Qoraqalpoq xalqi madaniyati


Turmush tarzi

Qoraqalpoqlar uzoq yillar davomida ko‘chmanchilik turmush tarzidan o‘troqlikka o‘tish jarayonini boshidan kechirishdi. Aholining asosiy qismi o‘tov va paxsa uylardan iborat ovullarda yashardi. Keyinchalik qo‘rg‘on (qal’a) va shaharlar vujudga keladi. Qo‘rg‘onlarning to‘rt tomoni devor yoki baland tepalar bilan o‘rab olinardi. Qoraqalpoqlar bir necha urug‘lardan shakllangan bo‘lib, har urug‘ a’zosi o‘z urug‘ining mustahkamligini ta’minlashga intilardi. Bir urug‘ ichida qiz olish, qiz berish taqiqlangan edi. Shu boisdan boshqa urug‘dan qiz olib qochish odatiy hodisa hisoblanardi. Ma’lum vaqt o‘tgach qiz olib ketilgan joy ma’lum qilinib, qiz tomonning ota-onasi, yaqin qarindoshlari va urug‘ oqsoqoli turli sarpolar bilan siylanib, to‘yga rozilik olinardi. To‘yda baxshilar dostonlardan qo‘shiqlar kuylashardi, aytishuvlar avjiga chiqardi. Polvonlar va botirlar kurashga tushardi. Qoraqalpoqlar qishlovni ko‘pincha dengiz va daryo bo‘ylarida o‘tkazishgan. Arava, qayiq, sol va ot asosiy transport vositasi bo‘lgan. Qoraqalpoqlar kiyim-kechagida milliylikka alohida e’tibor bergan. Bu narsa, ayniqsa, ayollar va qiz bolalar savkeli (qalin bo‘zdan tikilib, kumush va marjonlar bilan bezatilgan bosh kiyim)da yaqqol namoyon bo‘lgan.

O’tov


Shaharlar

Qoraqalpoqlar Qo‘ng‘irot, Chimboy, Xo‘jayli kabi yirik shaharlarni bunyod etishgan. Shulardan Qo‘ng‘irot va Chimboy qoraqalpoqlarning ma’muriy markazlari bo‘lgan. Bu shaharlar XVII asr oxiri — XVIII asr boshlarida barpo etilgan. Xo‘jayli shahri Orol va Xiva oralig‘idagi savdo markazi bo‘lib, bojxona shu shaharda joylashgan. Shaharlar og‘ir mehnat evaziga baland devorlar bilan o‘rab olingan, shahar ichkarisida ko‘rkam binolar, saroylar barpo etilgan. Janaqal’a, Oydo‘stqal’a, Ernazarqal’a, Ko‘ko‘zakqal’a, Eshonqal’a kabi qal’a shaklida qurilgan shaharlar qoraqalpoq xalqi tomonidan yaratilgan me’morchilik madaniyati yodgorliklari hisoblanadi. Shaharlarda XIX asr boshlarida 318 maktab, Qoraqum eshon, Qalila oxun, Egambergan oxun, Oyimbet eshon mavzelarida, Eshonqal’ada madrasalar mavjud bo‘lgan. Hunarmandlar 12–13 yoshli bolalarni shogirdlikka qabul qilib, ularga hunar sirlarini o‘rgatishgan. Qoraqalpoq yoshlari Xiva va Buxoro madrasalarida ham ta’lim olishgan.


Folklor

Qoraqalpoqlarning xalq og‘zaki ijodi juda boy. Qoraqalpoq folklor namunalari 20 jildligining nashr etilgani fikrimizning dalilidir. Ular so‘z ustalari bo‘lgan chechanlarni, baxshi (jirov)larni sevadilar. El oqsoqollari, rahbarlari yonidan qissaxonlar arimagan. O‘zbeklarning Afandisi kabi qoraqalpoqlarning qiziqchisi — O‘mirbek laqqisi bor. O‘mirbek laqqi oʻz og‘zaki latifalarida ayrim shaxslar va jamiyatdagi kamchiliklar ustidan kuluvchi xalq qahramoni sifatida gavdalangan. U adolatsiz amaldorlar, qozilar, so‘zi bilan ishi mos kelmaydigan ruhoniylar kirdikorlarini fosh qilib, mardlik, to‘g‘rilik, haqiqat, adolatni kuylagan. U o‘z latifalarini yengil mutoyiba, achchiq hajv bilan ixcham ifodalab, tinglovchilarni xursand qilgan. Qoraqalpoqlarning qahramonlik dostonlari qadimdan ma’lum. Ulardan ʻʻQirqqizʼʼ , ʻʻAlpomishʼʼ , ʻʻQublonʼʼ , ʻʻMastposhshoʼʼ, ʻʻEdigeyʼʼ dostonlarida qoraqalpoqlarning voqealarga boy tarixi kuylanadi. Masalan, ʻʻEdigeyʼʼ dostonida Amir Temur,
To‘xtamish faoliyati bilan bogʻliq voqealar bayon etilsa, ʻʻQirqqizʼʼda qoraqalpoq xalqining ozodlik kurashi, Xorazm xalqining Eron shohi Nodirshohga qarshi kurashi o‘z badiiy ifodasini topgan. Qoraqalpoqlarning xalq qo‘shiqlarida el-yurt yo’lboshchilari, qahramonlari — Maman botir, Esangeldi mahram, Oydo‘stbiy, Ernazarbiylar ulugʻlanadi. Qozoq ma’rifatparvar olimi Cho‘qon Valixonovning: ʻʻQoraqalpoqlar sahrodagi ham birinchi shoir, ham qo‘shiqchilardirʼʼ, — degan so‘zlari bejiz aytilmagan.


Qirqqiz dostoni haqida

Qoraqalpoq adabiyotida XVII–XVIII asrlardagi tarixiy voqealarni badiiy shaklda aks ettirgan ʻʻQirqqizʼʼ dostoni alohida o‘rin tutadi. Bu asar qoraqalpoq xalq qahramonligi eposidir. Asar erksevarlik, vatanparvarlik va insonparvarlik g‘oyalari bilan sug‘orilgan. Asarning bosh qahramoni Guloyim o‘zining qirq nafar dugonasi va o‘z sevgilisi Arslon bilan birga Eron shohi Nodirshoh hamda jung‘or xoni Surtoyshi hujumidan yurtini himoya qilishga otlanadi. Guloyim Xorazmni ozod qilib, u yerda qoraqalpoq, turkman, o‘zbek va qozoq xalqlari vakillarini birlashtirgan davlat tuzadi. Asarda Guloyim bilan bir safda turib jang qilgan Oltinoy, O‘tbosgan, Arslon, Sarvinoz kabilar timsolida mardlik, jasurlik, vatanparvarlik, insoniylik, ayni paytda, dushmanga nisbatan shafqatsizlik g‘oyalari o‘z ifodasini topgan.


Tasviriy sanʼat va musiqa

Qoraqalpoqlar tasviriy san’atidagi o‘ziga xoslik, ayniqsa, ular to‘qigan gilam va kashta buyumlarda o‘zining yorqin ifodasini topgan. Ularga tushirilgan naqshli bezaklar suv ramzini aks ettiruvchi to‘lqin ko‘rinishiga ega bo‘lgan. Bu bejiz emas edi. Chunki qoraqalpoqlar qadimdan daryo va ko‘l bo‘ylarida yashab kelgan. Bundan tashqari, qoraqalpoq tasviriy san’atining yana bir o‘ziga xosligi uning qadama naqshli yog‘och o‘ymakorligida yaqqol namoyon bo‘ladi. Qoraqalpoqlar qo‘shiqchiligi mazmuniga ko‘ra xalq, tarixiy va marosim qo‘shiqlariga bo‘lingan. Ular qo‘biz, dutor, g‘ijjak, sumay, nog‘ora kabi musiqiy cholg‘u asboblari yordamida ijro etilgan. Doston ijrochilari jirovlar, baxshilar va qissaxonlar deb ataluvchi uch guruhga bo‘lingan. Ular bir-biridan aytadigan dostonlarining mazmuni, ijro etish uslublari, kuy va musiqiy cholg‘u asboblari bilan farq qilgan. Masalan, jirovlar qahramonlik dostonlarini qo‘biz jo‘rligida, baxshilar esa dutor va g‘ijjak jo‘rligida ijro etgan. Qissaxonlar doston qo‘lyozmalarini zo‘r mahorat bilan o‘qib yoki yoddan aytib bergan.