Xonlikdagi shaharlar hayoti
Xiva xonligida Xiva, Ko‘hna Urganch, Yangi Urganch, Vazir kabi o‘nlab shaharlar mavjud bo‘lgan. Ulardan eng qadimiysi Xiva shahri bo‘lib, u ʻʻMing gumbaz shahriʼʼ nomi bilan ham mashhurdir. XIX asrning birinchi yarmida Xiva shahrida 2 ta xon saroyi, 17 ta masjid va 22 ta madrasa mavjud bo‘lgan.
1997-yilda uning 2500 yilligi nishonlandi. Bu haqda UNESCO 1995-yilda qaror qabul qilgan edi. Bu qaror — Xiva shahrining jahon madaniyati taraqqiyotida tutgan alohida o‘rnining e’tirofi bo‘ldi. Bugungi avlod o‘z ota-bobolarining madaniy meroslari bilan haqli ravishda faxrlana oladi. Xiva shahri miloddan avvalgi V asrda bunyod etilganidan buyon uning tarixi butun Xorazm tarixi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib keldi. Xivaning mashhurligi u bunyod etilgan davrlardanoq Sharq bilan G‘arbni bog‘lovchi savdo yo‘li o‘tgani bilan izohlanadi. Xiva shahri XVII asrning I choragidan 1920-yil fevraligacha Xiva xonligining poytaxti bo‘lgan.
Yangi Urganch
1646-yilda Abulg‘oziyxon hozirgi Urganch shahriga asos soldi. Abulg‘oziyxon asos solgan bu shahar Yangi Urganch deb atalgan. Yangi Urganch shahri Buyuk ipak yo‘lida joylashgani tufayli tez sur’atlar bilan rivojlangan savdo va hunarmandchilik markaziga aylangan. Shaharda ko‘plab mayda do‘konlar va ustaxonalar ishlab turgan. Bunga yuqorida qayd etilgan Amudaryoning o‘z yo‘nalishini o‘zgartirib, Orol dengizi tomon oqa boshlagani, buning oqibatida Xorazmning qadimdan madaniyat markazi bo‘lib kelgan shahri Gurganjning (Ko‘hna Urganch) suvsiz qolgani sabab bo‘lgandi. Shundan keyin qadimgi Gurganjning nomi Ko‘hna Urganch bo‘lib qoldi. Abulg‘oziyxon Yangi Urganchga asos solgach, Vazir shahrining aholisini ham shu yerga ko‘chirgan. Shu tariqa bu shahar o‘z ahamiyatini butunlay yo‘qotgan.
Hunarmandchilik
Xiva xonligi tarixiy manbalarida hunarmandchilikning 27 sohasi qayd etilgan. Amalda esa ular bundan-da ko‘p bo‘lgan. Hunarmand malakali usta bo‘lishi uchun ko‘p yil mashaqqatli mehnat qilgan. Hunarmandlar o‘z uyushmalariga ega edi. Bu uyushmalar hunarmandlarning faoliyatini tartibga solib turardi. Shu yo‘l bilan ularning manfaatini himoya ham qilardi. Uyushma boshlig‘i xonning xazina siyosatini o‘tkazuvchi shaxs ham hisoblanardi. Xiva ustalarining juda oz qismi xususiy ustaxona — do‘koniga ega edi. Hunarmand o‘z uyida ham do‘kon ochishi mumkin edi. Ko‘pchilik hunarmandlar xonga va boshqa badavlat kishilarga tegishli do‘konlarni ijaraga olib mehnat qilishardi. Ayrim hunarmandlar buyurtma asosida ham ishlardi.
Qishloq xo‘jaligi
Xonlik aholisi, asosan, qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullangan. Dehqonchilik va u bilan bog‘liq bo‘lgan chorvachilik qishloq xo‘jaligining ikki asosiy sohasi edi.
Dehqonchilikda g‘alla, paxta va poliz mahsulotlari yetishtirish yetakchi o‘rin egallagan. Ekinzorlarning yarmidan ortig‘ida g‘alla yetishtirilgan. G‘allachilikda kuzgi bug‘doy ekish yetakchi o‘rin egallagan. Dehqonlarning don ekinlaridan mo‘l hosil olishlariga hatto chet elliklarning ham tan berganligiga tarix guvoh. Chunonchi, Xivaga kelgan yevropalik sayyohlardan biri aytgan quyidagi so‘zlar manbalarda saqlanib qolgan: ʻʻMen Germaniyaning o‘zida dalada ishlovchilarning Xivadagidek mirishkorligini ko‘rmaganmanʼʼ. Don ekinlari ichida jo‘xori ekish bug‘doydan keyin ikkinchi o‘rinda turgan. Sholi esa, asosan, suv ko‘p hududlarda yetishtirilgan. Ekinzorlarning 1/5 qismida paxta yetishtirilgan. Xonlik iqtisodiyotida pillachilik ham muayyan ahamiyatga ega bo‘lgan. Poliz mahsulotlari ichida Xorazm qovunining dovrug‘i keng yoyilgan edi. Bundan tashqari, xonlikda bog‘dorchilik ham dehqonchilikning rivojlangan sohalaridan biri bo‘lgan.
Ichki va tashqi savdo
Xonlikning ichki va tashqi savdosidan davlat xazinasiga durustgina daromad tushgan. Ichki savdo-sotiqda Xivaning usti yopiq bozori alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. Bozor yo‘lining ikki tarafiga ustaxona-do‘konlar qurilgan.
Bozordagi savdo o‘rinlaridan foydalanganlik uchun tagjoy deb ataluvchi alohida soliq olingan. Xonlikdan, asosan, qorako‘l teri, gilam, hunarmandchilik mahsulotlari Eron, Hindiston, Xitoy va Turkiya kabi davlatlarga eksport qilingan. XVI asr oxirlaridan boshlab, Rossiya bilan ham savdo-sotiq birmuncha yo‘lga qo‘yila boshlandi. Xiva elchilari, asosan, gazlama va to‘qilgan buyumlar olib borishgan. Chunonchi, Xiva elchisi 1620-yilda Qozon shahrida 670 kiyimlik mato sotganligi manbalarda qayd etilgan. Rossiyaga gilam, qoqi meva, qorako‘l terisi, o‘simliklardan tayyorlangan bo‘yoqlar ham olib borilgan. Xiva savdogarlari Rossiyaning Nijniy Novgorod yarmarkasida faol qatnasha boshlaganlar.
Ilm-fan
XVI–XVIII asrning birinchi yarmi Xiva xonligida ilm-fan taraqqiyoti butunlay to‘xtab qolgani yo‘q. Bu davrda tarix ilmi o‘ziga xos o‘rinda turgan. Chunonchi, Xiva xoni Abulg‘oziyxon Xiva tarixshunosligi maktabiga asos soldi. Abulg‘oziyxon fan va madaniyat tarixida ʻʻShajarayi turkʼʼ va ʻʻShajarayi tarokimaʼʼ asarlari bilan o‘chmas nom qoldirdi. ʻʻShajarayi turkʼʼ asarining 9-bobi bevosita Xorazmning 1512–1663-yillardagi ijtimoiy-siyosiy tarixiga bag‘ishlangan. Unda aniq tarixiy voqealar, turkiy xalqlar an’analari, Xiva va Buxoro munosabatlari jarayoni yoritilgan. Pul muomalasi haqida ma’lumotlar berilgan. Abulg‘oziyxonning yana bir katta xizmati shundan iboratki, u o‘z asarlarini oddiy kitobxon uchun turkiy tilda yozgan. Shuning uchun ham ayrim olimlar uning asarlarini yangi o‘zbek tili yozma yodgorligi deb hisoblashadi. Vengriyaning mashhur sharqshunosi X. Vamberi ʻʻAbulg‘oziyning ʻShajarayi turkʼi uchun butun dunyo undan minnatdorʼʼ, deb yozgan edi. Bu asar bir necha asrlardan beri ko‘plab tillarga tarjima qilib kelinmoqda. Abulg‘oziyxonning topshirig‘i bilan ʻʻDastur ul-amalʼʼ asari ham yozilgan. Afsuski, bu asar muallifi hamon aniqlangan emas. Ushbu asarda Sohibqiron Amir Temurdan tortib Zahiriddin Muhammad Boburga qadar temuriylar shajarasi qisqacha sharhlangan. Har bir hukmdorga qo‘lyozmaning bir bo‘limi bag‘ishlangan.
Qo‘lyozma kitob san’ati
XVI asrda Xiva xonlari kutubxonalarida xattotlik, husnixat maktabi shakllandi. Mashhur xattot Ham adoniy 1556-yilda Eshmuhammadxonga ʻʻShohnomaʼʼni miniatyuralar uchun ochiq joy qoldirib ko‘chirib berdi. XVII–XVIII asrlarda Xivada Muhammad Yusuf Rojiy, Bobojon Sanoiy, Muhammad Rizo Oxund kabi qator usta xattotlar yashab, mehnat qilganlar. Ular she’riy asarlar, tarjima va tarixiy kitoblarni ko‘chirishgan. Har bir kitobni bezashda bir necha soha ustalari ishtirok etgan. Bular — qog‘oz qirquvchi, kotib-xattot, muzahhib, lavvohlar, miniatyurachi rassom va sahhoflar edi.