O‘zbekiston – Rossiya
O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasi bilan o‘zaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratdi. O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlar va hamkorlik 1992-yil imzolangan davlatlararo munosabatlar, do‘stlik asoslari to‘g‘risidagi, 1998-tuzilgan 1998–2007-yillar uchun iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi shartnomalar asosida rivojlanib bordi.
Keyingi yillardagi O‘zbekiston – Rossiya munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilishida 2004-yilda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma muhim ahamiyat kasb etdi. 2005-yilda Moskvada imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma, shuningdek, 2012-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakuniga ko‘ra qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida”gi deklaratsiya ikki davlat o‘zaro munosabatlarida alohida voqea bo‘ldi. Ikki mamlakat o‘zaro munosabatlari va hamkorligining yanada rivojlanishi va chuqurlashishiga 2013-yil aprelda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti V.Putin o‘rtasidagi Moskva uchrashuvi yangi turtki berdi. Ushbu uchrashuv chog‘ida davlatlarning keng qamrovli o‘zaro munosabatlaridagi hamkorlikni rivojlantirish holati va istiqboli ko‘rib chiqildi. Har ikki davlat mustaqillikka erishgandan keyingi davr ichida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida 160 dan ortiq xalqaro shartnoma va 40 dan ziyod boshqa hujjatlar imzolandi.
2017-yil aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Rossiyada bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, harbiy-texnikaviy, migratsiya sohalari, shuningdek, mintaqalararo hamkorlik, turizm va sog‘liqni saqlashga oid umumiy qiymati 16 milliard dollar bo‘lgan 55 ta hujjat imzolandi.
O‘zbekiston – Xitoy
Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini 1991-yil 27-dekabrda tan olgan. 1992-yil yanvarda diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida an’anaviy do‘stlik munosabatlari o‘rnatildi. Bu ikki mamlakatga har ikki tomonni qiziqtiruvchi ko‘plab masalalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlik olib borish imkonini beradi. Xitoy Xalq Respublikasi Raisining 2010-yildagi O‘zbekistonga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil iyunda Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Uchrashuvlar davomida hamkorlikning istiqbollari belgilandi. Buning yaqqol dalili sifatida O‘zbekiston rahbarining Xitoyga tashrifi chog‘ida davlatlar rahbarlari tomonidan “Strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot” imzolanganini ko‘rsatish mumkin. O‘zaro manfaatli hamkorlikning huquqiy bazasini 2005-yilda imzolangan Do‘stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma, 2010-yildagi Do‘stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlarini har tomonlama chuqurlashtirish va rivojlantirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, 2012-yildagi Strategik sheriklikni o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya, 2013-yildagi Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi Qo‘shma deklaratsiya, 2014–2018-yillarga mo‘ljallangan Strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish dasturi hamda 2016-yilda imzolangan Qo‘shma bayonot tashkil qiladi. Mazkur hujjatlarning qabul qilinishi uzoq muddatli istiqbolda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
2017-yil 11–13-may kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tardi. Muzokalar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi Qo‘shma bayonotni imzoladi. Shavkat Mirziyoyev Xitoyga bo‘lgan tashrifi davomida umumiy qiymati 23 mlrd dollar bo‘lgan 105 ta ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
O‘zbekiston – AQSH
O‘zbekiston bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida davlatlararo aloqalar mustaqillikning dastlabki yillaridayoq yo‘lga qo‘yildi. 1992-yil fevralda AQSH davlat kotibi O‘zbekistonga rasmiy tashrif buyurdi va ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatildi. 1992-yil martda Toshkentda birinchi bo‘lib AQSHning elchixonasi ochildi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1996-yil iyunda AQSHda bo‘lishi O‘zbekiston va Amerika munosabatlarini yangi pog‘onaga ko‘tardi. Islom Karimov AQSH Prezidenti Bill Klinton bilan uchrashdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish, tomonlar manfaatiga daxldor bo‘lgan siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik masalalari muhokama etildi. Bill Klinton AQSH ma’muriyati Markaziy Osiyo mamlakatlarining mustaqilligi, barqarorligi va ravnaqidan manfaatdor ekanini, O‘zbekiston bilan qalin munosabatlar o‘rnatishni istayotganini, O‘zbekistonning tezroq dunyo hamjamiyatiga integratsiyalashuvi yo‘lida yordam berishini ta’kidladi.
1996-yil O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi ochildi. O‘zbekiston davlat delegatsiyasining AQSHda bo‘lishi chet el sarmoyasi uchun respublikada yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risidagi axborot taqchilligini bartaraf etdi.
2017-yil may oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan AQSH va arab-musulmon davlatlari sammitida ishtirok etdi. Sammit doirasida Shavkat Mirziyoyev va AQSH Prezidenti Donald Tramp ilk bor uchrashdi. Donald Tramp davlatimiz rahbari bilan uchrashuvda O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar jarayonini yuqori baholadi.
Shu yil sentabrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMTning 72-sessiyasi munosabati bilan Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘ldi va u yerda istiqomat qilayotgan bir guruh o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi. Prezidentimizning Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi turli tarixiy voqealar va uchrashuvlarga nihoyatda boy bo‘ldi. Prezidentimiz 19-sentabr kuni BMTning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi. BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida mamlakatimiz, xalqimiz uchun yana bir muhim ahamiyatga molik voqea bo‘lib o‘tdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti binosida muazzam Registon maydonining maketi o‘rnatildi.
19-sentyabr kuni Nyu-Yorkda Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasiga tashrif buyurgan davlat va hukumat rahbarlari sharafiga rasmiy qabul marosimi o‘tkazildi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn, Xalqaro valyuta jamg‘armasi farmoyish beruvchi direktori Kristin Lagard, Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Rudev, Gruziya Bosh vaziri Georgiy Kvirikashvilini bilan uchrashdi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi farmoyish beruvchi direktori Kristin Lagardning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida to‘xtalib, ularga O‘zbekiston renessansi, yangi uyg‘onish davrining boshlanishi sifatida baho bergani ayniqsa diqqatga sazovordir. O‘zbekiston Prezidenti, shuningdek, Jahon banki prezidenti Jim Yeng Kim bilan uchrashdi. Davlatimiz rahbari tashrif davomida Amerika Qo‘shma Shtatlarida istiqomat qilayotgan bir guruh vatandoshlarimiz bilan ham uchrashib, samimiy suhbatlashdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va AQSH ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida o‘tgan qabul marosimida ishtirok etdi.
Vatandoshlar ilm-fan, ta’lim, texnologiya, investitsiya va boshqa sohalarni rivojlantirish, O‘zbekiston va AQSH muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi. Shavkat Mirziyoyev ularga murojaat qilar ekan, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga daxldor bo‘lish, zamonaviy bilim va tajribalarni mamlakat rivojiga yo‘naltirishga da’vat etdi. Bugungi kunda O‘zbekiston va AQSH strategik hamkor va sherik mamlakatlardir.