O‘zbekistonning mintaqaviy tashkilotlar doirasida ko‘ptomonlama hamkorligi


Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi

O‘zbekiston siyosatining diqqat markazida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasidagi mamlakatlar bilan o‘zaro teng manfaatli aloqalarni mustahkamlash bo‘ldi. Negaki sovet davrida hukm surgan boshqaruvning markazlashtirilgan ma’muriy-buyruqbozlik usuli, mustabidlik siyosati sobiq Ittifoq tarkibiga kirgan mamlakatlarni iqtisodiy jihatdan bir-biriga shunday bog‘lab qo‘ygan ediki, natijada ular o‘zaro qaramlik domiga tushib qolgan edi.
Shuning uchun sobiq Ittifoq tarkibidan ajralib chiqqan yosh mustaqil davlatlar buni chuqur his qilar va mavjud qiyinchiliklar hamda iqtisodiy inqirozdan chiqishning, mustabid siyosat asoratidan qutulishning birdan bir yo‘li — bir yoqadan bosh chiqarib, harakat qilish ekanini tushundi. Ana shu nuqtai nazardan ham O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.

1991-yil 8-dekabrda Belorus, Rossiya va Ukraina rahbarlari Minskda uchrashib, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga asos soldi. 1991-yil 21-dekabrda Ozarbayjon, Armaniston, Belorussiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Ukraina davlatlari boshliqlari Almatida uchrashib, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo bo‘lib kirdi. Shu tariqa XX asrning muhim voqealaridan biri sodir bo‘ldi — MDH ixtiyoriy iqtisodiy uyushma yuzaga keldi. Shundan buyon MDHning bir necha yig‘ilishlari o‘tkazildi, ko‘p hujjatlar qabul qilindi. Ularning bari uzoq yillar bir davlat bo‘lib kelgan mamlakatlararo iqtisodiy, madaniy, harbiy va boshqa aloqalarni yangi sharoitlarda — mustaqil davlatlararo munosabatlar tarzida davom ettirishga qaratildi.

1993-yil yanvarda Minskda MDH davlatlari boshliqlarining navbatdagi kengashida MDHning Nizomi qabul qilindi. 1993-yil dekabrda Ashxabod shahrida MDH davlatlari boshliqlarining kengashi bo‘lib, unda Gruziya tashkilotga a’zo etib qabul qilindi. Shu munosabat bilan MDHning tarkibi 12 davlatga yetdi. 1994-yil oktabrda Moskvada o‘tkazilgan MDH davlat boshliqlarining kengashida Davlatlararo iqtisodiy qo‘mita (DIQ) tuzildi.
DIQning shtab-kvartirasi Moskva shahri etib belgilandi. 1996-yil MDHning bayrog‘i qabul qilindi. MDHning raisi lavozimi navbat bilan bir davlat rahbaridan keyingi davlat rahbariga o‘tadi. MDHning asosiy maqsadlarini amalga oshirish uchun hamdo‘stlik davlatlari o‘zaro munosabatlarida davlat suverenitetini o‘zaro tan olish va hurmat qilish, teng huquqlilik va bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik, iqtisodiy kuch yoki boshqa tazyiq uslublarini qo‘llashdan voz kechish kabi qoidalarga rioya qilish majburiyatini olgan. 2004-yil sentabr oyida Qozog‘iston poytaxti Ostonada bo‘lib o‘tgan MDHning sammitida terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha “Xavfsizlik Kengashi”ni tuzishga qaror qilindi. 2005-yil avgustda Turkmaniston MDHning rasmiy a’zosi darajasidan chiqib, hamdo‘stlikning tashkiliy a’zosi — kuzatuvchi maqomini oladi. 2008-yilning avgust oyida Gruziya Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidan chiqish istagini bildirdi. 2009-yilning avgust oyidan Gruziyaning MDHga a’zolik maqomini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. «Bugungi kunda MDHning tarkibiga 10 ta a’zo davlat: Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Armaniston, Moldova va bitta kuzatuvchi Turkmaniston kiradi.
Xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan aloqalar. Xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik aloqalarining kengayishi har qanday davlat iqtisodiy taraqqiyotining asosi hisoblanadi. O‘zbekiston taraqqiyotning yangi davrini boshlagan bugungi sharoitda hamkorlik aloqalarini tobora chuqurlashtirish va yangi bosqichga ko‘tarish tashabbbusi bilan chiqmoqda.» Tinchlik va barqarorlik to‘la kafolatlangan, katta ishlab chiqarish salohiyatiga, beqiyos yerosti va yerusti boyliklariga ega bo‘lgan O‘zbekistondek mamlakat bilan xalqaro moliyaviy muassasalarning hamkorligi har ikki tomon uchun ham manfaatli ekani barchaga ayon. O‘zbekiston boy xomashyo bazasi va ulkan yerosti boyliklari zaxirasiga ega. Eng muhimi, yuksak intellektual salohiyatga, bunyodkorlik va MDHning 1993–2013-yillardagi xaritasi yaratuvchilik qudratiga ega bo‘lgan bag‘rikeng xalqi ezgulik va yaxshilik, insoniyat hayotining saodatli istiqboli yo‘lida umumbashariy manfaatlarga mos keladigan turmush tarzini qurishga qodir. Shuning uchun ham O‘zbekiston rahbari Jahon banki, Xalqaro valyuta fondi va boshqa nufuzli moliyaviy muassasalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlarini ko‘rmoqda.


O‘zbekistonning Shanxay Hamkorlik Tashkiloti bilan aloqalari

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) — submintaqaviy xalqaro tashkilot bo‘lib, Yevroosiyo hududining 61 % ini egallaydi. SHHTning rasmiy tili rus va xitoy tillari, ramzi esa oq bayroq bo‘lib, uning markazida tashkilotning gerbi joylashgan. Tashkilotning shtab-kvartirasi Pekinda joylashgan. 1996-yil Shanxayda Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat rahbarlarining sammitida chegara hududlari bo‘yicha harbiy sohada o‘zaro ishonchni mustahkamlash bilan bog‘liq shartnoma (1996-yil 26-aprel) imzolanishi natijasida “Shanxay beshligi” vujudga kelgan edi. 1997–1999-yillarda Moskva, Almati, Bishkekda bo‘lib o‘tgan sammitlarda “Shanxay beshligi”ning holati yanada mustahkamlanib, o‘zaro ishonch va hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi.


SHHT gerbi

2000-yil Dushanbeda O‘zbekiston Respublikasi birinchi marta kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi. 2001-yilda Xitoyda navbatdagi Shanxay sammiti bo‘ldi. Unda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etib, O‘zbekistonning “Shanxay forumi”ga to‘la huquqli a’zo bo‘lishi to‘g‘risidagi Bayonotni imzoladi. O‘zbekistonning “Shanxay forumi”ga kirishi munosabati bilan uning nomi “Shanxay Hamkorlik Tashkiloti — SHHT” deb o‘zgartirildi. Sammit yakunida SHHTni tuzish to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda “Terrorchilik, ayirmachilik va ekstremizmga qarshi kurash to‘g‘risida Shanxay konvensiyasi” imzolandi. 2002-yil SHHTga a’zo mamlakatlar rahbarlarining navbatdagi Sankt-Peterburg sammitida uchta hujjat: SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining deklaratsiyasi, SHHT Xartiyasi, SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida Mintaqaviy antiterror tuzilmasi (MATT) haqidagi bitim imzolangan.


SHHT xaritasi


SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari

2003-yil Moskvada bo‘lib o‘tgan sammitda SHHT oliy organlari haqidagi Nizomlar tasdiqlandi va tashkilotning gerbi, bayrog‘i qabul qilindi. 2003-yil SHHTning Pekin sammitida “SHHTga a’zo davlatlarning 20 yilga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturi” qabul qilindi. 2004-yil SHHTning Toshkent sammitida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor berildi. 2005-yil mamlakat rahbarlari kengashib, uchta Osiyo mamlakati — Hindiston, Eron va Pokistonga kuzatuvchi maqomi berilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Tashkilot geografik jihatdan kengaydi va bu SHHTning xalqaro mavqeyini yanada yuksaltirdi. Bundan tashqari, Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston mamlakatlari ham kuzatuvchi maqomiga ega bo‘ldi, Turkiya esa muloqot bo‘yicha sherikka aylandi.

Tashkilotning 2016-yilgi Toshkent sammitida Hindiston va Pokistonning SHHTga a’zo davlat maqomini olish yo‘lidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumlar imzolandi hamda 2017-yil Ostonadagi sammitda Hindiston va Pokiston tashkilotga a’zo sifatida qabul qilindi.

2017-yilning iyun oyida tashkilotga a’zo davlat rahbarlarining Ostonada bo‘lgan sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, unda sammit ishtirokchilari e’tiborini Afg‘onistondagi vaziyatni yaxshilash, yoshlarni turli yot g‘oyalardan asrash, ularning zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi, komil inson bo‘lib voyaga yetishida davlatlararo hamkorlikka qaratdi. Tartibga ko‘ra, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga raislik Xitoy Xalq Respublikasiga o‘tdi.

«SHHTning oliy organlari:
— “Davlat boshliqlari Kengashi”;
— “Hukumat boshliqlari Kengashi” (Bosh vazirlar);
— “Tashqi ishlar vazirlari Kengashi” (2002-yil majlisi bo‘lib o‘tgan);
— “Milliy muvofiqlashtiruvchilar Kengashi”;
— “Vazirlar va (yoki) idoralar rahbarlari yig‘ilishi” (2000-yil birinchi uchrashuvi amalga oshirilgan);
— 2002-yil tuzilgan “Mintaqaviy Antiterror tuzilmasi” (MATT);
— 2004-yil yanvar oyidan ish boshlagan Kotibiyat va boshqalar.»