Qoraqalpoqlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti


Ijtimoiy ahvol

Qoraqalpoqlar ijtimoiy hayotida urug‘chilik, qabilachilik munosabatlari, aholining tabaqalarga bo‘linishi ancha kuchli edi. Har bir urug‘ yoki qabilaga biylar boshchilik qilardi. Harbiy qismlarni botirlar boshqarardi. Aholi orasida ruhoniylar, shayxlar, xo‘jalarning o‘rni ham katta edi. Ovul boshlang‘ich ma’muriy bo‘g‘in bo‘lib, ularning butun hayotiga Oqsoqollar kengashi rahbarlik qilardi. Shuningdek, qoraqalpoqlarda yuzboshi, mirobboshi, qozi, rais kabi ma’muriy mansablar ham bor edi. Mirob suv taqsimlovchi hisoblangan. Biylik lavozimiga ilgarilari urug‘ yig‘inlarida saylangan bo‘lsa, qoraqalpoqlar Xiva xonligiga bo‘ysundirilgach, xon tomonidan tayinlanadigan bo‘ldi. Xon tomonidan tayinlangan biyga boshqa biylar bo‘ysungan. Amudaryoning soʻl tomonidagi Qo‘ng‘irot, o‘ng sohilidagi Chimboy qoraqalpoqlarning bosh ma’muriy markaziga aylanadi. Aholi orasida mulkiy tabaqalanish ham kuchayib bordi. Yerga jamoa bo‘lib egalik qilish asta-sekin barham topib, katta yer egalari tabaqasi vujudga keldi. Chorvachilikda minglab qoramol, qo‘y-echki, yilqi, tuyalarga ega tabaqalar shakllandi. Juda ko‘p baliq ovlanadigan suv havzalari ham alohida kishilar tomonidan egallanib bordi. Natijada yersiz, chorva mollarisiz kambag‘allar soni ko‘payib bordi. Ular boylardan yerni ijaraga olib ishlashga, chorva mollarini boqib kun kechirishga majbur borishdi.


Dehqonchilik va chorvachilik

Qoraqalpoqlar qadimdan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib kelishgan.ʻʻQirqqizʼʼ dostonida qoraqalpoqlarning yerlar o‘zlashtirib, suv inshootlari qurib, yer haydab g‘alla yetishtirganligi, bogʻlar yaratganligi haqida ma’lumotlar berilgan. Qoraqalpoqlar Orol bo‘ylarida, Sirdaryo va Amudaryo oraligʻidagi yerlarda dehqonchilik bilan shug‘ullanishgan. Bug‘doy, arpa, tariq va boshqa ekinlar ekib, moʻl hosil olishgan. Yangi (Jana)daryo va Quvondaryo havzalarida qoraqalpoqlar tomonidan barpo etilgan kanal va sug‘orish inshootlari xo‘jalikda dehqonchilik tarmogʻining yetakchi o‘rinda turganidan guvohlik beradi. XVIII asr oxirlarida Amudaryo quyi tarmoqlarida Qallikoʻl, Kegayli, XIX asr o‘rtalarida Chimboy, Qo‘ngʻirot dehqonchilik vohalari vujudga keldi. Dehqonchilikda omoch, mola, ketmon, belkurak, o‘roq kabi mehnat qurollaridan foydalanilgan. Qoraqalpoqlar iqtisodiy hayotida chorvachilik ham muhim o‘rin tutgan. Chorvadorlar ho‘kiz va tuya qo‘shilgan aravalarda poda va otarlari bilan yil davomida seroʻt yaylovlarga ko‘chib yurishgan. Pichan, xashak, ayniqsa, qamishzorlar chorva mollari uchun to‘yimli ozuqa boʻlib xizmat qilgan. Qoraqalpoqlar iqtisodiy hayotida baliqchilik ham rivojlangan. Baliqchilik, ovchilik aholi uchun qo‘shimcha tirikchilik manbayi hisoblanardi.


Hunarmandchilik va savdo

Qoraqalpoqlar hayotida temirchilik, duradgorlik, kigiz bosuvchilik, to‘quvchilik, boʻyoqchilik, kulolchilik, zargarlik kabi hunarmandchilik tarmoqlari rivojlanib boradi. Hunarmandlar uy-ro‘zg‘or buyumlari, idish-tovoqlar, matolar, kiyim-kechaklar tayyorlashgan. Yog‘ochdan o‘tov tayyorlab, kigizlar bilan yon va tom qismini o‘rab, turar joylar bunyod qilgan. Olacha, gilam, tuya junidan movut tayyorlash ancha rivojlangan. Yog‘ochdan omoch, mola, arava, kema va qayiqlar yasagan. Asosiy transport vositasi bo‘lgan otlar uchun yugan, egar-jabduq buyumlari tayyorlangan. Jun va terini qayta ishlab, turli xil kiyim va boshqa buyumlar tayyorlangan. Qoraqalpoqlar amaliy san’atida o‘tovlar uchun o‘ymakor eshiklar, kashtachilik, zargarlik buyumlari yasash rivojlangan. Savdo-sotiq ishlari ham rivojlanib bordi. Shaharlarda do‘konlar, karvonsaroylar qurildi. Dehqon va chorvadorlar shaharlarda g‘alla, chorva mollari, baliq sotardi. Hunarmandlardan uy-ro‘zg‘or buyumlari, kiyim, gilam, zargarlik buyumlari sotib olinardi. Xo‘jayli, Qo‘ng‘irot, Mang‘it, Chimboy shaharlari Sharq va G‘arb mamlakatlari bilan muloqotda yirik savdo markazlariga aylanadi. Sharqdan G‘arbga boruvchi savdogarlar uchun qoraqalpoqlar tayyorlagan tuzlangan baliq mahsulotlari xaridorgir edi.


Soliq va majburiyatlar

Dehqonlardan salgʻut (yer) soligʻi, chorvadorlardan zakot solig‘i, aholidan ruhoniylar uchun ushur solig‘i olinardi. Soliq miqdorini xon amaldorlari belgilardi. Yer solig‘i butun qabila yoki urug‘ga bir yo‘la solinardi. Oqibatda soliqning ko‘p qismi kambag‘allar bo‘yniga tushardi. Bunday tartibdan boy tabaqalar foydalanar edi. Biy va amaldorlar ham go‘yo o‘z xarajatlarini qoplash uchun xalqdan qo‘shimcha soliqlar undirardi. Harbiy xavf yuz berganda xalqdan ʻʻqozonʼʼ (xo‘jalik) solig‘i undirilar edi, yigitlar majburiy harbiy xizmatga chaqirilardi. Soliqlardan tashqari, kambag‘allar kanal va ariqlar qazish, sug‘orish inshootlarini tozalash ishlariga majburiy safarbar etilardi.


Oydo‘stbiy boshchiligidagi qo‘zg‘olon

1827-yili Xiva xonligi zulmiga qarshi qoraqalpoqlar qo‘zg‘olon ko‘taradi. Qo‘zg‘olonga qoraqalpoqlar biyi Oydo‘stbiy boshchilik qiladi. 1827-yil 25-iyul kuni Xiva xoni Olloqulixon Oydo‘stbiy boshchiligidagi qo‘zg‘olonni bostirish uchun Muhammad Nazarbiy inoq qo‘mondonligidagi qo‘shinni Xo‘jayli shahriga jo‘natadi. Oydo‘stbiy qoraqalpoq biylarini to‘plab, Orol dengizi bo‘yida maslahat uyushtiradi. Yig‘ilganlar maslahati bilan qoraqalpoq ovullariga otliq choparlar jo‘natilib, shunday buyruq beriladi: ʻʻHamma bola-chaqasi bilan qo‘zg‘olonga yig‘ilsin. Kimda-kim bosh tortsa, u dushman hisoblanadiʼʼ. Qoraqalpoqlar yig‘ilib, qulay yerda xandaq qazib, shox-shabbalar va aravalar bilan mudofaa to‘sig‘i qurishgan. 29-iyulda Oydo‘stbiy o‘zining ikki o‘g‘li Rizo va To‘rani 300 botirga bosh qilib, Qo‘ng‘irot qo‘rg‘oniga chopovulga yuboradi. Qo‘ng‘irot hokimi Muhammad Yaqub mushrif qo‘rg‘on mudofaasini uyushtiradi. Urush peshingacha davom etgan. Oydo‘stbiy askarlarining bir qanchasi urushda nobud bo‘lgan. Ba’zilari dengiz tomon qochgan. Rizo ham, To‘ra ham bor imkoniyatni ishga solsalar ham yengiladi. Muhammad Nazarbiy inoq Oydo‘stbiyga qarshi sara qo‘shin jo‘natadi. Kuchlar noteng bo‘lgan jangda qo‘zg‘olonchilar tor-mor qilinadi, Oydo‘stbiyning esa boshi tanasidan judo etiladi. Xiva tarixchisi va shoiri Munis Oydo‘stbiy o‘limiga bag‘ishlab marsiya yozgan. Qo‘zg‘olon bostirilsa-da, xalqning zulmga qarshi nafrati kuchayib bordi.

Marisya – bir shaxsning vafoti munosabati bilan uning xotirasiga bag’ishlab yozilgan motam she’ri