XVII — XVIII asrning birinchi yarmida Xiva xonligidagi siyosiy ahvol


Xiva xonligida siyosiy parokandalik

XVII asrdan boshlab Xiva xonligining siyosiy hayotida ikki jarayon kuchaya bordi. Ularning birinchisi markaziy hukmron sulola nufuzining pasayishi bo‘lsa, ikkinchisi qabila boshliqlari ta’sirining kuchayishi edi. Qabila boshliqlarining kuch-qudrati shu darajaga borib yetgan ediki, ular xonga o‘z xohish-istaklarini o‘tkaza olishgan. Xon davlat hayotiga oid har bir masalani ularsiz mustaqil hal eta olmas edi. Ayni paytda shu qabila boshliqlari xon taqdirini hal etishardi. Binobarin, bu holat Xiva xonligida davlat parokandaligi yuz berganini anglatardi. Parokandalik Arab Muhammadxon davrida (1602–1621) yuqori nuqtasiga yetgan edi. Amudaryo o‘zanining o‘zgarishi bu davrda ham davom etdi. Natijada Arab Muhammadxon xonlik poytaxtini Urganchdan Xivaga ko‘chirishga majbur bo‘ldi. Yuz bergan iqtisodiy tanglik davlatning siyosiy ahvoliga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bundan tashqi kuchlar foydalanib qolishga urinishdi. Chunonchi, Arab Muhammad davrida Rossiya chegarasini qo‘riqlab turgan Yoyiq kazaklari ataman Nechay, ko‘p o‘tmay ataman Shamay Urganchga hujum qildi. Biroq Xiva qo‘shini ularni tor-mor etadi.

Hukmdor va alloma Abulg‘oziy Bahodirxon

Abulg‘oziy Bahodirxon

1616-yili Arab Muhammadxonning o‘g‘illari Habash Sulton bilan Elbars Sulton ayrim qabilalarning boshliqlariga tayanib, otalariga qarshi isyon ko‘tardi. Ota farzandlariga yon bosishga majbur bo‘ldi. Ular boshqaruviga topshirilgan hududlarga Vazir shahrini ham qo‘shib berdi. Biroq, bu bilan nizo tugamadi. 1621-yili ular yana isyon ko‘tarishdi. Bu safar otalari Arab Muhammadxon tarafida uning boshqa ikki o‘g‘li — Asfandiyorxon va Abulg‘oziy Sulton urushda qatnashdi. Bu urushda Habash Sulton va Elbars Sulton qo‘shinlari g‘olib keldi. Noqobil farzandlarning amri bilan asir olingan ota Xivaga keltirib qamab qo‘yildi, keyinroq qatl etildi. Abulg‘oziy Sulton Buxoro xoni Imomqulixon saroyida panoh topdi. Asfandiyorxon esa Eron shohi Abbos I huzuriga yo‘l oldi, uning yordamida 1623-yilda Xiva taxtini egalladi va Habash hamda Elbars qatl etildi. Bu voqeadan xabar topgan Abulg‘oziy Sulton Xivaga qaytdi. Akasi Asfandiyorxon (1623–1643) uni Urganch hokimi etib tayinladi. Biroq tez orada aka-uka o‘rtasidagi munosabatlar buzildi. Natijada Abulg‘oziy Sulton Turkiston, Toshkent, Buxoroda qochib yurishga majbur bo‘ldi.


Asfandiyorxon siyosatidan norozi bo‘lgan turkmanlarning chaqirig‘i bilan u yana Xivaga qaytib bordi. Akasi endi unga Xivani topshirishga majbur bo‘ladi. Biroq qulay fursat tug‘ilishi bilanoq uni 1630-yilda Eron shohi huzuriga garov tariqasida jo‘natib yuboradi. Abulg‘oziy Sulton Eronda 10 yil tutqunlikda kun kechirdi. O‘n yildan so‘ng tutqunlikdan qochib, Orol o‘zbeklari qarorgohiga yetib keladi. Asfandiyorxon vafot etgach, 1644-yilda Abulg‘oziy Bahodirxon Xiva xonligi taxtini egallaydi. Abulg‘oziy Bahodirxon qabila boshliqlari nufuzini yanada oshirish yo‘li bilan ularning markaziy hokimiyatga qarshi xatti-harakatlariga barham bermoqchi bo‘ldi. U xonlikdagi barcha 32 qabilani to‘rt guruhga bo‘ldi: qiyot-qo‘ng‘irot, uyg‘ur-nayman, qang‘li-qipchoq, nukuz-mang‘it. Bunda qabilalarning urf-odatlari, turmush tarzi va qarindoshlik aloqalari hamda joylashgan yeri hisobga olindi. Har bir qabilaviy guruhga inoq tayinlanib, xon inoqlar orqali qabilalarga tegishli masalalarni hal qilgan. Inoqlar xonning eng yaqin maslahatchisi sifatida saroyda istiqomat qilganlar.


Xiva–Buxoro munosabatlari

Abulg‘oziy Bahodirxon 1663-yilda hokimiyatni o‘g‘li Anushaxonga topshiradi. Anushaxon davrida Buxoro–Xiva munosabatlari yanada keskinlashdi. Anushaxon bir necha marta Buxoro xonligi hududlarini xonavayronlikka olib kelgan harbiy yurishlar uyushtirdi. Uning qo‘shini hatto Samarqandni egalladi. Biroq 1685-yilda G‘ijduvon yaqinidagi jangda Xiva qo‘shinlari tor-mor etildi. Ayni paytda Buxoro xoni Subhonqulixon Anushaxonga qarshi Xivada fitna uyushtirishga erishadi. 1686-yilda Anushaxon taxtdan tushiriladi. Subhonqulixon Xivada o‘z tarafdorlaridan shunday fitnachi guruh uyushtira olgan ediki, buning oqibatida Xiva xonligining siyosiy hayoti yanada murakkablashdi, xonlik ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar girdobida qoldi. O‘sha davr manbalarida qayd etilganidek, qishloqlar va ekin yerlari o‘rmon hamda chakalakzorlarga, ko‘llar qamishzor, botqoqlarga aylandi.
Xiva xoni Sherg‘ozixon (1714–1728) davrida Buxoro xoni Abulfayzxon orolliklarni Xiva xoniga qarshi gijgijlay boshladi. Natijada, Orolbo‘yi aholisi Xiva xonligidan ajralib chiqdi. Xiva xonligida boshlangan o‘zaro kurash goh u, goh bu tomonning ustunligi bilan to Sherg‘ozixon vafotiga qadar davom etdi.
Qabilalar o‘zaro kelisholmagach, endi taxtga Qozoq xonligidan chingiziy sultonlarni o‘tqazish boshlandi. 1728-yilda taxtga o‘tqazilgan Elbarsxon ularning birinchisi bo‘ldi (1728–1740). Eron shohi Nodirshoh xonlikdagi siyosiy beqarorlikdan foydalanib, 1740-yili Xivani bosib oldi.


Nodirshoh Xivaga o‘z odamini hokim etib tayinlab, Eronga qaytadi. Xivada Eron boshqaruv tizimi o‘rnatiladi. Aholiga ʻʻmoli omonʼʼ solig‘i solinadi. Biroq Eronga qaramlik davrida ham ichki nizolar to‘xtamagan. Taxt uchun qabilalararo ayovsiz kurash boshlandi. Taxtga esa atayin chingiziylar avlodiga mansub xonlarni o‘tqazish davom etdi va ular tez-tez almashtirib turildi. Bu hodisa tarixga ʻʻxonlar o‘yiniʼʼ nomi bilan kirdi. Xonlar esa amalda inoqlar qo‘lida itoatkor bo‘lib qoldilar. O‘zaro ichki kurashlarda ma’lum muddat turkman yovmutlarining qo‘li baland kelib turdi. Xonlikdagi bu ichki boshboshdoqlik qo‘ng‘irot qabilasi hokimiyat tepasiga kelgunga qadar davom etdi.