O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining qo‘lga kiritilishi




Mustaqillik Deklaratsiyasi”ning qabul qilinishi

1990-yil 20-iyun kuni O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining II sessiyasida O‘zbekiston SSRning Mustaqillik Deklaratsiyasi qabul qilindi.

“Mustaqillik Deklaratsiyasi”dagi “O‘zbekistonning kelajagi uchun tarixiy mas’uliyatni his etgan holda, xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demokratiya prinsiplariga asoslanib, O‘zbekiston SSRning davlat mustaqilligini e’lon qiladi” degan satrlar mustaqillik uchun tashlangan dastlabki qadamni anglatar edi. Ushbu Deklaratsiyaning qabul qilinishi O‘zbekistonning mustaqillik uchun kurashining yangi bosqichini boshlab berdi. Bu umumdavlat ahamiyatiga ega bo‘lgan Deklaratsiyani qabul qilishda respublika Oliy Kengashi deputatlari faollik ko‘rsatdi. “Mustaqillik Deklaratsiyasi” deputatlar tomonidan moddama-modda, har bir millat o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, Deklaratsiya qoidasi bilan kafolatlanishi qayta-qayta ta’kidlandi. Unda o‘zbek xalqining asrlar davomida qo‘lga kiritgan davlat qurilishi va madaniy taraqqiyot borasidagi boy tarixiy tajribasi va an’analari hisobga olinishi uqtirildi.


Mustaqillik uchun harakatlarning faollashishi

1991-yilning 19–21-avgustida Sovet Ittifoqida davlat to‘ntarishi sodir etildi. Mamlakatda mavjud siyosiy hokimiyat ag‘darilib, favqulodda holat joriy etildi. Hokimiyat Favqulodda holat davlat komiteti (GKCHP – Государственный комитет по чрезвычайному положению) qo‘liga o‘tdi.


Favqulodda holat davlat komiteti a’zolari

Ularning maqsadi Ittifoq hududida yashovchi barcha xalqlarning mustaqillikni qo‘lga kiritishiga yo‘l qo‘ymaslik edi. Ana shunday vaziyatda O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining Rayosati, O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy Komiteti va O‘zbekiston SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi 1991-yil 21-avgustda qo‘shma majlis o‘tkazdi. Unda “SSSR GKChPning O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasi va qonunlariga zid hujjatlari O‘zbekiston hududida amal qilmaydi”, degan qaror qabul qilindi.

1991-yil 25-avgust kuni esa O‘zbekiston SSR Prezidenti mamlakatimizning to‘la mustaqilligi yo‘lida tamal toshini qo‘ygan yana bir muhim farmonni e’lon qiladi. Farmonda, jumladan, shunday deyiladi:

“Mamlakatda vujudga kelgan ahvolni e’tiborga olib va respublika manfaatlarini himoya qilish maqsadida Respublika Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizligi komiteti O‘zbekiston SSRning qonuniy tasarrufiga olinsin. Respublika hududida joylashgan SSSR Ichki ishlar vazirligining ichki qo‘shinlari bevosita O‘zbekiston SSR Prezidentiga bo‘ysundirilsin.

O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosatiga juda qisqa muddatda Respublikaning davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorlash va uni O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi muhokamasiga taqdim etish taklif qilinsin”.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 1991-yil 26-avgust kuni O‘zbekistonning davlat mustaqilligi to‘g‘risida qonun loyihasini tayyorlash hamda 31-avgustda Oliy Kengash sessiyasini chaqirishga qaror qildi.

O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti va Markaziy nazorat qo‘mitasining 28-avgustda bo‘lgan qo‘shma Plenumi Respublika Kompartiyasining KPSS MQ bilan har qanday aloqasini to‘xtatishga, KPSSning barcha tashkilotlaridan chiqishga, uning Markaziy organlaridagi o‘z vakillarini chaqirib olishga qaror qildi. Ana shunday vaziyatda XII chaqiriq O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining navbatdan tashqari VI sessiyasi 1991-yil 31-avgustda o‘z ishini boshladi.

Unda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risida”gi masala kun tartibiga qo‘yilib, qizg‘in muhokama qilindi. Sessiyada O‘zbekistonning
Birinchi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zlab, sobiq Ittifoqda so‘nggi paytlarda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy voqealar oqibatlari tahlil qilindi. Ular O‘zbekiston taqdiriga bevosita daxldor ekanini isbotlab berdi. Vaziyatdan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qildi va uni “Mustaqillik asoslari to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun bilan mustahkamlashni taklif qildi.


I.Karimov O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qilmoqda.

Oliy Kengash deputatlari moddama-modda muhokamadan so‘ng, “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. So‘ngra “O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi Oliy Kengash Bayonoti” qabul qilindi. “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi qonun g‘oyat katta ahamiyatga ega bo‘lib, bu qonun asosida O‘zbekistonning huquqiy holati tubdan o‘zgardi. 17 moddadan iborat ushbu qonun suveren O‘zbekiston Respublikasining asosiy belgilarini aniqlab berdi.

Vatanimiz tarixi sahifalariga oltin harflar bilan yoziladigan o‘sha kunlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ayni o‘sha paytda yosh, mustaqil O‘zbekiston hukumati mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy taraqqiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘plab muhim hujjatlar qabul qilganining guvohi bo‘lamiz. Misol uchun, 5-sentabrda imzolangan Toshkent shahridagi Lenin nomidagi maydonni Mustaqillik maydoni deb nomlash to‘g‘risidagi, 6-sentabr kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligini tuzish to‘g‘risida”gi Prezident farmonlari va boshqa muhim siyosiy hujjatlar shular jumlasidandir.


O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi

O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgach, tabiiy ravishda davlat mustaqilligi va suverenitetini Konstitutsiya asosida mustahkamlash zarurati yuzaga keldi. O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasini tayyorlash g‘oyasi dastlab Islom Karimov tomonidan 1990-yilning mart oyida ilgari surildi. 1990-yil 20-iyun kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining II sessiyada yangi Konstitutsiya ishlab chiqish lozim, degan xulosaga kelindi. Sessiya O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov boshchiligidagi 64 kishidan iborat Konstitutsiya loyihasini tayyorlash bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Komissiya tarkibiga Oliy Kengash deputatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar vakillari, davlat, jamoat tashkilotlari va xo‘jaliklarning rahbarlari, olimlar, mutaxassislar kiritildi.

Konstitutsiyaviy komissiya O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini yaratish ustida 2,5 yil ishladi. Loyihaning dastlabki varianti 1991-yilning oktabr-noyabrigacha tayyorlab bo‘lindi. U dastlab muqaddima, olti bo‘lim va 158 moddadan iborat edi. Bu loyiha hali mukammal emasdi, boisi uning ustida yanada jiddiyroq va talabchanlik bilan ishlash zarur edi. 1992-yil bahorda esa loyihaning 149 moddadan iborat ikkinchi varianti ishlab chiqildi. 1992-yilning kuz oylarida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi loyihasi umumxalq muhokamasi uchun 2-marta matbuotda e’lon qilindi.
Umumxalq muhokamasi davrida 6 mingdan ortiq taklif va mulohazalar bildirildi.

1992-yil 8-dekabrda XII chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XI sessiyasi bo‘ldi. Unda mamlakatning Asosiy Qonunini qabul qilish masalasi muhokama qilindi. Sessiyada deputatlar loyihaga 80 ga yaqin o‘zgartirish, qo‘shimcha va aniqliklar kiritdi. Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XI sessiyasi “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingan kunni umumxalq bayrami deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qildi.


Davlat ramzlarining qabul qilinishi

1991-yil 15-fevralda O‘zbekiston Oliy Kengashi “O‘zbekistonning davlat ramzlari to‘g‘risida” maxsus qaror qabul qildi. Qarorda shunday deyiladi: “Mustaqillik to‘g‘risidagi Deklaratsiyaga amal qilib O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi qaror qiladi: O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni)ning yangi loyihasini tayyorlovchi komissiyaga O‘zbekiston SSRning Davlat bayrog‘i, Gerbi va Madhiyasiga doir takliflar hamda ular to‘g‘risida Nizomlar tayyorlash topshirilsin. Komissiya respublika jamoatchiligi va deputatlarning fikrlariga tayanib ish ko‘rsin”.


Davlat bayrog‘i

O‘zbekiston mustaqil davlat deb e’lon qilingan kunning o‘zidayoq mustaqil davlat ramzlarini joriy qilish yuzasidan amaliy choralar ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida, Respublika gerbining nusxasi va Davlat madhiyasining musiqiy bayoni haqida maxsus qaror qabul qilindi.
Unda Konstitutsiya komissiyasining ekspert guruhiga Davlat bayrog‘ining variantlari ustida ishlashni davom ettirish, Oliy Kengashning tegishli qo‘mitalariga Konstitutsiya komissiyasi ijodiy guruhi bilan hamkorlikda Davlat bayrog‘i, madhiyasi haqida qonun loyihalarini ishlab chiqib, navbatdagi sessiyaga taqdim etish topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18-noyabrida bo‘lib o‘tgan VIII sessiyasi “O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi.


Davlat gerbi

1992-yil 2-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 10-dekabrida bo‘lib o‘tgan XI sessiyasida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Sessiyada shoir Abdulla Oripov (1941–2016) va bastakor Mutal Burxonov (1916–2002) tomonidan tayyorlangan madhiya varianti tasdiqlandi.


Abdulla Oripov


Mutal Burxonov