O‘zbekiston – Yaponiya
O‘zbekiston o‘zining sharqiy yo‘nalishdagi tashqi siyosatida Osiyo qit’asining Yaponiya, Hindiston va Koreya Respublikasi kabi mamlakatlari bilan davlatlararo munosabatlar va manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga alohida e’tibor berdi.
1992-yil yanvarda o‘rnatilgan diplomatik munosabatlar, 1994-yil may, 2002-yil iyul va 2011-yil fevralda Yaponiyada hamda 2006-yil avgustda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan davlat rahbarlari o‘rtasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi manfaatli va do‘stona aloqalarga yangicha ma’no-mazmun bag‘ishladi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2002-yilda Yaponiyaga tashrifi doirasida Bosh vazir Junitiro Koidzumi bilan uchrashuvida o‘zaro do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonot imzolandi. Ushbu bayonot tomonlarning hozirgi zamon xalqaro munosabatlardagi ko‘plab muammolar bo‘yicha qarashlari va munosabatlari o‘xshashligi, shuningdek, ularning ikki mamlakat ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirishga intilishlarini tasdiqlovchi rasmiy hujjat bo‘lib qoldi. 2004-yilda Tokiodagi Soka universiteti hududida buyuk o‘zbek mutafakkiri Alisher Navoiyga haykal o‘rnatildi. O‘zbekiston Prezidentining 2011-yil fevralda Yaponiyaga qilgan navbatdagi rasmiy tashrifi davomida yuqori texnologiyalar sohasida ixtisoslashgan yirik kompaniyalar bilan yapon texnologiyalari va investitsiyalarini O‘zbekistonning neft-gaz, kimyo, energetika, mashinasozlik va to‘qimachilik sanoati kabi tez rivojlanayotgan sohalariga jalb etishga qaratilgan qator bitimlar tuzishga erishildi.
2015-yil oktyabrda Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abening O‘zbekistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida umumiy qiymati 8,5 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qiladigan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston – Hindiston
Hindiston O‘zbekistonning yirik strategik hamkoridir. 1992-yil martda Toshkentda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida diplomatik munosabatlarning o‘rnatilishi to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi. 2016-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov Hindistonga besh marotaba tashrif buyurgan va birinchi rasmiy tashrif 1991-yilning avgustida amalga oshirilgan edi. 1993-yil mayda Hindiston Bosh vaziri Narasimxa Rao davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Safar kunlarida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Hindiston Respublikasi o‘rtasida davlatlararo munosabatlar va hamkorlik prinsiplari to‘g‘risida” shartnoma, savdo-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida va boshqa bitimlar imzolandi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1993-yilgi Hindistonga rasmiy tashrifi chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy, savdo va ilmiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risida qator bitimlar imzolandi. 2006-yilda Hindiston Bosh vaziri M.Singxning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil may oyida Hindistonga qilgan davlat tashrifi va 2015-yil iyunda Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi hamkorlik munosabatlarini yanada yuqori pog‘onaga ko‘tardi. O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalarga xizmat qiluvchi 40 ga yaqin hujjatlar qabul qilingan bo‘lib, ularning orasida eng muhimi – ikki davlat munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarishga qaratilgan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonotdir. Hozirgi kunda O‘zbekiston hududida Hindiston sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan 60 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston – Koreya Respublikasi
O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida hamkorlik munosabatlarining rivojiga 1991-yil dekabrda O‘zbekiston mustaqilligi tan olingan va ular o‘rtasida 1992-yil yanvarda diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan kunda asos solingan edi. Bu tarixiy sanalar ikki davlat o‘zaro munosabatlarida faol siyosiy muloqot olib borish va har tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikning shakllanishi uchun yo‘l ochdi.
O‘zbek-koreys o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari ravnaqiga O‘zbekiston rahbarining Koreya Respublikasiga 2012-yil sentabrdagi tashrifi yangi turtki berdi. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Qo‘shma bayonot qabul qilinib, unda tomonlarning ko‘p taraflama hamkorlik holatiga baho berildi va har taraflama munosabatlarning istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
2014-yil iyunda Koreya Respublikasi Prezidenti Park Geunhening O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida ikki davlat o‘rtasida Strategik sherikchilikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish to‘g‘risida Qo‘shma deklaratsiya va moliya, investitsiya, muqobil energetika va madaniyat sohalarida o‘zbek-koreys hamkorligini yanada chuqurlashtirish maqsadida qator hujjatlar imzolandi.
O‘zbekistonda Koreya investitsiyasi ishtiroki bilan 400 dan ortiq korxona faoliyat olib bormoqda. 1992-yildan beri Toshkentda Koreya ta’lim markazi faoliyat olib boradi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Samarqand davlat chet tillari institutida Koreys tili va madaniyati markazlari mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan 2017-yilning noyabrida Koreya Respublikasiga rasmiy tashrif bilan bordi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Koreya Respublikasiga tarixiy burilish yasovchi davlat tashrifi bo‘ldi. Oliy darajadagi muzokaralarda o‘zaro hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi davlatlararo aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan bitimlar imzolandi.
O‘zbekistonning zamonaviy tashqi siyosati faol, tashabbuskor va pragmatik tashqi siyosiy kurs olib borishni hamda yuzaga kelayotgan xavf-xatarlarga o‘z vaqtida va adekvat javob choralari orqali yechishni talab etadigan XXI asrning o‘ta shiddat bilan o‘zgarib borayotgan xalqaro-siyosiy voqeliklarini inobatga olgan holda qurilmoqda. Bular O‘zbekistonning jahon hamjamiyati bilan mustahkam aloqada bo‘lganidan, har tomonlama manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirib borayotganidan dalolat beradi. Xalqaro hamkorliklar doirasida qabul qilingan hujjat va kelishuvlarni o‘z vaqtida to‘liq bajarish maqsadida 40 ta “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi va xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston tashqi siyosatida yangi industrial rivojlanayotgan mamlakatlar bilan yaqin munosabatlar va hamkorlik o‘rnatish hamda rivojlantirishga ham katta e’tibor berilayotir. Bunday davlatlar toifasiga to‘la ma’noda Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarini kiritish mumkin. Janubi-sharqiy Osiyoning O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatidagi o‘ziga xos o‘rni shu bilan belgilanadiki, bu mintaqa o‘nta rivojlanayotgan mamlakatni o‘z ichiga oladi. Ular orasida ijtimoiy-iqtisodiy hayot darajasi va rivojlanish sur’atlari bo‘yicha Indoneziya, Malayziya, Singapur va Tailand kabi mamlakatlar ajralib turadi. Ularning mustamlaka muteligidan qutulgandan so‘ng to‘plagan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar borasidagi tajribasi yangi mustaqil mamlakatlar uchun asqatishi mumkin.
O‘tgan davr mobaynida davlat va hukumat rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan rasmiy uchrashuvlar natijasi o‘laroq, o‘zaro anglashuv, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma va bitimlarga erishilib, ular davlatlararo munosabatlarga mustahkam poydevor yaratdi. Bularning barchasi O‘zbekiston Respublikasi va Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik muvaffaqiyat bilan ravnaq topishiga xizmat qildi. Ikki tomonlama aloqalar – xalqaro munosabatlarda ikkita mustaqil subyektning – ikkita davlat yoki ikki xalqaro tashkilotning o‘zaro aloqalari.
Industrial rivojlanish – og‘ir va yengil sanoat, qolaversa, jamiyat iqtisodiy yuksalishiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatadigan muhim tarmoqlarning rivojlanishi.