Ma’naviyat maskanlari. Teatr
Mustaqillik yillarida madaniy hayotda ham tub o‘zgarishlar yuz berdi. Bu, avvalo, teatr san’ati rivojlanishida yaqqol sezila boshladi. Yangi teatr dargohlari qurib ishga tushirildi. 1991-yilda Farg‘ona, 1993-yilda Xorazmda davlat qo‘g‘irchoq teatrlari ish boshladi. 1994-yilda Qashqadaryo va Namangan viloyat teatrlari qoshida qo‘g‘irchoq guruhlari, 2001-yilda Surxondaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatri ochildi.
O‘zbek davlat akademik drama (2001-yil) va O‘zbekiston akademik rus drama teatrlari (1999-yil) kabi poytaxt hamda viloyat teatr jamoalariga yangi binolar qurildi, ta’mirlandi. 2015-yilning oktyabrida rekonstruksiya qilingan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 1993-yilning sentabrida “Turkiston” saroyi ish boshladi.
2009-yilda O‘zbekiston xalqaro forumlar saroyi, 2011-yilda Simpoziumlar saroyi va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasidan tashkil topgan Ma’rifat markazi majmuasi, 2014-yilda Farg‘ona viloyatida Teatr-konsert saroyi kabi ma’naviyat maskanlari ochildi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston teatr san’atini rivojlantirish to‘g‘risida”gi (1998-yil) farmoniga muvofiq ma’naviy-ma’rifiy islohotlarda teatr arboblarining faol ishtirokini ta’minlash, milliy qadriyatlarni tarannum etuvchi badiiy barkamol sahna asarlari yaratish kabi maqsadlarda “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi tashkil etildi. 2017-yil faoliyati tanqidiy o‘rganilib, “O‘zbekteatr” birlashmasi tugatilib, uning funksiyalari Madaniyat vazirligiga o‘tkazildi.

Simpoziumlar saroyi va O‘zbekiston Milliy kutubxonasi
2001-yil O‘zbek davlat akademik drama teatriga Prezident farmoni bilan “Milliy teatr” maqomi berildi. 2014-yilda Prezident “O‘zbek milliy akademik drama teatrining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Ushbu qarorga muvofiq teatr ta’mirlandi va yubiley tadbiri bo‘lib o‘tdi. Poytaxtdagi respublika teatrlari qatorida viloyat jamoalari ham xalqaro madaniy munosabatlarda qatnashib kelmoqda. Bu borada O‘zbekiston Yoshlar teatri, Ilhom teatri va Qashqadaryodagi “Eski masjid” teatr-studiyasi faollik ko‘rsatdi. 2018-yil O‘zbekiston Mudofaa vazirligi huzurida ilk bor harbiy teatr-studiya – “Turon” tashkil etildi. Mazkur teatr nafaqat harbiylar va ularning oilalari, balki barcha uchun xizmat ko‘rsatadi.
Boshqa sohalarda bo‘lgani singari 2017-yil teatr sohasida ham keng islohotlar boshlandi. Eng avvalo 2017–2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasida teatr va tomosha maskanlarini, madaniy-ma’rifiy tashkilotlar faoliyatini rivojlantirish hamda takomillashtirish, ularning moddiy texnika bazasini mustahkamlash belgilab qo‘yildi.
Madaniyat muassasalarining faoliyatini tashkil etish, madaniyat va san’atning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini oshirish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi mavjud 37 ta teatr faoliyatini ta’minlash uchun 2017-yilning o‘zida davlat byudjetidan 81 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi “Davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish va ularni moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, davlat madaniyat muassasalari artistlari, ma’muriy-boshqaruv, badiiy rahbar, ijodiy va boshqa xodimlarining mehnat haqi miqdori miqdori o‘rtacha 45 foizga oshirildi.

O‘zbek milliy akademik drama teatri binosi
Musiqa va raqs san’ati
Mustaqillik yillarida musiqa san’atida tub burilish, asliga qaytish, an’anaviy ohanglardan bahramandlik va ta’sirlanishda namoyon bo‘ldi. Buning uchun, eng avvalo, xalqqa yaqinlashish, el orasida yurish, eng noyob xalq iste’dodlarini izlab topish zarur edi. Shu maqsadda 1992-yili bir qancha ko‘rik-tanlovlar o‘tkazildi. Jumladan, Toshkent shahrida mart oyida milliy soz ijrochilarining “Asrlarga tengdosh navolar”, aprel oyida mashhur san’atkorlar asarlari ijrochilarining “Boqiy ovozlar”, Xorazm viloyatida may oyida folklor jamoalarining, iyun oyida Qo‘qon shahrida askiya, qiziqchi va masxarabozlarning va avgust oyida Toshkent shahrida lapar, yalla ijrochilarining ko‘rik-tanlovlari tashkil etildi. Ular bir necha o‘nlab iste’dodlarni kashf qildi. Bu kabi tadbirlar, festivallar o‘tkazilishi an’anaga aylanib, xalqaro miqyosda nomoddiy madaniy merosni asrash yuzasidan olib borilayotgan harakatlar bilan uyg‘unlashib ketdi. Mustaqillik davrida professional musiqa va raqsni rivojlantirish ishlariga ham e’tibor qaratildi. 1996-yil “O‘zbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan 1997-yil Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “O‘zbekraqs” milliy raqs birlashmasi hamda Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi tuzildi.
2001-yil “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi, Milliy estrada san’atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi ish boshladi. Istiqlol davrida tamomila yangi ko‘rik-tanlovlar, festivallar yuzaga keldi. 1995-yilda Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston – Vatanim manim” mavzusida ko‘rik-tanlov o‘tkazish yuzasidan qaror qabul qildi. 1996-yil mart oyidan o‘tkazilib kelinayotgan “O‘zbekiston – Vatanim manim” mavzusidagi ko‘rik-tanlovi mustaqillikni, Vatanni ulug‘lash, uni anglash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Shuning uchun ham 1996-yil 27-avgust kuni maxsus farmon qabul qilindi. Unda har yili avgust oyining uchinchi yakshanbasi “O‘zbekiston – Vatanim manim” qo‘shiq bayrami kuni deb e’lon qilindi. Tanlov mustaqillikni madh etuvchi yuzlab qo‘shiqlar yaratilishiga turtki bo‘ldi.

“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimi
Vazirlar Mahkamasining 1997-yildagi qarori bilan har ikki yilda bir marta Samarqand shahrida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o‘tkazila boshlandi. Birinchi festivalda dunyoning 31 mamlakatidan vakillar ishtirok etishdi. Festivalning mintaqaviy qamrovi ham tobora kengayib bormoqda. 2015-yili X festivalda 66 mamlakatdan vakillar qatnashdi. 1998-yili mamlakatimizda birinchi marta simfonik musiqa festivali o‘tkazildi. Mazkur festivalda dunyoning 20 ga yaqin mamlakatlaridan ijrochilar ishtirok etishdi.
Mustaqillik yillari musiqa san’atining akademik, an’anaviy va zamonaviy yo‘nalishlarida rivojlanishga zarur shart-sharoitlar yaratish qatorida ta’limiga ham e’tibor berildi. 2002-yilda Toshkent davlat konservatoriyasi O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga aylantirildi.
Konservatoriyaning yangi binosi qurildi. Prezidentning qarori bilan qabul qilingan Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha davlat dasturi ham muhim o‘rin tutib, uning doirasida 2009–2014-yillarda hududlarda 278 ta musiqa va san’at maktabi foydalanishga topshirildi.
“Nihol“, “Zulfiya” nomidagi davlat mukofotlari ta’sis etilishi, “Kamalak yulduzlari” respublika bolalar ijodiyot festivali, “Sozlar navosi” yosh musiqa ijrochilari va boshqa ko‘rik-tanlovlar o‘tkazib kelinayotgani yangi iste’dodlarni ro‘yobga chiqarish va qo‘llab-quvvatlash maqsadlariga xizmat qiladi.
Tasviriy san’at
Tasviriy san’at uchun mustaqillik keng imkoniyatlar yaratib berdi. Avvalo 1997-yilda O‘zbekistonda birinchi bor Badiiy akademiya tashkil etildi. 2002-yili Toshkent foto uyi, 2004-yili O‘zbekiston tasviriy san’at galareyasi, 2005-yili O‘zbek liboslari galereyasi, 2006-yili Madaniyat va san’at ko‘rgazmasi ish boshladi.
Mamlakat Prezidentining 1997-yili “Xalq badiiy hunarmandchiliklari va amaliy san’atini yanada rivojlantirishni davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida amaliy bezak san’ati ahamiyatini oshirish, qo‘lda ishlanadigan badiiy buyumlarni tayyorlashda davlat tomonidan madad berish choralari belgilandi.
Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvoni ta’sis etildi. “Hunarmand” uyushmasi tashkil qilindi. Qolaversa, hunarmandlar daromad solig‘idan ozod etildi.
Kino
Mustaqillik yillarida milliy kino san’atini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Dastlabki davrdagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlashlar 2004-yili “O‘zbekkino” milliy agentligi tashkil etilgandan keyin yangi bosqichga ko‘tarildi.
2017-yil kino san’ati uchun ham muhim yil bo‘ldi. Birgina shu yilning o‘zida “O‘zbekkino” milliy agentligiga davlat byudjetidan 12 milliard 400 million so‘m ajratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 29-dekabr kuni milliy kino san’ati xodimlari va mutasaddilari bilan uchrashdi.
Unda kino san’atining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari, tajriba va malaka oshirishini tashkil etish, hududlarda kinoteatrlar qurish, ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, kinomatografiya sohasini rivojlantirish borasida qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlash, xorijiy kinostudiyalar va kinoijodkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, ular bilan hamkorlikda filmlar yaratishni yo‘lga qo‘yish ta’kidlandi.
Badiiy adabiyot
Mustaqillik yillarida badiiy adabiyotda milliylik, ming yillik tarixiy ijodiy an’analar, umuminsoniy qadriyatlar, erkin fikr yuritish tamoyillari tiklandi. Badiiy adabiyotda mustaqillikni asrab-avaylash, ozod va obod Vatan qurish, barkamol insonni tarbiyalash, milliy o‘zlikni anglash kabi masalalar bosh mavzu bo‘lib qoldi.
Abdulla Oripov, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Xurshid Davron kabi ijodkorlarning tarixiy roman, pyesa va qissalarida ulug‘ bobokalonlarimiz Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur va boshqalarning siymolari umuminsoniy va milliy qadriyatlarga mos tarzda yangicha talqinda yoritildi. Mustaqillik davri adabiyotining yalovbardorlari O‘zbekiston qahramonlari Said Ahmad, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuflar ijodiy faoliyati bilan butun xalqimiz faxrlanadi. Istiqlol davridagi o‘zbek adabiyotshunosligi oldida turgan muhim vazifalarni hal etishda O.Sharafiddinov, B.Qosimov, N.Karimovlarning asarlari alohida o‘rin egallaydi.
Muhammad Ali va T.Malikning romanlari, U.Azim, E.A’zam, S.Sayyid, H.Xudoyberdiyeva, H.Ahmedova, J.Ergasheva, H.Do‘stmuhammad, Sh.Salimova singari shoir va adiblarning badiiy barkamol, g‘oyaviy yetuk asarlari katta hissa bo‘lib qo‘shildi. Umuman, adabiyotga e’tibor madaniyatning muhim yo‘nalishi bo‘lib qoldi. Yozuvchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida 2010-yil O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzurida “Ijod” fondi tashkil etilib, 2011-yildan yosh ijodkorlarning birinchi kitoblari davlat hisobidan chop qilina boshlandi.
Adabiyotga e’tibor 2017–2018-yillarda yanada kuchaydi. 2017-yil 12-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Shu yildan 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan kitobsevarlar o‘rtasida “Yosh kitobxon” ko‘rik tanlovi tashkil etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2017-yil 3-avgust kuni ijodkor ziyolilar bilan bo‘lgan uchrashuvida bir qator madaniy muassasalarga homiy tashkilotlar belgilab berildi. Shu yo‘nalishda Xalq banki bilan Yozuvchilar uyushmasining “Do‘stlar klubi” tashkil etildi.
“Do‘stlar klubi”ning tashkil etilishi yozuvchi va shoirlarning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ijodiy salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, munosib ish va turmush sharoiti yaratib berish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Muzey
Millatimizning o‘zligini anglashda hamda milliy, tarixiy qadriyatlarimizni tiklashda muzeylar alohida o‘rin tutadi. Muzeylar orqali o‘tmishni, tarixni ko‘rish, eslash, sezish, o‘rganish mumkin. Shu boisdan ham mustaqillik yillarida mavjud muzeylarni ta’mirlash, ularni yangi eksponatlar bilan boyitish, yangi muzeylar barpo etishda alohida e’tibor berildi. 1996-yili Toshkentda Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Olimpiya shon-shuhrati, 2002-yili Qatag‘on qurbonlari xotirasi, Surxondaryo viloyatining markazi – Termiz shahrida Arxeologiya muzeyi ish boshladi.
O‘zbekiston Prezidentining 1998-yildagi “Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda muzey ishini rivojlantirish istiqbollarini belgilab berdi. Muzeylar davlat muhofazasiga olindi. Ularni ta’mirlash, muzey eksponatlarini boyitish davlat byudjeti hisobidan moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlandi. Muzeylar faoliyatini muvofiqlashtirish, ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatish, moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1998-yilda “O‘zbekmuzey” Respublika jamg‘armasi tuzildi. Aholining muzeyshunoslik madaniyatini oshirishga ko‘maklashuvchi “Moziydan sado” jurnali ta’sis etildi. Va u 1999-yildan boshlab, o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr etila boshlandi. Yoshlar ma’naviyatida muzeylarning ahamiyati hisobga olinib, 2014-yil Vazirlar Mahkamasining qarori bilan haftaning seshanba va juma kunlari bolalar va ularning ota-onalariga bepul xizmat ko‘rsatish, har yili 2–8-sentabr kunlari “Muzeylar haftaligi”ni tashkil etish belgilandi.
Shunday qilib, davlat madaniy hayotning ko‘p qirrali xususiyatini saqlagan holda jamiyat rivojlanishiga qulay shart-sharoit yaratishga e’tibor qaratib kelmoqda. Shuningdek, madaniyat O‘zbekiston aholisining asosiy qismini tashkil etuvchi yoshlarga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Simpozium — (musiqa, she’r o‘qish bilan o‘tadigan yig‘in) biror ilmiy masala bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy kengash; ilmiy anjuman.
Festival — (ital. – bayramona, shod, quvnoq) san’atning musiqa, kino, teatr va boshqa sohalarida erishilgan eng yaxshi yutuqlar bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlov, ko‘rikdan iborat ommaviy bayram, tantana, sayil.
Galereya — (fran. – peshayvon) binoning ikki qismini birlashtiruvchi usti yopiq uzun yo‘lak; tomosha zalida eng yuqorigi yarus.