Oliy ta’lim tizimi
Prezidentning 1992-yil fevraldagi farmoni bilan yana sakkizta viloyat pedagogika institutlariga universitet maqomi berildi. 1992-yil martda viloyatlardagi pedagogika institutlari negizida Andijon davlat universiteti, Buxoro davlat universiteti, Termiz davlat universiteti, Urganch davlat universiteti, Qarshi davlat universiteti tashkil qilindi.
Eng zamonaviy ixtisosliklar bo‘yicha alohida universitet va institutlar, jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Navoiy kon-metallurgiya instituti, Mudofaa vazirligi qoshida Ichki ishlar akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi kabi o‘nlab yangi oliy o‘quv yurtlari tashkil etildi.
Toshkent davlat elektrotexnika va aloqa texnikumi institutga aylantirildi.1993-yil talaba va aspirantlar uchun maxsus stipendiyalar belgilandi. Mamlakat qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan zamonaviy bilimlar sohibi bo‘lgan yuqori malakali mutaxassis kadrlarni tayyorlash maqsadida Toshkent davlat agrar universiteti, Andijon, Samarqand qishloq xo‘jaligi, Qarshi muhandislik iqtisodiyot, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash institutlari ish boshladi. Mamlakat viloyatlarida oliy universal ta’limni joriy etishda rivojlangan davlatlar tajribasiga suyanib ish tutildi.
1992-yil dastlab respublikamizning 6 ta oliy ta’lim muassasasida test sinovi asosida o‘qishga qabul qilish tajribadan o‘tkazilgan edi. 1993-yilda esa 46 ta oliy ta’lim muassasasining 19 tasida tajriba tariqasida test sinovlari o‘tkazildi.
1994-yil Davlat test markazi tashkil etilib, shu davrdan boshlab oliy ta’lim muassasalariga test orqali qabul joriy etildi. 1996-yildan ta’lim olishda kontrakt-shartnoma to‘lovi joriy etildi. 1997-yilgi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, 5 yillik oliy ta’limdan 4 yillik bakalavriat va 2 yillik magistratura bosqichlaridan iborat ikki pog‘onali tizimga o‘tildi.
Shuningdek, mamlakat Prezidentining 2013-yildagi “Yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yuridik institut universitet maqomida qayta tashkil etildi. 2014-yildagi qarori asosida Toshkent davlat stomatologiya instituti ta’sis qilindi. Malaka oshirish tizimi ham tubdan isloh qilindi. Xalq ta’limi va o‘rta maxsus, kasb-hunar muassasalari qatorida oliy ta’lim tarmoq sohalarida kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash ishlari tamomila yangi bosqichga ko‘tarildi.
Prezidentning 2015-yildagi “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘grisida”gi farmoniga asosan 15 ta yetakchi oliy ta’lim muassasalari – tayanch oliy o‘quv yurtlari sifatida belgilandi.
Oliy ta’limda xalqaro hamkorlik
Kadrlar tayyorlash milliy dasturining amalga oshirilishi natijasida O‘zbekistonda nisbatan qisqa muddatda dunyoning yetakchi davlatlaridagi ta’lim sohasida erishilgan ilg‘or yutuqlarni, milliy an’analarni o‘z ichiga olgan yangi model tashkil qilindi.
Mustaqillik yillarida oliy ta’lim tizimida olib borilgan izchil islohotlar natijasida mamlakatimizda bir qator chet el universitetlarining filiallari ochildi. Jumladan, Buyuk Britaniyaning Xalqaro Vestminister universiteti, Toshkent shahrida M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, I.M.Gubkin nomidagi Rossiya neft va gaz davlat universiteti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Italiyaning Turin politexnika universitetlari filiallari ish boshladi. Shuningdek, Toshkentda G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasi va Janubiy Koreyaning INHA universiteti filiallari ham o‘zbek yoshlariga o‘z ta’lim sirlarini o‘rgatmoqda.
Xalqaro Vestminster universiteti Toshkent filiali
Xorijiy universitetlarning Toshkentdagi filiallari
Yurtimiz va xorijdagi o‘quv maskanlarida yuzlab iqtidorli yoshlar ta’lim olmoqda va o‘z malakasini oshirmoqda. Bunda xorijiy ta’lim muassasalari bilan ikki tomonlama tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi ta’lim darajasi bo‘yicha dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatoriga chiqdi. Yoshlarni jahon fani va bilimlari xazinasidan bahramand qilishga katta e’tibor berilmoqda. Respublika o‘quv yurtlarining chet ellardagi o‘quv markazlari bilan aloqalari yanada mustahkamlandi. Chet ellik o‘qituvchilar va mutaxassislarni xorijiy tilda mashg‘ulot olib borish uchun taklif qilish, shuningdek, chet el o‘quv va ilmiy markazlarida xodimlarning malaka oshirishi va talabalarning o‘qishi kengayib bormoqda. Ayni vaqtda jahonning ko‘plab mamlakatlaridan kelgan xorijiy fuqarolar O‘zbekistonda ta’lim olishmoqda.
Turin politexnika universiteti Toshkent filiali
2017-yilgi tub islohotlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2017–2021-yillarda oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish dasturini ishlab chiqish, o‘quv dasturlarini yanada zamonaviylashtirish, pullik xizmatlar ko‘rsatish va moliyalashtirishning qo‘shimcha manbalarini izlashda oliy o‘quv yurtlarining vakolatlarini kengaytirish yo‘li bilan ularning mustaqilligi bosqichma-bosqich rivojlantirib boriladi.
2017–2018-yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining yetmishga yaqin farmon, qaror va farmoyishi qabul qilindi. Bu tom ma’noda ta’lim tizimidagi o‘zgarish va yangilanishlar jarayonini boshlab berdi. Harakatlar strategiyasida ta’lim va o‘qitish sifatini baholashning xalqaro standartlariga o‘tishda oliy ta’lim muassasalari faoliyati va samaradorligini oshirishdagi ustuvor vazifalar belgilab olindi. Ana shuni nazarda tutib, Prezident Sh.M.Mirziyoyev: “Yoshlarni mustaqil fikrlaydigan, yuksak intellektual va ma’naviy salohiyatga ega bo‘lib, dunyo miqyosida o‘z tengdoshlariga hech qaysi sohada bo‘sh kelmaydigan insonlar bo‘lib kamol topishi, baxtli bo‘lishi uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etamiz”, — degan edi. 2017-yil 10 yildan ortiq vaqt mobaynidagi tanaffusdan keyin davlat va jamiyatdagi malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlar inobatga olinib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan sirtqi ta’lim tizimi tiklandi. Maxsus sirtqi ta’lim takomillashtirildi.
2017-yil 16-noyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq 2018–2019-o‘quv yilidan boshlab alohida iqtidor talab etiladigan madaniyat, san’at, dizayn, tasviriy va amaliy san’at, musiqiy ta’lim, san’atshunoslik, sport va jismoniy tarbiya sohasidagi ta’lim yo‘nalishlarida test sinovlari o‘tkazilmaydi.
Masalan, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti va alohida iqtidor talab etadigan ta’lim yo‘nalishlariga faqat ijodiy imtihonlar orqali qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi. Tibbiyotga oid oliy ta’lim tizimida ham bir qator islohotlar amalga oshirildi.
Pavilionda o‘tkazilayotgan test sinovi
«Jumladan, tibbiyot sohasida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida o‘qish muddati 7 yildan 6 yil va tibbiy profilaktika yo‘nalishida 6 yildan 5 yil etib belgilandi.
Oliy ta’limdan keyingi ta’lim. 2012-yilga qadar aspirantura (3 yil) va doktorantura (3 yil)dan iborat bo‘lib, 2012–2017-yillarda bir bosqichli doktorantura faoliyat olib bordi. 2013–2017-yillar oralig‘ida faqat 360 ga yaqin tadqiqotchi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.» Bu esa respublikadagi oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari uchun oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondira olmadi. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim sohasini yanada takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatida yoshlarning intellektual salohiyatini namoyon etish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida hamda bir qator ilg‘or xorijiy mamlakatlarning xalqaro amaliyotni o‘rgangan holda 2017-yilning 1-iyulidan boshlab oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning ikki pog‘onali tizimi joriy etildi. Birinchisi – dissertatsiya himoya qilish va tegishli fan tarmog‘i bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi tayanch doktorantura va ikkinchisi – dissertatsiya himoya qilish va tegishli fan tarmog‘i bo‘yicha fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi doktorantura tizimidir.
Bakalavr —(lot. Baccalaureus) oliy ta’lim dasturining birinchi bosqichini tugallagan talabalarning ilmiy darajasi.
Magistr — (lot. – boshliq, ustoz) ayrim mamlakatlarda bakalavr va fan doktori o‘rtasidagi ilmiy daraja. Tayanch oliy ta’lim kursidan so‘ng qo‘shimcha dastur bajargan, maxsus imtihonlarni topshirgan va muayyan ilmiy ishni himoya qilgan shaxslarga beriladi.