O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasidagi faoliyati va tinchlikparvar tashqi siyosati



O‘zbekiston va BMT

O‘zbekiston Respublikasi 1992-yil 2-martda BMTga qabul qilindi va mamlakatimiz jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi bo‘ldi. O‘zbekistonning sobiq davlat rahbari Islom Karimov tomonidan BMT minbarida ilgari surilgan takliflar butun dunyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashish, yadro quroli tarqalishining oldini olish yo‘lida jahon hamjamiyatini birlashtirishga intilayotgan BMT va keng jahon hamjamiyati tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.


Birlashgan Millatlar Tashkilotining bayrog‘i

Jumladan, 1993-yil 28-sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimov ilk bor ma’ruza qildi. Unda Markaziy Osiyoni yadro qurolidan holi zona deb e’lon qilish, Orol muammosi bo‘yicha BMTning maxsus komissiyasini tuzish kabi bir qator muhim takliflar ilgari surildi. 1993-yil oktyabrda Toshkentda BMTning vakolatxonasi ish boshladi. O‘zbekistonning tashabbusi bilan va BMT rahnamoligida 1995-yil sentabrda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan Toshkent kengash-seminari tashkil etildi. 1995-yil 24-oktyabrda Nyu-Yorkda BMTning 50 yilligi munosabati bilan Islom Karimov nutq so‘zlab, Afg‘onistondagi keskinlikni hal etish kaliti, eng avvalo, tashqi kuchlarning aralashuvini bartaraf etishdir, degan taklifni kiritdi.

2000-yil BMT Bosh Assambleyasinig 55-sessiyasi “Ming yillik sammit”ida Islom Karimov minbarda BMTning mintaqaviy va global muammolarni hal etishdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi qabul qilinishi zarurligini ta’kidlab, Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari tarkibiga Germaniya va Yaponiyani kiritishni, global va mintaqaviy tahdidlarga munosabat bildirishda tezkorlikni oshirish uchun Bosh kotib vakolatlarini kengaytirish lozimligini qayd etdi.

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2001-yilda BMT Xavfsizlik Kengashining terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha maxsus qo‘mitasi ta’sis etildi. 2010-yil BMT Bosh Assambleyasining 65-sessiyasidagi mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimov o‘z nutqida jahon mamlakatlari e’tiborini yana Markaziy Osiyodagi murakkab muammolarni hal etish yo‘llariga qaratdi.
2002-yil oktabr oyida BMT Bosh kotibi Kofe Ananning, 2010-yil aprel oyida BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning O‘zbekistonga tashriflari ham mamlakatimizning xalqaro hamjamiyatdagi o‘rni mustahkamlanib, obro‘-e’tibori ortib borayotganining dalilidir.


Antoniu Guterrish Samarqandda

2017-yil iyunda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Samarqandda Prezident Shavkat MIrziyoyev bilan uchrashdi. Guterrish O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilib, keyin Orolbo‘yi hududidagi vaziyat bilan tanishdi. O‘zbekiston BMTning bir qator ixtisoslashtirilgan muassasalari, jumladan, Jahon banki, Xalqaro valyuta fondi (XVF), Jahon Savdo Tashkiloti (JST), BMTning Yevropa bo‘yicha iqtisodiy komissiyasi (YeIK), BMT savdo va rivojlanish bo‘yicha konferensiyasi guruhi kabilar bilan keng ko‘lamli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi BMT doirasidagi ixtisoslashgan muassasalar – Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti, Xalqaro Mehnat Tashkiloti, Xalqaro Bolalar Jamg‘armasi (YUNISEF), Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi, Xalqaro Avtomobilchilar Ittifoqi va boshqa tashkilotlarning ham a’zosi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-sentabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zladi. Unda bir qator masalalar, jumladan, BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish va Bosh Assambleyaning “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish, Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish, Orol dengizi qurishi muammosi, qo‘shni mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash masalalari, Afg‘onistonda tinchlikka erishishning ma’rifiy yo‘llari masalalariga alohida to‘xtaldi. Sh.Mirziyoyev BMT minbaridan Orol dengizi xaritasini namoyish qilmoqda
O‘zbekiston va YUNESKO. O‘zbekistonning BMT homiyligida ta’lim, fan va madaniyat bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilot – YUNESKO bilan aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda.

1993-yil 29-oktabrda YUNESKOning Parijdagi qarorgohida O‘zbekistonni YUNESKOga a’zolikka qabul qilish marosimi bo‘ldi. O‘sha kuni Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligini nishonlash YUNESKO dasturiga kiritildi. 1994-yil oktabrda Parijda Mirzo Ulug‘bek haftaligi tantana bilan o‘tdi. Xiva va Buxoro YUNESKOning jahon madaniy qadriyatlari ro‘yxatiga kiritildi. Bu ro‘yxatda O‘zbekistondan 411 ta obyekt bor. YUNESKO qaroriga binoan Samarqandda Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti tashkil etildi. YUNESKO Bosh direktori Federiko Mayorning O‘zbekistondagi rasmiy tashrifi chog‘ida 1995-yil iyul oyida mazkur institut ochildi.


YUNESKO logosi

YUNESKO buyuk bobokalonimiz Amir Temur tavalludining 660 yilligini xalqaro miqyosda nishonlashga qaror qildi va 1996-yil oktabrda Parijda Amir Temurga bag‘ishlangan bir haftalik xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Amir Temur tavallud topgan Shahrisabz shahri YUNESKOning madaniy qadriyatlar ro‘yxatiga kiritildi. 1997-yilda jahon madaniyatining durdonalaridan hisoblangan Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yillik muborak sanalari Parijda keng nishonlandi, xalqaro anjuman va ko‘rgazmalar o‘tkazildi. Keyingi yillarda bu hamkorlik doirasi yanada kengayib bordi. Jumladan, YUNESKO xalqimizning Shashmaqom, Katta ashula, Navro‘z kabi ko‘pgina mingyillik qadriyatlarini saqlab qolish va targ‘ib etishda keng ko‘lamli ish olib bormoqda.


Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish masalasi

1997-yili mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimov Afg‘oniston bilan qo‘shni olti mamlakat – Eron, Xitoy, Pokiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, shuningdek, AQSH va Rossiya davlatlari ishtirokida BMT shafeligi ostida afg‘on muammosini muzokaralar yo‘li bilan yechishga qaratilgan 6+2 muloqot guruhini tuzish tashabbusi bilan chiqdi.

Ushbu tashabbusni amalga oshirish maqsadida qator siyosiy-diplomatik chora-tadbirlar ko‘rildi. O‘zbekiston, AQSH va Afg‘onistonda mazkur mamlakatda davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlarning ishtirokchilari bilan maxsus muzokaralar olib borildi. 1999-yilga kelib, O‘zbekistonda BMT shafeligida “6+2” muloqot guruhining Afg‘oniston muammosi yechimiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanni o‘tkazishga erishildi. Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ushbu tadbirda birinchi bor Afg‘onistonda o‘zaro nifoqlashayotgan kuchlar vakillarini umumiy muzokaralar davrasida jamlashga muvaffaq bo‘lindi. Bu o‘zbek diplomatiyasining muhim yutuqlaridan biri edi.

Eng muhimi, O‘zbekiston o‘zining taklif va g‘oyalarini amaliy ishlar bilan mustahkamlab bordi. Chunonchi, mamlakatimiz Afg‘onistonda avtomobil va temir yo‘llar, ko‘priklar qurilishida faol ishtirok etdi. Afg‘oniston tarixida eng birinchi zamonaviy temiryo‘l aynan O‘zbekiston tomonidan “Termiz – Hayraton – Mozori Sharif” yo‘nalishida qurib bitkazildi va 2010-yili ishga tushirildi. Qo‘shni mamlakat poytaxti – Qobul shahrini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlay boshlagan mamlakatlardan biri ham aynan O‘zbekiston bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani 2017-yil 4-dekabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. Mamlakatlar o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan 16 hujjat imzolandi.


Ekologik muammolar

Transchegaraviy daryolar. 1990-yillardan boshlab Orol fojiasining halokatini boshidan kechirayotgan barcha mamlakatlar BMT, shuningdek, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilot diqqat-e’tiborini ushbu muammoga, uni mintaqaviy va global xavfsizlik bilan chambarchas bog‘liq ekaniga jalb etib kelishmoqda. Orol fojiasi va uni bartaraf etish choralarini qidirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov 1993-yil sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida va 1995-yil oktabrdagi 50-sessiyalarida so‘zlagan nutqlarida jahon hamjamiyatini Markaziy Osiyo mintaqasidagi ekologik halokat bo‘lgan Orol va Orolbo‘yini qutqarishda ko‘mak berishga chaqirdi. Mazkur global muammoni BMT shafeligida xalqaro moliyaviy tuzilmalar, rivojlangan davlatlar ko‘magisiz amalga oshirish mumkin emasligiga BMTning e’tiborini qaratdi. 1993-yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ta’sischiligida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) tashkil etildi.
2010-yil “O‘rta Osiyoning transchegaraviy ekologik muammolari; ularni hal etishda xalqaro huquq mexanizmlarini qo‘llash” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada Islom Karimov transchegaraviy daryolar va ulardan foydalanishda adolat tamoyiliga rioya etish zarurligi, aks holda mintaqaning eko olamiga ulkan fojialar keltirish mumkinligi haqida yana bir bor ommaga ma’lum qildi.

2013-yilda Orolbo‘yi uchun Amudaryo deltasidagi kichik suv havzalarini tashkil etish, sho‘rsizlantiradigan qurilmaga ega suv chiqarish inshootlarini qurish, himoya o‘rmonini tashkil etish kabi loyiha va tadbirlarni moliyalashtirishga mablag‘lar ajratish rejasi tasdiqlangan. 2013-yilda O‘zbekiston Respublikasi va OQXJning o‘sha paytdagi Prezidenti I.A.Karimov tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 68-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida “Orolning qurishi oqibatlariga barham berish va Orolbo‘yi ekotizimi halokatini oldini olish tadbirlari dasturi” ilgari surildi.

Global miqyosda va mintaqamizda ekologik vaziyatning tobora yomonlashuvi va chuchuk suv taqchilligi sharoitida Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Ma’lumki, Markaziy Osiyoning ikki asosiy transchegaraviy daryolari – Amudaryo va Sirdaryo tarixan mintaqa xalqlarining umumiy boyligi va hayot manbai bo‘lib kelgan.

Aynan ushbu daryolarning quyilishi hisobiga Orol dengizi havzasi suv bilan ta’minlangan. Shu omillarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalari tomonidan jahon miqyosida yirik andozadagi to‘g‘onlar, Amudaryo yuqori qismida balandligi 350 metrni tashkil etadigan Rog‘un va Sirdaryoning yuqori qismida Qambarota GESlarini qurish bo‘yicha olib borayotgan harakatlariga befarq qarab tura olmadi. O‘zbekiston Amudaryo va Sirdaryoning tabiiy oqimiga, atrof-muhitga, hayvonot va o‘simlik dunyosiga qanday ta’sir etishi mumkinligini aniqlash maqsadida BMT shafeligida xolis xalqaro tekshiruvdan o‘tkazilishi kerak, deb hisobladi.

Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar transchegaraviy daryolarni boshqarish sohasidagi hamkorlikning yo‘qligi tufayli hamon murakkab bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston I.Karimov Prezidentligi davrida Rog‘un GESning qurilishiga qat’iy qarshi chiqqan. Mamlakat ushbu GESning qurilishi bilan daryolar suvi kamayib ketishini ma’lum qilgan, shuningdek, GES to‘g‘oni buziladigan bo‘lsa, ekologik falokat xavfi bilan ogohlantirgan. Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik lavozimiga kirishgach, O‘zbekistonning Rog‘unga nisbatan pozitsiyasi biroz o‘zgardi.
2017-yilning yozida O‘zbekiston Rog‘un GES qurilishiga qarshi emasligi, faqat bu jarayonda O‘zbekiston milliy manfaatlari ham hisobga olinishi lozimligini ma’lum qildi.

Transchegaraviy – chegaralararo, bir necha davlat hududidan o‘tuvchi. Daryolar va yo‘llarga nisbatan qo‘llaniladi.

Shafe – (tarafini oluvchi, homiy; vositachi) birovga yon bosuvchi, homiylik qiluvchi, homiy.