Tarixnavislik, san’at va me’morchilik


Tarixnavislik

XVIII–XIX asrlarda Qo‘qon xonligida ko‘plab tarixiy asarlar yaratilgan. Mazkur davr tarixchilaridan Abdulkarim Fazliy Namangoniy Amir Umarxonning topshirig‘iga binoan ʻʻUmarnomaʼʼ dostonini yozib tugatgan (1822). U 5000 baytdan iborat tarixiy asardir. Yana ʻʻMajmuayi shoironʼʼ tazkirasida ham uning ijtimoiy qarashlari o‘z ifodasini topgan. Xon saroyida qoziaskar lavozimida ishlagan Mirzo Qalandar Mushrif Isfarangiy Amir Umarxonning maslahati bilan ʻʻShohnomayi nusratpayomʼʼ (ʻʻG‘alabadan xabar beruvchi shohnomaʼʼ) tarixiy asarini yozgan. Umarxon davrining ko‘zga ko‘ringan tarixchisi Muhammad Hakimxon To‘ra ibn Sayid Ma’sumxon (1802–1870)dir. U ona tomondan Qo‘qon xoni Norbo‘tabiyning nabirasidir. Muhammad Alixon davrida quvg‘inga uchrab, Rossiya va Sharq mamlakatlariga sayohat qilishga majbur bo‘lgan. Umrining oxirida Shahrisabzda yashab, shu yerda o‘zining ʻʻMuntaxab ut-tavorixʼʼ (Saralangan tarixlar) asarini yozadi. Bu asar Buxoro amirligi va Qo‘qon xonligi tarixiga doir muhim manbalardan biri sanaladi. Unda Markaziy Osiyo xalqlarining ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotiga doir qimmatli ma’lumotlar mavjud. Ushbu davrning yana bir yetuk tarixchisi Mulla Niyoz Muhammad Ho‘qandiy (1802–1872)dir. Undan bizga ʻʻTarixi Shohruxiyʼʼ asari meros qolgan. Asarda olim o‘zi yashagan davrning siyosiy ahvoli va xalqning ijtimoiy turmushiga to‘g‘ri baho bera olgan.


Unda 1872-yilgacha bo‘lgan, ko‘pincha, o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan voqealar bayon etilgan. Umarxon davridan 1872-yilgacha bo‘lgan tarixiy voqealarning bayonidan iborat bo‘lgan yana bir tarixiy asar ʻʻTarixi jahonnomayiʼʼ deb nomlanadi. Uning muallifi Junayd Mulla Avaz Muhammad Mulla Ro‘zimuhammad o‘g‘lidir. Toshkentlik tarixchi olim Muhammad Solihning ʻʻTarixi jadidayi Toshkandʼʼ (Toshkentning yangi tarixi) asari Vatanimiz tarixini o‘rganishda muhim manbadir. U XV–XIX asrlar Turkiston tarixi, jumladan, Toshkent tarixi, Qo‘qon xonligi tarixi ilmiy nuqtayi nazaridan yozilgan qimmatli asardir. Yana bir tarixchi Mulla Ali qori Qunduziyning ʻʻTavorixi manzumaʼʼ asarida esa 1822–1848-yillar tarixi bayon etilgan. Ma’rifatparvar shoira va tarixchi olima Dilshodi Barno ʻʻTarixi muhojironʼʼ (Muhojirlar tarixi), ʻʻSabot ul-bashar maa tarixi muhojironʼʼ (Inson matonati va muhojirlar tarixi) kabi asarlar yozib qoldirgan.


Xattotlik san’ati va me’morchilik

Qo‘qonda xattotlik san’ati va me’morchilik ham rivojlangan. Muhammad Latif, Mirzo Sharif Dabir, Abulg‘oziyxo‘ja kabi xattotlarning kitob ko‘chirish borasida o‘zlari amalga oshirgan xayrli ishlari bilan tarixda nomlari qoldi. Kitoblar shunday did bilan ko‘chirilganki, xorijiy mamlakatlar shohlari uchun elchilariga ana shunday nafis ko‘chirilgan kitoblarni tortiq qilish xonlikda odatga aylangandi. Qo‘qonda me’morchilik ham rivojlanib borgan. Buxorodan bir guruh binokorlar taklif etilib, ko‘plab madrasa, masjid, maqbara, karvonsaroy, ko‘prik va muhtasham binolar bunyod etildi. Xalq orasida Madrasayi Mir nomi bilan mashhur bo‘lgan Norbo‘tabiy madrasasi, Daxmayi Shohon ansambli, Norbo‘tabiy daxmasi kabi hozirgacha saqlanib kelinayotgan me’moriy obidalar shular jumlasidandir. Norbo‘tabiy madrasasi XVIII asrning oxirida bunyod etilgan. U to‘g‘ri to‘rtburchakli, bir qavatli, hovlili va to‘rt minorali me’moriy obida. Madrasada gumbazli masjid va panjaralar o‘rnatilgan 12 ta derazali darsxona ham mavjud. Hovlisi atrofida esa peshayvonli hujralar joylashgan. Daxmayi Shohon (shohlar maqbarasi) esa XIX asrning birinchi choragida qurilgan. Unda Norbo‘tabiy va uning avlodlari dafn etilgan. Daxmaga peshtoq orqali kirilgan. Daxmayi Shohonda xonning onasiga atab qurilgan Modarixon maqbarasi ham joylashgan. Umarxon Turkiston va uning atroflarini — Orolbo‘yidan Yettisuvgacha egallab, Oqmachit (Qizil O‘rda), Avliyoota (Jambul), Pishpak (Bishkek) qalʼalarini bunyod etdi.

Daxmayi Shohon maqbarasi


Qo‘qon va boshqa shaharlarda ko‘plab binolar qurilgan. Norbo‘tabiy madrasasi, Madalixon madrasasi, Kamol qozi, Tunqotar, Haqquli mingboshi, Miyon hazrat, Mohlaroyim, Hakim To‘ra, Xonxo‘ja eshon, Buzrukxo‘ja, Pirmuhammad yasovul, Xojabek, Oxund devonbegi, Mingoyim, Jome kabi madrasalar shular jumlasidandir. XIX asrning birinchi yarmida Toshkentda ham muhtasham me’moriy-diniy inshootlar qurilishi, eskilarini ta’mirlash ishlari keng ko‘lamda olib borildi. Baroqxon va Ko‘kaldosh madrasalari qayta ta’mirlandi. Shayx Xovandi Tohur me’moriy majmuasi hozirgi ko‘rinishda shakllantirildi. Zayniddin bobo uchun yangi maqbara qad ko‘tardi. Yunusxo‘ja qarorgohi Eski O‘rda buzilgani sababli yangi markaz — Qo‘qon O‘rdasi bunyod etildi.