O‘zbekistonda ilm-fan




Mustaqillikning dastlabki yillarida ilm-fan

Yuzaga kelgan yangi tarixiy shart-sharoit ilm-fan sohasini tubdan islohot qilishni taqozo etdi. Zero dolzarb ilmiy-texnik muammolar hal qilinishi respublikaning rivojlanishini ta’minlar edi.

Avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil martdagi farmoni bilan ilmiy kadrlar tayyorlanishini tashkil etuvchi vakolatli organ – Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tashkil etildi.

Prezidentning 1992-yil iyuldagi “Ilm-fanni davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash va innovatsiya faoliyatini rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmoni asosida respublika olimlarini xorijiy mamlakatlarga tajriba orttirishga yuborish yo‘lga qo‘yildi. Fanlar akademiyasi tarkibida ilmiy natijalarni ichki va tashqi bozorga olib chiqish bilan shug‘ullanuvchi Respublika ilmiy ishlanmalar innovatsiya tijorat markazi tashkil etildi.

1997-yil Xorazm Ma’mun akademiyasi qayta tiklanib, O‘zbekiston Fanlar akadamiyasining mintaqaviy bo‘linmasi sifatida tashkil etildi.

2000-yili Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondi dunyoning eng boy qo‘lyozmalar xazinasidan biri sifatida YUNESKO madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil avgustdagi “Fan va texnologiyalar rivojlanishini muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi huzurida Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi tashkil etildi (bugungi kunda vazirlik). Qo‘mitaga fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish, akademik va oliy ta’lim muassasalari fani integratsiyalashuviga, ilmiy sohadagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish kabi vazifalar belgilab qo‘yildi.


Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasi

2008-yildan buyon Toshkentda innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi o‘tkazib kelinmoqda. 2008–2015-yillar davomida o‘tkazilgan I–VIII yarmarkalar doirasida jami 4000 dan ortiq ishlanmalar taqdim etildi. 2008-yildan buyon umumiy qiymati 113 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 3000 dan ziyod shartnomalar tuzildi.

O‘zbekiston olimlari demokratik va huquqiy jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy va madaniy rivojlanishini tadqiq qilish, innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish, energiya va xomashyoni tejash, axborotlashtirish va axborot-kommunikatsiya, kimyo, bio va nanotexnologiyalarni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, tibbiyot, farmokologiya, geologiya, geofizika, seysmologiya bo‘yicha ma’lum yutuqlarga erishib kelmoqda.

Arxeologiya fani sohasida ham ma’lum siljishlar bo‘ldi. Jumladan, 2002-yildan “O‘zbekistonda arxeologik tadqiqotlar” yillik to‘plami, 2010-yildan esa “O‘zbekiston arxeologiyasi” ilmiy jurnali chop etila boshlandi. Arxeologik tadqiqotlar natijasida bir qator qadimiy shaharlarning yoshlari aniqlanib, yubileylari nishonlandi.

Bugungi kunda fanning boshqa yo‘nalishlaridagi olimlar ham yirik natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Fanlar akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi instituti tomonidan tayyorlangan 10 jildlik “Tabiiy birikmalar (O‘simlik zaxiralari tuzilishi va xossalari)” nomli noyob ma’lumotnoma ingliz tilida Londonda chop etildi. Bu ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlik rivojlanayotganidan ham dalolat beradi. «Mustaqillikning dastlabki yillarida birgina Fanlar akademiyasining ilmiy mahsulot eksporti 8,2 martaga ko‘paydi.


Ilm-fan va ta’lim integratsiyasi

O‘zbekistonda fan va ta’lim integratsiyasini ta’minlash borasida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon 2012-yilga qadar Fanlar akademiyasi tizimida ilmiy-o‘quv markazlari tashkil etilishi orqali amalga oshirildi. Jumladan, 2011-yili Fanlar akademiyasining Fizika-texnika institutida “Qayta tiklanadigan energiya manbalari” ilmiy-o‘quv markazi, 2012-yili Immunologiya institutida “Biotibbiyot” ilmiy-ta’lim innovatsion markazi ish boshladi.»

2012-yildan esa oliy ta’lim tizimida ilmiy sektor rivojini ta’minlash maqsadida Fanlar akademiyasining 5 ta ilmiy tadqiqot instituti, 4 ta mintaqaviy ilmiy markazlari ilmiy bo‘linma tarzida qayta tashkil etilib, yo‘nalishi va ixtisosliklariga ko‘ra tegishli oliy ta’lim muassasalariga o‘tkazildi. Fanlar akademiyasi tuzilmalarini qisqartirish hamda akademik fan va ta’lim integratsiyasini kuchaytirish maqsadida 2014-yilda 2 ta institut va 1 ta bo‘linma oliy ta’lim muassasalari qoshidagi ilmiy-tadqiqot markazlari sifatida tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yildagi “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va ularni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq 2013-yilning 1-yanvaridan boshlab dissertatsiya himoya qilish va fan doktori ilmiy darajasini berish bo‘yicha oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning bir bosqichli tizimi joriy qilindi. Lekin bu tizim mavjud xalqaro ilm-fan standartlariga to‘la mos kelmagani, respublikadagi mavjud ilmiy salohiyatning tushib ketgani oqibatida 2017-yil fevraldan Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xalqaro standartlarga mos keluvchi, falsafa doktori va fan doktori darajalarini beruvchi ikki bosqichli tizimga o‘tildi.


Ilm-fandagi tub islohotlar

2016–2017-yillar O‘zbekiston ilm-fanida tom ma’noda tub islohotlar davri bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 30-dekabr kuni ilk bor mamlakatimizning yetakchi ilm-fan namoyandalari bilan uchrashdi. Uchrashuv natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda ilm-fanga e’tibor yanada kuchaytirilishi belgilandi. Harakatlar strategiyasida belgilanganidek, fan, ilmiy tadqiqot, innovatsiya yutuqlarini rag‘batlantirish va ularni amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish hamda ixtisoslashgan laboratoriya, yuqori texnologiya markazlari va texnologiyalarni joriy etish masalalari alohida ta’kidlangan.

Davlat rahbari Sh.M.Mirziyoyevning 2017-yil 17-fevralda qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish va rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni O‘zbekistonda fan taraqqiyotini hozirgi zamon sivilizatsiyasi talablari asosida tashkil etish, xususan, mamlakatda joriy etilayotgan jadal taraqqiyotlar strategiyasining ilmiy asoslarini yaratish va ishlab chiqarishni fan asosida rivojlantirish zarurligini ko‘rsatib berdi. Shu bilan birga, Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish, fan arboblarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yuqori malakali, iste’dodli kadrlar tayyorlash sifatini oshirish va rag‘batlantirish zarurligini uqtirdi.

Prezident Sh.M.Mirziyoyev fanimiz darg‘alari, maktab yaratgan ulkan allomalar bilan bo‘lgan uchrashuvda bir qator dolzarb masalalarni sanab o‘tdi. Prezidentning 2017-yil 17-fevraldagi “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 9 ta ilmiy-tadqiqot muassasasi Fanlar akademiyasi tarkibiga qaytarildi, qator ilmiy tashkilotlar qayta tashkil etildi. Fanlar akademiyasining fan yo‘nalishlari bo‘yicha 3 ta bo‘limi va Navoiy bo‘limi tashkil etildi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yilda imzolangan “Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etildi. Mazkur vazirlikning davlat va jamiyat qurilishiga, iqtisodiyot tarmoqlariga, qishloq xo‘jaligiga, ijtimoiy rivojlanishga, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish tizimiga innovatsiyalarni joriy etish hamda ilg‘or texnologiyalar joriy etilishida tashabbus qilish, muvofiqlashtirish va rag‘batlantirish sohasidagi asosiy vazifalari belgilab berildi.

Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligiga oxirgi saylovlar 1995-yilda o‘tkazilgan edi. O‘tgan yillar mobaynida akademiklarning soni ikki martadan ko‘proqqa qisqardi va 2017-yilga kelib akademiyaning atigi 63 nafar haqiqiy a’zosi qolgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi tarixiy farmoni bilan 22 yillik uzoq tanaffusdan so‘ng Fanlar akademiyasining 32 nafar yangi haqiqiy a’zolari tasdiqlandi.

Bugungi kunda ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanuvchi 400 ta muassasa ro‘yxatga olingan bo‘lib, fan sohasida 36 ming mutaxassis, jumladan, 2 mingdan ortiq fan doktori va 9 mingdan ortiq fan nomzodi faoliyat olib bormoqda.

Innovatsiya — (ingl. – kiritilgan yangilik, ixtiro) ilg‘or texnologiya, boshqarish va boshqa sohalardagi yangiliklar va ularning turli sohalarda qo‘llanishi.

Immunologiya — (yun – tushuncha, ta’limot) organizmning kimyoviy xususiyatlari, immuniteti haqidagi fan.

Integratsiya — (lot. – tiklash, to‘ldirish) ayrim qismlarni, elementlarni qo‘shib birlashtirishni ifodalovchi tushuncha. Fanlarning yaqinlashishi va o‘zaro bog‘lanish jarayoni.a