Xiva xonligida qo‘ng‘irotlar sulolasining hokimiyat tepasiga kelishi


Qo‘ng‘irotlar sulolasining hokimiyat tepasiga kelishi

Xiva xonligidagi siyosiy vaziyat hukmron tabaqalarning urushlari va qabilalar o‘rtasidagi mojarolarni to‘xtatishga qodir bo‘lgan kuchli markaziy hokimiyatning barpo etilishini taqozo etardi. Bunday hokimiyatni barpo etishga qodir kuch sifatida maydonga o‘zbeklarning qo‘ng‘irot qabilasi chiqdi. Bu zaruriyatning natijasi o‘laroq, XVIII asrning 60-yillaridan boshlab, Xiva xonligida hokimiyatni qo‘ng‘irot qabilasi boshliqlari asta-sekin o‘z qo‘llariga ola boshlashdi. Yirik zodagonlar va ruhoniylar tabaqasining madadiga tayangan qo‘ng‘irot qabilasining yo‘lboshchisi Muhammad Amin 1761-yilda inoqlik lavozimiga ko‘tarilgan. U turkmanlarning yovmut va chovdur qabilalariga qarshi kurash olib borgan. Biroq u dastlab muvaffaqiyatsizlikka uchrab, Buxoroga — Doniyolbiy otaliq yoniga ketadi. Turkman qabilalari Xorazmni egallab, Hazorasp, Xonqa, Urganch, Kat, Shohobod shaharlarini xonavayron qilishadi. Ocharchilik va vabo tarqalib, o‘zbeklar Orolbo‘ylari va Buxoroga ketishga majbur bo‘lishadi.


Buxoro amirligi madadiga tayangan Muhammad Amin inoq 1770-yilda Buxorodan qaytib kelib, yovmutlarga qarshi kurash uyushtiradi va ularni Xorazmdan haydab chiqaradi. Muhammad Amin inoq mahalliy beklarni ham bo‘ysundirishga muvaffaq bo‘ldi va Xiva xonligida hokimiyatni qo‘lga oldi.

XIX asr o’rtalarida Xiva Xonligi

Hukmronligining so‘nggi yillarida o‘z qabilasining faol qatlamiga, savdogarlar va ruhoniylar madadiga tayangan hamda turli turkman qabilalari o‘rtasidagi o‘zaro nizolardan oqilona foydalana olgan Muhammad Amin mamlakatda nisbatan siyosiy osoyishtalik vaziyatini yaratishga erishdi. Bularning barchasi mamlakat iqtisodining koʻtarilishini ta’minladi. Jon saqlash uchun o‘zga yurtlarga qochib ketgan fuqarolar yana qaytib kela boshlashdi. Avaz Muhammad inoq davrida Xiva xonligi iqtisodiy jihatdan ancha mustahkamlandi. Muhammad Amin (1770–1790) ham, uning o‘g‘li Avaz (1790–1804) ham davlat hokimiyatini inoq unvonida boshqarishgan. Hokimiyat amalda inoq va maxsus kengash tomonidan boshqarilgan. Faqat Avazning o‘g‘li Eltuzar 1804-yilda o‘zini xon deb e’lon qildi. Bu sana xonlik tarixiga qo‘ng‘irotlar sulolasi hukmronligi rasman o‘rnatilgan sana sifatida kirgan. Bu sulola 1920-yilga qadar Xiva xonligini idora qildi. Eltuzarxon xonlikda markazlashgan davlat siyosati yuritish uchun harakat qildi. Biroq u 1806-yilda Xiva—Buxoro urushida halok bo‘ldi.


Muhammad Rahimhon I davrida Xiva xonligi

Eltuzarxon vafot etgach, taxtga uning ukasi Muhammad Rahimxon I о’tirdi. Muhammad Rahimxon I Xiva xonligini siyosiy jihatdan birlashtirishga kirishdi. Ayni paytda, turkmanlarni bo‘ysundirish masalasi yetakchi o‘ringa chiqdi. Turkmanlarning turli qabilalari qanchalik qattiq qarshilik ko‘rsatmasinlar, birin-ketin bo‘ysundirib borildi. Bo‘ysunishni istamagan yovmut qabilasi Xurosonga ko‘chib ketdi. Biroq Eron hukumatining tazyiqi ostida hamda yaylov maydoni yo‘qligi uchun yana Xiva xonligi hududiga qaytib keldi. Endi ular Xiva xoni tomonidan ajratib berilgan hududga joylashishga majbur bo‘lishdi. Shu davrdan boshlab, yovmut qabilasining taqdiri Xiva xonligi bilan uzil-kesil bog‘lanib, xonlik fuqarolari tarkibiga olindi. Ularga ham soliq to‘lash belgilandi. Shuningdek, xon qo‘shiniga belgilangan miqdorda navkar yuborish majburiyati ham yuklandi. Uzoq davom etgan urushlar va yillab sarson-sargardonlikda yurish yovmutlarni qishloq xo‘jaligidan ancha uzoqlashtirib qo‘ygan edi. Shu tufayli ular xon qo‘shinida sidqidildan xizmat qildilar. Ulardan o‘z zamonining eng jangovar otliq harbiy qismi tuzilganligi ham bejiz bo‘lmagan.


Muhammad Rahimxon I (1806–1825) o‘zbeklar va turkmanlardan tuzilgan ʻʻxon navkarlariʼʼ deb atalgan muntazam qo‘shinga tayanib yirik zodagonlar qarshiligini sindirish uchun shiddatli kurashda o‘z raqiblarini birin-ketin bo‘ysundira bordi. Muhammad Rahimxon I ga dushmanlik ruhidagi Orolbo‘yi zodagonlari guruhi qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Biroq 1811- yilda ularning qarshiligi sindirildi. Xiva xoni qoraqalpoqlarni ham bo‘ysunishga majbur etdi.
Muhammad Rahimxon I davrida xonlik siyosiy jihatdan birlashtirildi. Ayni paytda, uning hududlari yanada kengaytirildi. Mamlakatda nisbiy barqarorlik ta’minlandi. Muhammad Rahimxon I mamlakat obodonchiligiga ham alohida e’tibor berdi. Qator madrasalar va masjidlar qurdirdi. Bir qancha kanallar qazdirib, ekin maydonlariga suv chiqartirdi. Mamlakatda ichkilik va bangilikni taqiqladi. Ilm ahliga homiylik ko‘rsatdi. Olimlar, shoir va donishmandlar bilan tez-tez suhbatlar o‘tkazib turdi.