XIX asr birinchi yarmida Markaziy Osiyo uchun Buyuk Britaniya —Rossiya raqobatchiligi


«Raqobat sabablari

XIX asrning birinchi yarmida Buyuk Britaniya va Rossiya davlatlari оʻrtasida Buxoro, Xiva, Qo‘qon xonliklari hududlari uchun raqobatchilik kuchayib, keskinlashib ketdi. Raqobatchilikning kuchayishiga quyidagilar sabab bo‘ldi:

a) Buyuk Britaniya va Rossiyaning Markaziy Osiyo hisobiga yangi mustamlakalarga ega bo‘lish yo‘lidagi urinishlari;

b) o‘z mollarini sotish va undan mo‘may daromad olish uchun Markaziy Osiyo bozorlarini egallash istagi;

d) Markaziy Osiyoning boy xomashyo manbalariga ega bo‘lishga intilishlari.»

Bu omillar dunyodagi ikki yirik mustamlakachi davlatlar manfaatlarining to‘qnashuviga olib keldi. Hindistonda mustahkam o‘rnashib olgan ingliz mustamlakachilari o‘zlari tuzgan Ost-Indiya (Sharqiy Hindiston) kompaniyasi orqali Markaziy Osiyo tomon siljishga urindi. Ularning maqsadi Rossiyaning o‘zbek xonliklaridagi ta’sirini yo‘qqa chiqarish hamda xonliklarni o‘z ta’sir doirasiga olishdan iborat edi. Buyuk Britaniya hukmron doiralari xonliklarning ichki va tashqi ahvolini, ularni bog‘lab turgan yo‘llarni aniqlash, xonlar bilan aloqa o‘rnatish maqsadida maxsus ekspeditsiyalar yubora boshladi. Ekspeditsiyalar zimmasiga, ayni paytda, mahalliy nufuzli kuchlar bilan aloqa o‘rnatish vazifasi ham yuklatilardi.


Ingliz ekspeditsiyalari

Ingliz ekspeditsiyalardan biri U. Murkford ekspeditsiyasi 1825-yil fevral oyida Buxoroga yetib keldi. Manbalarda qayd etilishicha, ekspeditsiya tarkibida 70 kishi bo‘lib, ular olib kelgan 80 sandiq turli xil mollar Buxoro qo‘shbegisiga ko‘rsatilgan. Inglizlar Buxoro xonligini har tomonlama o‘rganishga, mahalliy hukmdorlar orasida inglizlarga tarafdor guruhni shakllantirishga muvaffaq bo‘lgandi. Murkford ekspeditsiyasidan xabar topgan Rossiya hukmron doiralari tashvishga tushdi. Natijada Rossiya hukumati Buxoro amiri Haydarga inglizlarning Buxorodagi xatti-harakatidan noroziligini bildiradi. Rossiya hukmron doiralarida borgan sari Markaziy Osiyoni bosib olish kayfiyati kuchayib bordi. 1826-yilda Rossiya hukumati polkovnik F. Berg boshchiligida Ustyurtga ekspeditsiya yuborib, Markaziy Osiyoga boradigan yo‘llarni yanada aniqroq belgilab oldi. 1831-yilda inglizlar Markaziy Osiyoga ikkinchi marta elchi yubordi. Elchilarga ingliz armiyasi leytenanti Aleksandr Byorns boshchilik qildi. A. Byorns 1832-yilda Buxoroga kirib keldi. U o‘zini arman savdogari deb tanitdi. Qo‘lida hind va afg‘on savdogarlarining tavsiyanomalari bo‘lgan bu ʻʻtadbirkorʼʼ Buxoro xonni qo‘shbegisi bilan aloqa bog‘lay oldi.


Buyuk Britaniya hukumati Hindiston bilan Markaziy Osiyo o‘rtasida savdo aloqalarining kengayishiga o‘zining xonliklardagi ta’sirini qaror toptirishning asosiy yo‘li deb qarardi. Shuning uchun ham Buyuk Britaniya hind savdogarlariga xonliklar bilan savdo-sotiq aloqalarini yo‘lga qo‘yishlarida katta yordam ko‘rsatdi. Xususan, hind savdogarlariga qarz hamda ingliz mollari berib turildi. Bu mollar Markaziy Osiyoda Rossiya mollari narxidan arzonga sotilardi. Aleksandr Byorns mamlakat hududida katta razvedka ma’lumotlari ham to‘play oldi. Bu elchilik missiyasi Markaziy Osiyoda ingliz savdosining rivojlanishiga yordam berdi. 1839-yili Buyuk Britaniya Afg‘onistonga qarshi harbiy harakatlar boshlaganda Rossiya–Buyuk Britaniya munosabatlari yanada keskinlashgan. Agar Afg‘oniston bosib olingudek bo‘lsa, navbat Markaziy Osiyoga kelishi mumkin edi. 1839-yili Hirotda o‘z qarorgohini vujudga keltirgan ingliz razvedkasining ayg‘oqchilari Markaziy Osiyo xonliklariga yuborilib turildi. Xususan, ingliz razvedkasi vakillaridan kapitanlar Jeyms Ebbot, Charlz Stoddart, Konolli, Richard Shekspirlar Xiva, Buxoro, Qo‘qon xonliklariga kelib harbiy, siyosiy, iqtisodiy masalalarda ma’lumotlar to‘plab, o‘z rahbarlariga yetkazishardi. Inglizlarning Markaziy Osiyodagi harakatlaridan tashvishga tushib qolgan Rossiya 1839-yili Xiva xonligiga qarshi harbiy yurishni boshladi. Bu yurishga Orenburg gubernatori V. A. Perovskiy rahbarlik qilgandi. Biroq urush qatnashchilarining o‘zini sovuqqa oldirishi, oziq-ovqat, yem-xashakning tugab borishi oqibatida orqaga qaytadi. Bu yurish muvaffaqiyatsizlikka uchradi.


Markaziy Osiyo xonliklari va Rossiya imperiyasi munosabatlarining keskinlashuvi

Markaziy Osiyo xonliklari va Rossiya munosabatlarining keskinlashuviga podsho Rossiyasining Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini mustahkamlash yo‘lidagi harakatlari sabab bo‘ldi. Xususan, 1847-yilda Rossiya, xonliklarga olib boradigan yo‘lda ikkita istehkom qurdi. Ularning biri — Aralsk shahri yaqinida barpo etilgan (Sirdaryo o‘zani yaqinida) Raim istehkomi, ikkinchisi Yettisuv Olatog‘idagi Kopal istehkomi edi. Bu istehkomlar Rossiya olib borgan siyosatda harbiy yo‘l bilan Markaziy Osiyoni ishg‘ol etish tomon burilish ro‘y berganligining yaqqol isbotidir. Bu hol Markaziy Osiyo xonliklarini tashvishga solib qo‘ydi. Shuning uchun ham Xiva xoni Orenburgga o‘z vakillarini yubordi.
Xon o‘z maktubida yaxshi qo‘shnichilik o‘rnatish hamda do‘stona yashash istagini bildirgan hamda Raim istehkomini buzib tashlashni iltimos qilgandi. Xiva elchilari 1847-yilda Peterburgda podsho qabulida bo‘lgan bo‘lsalar-da, ko‘zlangan maqsadga erisha olmadi. Xiva xonligining qurol kuchi bilan istehkomni yo‘q qilish yo‘lidagi urinishlari natija bermadi. Chunki rus garnizoni yaxshi qurollangandi. Bu paytda Qo‘qon–Rossiya munosabatlari ham keskinlashgandi. Qo‘qon xoni Xudoyorxon ham yangi istehkomlar qurilganidan tashvishga tushib qolgandi. Natijada Xudoyorxon Rossiyaga elchi yuboradi.


Podsho nomiga yo‘llangan maktubda Xudoyorxon Nikolay I ga Qo‘qon xonligida jamoat tartibi tiklanganini, savdo yoʻllari yaxshi qo‘riqlanayotganini, Markaziy Osiyo xonliklari va Rossiya imperiyasi munosabatlarining keskinlashuvi rus savdogarlari uchun hech qanday xavf-xatar yo‘qligini bildirgan. Ayni paytda, Raim istehkomi qurilganligidan norozi ekanligini ma’lum qilgan. Nikolay I o‘z javob maktubida Qo‘qonda tartib o‘rnatilganidan mamnun ekanini bildirgan, biroq Raim istehkomi buzilmasligini tasdiqlagandi.
Podsho o‘z fikrini Raim istehkomining, avvalo, Rossiya hududida qurilganligi bilan, ikkinchidan esa, bu istehkom u qurilgan hududda tartib va tinchlikni, savdo karvonlari osoyishtaligini ta’minlashga xizmat qilayotganligi bilan ʻʻasoslaganʼʼ edi. Tez orada Qo‘qon qal’asi bo‘lgan Oqmasjidni Rossiya bosib olishni mo‘ljallayotgani ma’lum bo‘lgach, Rossiya–Qo‘qon munosabatlari yanada keskinlashdi.

Nikolay I


Yuqorida qayd etilganlar ertami-kechmi Rossiyaning Markaziy Osiyo xonliklariga qarshi bosqinchilik yurishi boshlashi muqarrar ekanini ko‘rsatardi.
Markaziy Osiyo xonliklarining Rossiyaga qarshi turishda Buyuk Britaniyaga suyanishi mumkinligi ehtimoli ham o‘zini oqlamadi. Bunga Rossiya–Buyuk Britaniya munosabatlarida o‘zgarish yuz bergani sabab bo‘lgandi. Afg‘onistonga qarshi urushda mag‘lubiyatga uchragan Buyuk Britaniya Rossiya bilan kelishishga qaror qiladi. Bu kelishuvga binoan Rossiya Markaziy Osiyo bilan cheklanadi, Hindistonga chiqish niyatidan voz kechadi. Buyuk Britaniya esa Rossiyaning Markaziy Osiyoda olib borgan siyosatiga qarshilik qilmaydigan bo‘ladi. Afg‘oniston esa Buyuk Britaniya va Rossiyaning Osiyodagi mustamlakalari o‘rtasida ularni ajratib turuvchi hudud sifatida e’tirof etiladi. Markaziy Osiyo xonliklari endilikda yakkalanib qolib, ularni faqat o‘zaro ittifoqliklarigina saqlab qolishi mumkin edi. Afsuski, ularning o‘rtasidagi o‘zaro ziddiyat shu darajada kuchli ediki, hatto tashqi hujum xavfi ham ularni birlashtira olmadi. Oqibati yomon bo‘ldi. Xonliklar Rossiya istilosi qurboni bo‘lishiga yo‘l ochildi.