Qo‘qon
Qo‘qon xonligidagi shaharlar bir-biridan aholisi, madrasa va masjidlarining soni, mahsulotining sifati bilan farq qilardi. U yoki bu shaharning ahamiyati uning strategik mavqeyi bilan belgilanardi. Katta shaharlarga xonning o‘g‘illari yoki yaqin qarindoshlari hokim etib tayinlanardi. Xonlikning bosh shahri Qo‘qon edi. Tarixiy manbalarda Qo‘qonga oid ma’lumotlar X asrdan boshlab uchraydi. Qo‘qonning yoshi 2000 yildan ortiqdir. Ma’lumotlarda ʻʻHavoqandʼʼ, ʻʻHo‘qandʼʼ degan nomlar bilan qayd etilgan. ʻʻHavoqandʼʼ so‘zi — ʻʻgo‘zalʼʼ, ʻʻyoqimliʼʼ , ʻʻxushmanzaraʼʼ, ʻʻshamol shahriʼʼ degan ma’noni anglatadi, degan fikrlar ham mavjud. Mahalliy aholi o‘z shahrini Ho‘qandi latif yoki Qo‘qon deb aytgan. Qo‘qon shahri XVIII–XIX asr birinchi yarmida nafaqat xonlikning, ayni paytda, Markaziy Osiyoning yirik shaharlaridan biri edi. Qo‘qon mustahkam devor bilan o‘ralgan. Shaharga 12 darvozadan kirilgan. Shaharning 12 darvozali bo‘lishiga sabab — uning ma’muriy jihatdan 12 dahaga bo‘lingani edi. Bu davr shaharda 30000 aholi yashagan. XIX asr o‘rtalarida Qo‘qondagi madrasalar ichida Madalixon, Norbo‘tabiy, Jome, Hokim Oyim, Hoja dodxoh, Mingoyim madrasalari alohida ajralib turadi. Ularning har birida 38 tadan 100 tagacha hujrasi bo‘lgan. Qo‘qon shahri xonlikning siyosiy, madaniy, iqtisodiy va diniy markazi edi.
Marg‘ilon
Marg‘ilon (Marg‘inon) shahriga bundan 2000 yil avval asos solingan. Olimlar shaharning nomi ʻʻMaysazorʼʼ, ʻʻO‘tzorʼʼ degan ma’noni anglatadi, deb taxmin qilishadi. ʻʻBoburnomaʼʼ asarida Marg‘ilon Farg‘onadagi 8 ta shahardan biri ekanligi, shaharning obodligi, shirin mevalari haqida so‘z yuritilib, uning ʻʻdonayi kalonʼʼ deb ataluvchi anori va ʻʻsubhoniyʼʼ navli o‘rigi maqtalgan.
Marg‘ilonning Buyuk ipak yo‘lida joylashgani hunarmandchilikning gullab-yashnashiga sabab bo‘lgan. Uning atlas to‘qish turi nihoyatda rivojlangan. Aynan Marg‘ilon atlasi uni jahonga mashhur qilgan. Marg‘ilon shahri qadimdan ilm-fan va madaniyat markazi ham bo‘lgan. Shu tufayli shahar dunyoga mashhur huquqshunos alloma Burhoniddin Marg‘inoniyni yetkazib berganligi bejiz bo‘lmagan. Marg‘ilon Qo‘qon xonligi davrida pilla sotiladigan asosiy bozor markazi edi. «Shaharda ko‘plab pillakashlik va shoyi to‘qish ustaxonalari bor edi. 2007-yilda Marg‘ilon shahrining 2000 yilligi nishonlandi.
Andijon
Markaziy Osiyoning mashhur shaharlaridan biri bo‘lgan Andijon ʻʻBuyuk ipak yo‘liʼʼda bunyod etilgan. Ayrim manbalarda shahar nomi ʻʻandiʼʼ, ʻʻadoqʼʼ kabi urug‘ atamalari bilan bog‘liqligi ko‘rsatilgan. Arablar istilo qilgan davrda shahar ʻʻAndukonʼʼ deb atalgan.» Andijon XV asrdan boshlab Farg‘ona vodiysining markaziga aylangan. Zahiriddin Muhammad Bobur davrida Andijonda xo‘jalik, fan va madaniyat ravnaq topgan. U ʻʻBoburnomaʼʼda Andijon haqida: ʻʻOshlig‘i vofir, mevasi farovon, qovun va uzumi yaxshi bo‘lur… Movarounnahrda Samarqand va Kesh qo‘rg‘onidin so‘ngra mundin ulug‘roq qo‘rg‘on yo‘qtur. Uch darvozasi bor. To‘qqiz tamov suv kirarʼʼ deya ta’rif bergan. Qo‘qon xonligi tashkil topgach, endi u Andijon bekligining markazi bo‘lib qoldi. XIX asr o‘rtalarida Andijon 4 dahaga bo‘lingan. Har dahaning qozisi, mingboshisi bo‘lgan. Dahalar oqsoqol boshliq mahallalarga bo‘lingan.
Namangan
Namangan shahri ham xonlikning yirik shaharlaridan biri edi. Uning nomi manbalarda XVII asrdan boshlab uchraydi. 1620-yilda Farg‘onaning qadimgi poytaxti Axsikat qattiq zilzila oqibatida vayron bo‘lgani uchun aholi Namangan atrofiga ko‘chgan. Namangan tuz koni (ʻʻnamak konʼʼ) yaqinida qurilgandi. XVIII asrda Qo‘qon xonligi hududiga kirgan. Beklik markazi bo‘lgan. Namangan aholisi hunarmandchilik bilan shug‘ullangan. 1819–1822-yillarda Namangan aholisi kuchi bilan katta Yangi ariq kanali qazilib, shaharning suv ta’minoti yaxshilangan. 1842–1845-yillarda shahar baland devor bilan o‘ralgan.
Toshkent
2009-yilda 2200 yilligi nishonlangan Toshkent ham Markaziy Osiyoning qadimgi shaharlaridan biridir. U turli davrlarda Choch, Shosh, Binkat kabi nomlar bilan atalib kelingan. XI asrdan boshlab esa hozirgi nomi bilan atala boshladi. Toshkent o‘z tarixida turli davrlarda yurtimizga bostirib kirgan davlatlarga qaramlik davrlarini boshidan kechirgan. 1503-yilda esa Shayboniylar davlati tarkibiga kiritildi. XVI asrda shaharda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Chunonchi, Baroqxon, Ko‘kaldosh madrasalari kabi me’moriy obidalar bunyod etildi. 1723-yilda Toshkentni ko‘chmanchi jung‘orlar egallab olishgan. Jung‘orlarga qaramlik 1758-yilgacha davom etgan. Shundan so‘ng shaharda to‘rtta mustaqil hokimlik qaror topgan. 1784-yilda 4 hokimlik tugatilgach, 1810-yilgacha Yunusxo‘ja barpo etgan Toshkent hokimligining markazi bo‘ldi. 1810-yilda esa Qo‘qon xonligi tarkibiga qo‘shilib olindi.
Toshkent Qo‘qon xonligi tarkibiga qo‘shib olinganidan so‘ng qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Chunonchi, o‘rta asrlarda yashab o‘tgan shayx Zayniddin bobo xotirasi uchun yangi maqbara bunyod etildi. Shuningdek, sobiq hukmdor Yunusxo‘janing qarorgohi Eski O‘rda buzilgach, yangi — Qo‘qon O‘rdasi qurildi. Toshkent muhim xalqaro savdo yo‘li chorrahasida joylashgani sababli hunarmandchilikning turli sohalari yuksak darajada rivojlangan. Chorsu — shahar hayotining markazi bo‘lgan. Markaziy Osiyoning boshqa shaharlari kabi Toshkentning ham xo‘jalik hayoti qishloq aholisining faoliyati bilan chambarchas bog‘lanib ketgandi. Chunki shahar hunarmandlari atrofdagi qishloqlardan xomashyo keltirar, ayni paytda esa qishloq aholisi o‘zining ehtiyojini shahar hisobidan ham qoplardi.