich – 1997–2001-yillarda dasturni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan huquqiy-me’yoriy, ilmiy-metodik, moliyaviy-moddiy shart-sharoitlar yaratildi. Buning uchun davlat tomonidan qo‘shimcha ravishda 65 milliard so‘m mablag‘ sarf qilindi. II bosqich – 2001–2005-yillarni o‘z ichiga olib, milliy dastur keng miqyosda joriy etildi. III bosqich – 2005-yildan bugungi kungacha. Bu bosqichda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi natijasida erishilgan natijalar, to‘plangan tajribalar umumlashtirilib, shu asosda yurtimizda ta’lim tizimi takomillashtirilib borildi. 2009-yildan boshlab yurtimizda to‘liq 12 yillik majburiy ta’lim joriy etildi.
9 yillik umumiy o‘rta ta’lim savodxonlik asoslarini, umumiy o‘rta ta’lim olish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan. Bolalar birinchi sinfga 6–7 yoshdan qabul qilinadi. Umumiy o‘rta ta’lim kerakli bilimlar hajmiga asos soladi, mustaqil fikrlash, tashkilotchilik qobiliyatlari va amaliy tajriba ko‘nikmalarini rivojlantiradi, dastlabki kasbiy yo‘nalish va navbatdagi ta’lim bosqichini tanlashga zamin yaratadi.
Prezidentning 2004-yildagi farmoni asosida 2004–2009-yillarda Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi qabul qilindi. Dastur doirasida yangi maktablar qurildi, boshqalari kapital ta’mirlandi; aniq va tabiiy fanlardan o‘quv laboratoriyalar zarur uskunalar bilan jihozlandi.
Umumiy o‘rta, umuman, ta’limning barcha bosqichlarida yangi o‘quv dasturlari, davlat ta’lim standartlari yaratildi. Maktab darsliklari tamomila yangilandi hamda fan va amaliyot yutuqlari bilan boyitish bo‘yicha takomillashtirib borildi. Multimedia o‘quv adabiyotlari ham yaratilishi yo‘lga qo‘yildi. Respublikada faoliyat yuritayotgan 10 mingga yaqin maktablarning moddiy-texnika ta’minoti ham davlat hisobidan amalga oshirildi.
O‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’lim tizimining tashkil etilishi
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq umumiy o‘rta ta’limning to‘qqiz yillik maktabni tugatgan barcha o‘quvchilar ta’lim olishni o‘rta maxsus yoki kasb-hunar kollejlarida davom ettirdi. Bu yangi ta’lim tizimiga bosqichma-bosqich o‘tildi, ya’ni Kadrlar tayyorlash milliy dasturining 1-bosqichi (1997–2001) doirasida amalga oshirildi. Shu davr mobaynida 300 ga yaqin yangi turdagi ta’lim muassasalari ochildi. O‘rta maxsus ta’lim sohasida viloyatlarda biznes maktablari, umumta’lim maktablarida kasb-hunar kurslarining ochilishi, bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqqan holda yangi mutaxassisliklar (fermer, soliq va bojxona xodimi, audit va hokazo) kiritildi. Unga binoan yurtimizda 1997-yildan boshlab hozirga qadar 1400 dan ortiq kasb-hunar kolleji, 200 ga yaqin akademik litsey bunyod etildi. Ular sohalar bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalariga biriktirilishi tufayli bu bosqichda o‘quv jarayoni samarali tashkil etilib, kollej bitiruvchilarining ish bilan ta’minlanishiga e’tibor qaratilganiga qaramay, bu borada qoniqarli natijaga erishilmadi.
2017-yilgi islohotlar
Ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar, 12 yillik ta’limni takomillashtirish yo‘lidagi tadbirlar kutilgan natijani bermadi. Yig‘ilib qolgan muammolar sohani tub isloh qilishni, dunyoning rivojlangan mamlakatlari tajribasidan foydalanish zarurligini taqozo qildi.
2017-yil umumta’lim va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi tizimida tub islohotlar yili bo‘ldi. Xalq qabulxonalari va Prezidentning virtual qabulxonasiga tushgan taklif va mulohazalar, shuningdek, respublika maktablaridagi bitiruvchilarning ota-onalari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalaridan kelib chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 9+3, ya’ni 12 yillik majburiy ta’limdan 11 yillik ta’limga o‘tildi. 2017-yilning o‘zida 10-sinf o‘quvchilari uchun 9 mln nusxa darsliklar chop etildi va 10 mingga yaqin umumta’lim maktabida 11 yillik ta’limga o‘tilgan holda o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qabul jarayoni bilan barobar olib borildi. Bunda ota-onalar va o‘quvchilarning xohish-istaklari inobatga olindi. 2016–2017-o‘quv yilida umumta’lim maktablarini tamomlagan 466 mingdan ortiq o‘quvchining 288 mingi 10-sinfda o‘qishni davom ettirdi. Maktabgacha ta’lim tizimi uzluksiz ta’limning birlamchi, eng asosiy bo‘g‘inidir.

Namunali MTM xonasi
Maktabgacha ta’lim 6–7 yoshgacha oilada, bolalar bog‘chasida va boshqa ta’lim muassasalarida olib boriladi. Mutaxassislarning ilmiy xulosalariga ko‘ra, inson o‘z umri davomida oladigan barcha axborot va ma’lumotning 70 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan davrda oladi. Shu bois, bolalarning sog‘lom va bilimli, yetuk salohiyatli kadrlar bo‘lib voyaga yetishida bog‘cha tarbiyasi juda muhim o‘rin tutadi. Maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 30-sentabrda “Maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Yangi vazirlik tizimiga Qoraqalpog‘iston maktabgacha ta’lim vazirligi, Toshkent shahri maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi, viloyatlarning maktabgacha ta’lim boshqarmalari va ularning shahar va tumanlardagi bo‘limlari kiradi.