Xiva xonligi tarixi bo‘yicha manbalar


Arxiv hujjatlari

Mana, Siz Xiva xonligining XVI–XIX asr birinchi yarmi tarixi bilan tanishib bo‘ldingiz. Xo‘sh, Siz bilib olgan tarixiy ma’lumotlar qayerlardan olingan?
Ular, birinchi navbatda, tarixiy hujjatlarni o‘rganish natijasida to‘plangan. Arxiv hujjatlari bugungi avlodni o‘tmish tarixi bilan tanishtirishda beqiyos ahamiyatga ega. Olimlar u manbalarni o‘rgangan, sharhlagan va shu orqali o‘tmish tarixni tiklagan. Xiva xonlari arxivi hujjatlari Rossiya xonlikni bosib olgach, 1873-yilda Peterburgga olib ketilgan. Keyinchalik ular olimlar tomonidan topilib o‘rganilgan va sharhlangan. Arxiv hujjatlari Xiva xonligining davlat tuzumi, soliq va majburiyatlar, pul muomalasi, davlatning ma’muriy-hududiy bo‘linishi, aholining xo‘jalik mashg‘uloti, savdo-sotiq ishlari kabi masalalar haqida qimmatli ma’lumotlar beradi.


Mahalliy tarixchilarning Xiva xonligi tarixi to‘g‘risidagi asarlari

XVII asrda yashagan Rumlening ʻʻEng go‘zal tarixʼʼ asari XVI asrning birinchi yarmidagi Xiva tarixiga bag‘ishlangan. Xiva xoni, tarixchi olim Abulg‘oziy Bahodirxonning (1603–1664) ʻʻShajarayi turkʼʼ asari, ayniqsa, katta ahamiyatga egadir. Asarda juda katta tarixiy dalillar to‘plangan. Asar turkiy qabilalar shajarasi haqida qimmatli ma’lumotlar beradi. U kitobxonni Xiva va xivaliklar, shuningdek, Abulg‘oziyning ham o‘zaro urushlar oqibatida parchalanib ketgan davlatni birlashtirish yo‘lida olib borgan shiddatli kurashi bilan ham tanishtiradi. Asarning 1512–1663-yillardagi Xiva ijtimoiy-siyosiy tarixiga, Xiva–Buxoro munosabatlariga bag‘ishlangan IX bobi tarix fani uchun katta ahamiyatga ega. Mahalliy mualliflar orasida Munis va Ogahiylarning tarixiy asarlari ham tarix uchun muhim manba hisoblanadi. Munisning ʻʻFirdavs ul-iqbolʼʼ deb ataluvchi tarixiy asari Eltuzarxonning 1806-yilda bergan topshirig‘i bilan yozilgan. Asar Xivaning XVI asrdan 1812-yilgacha bo‘lgan tarixini qamrab olgan. Munis vafot etgach, xonlik tarixini yozish ishini Ogahiy davom ettirgan. U bitgan tarixiy asar ʻʻShohidi iqbolʼʼ deb atalib, o‘zida 1872-yilgacha bo‘lgan tarixni aks ettiradi. Xudoyberdi Avaz Muhammadning 1831–1832-yillarda yozilgan ʻʻDili g‘aroyibʼʼ asari ham Xiva xonligi, uning shaharlari haqida muhim ma’lumotlar beradi. Xiva xonligining 1872–1911-yillardagi tarixini Xiva xoni Asfandiyorxonning topshirig‘i bilan 1912-yilda Yusufbek Bayoniy yaratgan.


Xiva tarixi bo‘yicha rossiyalik mualliflarning asarlari

1725-yilda Xivaga Rossiya elchisi bo‘lib kelgan Florio Beneveni esdaliklarida ilmiy jihatdan muhim ma’lumotlar yozib qoldirilgan. 1793–1794-yillarda Orenburgdan Xivaga oftalmolog (ko‘z kasalliklari shifokori) Blankennagel taklif etilgan. U xonning ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan amakisini davolagan. U yozib qoldirgan esdalik ma’lumotlar juda muhim ahamiyat kasb etadi. Rossiya elchisi sifatida Xiva xonligiga 1819-yilda kelgan N. I. Muravyov ham yozib qoldirgan esdaliklar eng qimmatli manbalar qatorida turadi. ʻʻEsdaliklarʼʼ Xiva to‘g‘risida, qadimiy obidalar, davlat boshqaruv tizimi, hunarmandchilik va savdo-sotiq to‘g‘risida batafsil ma’lumotlardan iborat. Shuning uchun ham bu kitob fransuz va nemis tillariga tarjima qilingan edi. Muallif asarida o‘zbek xalqiga xos xususiyatlar haqida to‘xtalib, o‘zbeklarni ʻʻAql-idrokli, suhbati yoqimli va o‘tkir, qat’iyatli, matonatli, urf-odati oddiy, yolg‘on va aldovdan nafratlanuvchi, harbiy ishda hormay-tolmaydigan mard va jasur kishilarʼʼ, deb ta’riflagan ham edi. N. I. Muravyov o‘z fikrini davom ettirib, yana quyidagilarni qayd etgan: ʻʻXiva shahri keng maydonda bog‘-rog‘ bilan o‘ralgan. Atrofi esa devor bilan o‘ralgan hamda Amudaryodan suv quvuri o‘tkazilgan.


Xiva aholisi o‘zining mashaqqatli mehnati bilan cho‘l-u biyobonni hosildor o‘lkaga aylantirgan. Atrof hammasi ekinzor maydon. Bug‘doyzor, sholipoya, uzumzor va shirin-shakar bog‘. Chorvachilik ham rivojlanganʼʼ. 1842-yilda Xiva va Rossiya o‘rtasida ʻʻMajburiyatlar aktiʼʼ shartnomasining imzolanishiga erishgan elchi G. Danilevskiy o‘zi bilan Xivaga kelgan tabiatshunos olim R. Baziner bilan birgalikda ʻʻXiva va xonlikning boshqa shaharlari hamda qishloqlari, savdo-sotig‘i va sanoatiʼʼ nomli asar yozib qoldirishgan.
1858-yilda Xiva va Buxoroga yuborilgan diplomatik missiya rahbari N. Ignatyev yozib qoldirgan esdaliklar ham Xiva tarixi bo‘yicha muhim manba hisoblanadi. Taniqli sharqshunos olim N. Vasilevskiyning ʻʻO‘zbeklar Xorazmdaʼʼ, ʻʻInoqlar hukmdorligiʼʼ va ʻʻQo‘ng‘irot sulolasiʼʼ asarlari Xiva xonligining XVI asr va undan keyingi asrlar tarixiga bag‘ishlangan. Bundan tashqari, Xiva bilan Rossiyaning XVIII–XIX asrlardagi o‘zaro aloqalari yana bir sharqshunos olim S. Jukovskiyning ʻʻRossiyaning keyingi 300 yilda Buxoro va Xiva bilan aloqasiʼʼ asarida o‘z ifodasini topgan.


Yevropa sayyohlari va olimlari yozib qoldirgan manbalar

Yevropa mamlakatlari sayyohlari va olimlari yozib qoldirgan asarlar ichida ingliz savdo va diplomatiya vakili A. Jenkinsonning esdaliklari Xiva xonligining XVI asr tarixi haqida muhim ma’lumot beradi. Bu esdalik ʻʻJenkinsonning Rossiyadagi Moskva shahridan Baqtriyadagi Buxoro shahrigacha 1558-yilgi sayohatiʼʼ deb nomlangan. Yevropa sayyohlari ichida taniqli venger sharqshunos olimi X. Vamberi yozib qoldirgan ʻʻO‘rta Osiyo bo‘ylab sayohatʼʼ deb ataluvchi asar Xiva tarixi bo‘yicha ham eng qimmatli manbalardan hisoblanadi. Uning esdaligi o‘zbek tilida ham chop etilgan.


O‘zbekiston olimlarining Xiva xonligi tarixiga oid asarlari

O‘zbekiston olimlari ham Xiva xonligi tarixini o‘rganish ishiga katta hissa qo‘shganlar. Ular orasida akademik Mo‘minov boshchiligida yaratilgan ʻʻXorazmning qadimgi davrdan hozirgi kungacha bo‘lgan tarixiʼʼ (1976-yil) alohida qimmatga ega. Xorazmning eng qadimgi davrlaridan to hozirgi kungacha, shu jumladan, XVI–XIX asrlar birinchi yarmi tarixi haqida Xiva shahrining 2500 yillik yubileyi munosabati bilan chop etilgan ʻʻXiva — ming gumbaz shahriʼʼ kitobi ham tarixiy dahllarga juda boy asardir (1997-yil).