Ichki vaziyatning keskinlashuvi
Olimxon hokimiyatni markazlashtirish maqsadida ichki islohotlar ham o‘tkazdi. Diniy rahnamo unvoni hisoblangan ʻʻeshonʼʼni bekor qiladi. Kambag‘al va qalandarlarga yer maydonlari hamda chorva mollari berib, ularni mehnatga jalb qiladi. Ayrim diniy arboblarni imtihon qiladi va yolg‘onchiligi fosh qilinganlarni jazolaydi. Ayni paytda Olimxonning markazlashgan kuchli hokimiyat tuzish yo‘lidagi harakatlari ayrim qabila boshliqlarining undan noroziligini kuchaytiradi. Oqibatda, ulamolar va markaziy hokimiyatning kuchayishidan norozi kuchlar unga qarshi fitna uyushtiradi. Ular 1810-yilda xonning Toshkentda ko‘tarilgan isyonni bostirish uchun ketganligidan foydalanib, ʻʻOlimxon Toshkentda o‘ldiʼʼ , degan mish-mish tarqatishadi. Taxtga uning ukasi Umarxonni o‘tqazadilar. Olimxon xiyonatdan xabar topgach, Qo‘qonga qaytadi. Biroq fitnachilar tomonidan yo‘lda otib o‘ldiriladi.
Umarxon
Umarxon (1810–1822) akasi Olimxon davrida Farg‘ona hokimi edi. Umarxon Andijon hokimi Rahmonqulibiyning qizi Mohlaroyim (Nodira)ga uylangan. Farg‘onalik tarixchi Muhammad Hakim Umarxon hukmronligi davrini eng yaxshi podsholik davrlaridan biri sifatida tavsiflagan. Umarxon hukmronligining dastlabki paytlarida Buxoro bilan o‘rnatilgan do‘stona munosabatlar Jizzax va O‘ratepa uchun azaliy kurash oqibatida yana uzilib qoldi. Bu kurash Umarxonning butun hukmronlik davrida davom etdi va ilgari bo‘lganidek, u tomonga ham, bu tomonga ham g‘alaba keltirmadi. Qo‘qon qo‘shinlarining ko‘chmanchi qozoq va qirg‘iz elatlariga yurishlari ancha muvaffaqiyatliroq kechdi. Katta va qisman kichik juz o‘rdalarini o‘z ichiga oluvchi keng hududlar Qo‘qon xonligiga bo‘ysundirildi. Sirdaryo bo‘yidagi Yangiqo‘rg‘on, Julek, Qamishqo‘rg‘on, Oqmasjid, Qo‘shqo‘rg‘on nomli harbiy istehkomlar qurildi va Turkiston shahrini o‘z tasarrufiga oldi. Ular Markaziy Osiyoni Rossiya bilan bog‘laydigan muhim savdo yo‘lida joylashgandi.
Muhammad Alixon
Qo‘qon xonligining hududi Umarxonning o‘g‘li va vorisi Muhammad Alixon (Madalixon) davrida (1822–1841) ancha kengaydi. Qo‘qon qo‘shinlari Farg‘onaning janubida joylashgan, asosan, tojik o‘troq aholisi yashaydigan va o‘z hokimlari bo‘lgan Qorategin, Darboz va Ko‘lobga yurish qilib, bu yerlarni egalladi. Madalixon boshqaruvining so‘nggi yillarida, Qo‘qon xonligida g‘alayonlar kuchaygan paytda, Madalining ko‘ngli tusagan ishlarni qilaverishini qo‘llab-quvvatlovchi odamlar ta’siriga tushib qolgan yosh xon o‘z marhum otasining eng obro‘li a’yonlarini ta’qib qila boshladi. Umarxon davrida xon hokimiyati bilan mahalliy zodagonlar o‘rtasida mustahkamlangan ittifoq buzila boshladi. Amaldorlarning ayrimlari surgun qilindi, ba’zilari qatl etildi, ba’zilari esa Buxoroga qochib ketishdi. Joylarida qolgan amaldorlar esa xon hokimiyatidan norozi bo‘lganlarning hammasini o‘z atroflariga yig‘ib, xonni taxtdan qulatishga tayyorlana boshladi. Bularning hammasi aholining barcha tabaqalarini Madaliga qarshi qilib qo‘ydi. Ruhoniylar xonni turli axloqsizlik va shariatga qarshi jinoyatlarda ayblab, unga qarshi ochiq targ‘ibot olib borishdi. 1841-yilda Madalixon o‘z ukasi Sulton Mahmudxon foydasiga taxtdan voz kechdi. Xondan norozi bo‘lganlar unga qarshi ochiq kurashish uchun yetarli kuchga ega bo’lmay, o‘z elchilarini Buxoro amiri Nasrullo huzuriga yuborib, undan yordam so‘radilar. Amir Nasrullo 1842-yilda o‘z qo‘shinlarini Qo‘qonga qarshi safarbar etdi. Qo‘qon qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchradi. Madalixon o‘z a’yonlari bilan tutib olindi va Amir Nasrullo buyrug‘iga binoan qatl etildi. Amir Nasrullo hatto Madalixonning onasi Nodirabegimga ham shafqat qilmadi.
Amir Nasrullo istilosidan keyingi siyosiy ahvol
Amir Nasrulloning Qo‘qon xonligidagi hukmronligi uzoqqa cho‘zilmadi. Chunki amirning Qo‘qondagi noibi Ibrohim dodxoh Qo‘qon xonligi aholisini avval undirib kelingan soliqqa qo‘shimcha ravishda Buxoro amirligida joriy etilgan soliqlarni ham to‘lashga majbur qilgan. Natijada, butun Qo‘qon xonligi hududida 1842-yili katta qo‘zg‘olon ko‘tariladi. Uning oqibatida amirning Qo‘qondagi noibi va beklari hokimiyati tugatildi. Buxoro amiri hukmronligiga qarshi qo‘zg‘olonni tashkil etgan mahalliy kuchlar Farg‘ona vodiysida ko‘chib yurgan qipchoqlar madadiga tayangan edilar. Qo‘zg‘olon natijasida Qo‘qon xonligining mustaqilligi tiklandi. Taxtga Norbo‘tabiyning ukasi Hojibekning o‘g‘li Sheralixon (1842–1845) o‘tqazildi. Qo‘qon xonligi mustaqilligini tiklashda minglar qabilasiga katta madad bergan qipchoqlar xonlikning ijtimoiy-siyosiy hayotida katta mavqega ega bo‘lib oldi. Qipchoqlardan Musulmonqul mingboshi etib tayinlandi. Qo‘qondagi mag‘lubiyatga chiday olmagan Amir Nasrullo yana Qo‘qonga yurish qiladi. U Qo‘qon shahrini 40 kun qamalda tutadi. Biroq Amir Nasrulloning qamalni davom ettirishiga Xiva xoni Olloqulixonning Buxoro amirligiga qilgan hujumi xalaqit berdi. Amir Nasrullo Buxoroga qaytishga majbur bo‘ldi.
Sheralixonning hukmronligi davrida aholidan soliq undirish kuchaydi. Bu hol mehnatkash aholining noroziligini keltirib chiqardi. Bundan tashqari, davlatda muhim lavozimlarni egallab olgan qipchoqlar davlat ishlarida o‘z hukmronligini o‘tkazishga, o‘zbek, qirg‘iz va tojiklarning mamlakat hayotidagi ta’sirini kamaytirishga urinishdi. Qipchoqlar Qo‘qonga ko‘plab ko‘chib kela boshlagach, mahalliy aholining uy-joyini, mol-mulkini zo‘ravonlik bilan tortib ola boshladi. Bular xonlikda qipchoqlarga nisbatan norozilikni kuchaytirdi.
Musulmonqul 1845-yilda soliqlarning haddan tashqari og‘irligidan norozi bo‘lib qo‘zg‘olon ko‘targan O‘sh xalqi qo‘zg‘olonini bostirish uchun qo‘shin bilan yuborildi. 1845-yilda Isfara hokimi Samarqandda istiqomat qilib turgan marhum Qo‘qon xoni Olimxonning o‘g‘li Murodxonni olib kelib, Qo‘qon taxtiga o‘tqazadi va Sheralixon o‘ldiriladi. Musulmonqul o‘z qo‘shini bilan Namanganga keladi. Ishni avval qizini marhum Sheralixonning o‘g‘li Xudoyorxonga nikohlab berishdan boshlaydi. 13 yoshli Xudoyorxon bu davrda Namangan hokimi edi. Shundan keyin Musulmonqul Qo‘qonga kelib Murodxon va uni qo‘llab-quvvatlaganlarni fitnachi sifatida ayblab, ularni qatl ettiradi. Kuyovi Xudoyorxonni esa taxtga o‘tqazadi (1845).
Ichki nizolarning kuchayishi
Xudoyorxon yosh bo‘lganligi tufayli amalda xonlikni qaynotasi Musulmonqul boshqarardi. Shunday qilib, xonlikda qipchoqlar hukmronligi davri boshlandi.
Endilikda qipchoqlar Qo‘qonga yoppasiga ko‘chib kela boshladilar, mahalliy aholini shahardan haydab chiqarib, ularning uy-joylariga o‘rnashib ola boshladilar. Sug‘orish inshootlarini qo‘lga kiritdilar, bundan tashqari, aholi endi suv uchun soliq to‘laydigan bo‘ldi. Bularning barchasi mahalliy aholining qattiq noroziligiga sabab bo‘ldi. Bu ahvol, o‘z navbatida, xonlikda hukmronlarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarish xavfini tug‘dirdi. Bunday vaziyatda Musulmonqul o‘z mavqeyini yo‘qotmaslik yo‘lida ruslar bilan aloqa o‘rnatishga intiladi va rus qo‘mondonligi vakili V. V. Velyaminov-Zemov bilan maxfiy ravishda uchrashadi. Bu hol Xudoyorxonni qattiq cho‘chitib qo‘ydi. Shuning uchun ham u endi qaynotasi Musulmonqul va qipchoqlar hukmronligiga xotima berishga qaror qildi. 1852-yil 9-oktyabr kuni Xudoyorxon Toshkentdan chaqirilgan qo‘shin bilan qipchoqlar qirg‘inini uyushtirdi. Qaynotasi Musulmonqul asir olinib, qatl etildi. Qipchoqlarning mol-mulki musodara qilindi va aholiga sotildi. Shu tariqa Musulmonqul va qipchoqlar hukmronligi barham topdi.