Jismoniy tarbiya va sportni qo‘llab-quvvatlovchi tizimning yaratilishi
O‘zbekistonda davlat mustaqilligi qo‘lga kiritilgach, madaniyat, ta’lim, ilm-fan bilan bir qatorda jismoniy tarbiya va sport ishlariga katta e’tibor qaratildi. Davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘ning muttasil ortib borishi ham mamlakatda jismoniy tarbiya va sport sohasi davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini ko‘rsatadi. Darhaqiqat, nufuzli xalqaro musobaqalarda mamlakatimiz sportchilarining muvaffaqiyatli ishtirok etishlarining eng asosiy sabablaridan biri ham ushbu sohaning davlat tomonidan muntazam ravishda qo‘llab-quvvatlanganidir.
1992-yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining IX sessiyasida “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida” qonun qabul qilinishi va unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, 2015-yilda yangi tahriri tasdiqlanishi sport sohasining yanada rivojlanishiga xizmat qildi.
Respublikada yuqori malakali sportchilarni tayyorlashga ixtisoslashtirilgan 536 ta bolalar-o‘smirlar sport maktablari, 5 ta olimpiya zaxiralari kolleji, 8 ta respublika oliy sport mahorati maktablari faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat MIrziyoyev 2017-yil 10-avgustda “O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Unga muvofiq, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti Toshkent viloyati Chirchiq shahriga ko‘chirildi. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida 2017–2018-o‘quv yilidan boshlab ta’limning sirtqi bo‘limi tashkil etildi.
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Toshkent, Namangan, Jizzax, Farg‘ona, Buxoro, Xorazm, Andijon, Samarqand, Guliston va boshqa shaharlarda xalqaro standartlarga javob beradigan qator sport majmualari qurildi. Toshkent shahridagi “Yunusobod”, “Jar”, “Bunyodkor”, Namangan shahrida “Pahlavon”, Jizzax shahridagi “Olimpiya” zaxiralari kolleji sport majmualari va boshqalar shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil martdagi farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tashkil etildi.
Uch bosqichli sport o‘yinlari
Mustaqillik yillari mamlakatda jismoniy tarbiya va sportni ommaviylashtirishda alohida davr bo‘ldi. Bu borada Bolalar sportini rivojlantirish respublika jamg‘armasining tashkil qilinishi, 2000-yildan boshlab oliy o‘quv yurti talabalari o‘rtasida “Universiada”, o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlari talabalari o‘rtasida “Barkamol avlod”, umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Umid nihollari” sport musobaqalarining uyushtirilishi muhim ahamiyatga ega voqeadir. Uch bosqichli sport turnirlari tashkil etilishidan asosiy maqsad yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda xalqaro musobaqalar uchun mamlakat terma jamoasiga nomzodlarni tayyorlashdan iborat bo‘ldi.
So‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan xotin-qizlar sportini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilib, ayniqsa, sportning badiiy gimnastika va sinxron suzish turlari rivojlantirilmoqda. Buni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanuvchi xotin-qizlar sonining muntazam ortib borishi ham tasdiqlaydi. Darhaqiqat, mustaqillik yillarida sport maktablari va turli jamoalarda mahalliy millat qizlarining qiziqib, faollik bilan shug‘ullanishlari ko‘payib bordi.
Mustaqillik yillarida nafaqat sportning xalq o‘rtasidagi ommaviyligini ta’minlash, balki ayrim sport turlarini rivojlantirishga katta e’tibor berildi. Jumladan, o‘zbekcha kurash, tennis, shaxmat, boks bo‘yicha O‘zbekiston sporti jahon miqyosida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Tennis bo‘yicha Ruslan Chagayev, boks bo‘yicha Artur Grigoryan va Muhammadqodir Abdullayevlarning dunyo sport arenalaridagi yutuqlari O‘zbekiston sportchilarining dastlabki natijalari edi.
Kurash
Mustaqillik sharofati bilan milliy sport turlarining qayta tiklanishiga va ularning sport turi sifatida xalqaro miqyosda e’tirof etilishiga imkoniyatlar yaratildi. 1992-yildayoq Termiz va Shahrisabz shaharlarida milliy kurash bo‘yicha ilk xalqaro musobaqa o‘tkazildi. 1992-yilda O‘zbekistonda kurash federatsiyasi, 2001-yilda belbog‘li kurash federatsiyasi tuzildi. Prezidentning maxsus farmoni bilan 1998-yili sentabr oyida Toshkentda Osiyo, Afrika va Yevropa qit’asidan kelgan 28 davlat vakillari ishtirokida Xalqaro Kurash Assosiatsiyasi tuzildi.
2000-yilda esa Turkiyaning Anqara shahrida kurash bo‘yicha 2-jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. O‘zbek kurashi jahonga yuz tutishi bilan yanada baynalmilal xususiyat kasb etdi. 2016-yilga kelib, Xalqaro Kurash Assosiatsiyasining jahonning barcha qit’alarida 120 dan ortiq kurash federatsiyalari tashkil etildi.
Kurash bo‘yicha xalqaro turnir
Milliy sport turimizning xalqaro maydonda keng tan olinishi ham mamlakatimiz aloqalarini yanada kengayishiga, uning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.
Olimpiada
1993-yilning sentyabrida Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining 101-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy Olimpiya Qo‘mitasi to‘la-to‘kis tan olindi. Qo‘mita shu bugungi kungacha xalqaro sport va olimpiya harakatining rivojlanishiga yordam berib kelmoqda. U O‘zbekistonda olimpiya g‘oyalarini targ‘ib qilish, Olimpiya o‘yinlarida respublika vakillari ishtirokini ta’minlash, jahon sportchilari bilan do‘stona aloqalar o‘rnatish va rivojlantirish vazifalari bilan shug‘ullanmoqda.
1996-yil yanvarda Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining qaroriga muvofiq, jahon sportini rivojlantirishdagi xizmatlari va olimpiya g‘oyalariga sadoqati uchun O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov Olimpiya Oltin ordeni bilan mukofotlandi.
Toshkentda 1996-yil avgustda Olimpiya shon-shuhrat muzeyi tashkil etildi. 2000–2016-yillar oralig‘idagi yozgi Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari muvaffaqiyat bilan ishtirok etdi. A.Taymazov, M.Ibragimov (erkin kurash), A.Doktorashvili (yunon-rum kurashi), R.Sobirov (dzyudo), O‘.Haydarov, A.Atoyev, B.Sultonov (boks), A.Fokin (sport gimnastikasi), Yekaterina Xilko (gimnastika) kabi sportchilarimiz mamlakatimiz sporti shuhratining xalqaro maydonda yanada oshishiga o‘z hissalarini qo‘shdi. Xususan, erkin kurashchi Artur Taymazov bir necha karra Olimpiya chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan yagona sportchi bo‘ldi.
2016-yilgi Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiada mamlakatimiz tarixidagi eng sermahsul musobaqa bo‘ldi. Ushbu Olimpiadada eng ko‘p medalni bokschilarimiz qo‘lga kiritishdi. Charm qo‘lqop ustalarimizning 7 nafari Riodan medal bilan qaytishga muvaffaq bo‘ldi.
Ular Hasanboy Do‘stmatov, Shahobiddin Zoirov, Fazliddin G‘oyibnazarov (oltin), Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziyev (kumush), Rustam To‘laganov, Murodjon Ahmadaliyevdir (bronza). Ushbu natija Olimpiada boks musobaqalaridagi eng yuqori natija bo‘ldi. Sportning ushbu turida medal jamg‘arish bo‘yicha ular Kuba, Qozog‘iston va Rossiyadan tashrif buyurgan raqiblarini ortda qoldirib, mazkur sport turida birinchilikka erishdi.
2016-yilgi Olimpiada sovrindorlari
Og‘ir atletikachimiz Ruslan Nuriddinov Olimpiada rekordini qayd etgan holda oltin medal sohibiga aylandi.
Futbol
Mustaqillik yillarida sportning eng ommaviy turi – futbolga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Vazirlar Mahkamasi O‘zbekistonda ommaviy va professional futbolni yanada rivojlantirish, uning moddiy bazasini mustahkamlash, futbolchilarning yangi avlodini tayyorlash va tarbiyalash, Vatanimiz futbolining xalqaro nufuzini oshirish maqsadida 1993-yilda “O‘zbekiston Respublikasida futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 1996-yilda “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishning tashkiliy asoslari va prinsiplarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2006-yilda “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Dunyoga O‘zbekiston sportchilarining salohiyati va qudratini namoyon etayotgan o‘zbek hakami Ravshan Ermatov O‘zbekiston futbol federatsiyasining xalqaro toifadagi hakami darajasini va 2003-yildan FIFA hakami maqomini olgan. U 2008-, 2009-, 2010-, 2011- va 2014-yillarda besh marotaba Osiyoning eng yaxsh hakami deb e’tirof etildi.
Futbol bo‘yicha xalqaro toifadagi hakam R.Ermatov
Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi uni 2011-yilda “Dunyoning eng yaxshi hakami” sifatida tan oldi. R.Ermatov o‘z faoliyati davomida futbol bo‘yicha jahon chempionatlari final bosqichida eng ko‘p – 11 uchrashuvni boshqarib (2018-yilga qadar), dunyo rekordini o‘rnatdi. Ravshan Ermatov Prezident farmonlariga muvofiq 2010-yili “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni, 2014-yilda “El-yurt hurmati” ordeni, shuningdek, 2015-yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni hamda Malibu avtomobili bilan mukofotlandi.
2018-yil Xitoyda 23 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan Osiyo chempionatida zafar quchgan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi a’zolarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Qit’a chempionlarining har biriga Prezident sovg‘asi – bittadan yangi Chevrolet Malibu avtomobili topshirildi.
Osiyo chempionlari