XVIII asrning birinchi yarmida Buxoroxonligida siyosiy tarqoqlikning kuchayishiva uning oqibatlari


Buxoro xonligi Ubaydullaxon II davrida

1702-yili Subhonqulixon vafot etgach, toj-u taxtni uning o‘g‘li Ubaydullaxon II (1702–1711) egallaydi. Ubaydullaxon II goh isyonkor qabilalarga qarshi, goh bo‘ysunmas mahalliy hukmdorlarga, goh davlat sarhadlariga bostirib kirgan ko‘chmanchilarga qarshi urush olib borishga majbur bo‘ldi. Ubaydullaxonning asosiy maqsadi siyosiy tarqoqlikni tugatishdan iborat edi. U ana shu maqsad yo‘lida harakat qildi. Dastlab u Balxni bo‘ysundirish yo‘lini izladi. Ma’lumki, Ubaydullaxon II ning otasi Subhonqulixon Balxni qatag‘on qabilasi boshlig‘i, Badaxshon hokimi Mahmudbiy otaliqqa alohida xizmatlari uchun tortiq qilgan edi. Ubaydullaxon davrida Mahmudbiy Balxda hokimiyatni to‘liq o‘z qo‘liga oladi va o‘zini 1706-yilda xon deb e’lon qiladi. Tez orada u Termizni ham egallaydi. Ubaydullaxon avval Termizga, so‘ngra Balxga yurish qilib, 1707-yilda Balxni egallaydi. Mahmudbiy qochib ketadi. Ubaydullaxon Buxoroga qaytgach, Balxni yana Mahmudbiy egallaydi. Oxir-oqibat Ubaydullaxon uning mustaqilligini tan olishga majbur bo‘ladi. Buxoro xonligi tasarrufida bo‘lgan Farg‘ona vodiysida ham XVIII asr boshlarida ajralib chiqish harakati boshlanib, hokimiyat avval Chust yaqinidagi Chodak xo‘jalari qo‘liga o‘tadi.


1710-yilda esa hokimiyatining urug‘i boshlig‘i Shohruxbiy egallab, mustaqil Qo‘qon xonligiga asos soladi. Mustaqillikka intilayotgan viloyat hokimlari tomonidan Ubaydullaxonga qarshi fitna uyushtirildi va u 1711-yilda oʻldirildi.
Shunday qilib, parokandalikka qarshi, oliy hokimiyatni kuchaytirish va mamlakat birligini ta’minlash uchun kurashgan Ubaydullaxonning hukmronligi fojiali yakunlandi. Taxtga Ubaydullaxonning inisi Abulfayzxon (1711–1747) o‘tqazildi. Abulfayzxon tomonidan fitnaning hamma ishtirokchi va ijrochilari saxiylik bilan mukofotlandi. Ular katta-katta lavozim egalari boʻlishdi. Ubaydullaxonning yaqinlari, amaldorlarining mol-mulklari talandi, o‘zlari esa qatl etildi.


Xonlikda parokandalikning kuchayishi

Abulfayzxon kundan kunga mamlakat hayotida nufuzi kuchayib borayotgan amirlar va zodagonlar qo‘lida bir qo‘g‘irchoq hukmdor edi, xolos. Bu davrga kelib, xonning ahvoli shu darajaga borib yetdiki, uning farmonlari saroy ostonasidan nariga o‘tmaydigan bo‘lib qoldi. Zamondosh tarixchilarning ma’lumotlariga qaraganda, Abulfayzxon ʻʻRegiston (ya’ni Saroyning oldi) finch bo‘lsa bo‘lganiʼʼ, degan gapni doimo takrorlab turgan. Xon hokimiyatining bu darajaga tushib qolishiga xonlikning muntazam qo‘shinga ega bo‘lmagani ham sabab bo‘lgan. Muntazam qo‘shin tuzishga va uni saqlashga mablag‘ yetishmagan. Bunday yetishmovchilikka esa xonlik iqtisodiyotining nochorligi sabab bo‘lgan. Xon zarur bo‘lganida viloyatlardan qo‘shin so‘rar edi. Biroq viloyat hokimlari hamisha ham xonning qo‘shin yuborish haqidagi buyrug‘iga itoat etavermas edilar. Abulfayzxon davrida o‘zbeklarning mang‘it qabilasidan kelib chiqqan Muhammad Hakimbiy katta nufuzga ega bo‘lib oladi. U barcha shahzodalar otaliqlarining boshlig‘i deb tan olingan edi. Bu boshqa qabilalar aslzodalarining qat’iy noroziligiga sabab bo‘ladi.


Shahrisabz hokimi, kenagas qabilasidan chiqqan Ibrohimbiy Urgut va Miyonqol hokimlari bilan til biriktirib, Buxoro xonligidan mustaqil, poytaxti Samarqand bo‘lgan davlat tuzishga qaror qildi. 1723-yilda Samarqandni egallab, kuyovi Rajab Sultonni taxtga o‘tqazdi. Ibrohimbiy o‘ziga ʻʻamir ul-umaroʼʼ (ulug‘ amir) unvonini oldi. Ibrohimbiyning navbatdagi maqsadi Buxoro taxtini egallash, Rajab Sultonni Buxoro taxtiga o‘tqazish hamda shu yo‘l bilan xonlikning eng nufuzli kishisi bo‘lib olish edi. Abulfayzxon siyosatidan norozi bo‘lgan beklar Ibrohimbiyga qo‘shiladilar. Ibrohimbiy katta qo‘shin to‘plab Buxoroga yurish boshlaydi. Ibrohimbiy va Rajab Sultonlar kimki ularga qo‘shilsa, g‘alabadan so‘ng juda katta boylik va amalni va’da qiladilar. Jangda Muhammad Hakimbiy otaliq boshchiligidagi Buxoro qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchraydi. Lekin Rajab Sulton Buxoro shahrini egallay olmaydi. Qanday bo‘lmasin Buxoro taxtini egallash ishtiyoqida yonayotgan Ibrohimbiy va Rajab Sulton oqibatini chuqur o‘ylab ko‘rmasdan turib, ko‘chmanchi qozoqlardan yordam so‘raydi. Ularga katta o‘ljalar va’da qiladi. Jung‘or qalmoq ko‘chmanchilarining bosqinidan katta talafot ko‘rgan, talangan hamda ocharchilikka duchor etilgan qozoqlar bu taklifga rozi bo‘ladilar. Mamlakatga kirib kelgan qozoqlar talon-torojni avj oldiradilar. Ular yetti yil mobaynida Zarafshon va Qashqadaryo vohalariga talonchilik yurishlari uyushtirib, hamma yoqni talab, xonavayron qiladilar. Na Buxoroda, na Samarqandda ularni to‘xtatishga qodir kuch topilmadi. Bunday sharoitda ichki nizolar yanada avj oldi. Aholining Abulfayzxondan noroziligi kuchayib ketdi. Nihoyat, Abulfayzxon yaqinlarining talabi bilan Muhammad Hakimbiyni Buxorodan chiqarib yuborishga qaror qiladi. Hakimbiy Qarshiga jo‘nab ketadi, biroq u qulay fursat tug‘ilishi bilanoq Buxoroda hokimiyatni yana o‘z qo‘liga olish niyatidan qaytmagan edi. Abulfayzxon esa vaqtini ko‘ngilxushlik ishlariga sarflab, davlat ishlarini deyarli nazorat qilmay qo‘ydi. Markaziy hokimiyatning zaiflashuvi siyosiy tarqoqlikni yanada kuchaytirdi. Samarqand, Qarshi, Balx, Farg‘ona, Badaxshon amalda mustaqil bo‘lib oldilar.


Davlat parokandaligining oqibati

Buxoro xonligida vujudga kelgan parokandalik Eronning Buxoroga hujum qilishi uchun qulay sharoit yaratdi. Shuning uchun ham Eron shohi Nodirshoh Kavkaz, Hindiston, Usmonli turklar saltanati va Afg‘onistonga qarshi zafarli yurishlaridan so‘ng, 1736-yili Buxoro xonligiga qarshi katta qo‘shinni safarbar etdi. Nodirshohning o‘g‘li Rizoqul yetakchiligidagi qo‘shinlar Amudaryodan o‘tib, ko‘pgina hududlarni bosib oladi. Bunday og‘ir sharoitda Buxoro xoni Xiva xonidan yordam so‘rashga majbur bo‘ldi. Xiva xoni Elbarsxonning yordamga kelayotganidan xabar topgan Nodirshoh buyrug‘iga binoan Rizoqul qo‘shinlari orqaga qaytib ketadilar.

Nodirshoh

1740-yilda Eron qo‘shinlari Buxoroga qarshi ikkinchi marta Nodirshoh boshchiligida hujum qiladi. Biroq Buxoro xonligida muntazam qo‘shinning mavjud bo‘lmagani va o‘z xonligida ichki nizolarni bartaraf etish bilan band bo‘lgan Xiva xonining Buxoroga yordam bera olmagani Nodirshohning g‘alabasini ta’minladi.

Parokandalik — mamlakat viloyatlarining markaziy hokimiyatga bo‘ysunmasligi, siyosiy tarqoqlik

Miyonqol — Samarqand atrofidagi Oqdaryo va Qoradaryo oralig‘idagi hudud. Keyinchalik Samarqand bilan Xatirchi oralig‘idagi yerlar Miyonqol deb atalgan.