XVI asrda Buxoro xonligida madaniy hayot


Ta’lim sohasidagi islohotlar

Shayboniylar temuriylar davrida yurtimizda yaratilgan yuksak rivojlangan madaniyatga munosib voris bo‘la olmaganlar. Shunday bo‘lsa-da, shayboniylar davrida ilm-fan va madaniyat baholi qudrat rivoj topdi.
Bunga ushbu sulola hukmdorlari orasidan o‘z davrining yetuk ilm-fan arboblari yetishib chiqqani ham ta’sir ko‘rsatgan. Chunonchi, Muhammad Shayboniyxon, Ko‘chkunchixon va Ubaydullaxonlar o‘z davrining nihoyatda o‘qimishli kishilari bo‘lganlar. Shuningdek, Muhammad Shayboniyxon, Abdulazizxon va Abdullaxonlar kutubxonalari o‘z zamonasining ajoyib kitob xazinalari bo‘lgan. Muhammad Shayboniyxon Buxoro va Samarqandni temuriylardan so‘ng fan, madaniyat va san’at markazlari sifatida rivojlantirishga harakat qildi. Shayboniylar ta’limni rivojlantirish maqsadida islohot ham o‘tkazganlar.

Buxoro. Abdullaxon madrasasi


Bu islohotning o‘tkazilishiga amaldorlar guruhini vujudga keltirish va ularni jamiyatning asosiy tayanchiga aylantirish zarurati sabab bo‘ldi. Xonlarga va sultonlarga barcha sohalar bo‘yicha ilmli, diplomatik qobiliyatga ega bo‘lgan amaldorlar zarur edi. Islohotga ko‘ra, ko‘p bosqichli o‘qitish tizimi joriy etildi. Har bir mahallada maktab ochildi, ba’zi xonadonlarda uy ta’limi joriy etildi. Bolalarga 6 yoshdan ta’lim beriladigan bo‘ldi. Maktabda ikki yil o‘qigach, o‘quvchilar madrasaga o‘tkazilardi. XVI asrda Samarqandda Shayboniyxon madrasasi, Buxoroda Abdullaxon, Toshkentda Baroqxon va Ko‘kaldosh kabi qator madrasalar hamda boshqa ta’lim muassasalari quriladi va faoliyat yuritadi. Madrasada uch bosqichli ta’lim joriy etilgan, uning har bir bosqichi 7 yildan bo‘lib, 21 yil davom etardi. O‘quvchilar ilohiyot ilmi, hisob-kitobdan, handasa, fiqh, mantiq, musiqa, she’r san’atidan ilm olardi. Albatta, ta’lim olishga hammaning ham imkoni bo‘lmas edi.


Ilm-fan

Shayboniylar davrida tibbiyot, matematika va astronomiya kabi fanlar ma’lum darajada rivojlangan. Tibbiyot ilmidagi rivojlanish o‘z zamonasida ʻʻtabiblar iftixoriʼʼ deb sharaflangan Muhammad Mazid, jarroh mavlono Baqo, ko‘z kasalliklarini davolashda nom chiqargan Shohali ibn Sulaymon, „Davolash bo‘yicha dastur“ asari muallifi Sultonali Samarqandiy, «Ko‘z kasalligiga doir asosiy kitob» asarlari bilan mashhur bo‘lgan Ubaydulloh Kahhol kabi alloma tabiblarning nomi bilan bog‘liqdir. Muhammad Amin, Bobokalon Samarqandiy, mavlono Kavkaviylar matematika fanining, Muhammad Husayni Buxoriy ʻʻQibla tomonini topish ma’rifatiʼʼ, Mahmud ibn Ahmad Faroziy esa ʻʻOy fazolarining tengligi haqida risolaʼʼ asarlari bilan astronomiya ilmi rivojiga munosib hissa qo‘shganlar.
Shayboniylar davrida tarix fani sohasida ko‘plab yirik tarixiy asarlar yaratilgan. Ular orasida Kamoliddin Binoiyning ʻʻShayboniynomaʼʼ, Muhammad Solihning ,ʻʻShayboniynomaʼʼ, Muhammad Haydarning ʻʻTarixi Rashidiyʼʼ , Fazlulloh ibn Ro‘zbexonning ʻʻMehmonnomayi Buxoroʼʼ, Hofiz Tanish Buxoriyning ʻʻAbdullanomaʼʼ, ʻʻSharhnomayi shohiyʼʼ, Sulton Muhammad Hofiz Toshkandiyning ʻʻTarixi jadidayi Toshkandʼʼ kabi asarlari shular jumlasidandir. K. Binoiyning ʻʻShayboniynomaʼʼ asari
Dashti Qipchoq va Movarounnahrning XV asr o‘rtalaridan XVI asr boshlarigacha bo‘lgan davr voqealarini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, shayboniylar bilan Eron safaviylari o‘rtasidagi munosabatlar haqida muhim ma’lumotlar beradi.


Muhammad Solihning ʻʻShayboniynomaʼʼsi esa o‘zbek tilida yozilgan asar bo‘lib, u Shayboniyxonning harbiy yurishlariga bag‘ishlangan. Abdullanoma asari muallifi mazkur asarini Chingizxonning Movarounnahr istilosi, chingiziylar hukmronligining o‘rnatilishi, Dashti Qipchoqda Abulxayrxon davlatining tashkil etilishi, Shayboniyxonning harbiy yurishlari, uning o‘limidan so‘ng Movarounnahrda vujudga kelgan ahvol, Abdullaxon II ning mamlakatni siyosiy jihatdan birlashtirish yo‘lida olib borgan kurashi tarixiga bag‘ishlagan.

Adabiyot


Shayboniylar davrida adabiyot ham rivojlandi. Bu davr adabiyotida M. Shayboniyxon, uning jiyani Ubaydullaxon, K. Binoiy, M. Solih va Mushfiqiylar alohida o‘rin tutadi. Umrining asosiy qismini jang-u jadallarda o‘tkazgan Muhammad Shayboniyxon ayni paytda she’riyat bilan ham shug‘ullangan. U o‘zidan yuqori saviyali badiiy asarni meros qilib qoldirgan. Uning asarlari bugungi kunda dunyoning turli mamlakatlariga olib ketilgan. Masalan, yozib qoldirgan she’rlari to‘plami boʻlmish ʻʻDevonʼʼi Istanbul shahri kutubxonasida saqlanib kelmoqda. Shayboniyxon o‘zining she’rlarida, ayniqsa, Samarqand va Buxoro shaharlarini eng ko‘p madh etgan. Chunonchi, bir she’rida Samarqandni jannatga qiyoslaydi:


«Jannati tа’no bog‘i Samarqand emish,
Kavsari a’lo degan obi Samarqand emish.
Buxoro shahrini esa Ka’ba darajasida ulugMaydi:
Bir xayolim bor ко‘ngulkim pir vafly aylayin,
Ul Buxoro shahrida Ka’bа tavofin aylayin.»


Muhammad Shayboniyxonning jiyani Ubaydullaxon o‘zining g‘azal, ruboiy, qit’a va tuyuqlari bilan she’riyat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan. U ʻʻUbaydiyʼʼ, ʻʻUbaydulloʼʼ va ʻʻQul Ubaydiyʼʼ taxalluslari bilan ijod qilgan.
U fors va arab tillarini yaxshi bilgan hamda shu tillarda ham ijod etgan. O‘zbek, fors va arab tillaridagi she’rlari uch devonda to‘plangan. Keyinchalik ular bitta muqova ichiga jamlangan va ʻʻKulliyotʼʼ deb nomlangan. M. Solihning ʻʻShayboniynomaʼʼsi ayni paytda adabiyotga oid asar — doston hamdir. Adabiyotimizda bu asar o‘zining yuksak badiiy saviyasi va tilining soddaligi bilan ajralib turadi. Abdullaxon II saroyida xizmat qilgan va ʻʻMalik ush-shuaroʼʼ unvoniga sazovor bo‘lgan shoir Mushfiqiy o‘z she’rlarida yuqori tabaqa vakillarining adolatsizliklarini ayovsiz fosh etgan.


Me’morchilik

Shayboniy hukmdorlar poytaxt Buxoro va uning atroflarini obod qilishga harakat qildilar. XVI asr davomida shu davrning barcha muhandislik imkoniyatlari va jamiyatning ma’naviyat va madaniyati darajasiga mos ravishda ko‘plab binolar, me’moriy majmualar, inshootlar bunyod etildi.
Ularning orasida Buxorodagi Mir Arab, Abdullaxon, Samarqandda qurilgan Shayboniyxon, Toshkentda qurilgan Baroqxon va Ko‘kaldosh madrasalari me’morchiligimizning yorqin namunalari hisoblanadi. Baroqxon madrasasi shayboniy hukmdor Suyunchxo‘jaxonning o‘g‘li Baroqxon tomonidan qurilgan.
Madrasa gumbazining balandligi 22 metrni tashkil etadi. Mustaqillik yillarida bu madrasada ham katta ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Mir Arab madrasasi Shayx Abdulla (Mir Arab) tomonidan 1530–1536-yillarda qurilgan. Uni qurish uchun sarflangan xarajatlarni Buxoro xoni Ubaydullaxon bergan. Madrasa ulkan peshtoqli. Ikki yonida baland gumbazli keng darsxona, masjid va go‘rxona bor. Go‘rxonada Ubaydullaxonning sag‘anasi va Mir Arab hamda uning qarindoshlarining qabrlari bor. Madrasa bugungi kunda ham islom oliy diniy o‘quv muassasasidir. Buxoroga kelgan Rossiya elchisi Antoniy Jenkinson: ʻʻBuxoro juda katta shahar, unda g‘ishtlik imoratlar, serhasham binolar ko‘p. Hammomlar shunday mohirlik bilan qurilganki, ularning misli dunyoda yo‘qdirʼʼ, — deb yozadi. Ayniqsa, Abdullaxonning yurt obodonchiligi yoʻlidagi sa’y-harakatlari tarixchilar tomonidan yuksak baholangan. Uning davrida markaziy hokimiyat kuchayishi tufayli katta qurilish ishlari amalga oshirilgan.