O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlaribilan o‘zaro hamkorligi




Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi

O‘zbekiston tashqi siyosatining yetakchi yo‘nalishlaridan biri Markaziy Osiyodagi yangi mustaqil davlatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston bilan do‘stlik, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan. Mintaqadagi beshta davlat o‘rtasida o‘xshash jihatlar ko‘p. Tariximiz, madaniyatimiz, tilimiz, dinimizning birligi, tomirlarimizning tutashib ketgani bu mamlakatlar xalqlarini bir-biriga yanada yaqinlashtirishning zaminidir.

Yangi tarixiy sharoitlarda vujudga kelayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlarining kelib chiqishi, tarixi, o‘ziga xos turmush tarzi va yaqin qo‘shnichilik munosabatlariga har qachongidan boshqacharoq qarashni taqozo eta boshladi. 1993-yilning yanvarida mamlakat Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Toshkent uchrashuvi tashkil etildi. Oliy darajadagi bu uchrashuvda Markaziy Osiyo Hamdo‘stligiga asos solindi. Besh davlat – Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston rahbarlari Hamdo‘stlik haqidagi bitimga imzo chekdi. Buni mintaqa xalqlari zo‘r mamnuniyat bilan qarshi oldi va qo‘llab-quvvatladi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari 1993-yil Qozog‘iston Respublikasining Qizil O‘rda shahrida, 1994-yil Nukus shahrida, 1995-yil Turkmaniston davlatining Doshhovuz shahrida, 1995-yil yana Nukus shahrida Orol dengizi muammosiga bag‘ishlangan uchrashuvlar o‘tkazdi va bu borada amaliy ishlar olib bora boshladi. 1999-yil Turkmanistonning Ashxobod shahrida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda ekologik falokat mintaqasidagi vaziyatni barqarorlashtirish borasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Davlat rahbarlari o‘zaro hamkorlik, mintaqaviy xavfsizlik va xalqaro miqyosdagi masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.

2017-yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan munosabatida yangi davr boshlandi. Shu yilning o‘zida Qozog‘iston, Turkmaniston va Qirg‘iziston davlatlariga O‘zbekiston Prezidentining rasmiy tashriflari amalga oshirildi. 2018-yil mart oyida esa Tojikistonda oliy darajadagi uchrashuv amalga oshirildi. Bundan tashqari, 2017-yil Samarqandda BMT homiyligida “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusida anjuman bo‘ldi. Unda 500 nafar xorijiy ishtirokchilar qatnashdi.


O‘zbekiston – Qozog‘iston

O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan ikki tomonlama munosabatlari 1992-yil iyunda Turkiston shahrida O‘zbekiston Prezidentining Qozog‘istonga rasmiy davlat tashrifi paytida N.Nazarboyev bilan I.Karimov tomonidan imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma asosida mustahkamlanib bordi. Qozog‘iston Prezidenti N.Nazarboyev 1994-yil yanvarda rasmiy davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Ikki Prezident O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida tovarlar, xizmatlar, sarmoyalar va ishchi kuchlarning erkin o‘tib turishini nazarda tutuvchi hamda o‘zaro kelishilgan kredit, hisob-kitob, byudjet, soliq, narx, boj va valyuta siyosatini ta’minlash to‘g‘risida shartnoma imzoladi. 1998-yil oktabrda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi. O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlarining Toshkentda 2000-yil bo‘lgan uchrashuvida ikki davlat chegaralarini aniq belgilab olishga bag‘ishlangan uchrashuvi bo‘ldi. Muzokaralar yakunida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining qo‘shma bayonoti” imzolandi.

2001-yil O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.Karimov rasmiy tashrif bilan Qozog‘istonda bo‘ldi. Ikki davlat Prezidentlari O‘zbekiston – Qozog‘iston davlat chegarasi to‘g‘risida shartnomani imzoladi. 2440 km uzunlikdagi O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan chegarasining 96 foizi belgilab olindi. Qolgan qismini kelishuv asosida delimitatsiya qilishga kelishildi. 2002-yil O‘zbekiston Prezidenti Ostona shahriga tashrif buyurdi. “O‘zbekiston – Qozog‘iston davlat chegaralarining alohida uchastkalari to‘g‘risida” bitim imzolandi va ikki mamlakat o‘rtasidagi chegaraga oid dolzarb masalalar huquqiy jihatdan o‘z yechimini topdi. Qozog‘iston O‘zbekiston uchun Markaziy Osiyodagi muhim hamkorlardan biri hisoblanadi. 2013-yil imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma ham o‘ta muhim hujjatlar sirasiga kiradi. 2014-yil O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov rasmiy tashrif bilan Qozog‘iston Respublikasida bo‘ldi. 2017-yil iyunda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Ostona sammiti munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonda bo‘ldi. 2017-yil sentabrda Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi.


Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyevni “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirladi.


O‘zbekiston – Qirg‘iziston

O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan ikki tomonlama hamkorligi O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam haqida shartnoma asosida yo‘lga qo‘yildi va rivojlantirilmoqda.
Bu shartnoma Toshkentda 1992-yil Qirg‘iziston Prezidenti Askar Akayevning O‘zbekistonga rasmiy davlat tashrifi paytida imzolangan edi. Mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1993-yil Qirg‘izistonga qilgan rasmiy tashrifi paytida O‘sh shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida 1994–2000-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy integratsiyani rivojlantirish to‘g‘risida Bayonot imzolandi. Bu hujjat ikkala respublikada ishlab chiqilgan milliy dasturlarni muvofiqlashtirishga, xomashyo va ishchi kuchidan, ilmiy salohiyatidan unumli foydalanishga qaratilgan edi. 1994-yil yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qirg‘izistonda bo‘ldi. Rasmiy tashrif yakunida ikki davlat Prezidentlari tovarlar, xizmatlar, sarmoya, ishchi kuchlarining erkin yurishini, o‘zaro kelishilgan kredit, hisob-kitob, byudjet, soliq, narx, bojxona va valyuta siyosatini belgilovchi shartnomani imzoladi.

2010-yil iyulda Qirg‘izistonda ekstremistik kuchlar tomonidan uyushtirilgan millatlararo qonli voqealar sharoitida O‘zbekiston 100 mingdan ortiq qochqinlarni o‘z hududiga qabul qildi. 2017-yil O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarida yangi sahifa ochildi. Shu yil sentabr oyida Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev taklifiga binoan Prezident Shavkat Mirziyoyev Bishkekda bo‘ldi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari o‘z ichiga 85 foiz masofani qamrab olgan chegara to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.
Shu munosabat bilan aholining o‘tib qaytishi uchun ikki davlat o‘rtasidagi 7 yil davomida yopib qo‘yilgan chegara postlar ochildi. 2017-yil dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iziston Respublikasining yangi saylangan Prezidenti Sooranbay Jeenbekov rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. Iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy sohalarda hamkorlikka doir qator hujjatlar qabul qilindi.


O‘zbekiston – Tojikiston

Tojikistonda 1992–1997-yillarda davom etgan birodarkushlik urushi davlatning iqtisodiy taraqqiyotiga salbiy ta’sir etdi, uning qo‘shni mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston bilan hamkorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

1997-yilda Moskvada Tojikistonning rasmiy hokimiyati bilan muxolifat kuchlar o‘rtasida tuzilgan milliy murosa haqidagi shartnomaga erishilgach, qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalari yana tiklandi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan 1998-yil yanvarda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan keldi. Ikki mamlakat rahbarlari tashrif yakunlari bo‘yicha qo‘shma axborot imzoladi. Arab-musulmon mamlakatlari va AQSH sammiti. 2017-yil. Ar-Riyod Ikki mamlakat hukumati o‘rtasida yuk tashish hamda gaz yetkazib berish, Tojikistonning qarzi bo‘yicha o‘zaro hisob-kitob to‘g‘risidagi bitimlar ham imzolandi. O‘zbekiston Tojikiston hududidan o‘tgan transport kommunikatsiyalaridan foydalanib kelmoqda. O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi ham yil sayin ortib bordi.

2017-yil O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlarida ham yangi sahifa ochildi. Shu yil may oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan AQSH va arab-musulmon davlatlari sammitida ishtiroki doirasida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan ilk bor uchrashdi. Uchrashuv chog‘ida ko‘plab manfaatli kelishuvlarga erishildi. 2017-yilning aprelida 25 yillik tanaffusdan so‘ng Dushanbe va Toshkent o‘rtasidagi aviaqatnov yana tiklandi.


O‘zbekiston – Turkmaniston

1991-yilda O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston Respublikasi o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolangan. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov 1996-yil yanvarda amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ldi. Chorjo‘y shahrida S.Niyozov bilan I.Karimov va ikki mamlakat delegatsiyalari o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnomani, O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasida davlat chegarasini qo‘riqlashda hamkorlik qilish to‘g‘risidagi va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha qator bitimlarni imzolashdi. 1991-yildan 2016-yilga qadar ikki mamlakat rahbarlarining 11 marta oliy darajadagi tashriflari amalga oshirildi. O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikka oid dolzarb yo‘nalishlarni qamrab olgan davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo darajada imzolangan 150 dan ortiq xalqaro shartnomalar ikki mamlakat munosabatlarining mustahkam huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Yurtimizda 2001-yilda tashkil etilgan Respublika turkman madaniyat markazi faoliyat olib bormoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston hududida turkman millatiga mansub qariyb 170 ming aholi yashab, 44 ta maktabda turkman tilida ta’lim olib boriladi. Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovning rasmiy tashrifi chog‘ida O‘zbekiston – Turkmaniston hamkorligini yanada rivojlantirish masalasida qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

2017-yil Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov taklifi bilan ikki marta (mart, may oylari) Turkmanistonga tashrif buyurdi. Tashriflar davomida bir qator kelishuvlarga erishildi.
2017-yil mart oyidagi muzokaralar yakunida prezidentlar O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Ikki mamlakat vazirlik va idoralari o‘rtasida iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va kimyo sanoati, temiryo‘l transporti, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik, hududlararo aloqalarni rivojlantirishga doir qator hujjatlar imzolandi.

Delimitatsiya — (lot. – chegaralamoq, ajratmoq) davlat chegaralarini tuzilgan shartnomaga muvofiq tavsiflash va xaritalashtirish asosida belgilash; belgilangan chegaralarni qayta ko‘rib chiqish.

Sammit — (ingl. – tepa, yuqori, cho‘qqi; yuksak daraja) ikki yoki bir necha davlat boshliqlarining muhim xalqaro masalalar bo‘yicha uchrashuvi; oliy darajadagi kengash.