Xonlikning tashkil topishi
Shayboniyxon bosqini arafasida Xorazm temuriy Sulton Husayn Boyqaro hukmdor bo‘lgan Xuroson davlati tasarrufida edi. Xorazmga qo‘ng‘irot qabilasidan chiqqan Chin So‘fi hokim etib tayinlangan va u rasman Husayn Boyqaro noibi hisoblanardi. 1505-yili Shayboniyxon, 1510-yilda esa Eron hukmdori shoh Ismoil Xorazmni bosib oldi. Biroq shoh Ismoilning hukmronligi uzoqqa bormadi. Xorazmliklar safaviylar hukmronligiga qarshi kurash boshlashgan. Bu kurashda ular dashti qipchoqlik siyosiy kuchlar madadiga suyangan. Ayni paytda Xorazmning mo‘tabar zotlari mamlakat taxtiga Shaybon avlodlaridan Berka Sultonning o‘g‘li, dashti qipchoqlik Elbarsxonni o‘tqazishga qaror qilishdi. U bu davrda Dashti Qipchoqda edi. Berka Sultonning xonadoni Shayboniyxon xonadoni bilan garchand bir shajaradan bo‘lsa-da, ular o‘zaro dushmanlik munosabatida edilar. 1480-yilda o‘zaro toj-u taxt uchun kurashda Muhammad Shayboniyxon tomonidan o‘z bobokaloni Shaybonxon avlodiga mansub Berka Sultonning o‘ldirilgani buning sabablaridan biri edi.
Xorazmning erksevar xalqi Elbarsxon yetakchiligida Eron qo‘shiniga qarshi ozodlik kurashi boshladi va 1512-yilda Eron qo‘shinlarini mamlakatdan butunlay quvib chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. Elbarsxon davrida mamlakat poytaxti Vazir shahridan Urganch shahriga ko‘chirildi. Elbarsxon Vazir shahrini Eron qo‘shinlaridan ozod etgach, bu g‘alaba sharafiga o‘z o‘g‘illari nomiga ʻʻg‘oziʼʼ laqabini qo‘shib aytishni buyurgan. Elbarsxon davrida Dashti Qipchoqdan Xorazmga ko‘pgina o‘zbek qabilalarining ko‘chib kelishi yanada kuchaydi. Natijada xonlik hukmdorlarining ijtimoiy tayanchi mustahkamlandi. Bu omil Xiva hukmdoriga xonlik hududini qo‘shni davlatlar hisobiga kengaytirib olish imkonini ham berdi.
Ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayot
Movarounnahrdagi Shayboniylar davlati singari Xiva xonligi ham bir qancha katta-kichik mulklarga boʻlingan Xonlikda yirik o‘zbek qabilalarining boshliqlari amalda mustaqil mulk egalariga aylangan. Ular xonlikning butun ijtimoiy-siyosiy hayotiga hal etuvchi ta’sir ko‘rsatib kelishgan. Ayni paytda, ular markaziy hokimiyatga bo‘ysunmaslikka, mustaqillikka intilishgan. Bu hol o‘zaro nizolarni keltirib chiqargan. Buning ustiga, XVI asrning 70-yillarida Xiva xonligi iqtisodiy inqirozga duchor bo‘ldi. Uning asosiy sabablaridan biri — Amudaryoning o‘zanini o‘zgartirib, Orol dengizi yo‘nalishiga burilganligi bo‘ldi.
Buning oqibatida eski o‘zan atrofidagi yerlar cho‘lga aylandi. Aholi esa xonlikning boshqa hududlariga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan. Bundan tashqari, Xiva xonligining XVI asrda ikki marta Buxoro xonligi tomonidan bosib olinishi, shuningdek, o‘zaro qabilaviy nizolar, og‘ir soliqlar hamda turli to‘lov va jarimalar mamlakat aholisini xonavayron qilgan. Bu hol savdo-sotiqqa katta putur yetkazgan
XVI asrda Xiva–Buxoro munosabatlari
Markaziy Osiyoda dastlab tashkil topgan ikki davlat “Buxoro va Xiva хоnligi o‘rtasida o‘zaro nodo‘stona munosabatlar hukm surgan. Buning asosiy sababi — xonliklarning bosqinchilik urushlari hisobiga o‘z hududlarini kengaytirishga urinishlari bo‘lsa, ikkinchisi, Buxoro va Xiva xonligida hukmron sulolalarning bir-biriga g‘anim bo‘lib qolgan xonadonlarga mansubligi edi.
Xivani Buxoroga bo‘ysundirish harakati Ubaydullaxon davrida boshlandi. Ubaydullaxon 1537–1538-yillarda Xorazmga hujum qilib, Xiva xonligini Buxoroga bo‘ysundiradi. Xiva xoni Avaneshxon (1525–1538) qo‘shinlari tor-mor keltirildi, xonning o‘zi esa o‘ldirildi. Ubaydullaxon o‘g‘li Abdulazizni Xorazmga noib etib tayinladi. Biroq bu ahvol uzoq davom etmadi. Mahalliy xalq Avaneshxon avlodlari boshchiligida mamlakatni ozod etdi. Ubaydullaxon yuborgan qo‘shin ham tor-mor keltirildi. Abdulazizxon esa Urganchdan Buxoroga qochib kelishga majbur bo‘ldi. Keyingi hukmdorlar davrida ham bu ikki xonlik o‘rtasidagi adovat va g‘animlik to‘xtamadi. Jumladan, Buxoro xoni Abdullaxon II 1595-yili Xiva xonligini bo‘ysundirdi. Faqatgina 1598-yili Abdullaxonning vafotidan keyin Buxoro xonligida boshlangan o‘zaro toj-u taxt uchun kurashlar oqibatida Xiva xonligining mustaqilligi tiklandi.