Fuqarolik jamiyati g‘oyasining rivojlanish tarixi




Mahalliy davlat hokimiyati organlari

O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat barpo etish jarayonida ko‘plab vazifalar belgilangan edi. Eng muhim vazifalardan biri respublikada davlat hokimiyatining vakillik va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining yangi sharoitlarga mos keladigan tizimini yaratish edi. Hozirgi amalda bo‘lgan mahalliy vakillik organlari xalq deputatlari Sovetlari negizida tashkil qilingan. Biroq bular oldingi tizimdan demokratik mohiyati bilan tubdan farq qiladi.

1992-yil 4-yanvarda “O‘zbekiston Respublikasining mahalliy hokimiyat idoralarini qayta tashkil etish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Bu qonun mamlakatimizda mahalliy hokimiyatning ikki mustaqil organi – vakillik va ijro organlari tizimiga boshchilik qiladigan hokimlik va hokimlar lavozimi joriy etildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XXI bobi “Mahalliy davlat hokimiyati asoslari” deb nomlanib, unda mahalliy davlat hokimiyati organlarining tizimi, vazifalari, tuzilish tartibi mustahkamlandi.

Konstitutsiyaga ko‘ra, avvalgi mahalliy vakillik organlarining nomi Kengashlar deb o‘zgartirildi. Ularning samarali ishlashini ta’minlash uchun viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlari vujudga keltirildi. «O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinguncha mahalliy vakillik organlarining uch bo‘g‘inli tizimi mavjud bo‘lgan:

1) viloyatlar hamda Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari (Sovetlari) – yuqori bo‘g‘in;
2) tuman, shahar xalq deputatlari Kengashlari – o‘rta bo‘g‘in;
3) qishloq, posyolka, ovul xalq deputatlari Kengashlari – quyi bo‘g‘in.»

Konstitutsiya mahalliy vakillik organlarining ikki bo‘g‘inli tizimini mustahkamladi, ya’ni quyi bo‘g‘in olib tashlandi. Ularning o‘rniga o‘zini o‘zi boshqarish organlari tuziladigan bo‘ldi.

Shunday qilib, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati, hokimiyat organlari ikki mustaqil organga – vakillik va ijroiya hokimiyatiga bo‘lindi.

Mahalliy vakillik organlariga – xalq deputatlari Kengashlari kiradi. Ular o‘z faoliyatini jamoaviy (kollegial) asosda olib boradi. Xalq deputatlari Kengashlari ishining asosiy tashkiliy-huquqiy shakli sessiya hisoblanadi.

Mahalliy davlat hokimiyat organlari


“Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, vakillik organlariga 21 yoshga to‘lgan fuqarolar saylanadi. Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga 60 tadan ko‘p bo‘lmagan, tuman va shahar Kengashlariga esa 30 tadan ko‘p bo‘lmagan deputatlar 5 yil muddatga saylanadi.

Ijroiya hokimiyatiga – hokim va uning ijroiya apparati kiradi. Hokim tegishli hududda oliy mansabdor shaxs hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 101-moddasiga ko‘ra hokimlarning vakolat muddati – 5 yil.

Viloyatlar va Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonunga muvofiq tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi. Tuman va shaharlarning hokimlari tegishli viloyat hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Shaharlardagi tumanlarning hokimlari tegishli shahar hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda xalq deputatlari shahar Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Tumanlarga bo‘ysunadigan shaharlarning hokimlari tuman hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Vakillik organlari tuzilmaydigan shahar tarkibidagi tumanlarda va tumanga bo‘ysunuvchi shaharlarda ham hokimiyatlar ta’sis etildi. Viloyat hokimlari va Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Prezidentining shu joylardagi vakili hisoblanadi.

«Mahalliy davlat hokimiyati organlari sud hokimiyati, prokuratura, ichki ishlar organlari, adliya singari huquqni muhofaza qilish organlari bilan o‘zaro hamkorlikda ish olib boradi.


Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari

Davlat mustaqil taraqqiyot yo‘liga kirgach, O‘zbekistonga xos va mos fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vujudga keldi. Xususan, hozirda deyarli jahonning barcha mamlakatlarida bu institut mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish deb atalsa, O‘zbekistonda esa fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishi deb ataladi.»

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingach, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish tizimining huquqiy zamini mustahkamlandi. Konstitutsiyaning 105-moddasiga ko‘ra, “Shaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek, ular tarkibidagi mahallalarda hamda shaharlardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lib, ular ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini saylaydi”.

Fuqarolar yig‘ini


Shunday qilib, fuqarolar yig‘ini ma’lum muddatda to‘planib ish yuritadigan o‘zini o‘zi boshqarish vositasi bo‘lsa, rais, uning maslahatchilari doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi tuzilmadir.

Prezidentning 2017-yildagi farmoni asosida fuqarolar yig‘inlarining uyushmasi sifatida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlariga tegishli Respublika kengashi, hududiy kengashlarga jamoatchilik asosida raislik qilishi belgilandi. Respublika kengashida tashkiliy ishlar va uslubiy masalalar bo‘yicha rais o‘rinbosari, shuningdek, Respublika kengashi hamda hududiy kengashlarda yoshlar ishlari, diniy-ma’rifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha rais o‘rinbosarlari lavozimlari joriy etildi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosari – yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etildi.


Saylov tizimi

O‘zbekistonda demokratik jamiyatga xos saylov tizimi barpo etilishida xalqaro huquq andozalari va talablariga, ilg‘or chet el tajribasiga mos saylov qonunchiligi yaratilishi muhim ahamiyat kasb etdi. Dastlab saylov tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida” va “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida” (1991-yil 18-noyabr) qonun qabul qilindi. XX asr 90-yillarining boshida saylovlar, saylov o‘tkazish tartiblari to‘g‘risida bir qator qonunlar qabul qilindi.


2016-yil 14-dekabrda saylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev

Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari viloyat va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi va “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Saylovlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tashkil etiladi. Komissiya 1998-yildan e’tiboran mustaqil muvaqqat organ sifatida faoliyat boshlagan bo‘lsa, 2014-yildan esa doimiy organ sifatida tashkil etildi. Markaziy saylov komissiyasi va uning a’zolari o‘z faoliyatini har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshirdi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarda 18 yoshga to‘lgan fuqarolarning saylash huquqiga ega ekani, O‘zbekiston Prezidenti, Oliy Majlis, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovi umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilishi mustahkamlab qo‘yilgan.

Har bir fuqaro – saylovchi bir ovozga ega. 35 yoshdan kam bo‘lmagan fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, 25 yoshga to‘lgan fuqarolar Oliy Majlisga, 21 yoshga to‘lganlar viloyat, tuman va shahar Kengashlariga deputat etib saylanish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga binoan mamlakatda Prezident saylovi, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishlicha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.


O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik tizimining yuzaga kelishi

Ko‘ppartiyaviylik jamiyat hayotida ikki yoki undan ortiq partiyaning faoliyat yuritishidir. Bu holat demokratik yo‘lga kirgan davlat va jamiyatlarga xos hisoblanib, jamiyat taraqqiyoti fikrlar xilma-xilligiga asoslanadi. Jamiyatda siyosiy partiyalarning erkin faoliyat ko‘rsatishi demokratik huquqiy davlat barpo etishning asosiy garovidir. Hozirgi davr jahondagi demokratiyaning asosiy mezonlaridan biri saylovlarning ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkazilishidir. Mustaqillik davrida tashkil topgan ilk siyosiy partiya bu – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidir. Partiyaga 1991-yilning noyabrida asos solindi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Uning maqsadi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Mazkur partiya tashkil etilganidan hozirgi kunga qadar besh marotaba Prezident saylovlarida hamda parlament saylovlarida ishtirok etib, o‘z fraksiyasini tashkil etishga kirishdi.

O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylikning rivojlanish tarixida o‘z o‘rniga ega partiyalardan yana biri O‘zbekiston “Vatan taraqqiyoti” partiyasi bo‘ldi. Ushbu partiya 1992-yil tashkil topgan. 1999-yili “Fidokorlar” milliy demokratik partiyasi ta’sis etildi. U O‘zbekiston fidokorlar maqsadlarini va intilishlarini qo‘llab-quvvatlaydigan siyosiy uyushma sifatida dunyoga keldi. 2000-yil aprelda “Vatan taraqqiyoti” partiyasi va “Fidokorlar” milliy-demokratik partiyasining qo‘shma qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda har ikki partiya harakati, faoliyat dasturi yakdilligi muhokama qilindi va ularning birlashib ishlashlari maqsadga muvofiq degan xulosaga kelindi. Shu fikr asosida ikkita partiya birlashdi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida tashkil topgan partiyalardan yana biri bu – O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidir. U 1995-yil fevralda tuzilgan.

Adolat

Sotsial-demokratik partiyalarning asosiy maqsadi jamiyatdagi ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan. Partiya shuning uchun ham rivojlangan mamlakatlardagi sotsial-demokratik yo‘nalishdagi partiyalar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishga va xalqaro sotsial-demokratik harakatlarda faol ishtirok etishga intilmoqda. O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi o‘rta sinf va ehtiyojmand aholi tabaqasiga tayanadi, ularning siyosiy va ijtimoiy irodalarini ifodalashga intiladi.

Mustaqillik yillarida tashkil topgan partiyalardan yana biri bu – O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidir. Ushbu partiya 1995-yil iyun oyida tuzilgan. O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasining asosiy maqsad-vazifasi milliy an’analarni va qadriyatlarni saqlashdan iborat. 2008-yil iyunda O‘zbekiston “Fidokorlar” milliy demokratik partiyasi va O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining birlashuv qurultoyi bo‘lib, unda partiyani birlashtirish to‘g‘risidagi masala ko‘rildi. Qurultoyda partiyalarning maqsadli dasturiy vazifalari mazmun-mohiyatiga ko‘ra bir-biriga yaqinligi ta’kidlandi va ular birlashtirildi.

O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi


O‘zbekiston siyosiy tizimida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lib ulgurgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) 2003-yil noyabrda tashkil topgan. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi umummiliy siyosiy tashkilot sifatida mulkdorlar qatlami, kichik biznes, fermerlik va dehqon xo‘jaliklari vakillari, ishlab chiqarishning yuqori malakali mutaxassislari va boshqaruv xodimlari, ishbilarmonlar manfaatlarini ifodalaydi va himoya qiladi.

O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi

O‘zbekiston Respublikasida siyosiy partiyalarning o‘tgan yillar davomidagi faoliyatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularning rivojlanishi uchun huquqiy asos yaratilganini ko‘ramiz. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonunlar hamda “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni shular qatoridadir. Tabiiyki, siyosiy partiyalarning jamiyatda qanchalik mavqega ega ekanini belgilovchi asosiy mezon bu – ularning davlat hokimiyati vakillik organlariga bo‘ladigan saylovlarda qanday natijalarga erishgani hisoblanadi.

O‘zbekiston ekologik harakati

2008-yil O‘zbekiston Respublikasining “Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonuni qabul qilindi.


O‘zbekiston ekologik harakati

Unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga besh yil muddatga 135 deputat saylanib, Qonunchilik palatasining 15 deputati O‘zbekiston ekologik harakatidan, o‘z ichki qurultoyidan saylanishi belgilandi. Ushbu Qonun asosida Oliy Majlisning Qonunchilik palatasidagi deputatlarning soni 150 tadan iborat bo‘ldi.

O‘zbekiston ekologik harakati 2008-yil avgustda tashkil topgan. O‘zbekiston ekologik harakati o‘z faoliyatini fuqarolarning hozirgi va kelgusi avlodi qulay atrof-muhit sharoitida yashashi, aholi salomatligini yaxshilash, barcha tabiiy resurslarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish huquqlarini hamda ularga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan yangilanish jarayonlarini yanada chuqurlashtirishda jamiyatning bor kuch va salohiyatini safarbar qilishga qaratgan.

Partiya — (lot. partio – bo‘lak, qism) g‘oyaviy jihatdan maslakdosh, manfaatlari bir bo‘lgan kishilar guruhidan iborat, muayyan ijtimoiy guruh yoki qatlamlarning manfaatlarini himoya qiluvchi siyosiy tashkilot.

Modernizatsiya — (modern – zamonaviy) yangilanish, zamonaviy; davlat, jamiyat, iqtisodiyot, texnologiya va boshqa sohalarning yangilanishi, yangi uslublar, ixtirolarning qo‘llanishi asosidagi o‘zgarishlar.