Xonlik aholisi
XIX asrning 20-yillari boshlaridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Xiva aholisining soni 800 ming kishini tashkil etgan. Bu raqam qat’iy bo‘lmasdan, xonlik hududining kengaya borishi bilan xonlik fuqaroligini qabul qilganlarning soni ko‘payib borgan. XIX asr o‘rtalarida xonlik poytaxti Xiva shahrida 20 mingdan ortiq aholi yashagan. 700 dan ortiq hunarmandchilik ustaxonasi, 200 dan ortiq savdo do‘koni, 3 ta katta va 15 ta kichik bozor bo‘lgan. Hunarmandchilikning 50 dan ortiq turi rivoj topgan. Xonlik aholisining katta qismini o‘zbeklar tashkil etgan. Ular o‘zbeklarning turli qabilalariga mansub edi. Undan keyingi o‘rinlarni turkmanlar, qoraqalpoqlar va qozoqlar egallashgan. Ularning har biri, asosan, o‘zlariga ajratilgan yerlarda joylashgan. Har biri alohida-alohida kanalga ega bo‘lishgan. Har bir qabila o‘zlariga qarashli sug‘orish inshootlarini tiklash va ta’mirlash ishlarida qatnashgan. Har bir qabilaning kanali ham shu qabila nomi bilan atalgan.
Davlat tuzumi va boshqaruv tizimi
Xonlik mutlaq monarxiya bo‘lib, oliy hukmdor — xon davlat boshlig‘i edi. Ma’muriy jihatdan xonlik hududi 15 ta viloyatga (Pitnak, Hazorasp, Xonqa, Urganch, Qo‘shko‘pir, G‘azovat, Qiyot, Shohabbos, Toshhovuz, Ambar-Manoq, Gurlan, Ko‘hna Urganch, Xo‘jayli, Chumanoy va Qo‘ng‘irot) va 2 ta noiblikka bo‘lingan. Viloyatlar shahar va masjid qavmlarini (qismlarni) o‘z ichiga olgan. Masjid qavmlari obro‘li oqsoqollar, qozilar va miroblar tomonidan boshqarilgan.
Davlat boshligʻi — xon hokimiyati vakolati nasldan naslga o‘tgan. Muhammad Rahimxon I o‘z hukmdorligi davrida davlat boshqaruvi tizimida islohot o‘tkazgan. Unga ko‘ra xon huzurida yuqori ma’muriy organ — Oliy Kengash ta’sis etilgan. Oliy Kengash davlatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati vazifasini bajargan. Oliy Kengashga xonning o‘zi rahbarlik qilgan. Oliy Kengash ishida xonning yaqin qarindoshlari, mehtar, qo‘shbegi, devonbegi, naqib, shayxulislom, bosh qozi, inoq, otaliq va biylar qatnashganlar. Oliy Kengash majlisi haftada bir marta o‘tkazilgan va unda davlatning ichki va tashqi siyosatiga oid eng muhim masalalar muhokama etilgan. Ayni paytda, xonlik hayotiga oid kundalik masalalarni hal etish uchun Kichik Kengash ham ta’sis etilgan. Bu kengash ishida xondan tashqari mehtar, qo‘shbegi, devonbegi, naqib va shayxulislom qatnashishgan.
Xonlikda mehtar bosh vazir hisoblangan. U xon safarga chiqqan paytlarda xonlikni idora qilgan. Mehtar va qo‘shbegi mamlakat miqyosida soliqlar yig‘ilishiga javobgar bo‘lishgan. Xonlikda 3 ta devon (vazirlik) ham faoliyat ko‘rsatgan. Bular xo‘jalik, ijtimoiy-siyosiy va harbiy ishlar bilan shug‘ullanuvchi devonlar edi. Ularning faoliyatiga devonbegi rahbarlik qilgan.
Xonlikning qo‘shiniga yasovulboshi qo‘mondonlik qilgan. Xonlik tarkibidagi qozoq va qoraqalpoqlar esa o‘zlarining biylari, turkmanlar esa ularning vakili tomonidan boshqarilgan. Ularning lavozimlari nasldan naslga meros bo‘lib o‘tsa-da, nomzodini xon tasdiqlashi shart bo‘lgan.
«Yer egaligi
Xonlikning asosiy boyligi yer hisoblanardi. Bu yerlar sug‘oriladigan (axya) va sug‘orilmaydigan (adra) yerlardan iborat edi. Egalik shakliga ko‘ra, Xiva xonligining yerlari ham uchga bo‘lingan:
- Davlat yerlari (podshohi). 2. Xususiy mulk (xususiy yerlar). 3. Vaqf yerlari.»
Xon va uning qarindoshlari, oliy martabali boshqa turli amaldorlar, ruhoniylar, savdo-sotiq tabaqalari barcha yerlarning deyarli yarmiga egalik qilishgan. Amaldorlarning yerlari 2–3 ming tanobni tashkil etgan. Xon va uning qarindoshlari undan ham katta hajmdagi yer maydonlariga egalik qilishgan. Qolgan yerlar davlat ixtiyoriga olingan (vaqf yerlaridan tashqari). Davlat yerlarida va xususiy mulk yerlarida ijarachi dehqonlar mehnat qilishgan.
Davlat yerini ijaraga oluvchilar bevatan, xususiy yerlarni ijaraga oluvchilar koranda, vaqf yerlarini ijaraga oluvchilar esa vaqfchi deb atalgan.Xonning qarindoshlari o‘z xususiy yerlaridan davlatga soliq to‘lamas edilar. Davlat soliqlaridan ruhoniylar, katta amaldorlar, tarxon yer olganlar ham ozod etilgan edi. Biroq soliqni bu yerlarda ishlovchi ijaradorlar, ya’ni mehnatkashlar to‘lashgan. Shaharlarning iqtisodiy taraqqiyotdan orqada qolishi, yirik sanoatning mutlaqo yo‘qligi oqibatida G‘arbiy Yevropa davlatlarida yersiz dehqonlar shaharga ish izlab borishdek imkoniyatga ega bo‘lishmagan. Oqibatda ular qishloqda qolishga majbur bo‘lishgan. Suv tanqisligi tufayli dehqonchilik qiyin sharoitda olib borilardi. Shu bois Amudaryodan suv chiqarishga e’tibor berildi. XVIII asrning 70-yillarida Davkor ko‘li yonida kanal, XIX asr boshlarida esa Lavzan, Qilich Niyozbiy, Katta Xonobod kanallari qurildi. Bu tadbirlar yerlarni sug‘orish holatini yaxshilashga ko‘maklashdi.
Soliq va majburiyatlar
Barcha davlatlarda bo‘lganidek, Xiva xonligida ham aholi to‘laydigan soliqlar va ular o‘taydigan majburiyatlar belgilab qo‘yilgan edi. Xonlikda asosiy soliq salg‘ut, ya’ni yer solig‘i hisoblangan. Hunarmandlar, tashqi savdo bilan shug‘ullanuvchi savdogarlar, chorvadorlar zakot to‘lashgan. Bundan tashqari, mehnatkash xalq quyidagi bir qancha majburiyatlarni ham o‘tishgan:
«1. Begar — rasman 12 kunlik davlat majburiyati; unga ko‘ra, qishloqning har bir xonadonidan bir kishidan odamlarni to‘plashardi. Ular har yili turli qurilish ishlarida, kanal qazishda, yo‘llarni tuzatishda, turli binolar qurilishida ishlashardi.
2. Qazu — butun qishloq aholisini katta va kichik kanallarni tozalashga safarbar etish majburiyati.
3. Ichki va obxo‘ra qazu — har yili kanallarning suv taqsimlagichini tozalash majburiyati.
4. Hachi — himoya dambalari qurish va ularni mustahkamlashda qatnashish majburiyati.»
Sug‘orish inshootlari qurish va ta’mirlash bilan bog‘liq majburiyatlarda qatnashish mashaqqatli ish edi. Chunki bu majburiyatlarning barchasi qo‘lda ketmon bilan bajarilar, tuproqlar esa zambilda tashilar yoki yelkada ko‘tarib chiqilardi. Suv chiqarish va himoya to‘g‘onlari tuproq, yog‘och hamda chimlardan qurilar ediki, ko‘pincha, ular suvning bosimiga bardosh bera olmasdi. Ana shunday paytlarda ular qaytadan qurilardi. Bosimga bardosh berganlari esa bir yildan ortiqroq chidamas edi. Kelasi yili ularni qayta qurish kerak bo‘lardi.