Qoraqalpoqlarning xalq sifatida shakllanishi tarixidan
Tarixiy manbalarda hozirgi Qoraqalpog‘iston hududida odamlar neolit davridayoq yashaganligi qayd etiladi. Milodiy II–VIII asrlarda Orolbo‘yi dashtlariga bir qator turkiy qabilalar kirib kelib joylashgan. Mahalliy aholining kirib kelgan qabilalar bilan qo‘shilishi natijasida Orolbo‘yida bijanaklar va o‘g‘uzlar shakllangan. Bijanaklar negizida VIII–X asrlarda qoraqalpoqlarning xalq sifatida shakllanish jarayoni boshlangan. X asr boshlarida bijanaklarning bir qismi Volga ortiga, Janubiy Rus dashtlariga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lishgan. Bunga o‘g‘uzlar va qipchoqlarning siquvi, tazyiqi sabab bo‘lgan.
XII asr rus yilnomalarida ular ʻʻчерные клобукиʼʼ (qoraqalpoq) deb tilga olingan. Qoraqalpoq xalqining nomi shu atamadan olingan. Volga va Ural daryolari oralig‘ida qolgan bijanaklar joylashgan hududni Irtish daryosi atroflaridan kelgan qipchoq qabilalari zabt etgan.
Shu tariqa, ular qipchoqlar bilan aralashib, ularning tilini qabul qilgan. Qipchoqlarning urug‘-qabila tarkibiga kirgan bijanaklar (qoraqalpoqlar) manbalarda ʻʻqora bo‘rkliʼʼ deb qayd etilgan. XIII asr boshlarida Chingizxon Xorazmshohlar davlati poytaxti Urganch shahrini egallagach, uni suvga bostirish maqsadida Amudaryo to‘g‘onini buzdirib tashlaganligi haqida siz VII sinfda bilib olgan edingiz. To‘g‘on buzilgach, Amudaryoning o‘zani ham o‘zgargan. Oqibatda suvsiz qolgan Orolbo‘yi qoraqalpoqlarining bir qismi Volga va Ural (Yoyiq) daryolari bo‘yiga, Sirdaryo vohalariga ko‘chib ketishga majbur bo‘lishgan. Oltin O‘rda zaiflashgach, uning tarkibidan qator mustaqil davlatlar ajralib chiqqan. Bu davlatlarning biri — XIV asr oxirida tashkil topgan No‘g‘ay (Mang‘it) xonligi edi. Uning chegarasi — Volga daryosidan Irtish daryosigacha, Kaspiy va Orol dengizi bo‘ylaridan Kama daryosigacha bo‘lgan hududlarni o‘z ichiga olgan. Binobarin, qoraqalpoqlar ko‘chib borib joylashgan hududlar XV–XVI asrlarda No‘g‘ay xonligi hududiga kirgan. No‘g‘ay va qoraqalpoq xalqlari o‘zaro siyosiy hamkorlikda, birlashma bo‘lib yashashgan. No‘g‘ay tili tarkibi, fonetikasi va grammatik qurilishi jihatidan qoraqalpoq tiliga juda yaqin.
Qoraqalpoq xonligining tashkil topishi
XVII asrning boshlarida no‘g‘aylar Volga va Yoyiq daryolari bo‘ylariga bostirib kelgan jung‘orlar (qalmoqlar) tomonidan tor-mor etiladi. Oqibatda ular Qrimga ko‘chib ketishga majbur bo‘lishgan. Qoraqalpoqlar esa Orol va Sirdaryo bo‘ylariga kelib o‘rnashadi. Qoraqalpoqlar ijtimoiy hayotida biylar va botirlar (harbiylar boshlig‘i) muhim o‘rin tutgan. Biylar qoraqalpoq urug‘lariga boshchilik qilgan, shuningdek, qo‘shni xalqlar bilan munosabatlarda o‘z urug‘i yoki qabilasi nomidan vakil sifatida qatnashgan. XVI–XVII asrlarda qoraqalpoqlar goh Buxoro xonligiga, goh qozoq xonlariga tobe bo‘lishgan. XVIII asr boshlariga kelib Sirdaryo bo‘yida yashovchi qoraqalpoqlarning birlashish jarayonida Sig‘noq va Jonkent singari qadimiy qo‘rg‘on shaharlar tayanch bo‘lgan. Qoraqalpoqlarning birlashuvida Kuchukxon, Taburchak va G‘oyib Sultonlar muhim rol o‘ynagan. Buning natijasida 1714-yilda Sirdaryobo‘yi qoraqalpoqlari oʻz yetakchilari Eshmuhammad (Eshimxon) boshchiligida qoraqalpoq xonligiga birlashtirilgan. Bu davlat Sirdaryoning quyi oqimi, Volga bo‘ylari jung‘orlari, Boshqird ulusi va Kichik juz qozoq xonliklari bilan chegaradosh edi. 1723-yilda jung‘orlar bostirib kelib, Sirdaryoning o‘rta qismini egallagach, qoraqalpoqlar yana ko‘chishga majbur bo‘ladi.
Ko‘chish oqibatida qoraqalpoqlar ikkiga bo‘linib ketdi, bir guruhi Sirdaryoning yuqori oqimi — Toshkent tomonga, ikkinchi guruhi Sirdaryoning quyi oqimiga borib joylashdi. Shu tariqa qoraqalpoqlar shartli ravishda ʻʻyuqori qoraqalpoqlarʼʼ va ʻʻquyi qoraqalpoqlarʼʼga bo‘linib ketdi. Quyi qoraqalpoqlar Sirdaryo bilan Amudaryo o‘rtasidagi bo‘sh yotgan yerlarga ham o‘rnashib, bu yerlarga Quvondaryodan suv chiqarib, dehqonchilik bilan shug‘ullanishdi.
Qoraqalpoq va Rossiya munosabatlari. Qoraqalpoqlar Rossiya bilan munosabatlar o‘rnatishga harakat qilgan. Bunday yaqinlashishga bir qator omillar sabab bo‘lgan edi. Birinchidan, Rossiya bilan savdo-tijorat ishlarini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorlik, ikkinchidan, jung‘orlarning tinimsiz hujumlaridan himoyalanish zarurati sabab bo‘ldi. 1726-yilda qozoq xoni Abulxayrxon Peterburgga o‘z elchilarini jo‘natgan. Uning tarkibida qoraqalpoq vakillari ham bor edi. Bunga javoban 1731-yilda Rossiya o‘z elchisi M. Tevkelevni Abulxayrxon huzuriga jo‘natadi. Muzokaralar natijasida ham Kichik juz, ham quyi qoraqalpoqlar Rossiya fuqaroligiga qabul qilinadi. Ayni paytda, qoraqalpoqlarning Rossiyaga emas, Kichik juz xonligiga yasoq to‘lashi tan olindi. Qoraqalpoqlarning Rossiya imperiyasi fuqaroligiga qabul qilinishi — ularni Eron hukmdori Nodirshoh hujumidan saqlab qoldi.
Qoraqalpoq va Xiva munosabatlari
Qoraqalpoqlarning asosiy qismi notinch, og‘ir yillarda Amu va Sirdaryo oralig‘idagi bo‘sh yotgan yerlarga, Yangidaryo va Quvondaryo bo‘ylariga ko‘chib kelib yashashardi. Bu yerlar Xiva xonligiga chegara hududlar edi.
Bu yangi yerlar qoraqalpoq xalqining o‘ta mashaqqatli mehnati evaziga o‘zlashtirilgan. Tarixchi olimlar Yangidaryoda yaratilgan ajoyib sug‘orish inshootlari tizimiga — bu qoraqalpoq xalqi qahramonona mehnatining ulug‘vorligi xotirasidir, deb baho bergan. Asta-sekin qoraqalpoqlarning Orolbo‘yi o‘zbeklari bilan yaqinlashuvi yuz bera boshlagan. Orolbo‘yi o‘zbeklari Xiva xonligi hokimiyatiga bo‘ysunishni istamas edi. Xon hukumati o‘z oldiga Orolbo‘yi o‘zbeklarini hamda qoraqalpoqlarni bo‘ysundirish maqsadini qo‘ygan. Nihoyat, uzoq kurashlardan so‘ng, 1735-yildagina Orolbo‘yi o‘zbeklari va qoraqalpoqlar Xiva xonligi hokimiyatini tan olishga majbur etildi. Muhammad Amin inoq davrida esa ayrim qoraqalpoq qabilalari ixtiyoriy ravishda Xiva xonligi fuqaroligiga o‘ta boshlagan. 1809-yilda Amudaryo, Quvondaryo va Orol dengizi atrofida yashovchi qoraqalpoqlar xonlikka bo‘ysundirildi. 1811-yilda esa Yangidaryo (Janadaryo) atrofida yashovchi qoraqalpoqlar ham tobe etildi. Shu tariqa qoraqalpoqlarni Xiva xonligiga bo‘ysundirish nihoyasiga yetkazildi.