Siyosiy ahvol
Xuroson hukmdori Shohrux Mirzo 1447-yili vafot etgach, toj-u taxt uchun kurash kuchaydi . Natijada Xuroson davlati bir necha qismlarga boʻlinib ketdi. Ularning har biri o‘zini mustaqil davlat deb hisoblar edi. 1469-yilda Amir Temurning ikkinchi o‘g‘li Umarshayxning nabirasi Sulton Husayn Boyqaro Xuroson taxtini egalladi. Salkam 40 yil hukmronlik qilgan Sulton Husayn Boyqaro davrida ham mamlakatda to‘la osoyishtalik o‘matilmagan bo‘lsa-da, Xuroson davlatining xo‘jalik va madaniy hayoti ancha yuksak darajada rivojlandi. Mamlakat obodonchiligi yo‘lida katta ishlar amalga oshirildi. Bunda Husayn Boyqaroning hukmdorlik salohiyati muhim o‘rin tutdi. Vazir Alisher Navoiyning xizmatlari ham benihoya katta bo‘ldi. 1506-yilda Sulton Husayn Boyqaro vafot etdi. Shundan keyin mamlakatda qo‘shhokimiyatchilik vujudga keldi.
Marhum sultonning ikki o‘g‘li (Badiuzzamon va Muzaffar Husayn) bir vaqtda hukmdor deb e’lon qilindi. Bu hol shusiz ham og‘ir kunlarni boshidan kechirayotgan Xuroson davlatini to‘la parokandalikka olib keldi. Natijada shayboniylar hujumi arafasida davlat nihoyatda kuchsizlanib qoldi. Mirzo Ulug‘bek vafotidan keyin, Movarounnahrda ham toj-u taxt uchun keskin kurash boshlanib ketdi. Bu kurashda Mironshohning nabirasi Abu Said ibn Sulton Muhammad g‘alaba qozonadi va Movarounnahr taxtini egallaydi (1451-1469). U 1469-yilda urushda halok boʻlgach, hokimiyatni birin-ketin dastlab uning ikki o‘g‘li: Sulton Ahmad va Sulton Mahmud, keyinchalik nabiralari Boysung‘ur Mirzo va Sulton Ali Mirzolar boshqargan.
Bobur Mirzo kurash maydonida
XVI asr bo‘sag‘asida Temuriylar davlati taxti uchun kurash maydoniga Zahiriddin Muhammad Bobur chiqdi. Bobur Mirzo Amir Temurning uchinchi o‘g‘li Mironshohning chevarasi edi. U 1483-yilning 14-fevralida Andijon shahrida tug‘ilgan. Bolalik va yoshlik yillari Andijon va Axsi shaharlarida o‘tgan. U otasi Umarshayx Mirzo (1455–1494) saroyida o‘z davriga yarasha barcha zarur bilimlarini egallagan. Umarshayx Mirzoni otasi Abu Said Mirzo o‘z hukmronligi davrida, dastlab, Kobul viloyatiga, so‘ng Farg‘ona viloyatiga hukmdor etib tayinlagan. Keyinchalik akasi Sulton Ahmad hukmronligi davrida Toshkent va Sayram ham Umarshayx Mirzoga berilgan. Biroq o‘zaro ichki kurashlar natijasida Umarshayx Mirzo qo‘l ostida faqat Farg‘ona, Xo‘jand va O‘ratepagina qolgan. Umarshayx Mirzo 1494-yilda baxtsiz hodisa tufayli halok bo’lgach, hokimiyat 12 yoshli Bobur Mirzo qo‘liga o‘tdi. Bobur Mirzoning siyosiy kurash maydoniga chiqishi temuriylar saltanatida harbiy-siyosiy vaziyat nihoyatda og‘irlashgan sharoitga to‘g‘ri keldi. U siyosiy kurash maydoniga chiqqan paytda Samarqandda Boysung‘ur Mirzo, Toshkentda Bobur Mirzoning tog‘asi Sulton Mahmudxon, Hirotda esa Sulton Husayn Boyqaro hukmron edi.
Bobur Mirzoning Samarqand taxtini egallashi
Bobur Mirzo ham barcha taxt da’vogarlariga xos xususiyatlardan xoli emasdi. Uning orzusi ulug‘ bobosi Amir Temur saltanatining markazi — Samarqand taxtini egallash edi. Tez orada Boysung‘ur Mirzo bilan ukasi Sulton Ali Mirzo o‘rtasida toj-u taxt uchun kurash boshlandi. Bundan xabar topgan Bobur Mirzo 1496-yilda qo‘shini bilan Samarqandni qamal qilishga kirishdi. Biroq qish yaqinlashib qolgani tufayli Samarqand qamalini to‘xtatib, Andijonga qaytishga majbur bo‘ladi. 1497-yilda Bobur Mirzo yana Samarqandga yurish boshlaydi va Samarqand qamali boshlanadi. Qamal 7 oydan ortiq davom etdi. Bu vaqtda shahar ichida oziq-ovqat tanqisligi yuz bergani tufayli Boysung‘ur Mirzo askarlari orasida parokandalik ro‘y beradi. Tang ahvolda qolgan Boysung‘ur Mirzo kam sonli qo‘shini va yaqinlari bilan Qunduz hukmdori Xusravshoh huzuriga qochdi. Bobur Mirzo esa 1497-yilning noyabr oyi oxirida Samarqand taxtini egallashga muvaffaq bo‘ldi.
Andijonda hokimiyat uchun kurash
Biroq bu hol uzoqqa bormadi. Boburning Andijondagi dushmanlari til biriktirib, ukasi Jahongir Mirzoni Andijon taxtiga o‘tqazishga erishdilar.
Vujudga kelgan harbiy-siyosiy tanglikni tushungan Bobur Mirzo qanday boʻlmasin Andijonni saqlab qolishga qaror qildi va Samarqandni yuz kun idora etgandan so‘ng uni tark etishga majbur bo‘ldi. Samarqand taxtini esa Sulton Ali Mirzo egalladi. Nihoyat 1500-yilda Bobur Mirzo bilan ukasi Jahongir Mirzo o‘rtasida sulh tuzildi. Unga ko‘ra, Sirdaryoning shimoliy tarafi Axsi shahri bilan Jahongir Mirzoga, daryoning janubiy tomoni Andijon shahri bilan Bobur Mirzoga berildi. Temuriylar saltanatining boshqa qismlarida ham Farg‘onadagi kabi toj-u taxt uchun kurash davom etardi. O‘sha davr tarixchisi Muhammad Solih yozganidek: „Hamma bir-biridan qo‘rqar edi. O‘zlaricha shoʻxlik talab qilib mamlakatda ig‘vo urug‘ini sochardilar“. Temuriylar saltanatida boshlangan toj-u taxt uchun ayovsiz kurash oqibatida saltanat inqirozga yuz tutdi. Natijada ko‘pdan buyon temuriylar saltanati hududlarini egallashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan Muhammad Shayboniyxonning Movarounnahr va Xurosonni egallab olishi uchun qulay sharoit vujudga keldi.