XVIII asming ikkinchi yarmi — XIX asr boshlarida Toshkent


Toshkent hokimligining tashkil topishi

XVIII asrning ikkinchi yarmida Toshkent–Shayxontohur, Beshyog‘och, Ko‘kcha va Sebzor dahalariga bo‘lingan. Ularning har birini mustaqil hokim boshqargan. Bu davr Toshkent tarixida to‘rt hokimlik deb nom olgan. Shahar hokimlarining o‘zaro urushlaridan tinkasi qurigan va bu kurashda Yunusxo‘janing qo‘li baland kelayotganini ko‘rgan xalq boshqa hokimlarni mansabidan chetlatib, butun shaharga Yunusxo‘jani hokim qilib ko‘tardi. Yunusxo‘jaga ʻʻHazrati eshonʼʼ unvoni berilgan, xon deb ham yuritilgan. Yunusxo‘ja huzurida xon kengashi tuzildi, kengashga 4 daha mingboshilari kiritilgan. Kengashda Yunusxo‘ja hokim etib tayinlandi. To‘rt hokimlik tugatilib, 1784-yilda yagona siyosiy hokimiyatning vujudga kelishi natijasida yagona mustaqil Toshkent hokimligi tashkil topdi. Anhorning o‘ng tomonida baland va qalin devor bilan o‘ralgan O‘rda, ya’ni davlat mahkamasi qurildi. Unda xon qarorgohi, devonxona, zarbxona joylashgan. O‘rdani harbiy qism qo‘riqlab turgan.


Toshkent hokimligi hududlarining kengayishi

1796-yili Chimkent, Sayram va boshqa o‘nlab shahar va qishloqlar Toshkentga qo‘shib olindi. 1799-yilga kelib Turkiston va uning atroflaridan Chu daryosigacha bo‘lgan yerlar, jumladan, Qorako‘l mavzeyi Toshkentga qo‘shib olindi. Yunusxo‘ja o‘ziga tobe bo‘lgan Katta qozoq juzi yerlaridagi qabilalarni boshqarish ishini o‘sha urug‘ boshliqlariga topshirdi. Bu bilan u qozoq biylaridan o‘ziga tayanch yaratdi. Yunusxo‘ja qozoq qabilalari orasida katta obro‘ga ega bo‘lgan. Ayniqsa, Qorakesak bo‘lisi sultoni Bukey Sulton bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Bukey Sulton va uning o‘g‘illari Toshkentni va karvonlarini qaroqchilardan himoya qilib, ularni belgilangan joyga yetgunicha kuzatib borishgan. Katta juz qabilalari Yunusxo‘ja qo‘shinida asosiy kuchni tashkil etib, uning Qo‘qon xoniga qarshi urushlarida jonbozlik ko‘rsatishgan. Toshkent davlati Qo‘qon va Buxoro xonliklarini, Orenburg va Sibir bilan bogʻlaydigan karvon yoʻllari o‘tadigan Turkiston, Chimkent va Sayramni o‘z qo‘lida tutib, Markaziy Osiyo bilan Rossiyaning savdo munosabatlarida yetakchilikni qo‘lga olishga intiladi.


Bu hol Qo‘qon bilan Buxoroning Toshkentga munosabatining keskinlashuviga olib keldi. Toshkentning Katta qozoq juzi ustidan o‘z ta’sirini kuchaytirishi Qo‘qon xonligining iqtisodiy va siyosiy mavqeyini chegaralab qo‘ygan edi. Farg‘ona vodiysini Rossiya bilan bog‘lovchi asosiy savdo yo‘li Toshkent orqali o‘tardi. Shuning uchun ham Toshkentni bo‘ysundirish maqsadida 1799-yili Qo‘qon xoni Olimxon qo‘shinlari Toshkentga yurish boshlaydi. Yunusxo‘ja ularga qarshi o‘z qo‘shini bilan chiqib, Chirchiq bo‘yidagi Qorasuv mavzeyida ularga zarba beradi. Bu g‘alaba natijasida Sirdaryoning o‘ng sohilidagi Qurama mavzeyi Toshkentga qo‘shib olinadi. Bu davrda Toshkent yirik shaharga aylantirilgan, uni o‘rab turgan devorning uzunligi 18 chaqirimga yaqin bo‘lgan. Unda 10 ming xonadon istiqomat qilgan. Shahar aholisi Rossiya, Qashqar va Xitoy bilan ham savdo qilgan. Yunusxo‘ja davrida ikki xil pul: rupiya va tanga zarb qilingan. Besh tanga bir rupiyaga teng bo‘lgan.
Shahar nazorati va soliq yig‘ish Boshchixo‘janing qo‘lida edi. Shahar savdosi ustidan qozi va devonbegi nazorat qilishgan. Rais shariat qonun-qoidalari va bozordagi narx-navo, o‘lchovlar ustidan nazorat qilgan.


Toshkent–Rossiya munosabatlari

XVIII asr oxiri–XIX asr boshlarida Toshkent bilan Rossiya o‘rtasidagi savdo munosabatlari rivojlandi. Masalan, 1786-yili toshkentlik savdogarlar B. Ismoilov va Azizxo‘jalar Irbit yarmarkasiga borishgan. 1787-yili Troitskdan Toshkentga 27773 so‘mlik rus va chet el mollari keltirilgan. Ular rus va nemis movuti, qizil charm, gazmol, mis, baxmal va boshqa mollardan iborat bo‘lgan.
1795-yilning sentyabr oyida 24 kishidan iborat Toshkent savdo karvoni Semipalatinsk shahriga kelgani hujjatlarda qayd etilgan. XVIII asrning 90-yillarida Rahmatulla karvonboshi rahbarligidagi bir guruh Toshkent savdogarlari o‘z karvonlari bilan doimo Petropavlovskka qatnab turgan.
Toshkentning qulay geografik holati Toshkent — Rossiya elchilik munosabatlarining ham rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmay qolmagan. Xususan, 1792-yili Muhammadxo‘ja va Azizxo‘ja boshliq Toshkent savdo karvoni Sibirga jo‘naganida Yunusxo‘ja ular orqali Sibir ma’muriyati nomiga maktub jo‘natgan.


Yunusxo‘ja bu savdogarlarga Sibir ma’muriyati bilan har ikki tomonni qiziqtiradigan masalalar yuzasidan muzokara olib borish vakolatini ham bergan edi. Yunusxo‘janing elchilariga javoban, Sibir ma’muriyati 1794- yilda o‘z elchilari A. T. Beznosikov va T. S. Burnashevlarni Toshkentga jo‘natadi. Biroq ular Toshkentga kela olmay Buxorodan qaytishga majbur bo‘ladilar. Sibir ma’muriyatining 1796-yilda ikkinchi bor yuborgan elchilari nihoyat Toshkentga yetib keladi. Ularni O‘rta qozoq juzi Qorakesak bo‘lisi sultoni Bukeyning o‘g‘li Eshim Sulton kuzatib keladi. Bu faktlar Toshkent ijtimoiy-siyosiy nufuzining o‘sib borganligini anglatar edi. Toshkent elchilari 1803-yilda Sankt Peterburgga borib, imperator Aleksandr I qabulida bo‘lishadi.


Toshkent mustaqilligining tugatilishi

Toshkentning mustaqilligi uzoq davom etmadi Bunga Toshkent–Qoʻqon munosabatlari sabab boʻlgan. Ular oʻrtasida muntazam davom etgan qarama-qarshilik, kurash muhiti hukm surgan. Yunusxo‘ja Qo‘qon xonligida markaziy hokimiyatga bo‘ysunishmi istamagan bekliklar, viloyatlar bilan ittifoq tuzishga harakat qilgan. Qolaversa, u isyonchi hokimlarning markaziy hukumatga qarshi kurashidan ham foydalanishga uringan. Ayni paytda, Qo‘qon xonligi Toshkentni butunlay egallash yoʻlini tutgan. Ikki tomon qo‘shinlari o‘rtasidagi asosiy jang 1800-yilning kuzida Sirdaryo bo‘yidagi G‘urumsaroy (Namangan viloyatiga qaraydi) yaqinida bo‘lgan. Bu jangda Toshkent qo‘shini yengilgan. Muvaffaqiyatsizlikka uchrab, Toshkentga qaytib kelgan Yunusxo‘ja kasallanib, 1803-yilda vafot etadi. Hokimiyatga uning o‘g‘li Sultonxo‘ja o‘tirdi. Yunusxo‘janing vafot etganini eshitgan Qo‘qon xoni Olimxon Toshkentga o‘z qo‘shinini yuboradi. 1810-yilda Toshkent Qo‘qon xonligiga qo‘shib olinadi. Shu tariqa, Toshkent mustaqilligi butunlay barham topdi.