O‘zbek xonliklari va Rossiya imperiyasi munosabatlari


Savdo aloqalari

Markaziy Osiyo va Rossiya xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar, savdo aloqalari tarixi uzoq zamonlarga borib taqaladi. Volgabo‘yi orqali rus savdogarlari ham, Markaziy Osiyo savdogariari ham ikki mintaqa o‘rtasida savdo aloqalarini rivojlantirishda muhim rol o‘ynashgan. XVI asrda jahondagi yirik davlatlar tomonidan dunyoni bo‘lib olish boshlangan davrda Rossiya Qozon, Astraxan, Sibir xonliklarini zabt etdi. Natijada Rossiya va o‘zbek xonliklari bir-biriga bevosita qo‘shni bo‘lib qoldi. Bu holat ularning o‘zaro munosabatlarini yanada rivojlantirishga imkoniyat yaratdi. Markaziy Osiyoning savdo-hunarmandchilik doiralari o‘z mahsulotlarini, ayniqsa, ipak, paxtadan to‘qilgan matolarni talab qilayotgan Rossiya bilan savdo-tijorat munosabatlarini rivojlantirishdan g‘oyat manfaatdor edi. Rossiyaning movut, temir, mis, mo‘yna, charm va boshqa mollari Markaziy Osiyoda xaridorgir edi. Savdo-sotiq ishlari uchun qulay shart-sharoit yaratishda o‘zbek xonliklari va Rossiya o‘rtasidagi elchilik munosabatlari muhim o‘rin tutardi.


XVII asrda elchilik munosabatlari

1619-yilda Imomqulixonning elchisi Odambiy Moskvaga boradi va podsho Mixail Romanov qabulida bo‘ladi. Podsho Odambiy bilan birgalikda Buxoroga Ivan Xoxlov boshchiligida elchilarni yuboradi. I. Xoxlovni Imomqulixon qabul qiladi, rus podshosi iltimosiga binoan o‘z saroyidagi 23 nafar rus asirlarini ozod qiladi. I. Xoxlov 1620–1622-yillarda Buxoro xonligining ichki va tashqi siyosati haqida qimmatli ma’lumotlar to‘playdi. U qimmatli sovg‘alar bilan Moskvaga kuzatiladi. Yozma manbalarga ko‘ra, XVI–XVII asrlarda Buxoro va Xiva xonliklariga Rossiyadan 12 marta elchilar kelishgan. 1583–1600-yillarda Moskvada 5 marta Buxoro elchilari, 2 marta Xiva elchilari bo‘lishgan. Bu misollar Markaziy Osiyo va Rossiya o‘rtasida savdo-diplomatik aloqalarning ancha faollashganligidan guvohlik beradi.


Rossiya imperiyasi tazyiqining kuchayishi

XVIII asrdan boshlab Rossiya imperiyasining оʻzbek xonliklari bilan bo‘lgan munosabatlarida tazyiq o‘tkazish ustunlik qila boshladi. Bu Rossiya imperiyasining siyosatida Markaziy Osiyo xonliklarini savdo-sotiqda kamsitish, ularning tabiiy boyliklariga ko‘z olaytirish, strategik maqsadlarni ro‘yobga chiqarish kayfiyatining kuchayganligida yaqqol namoyon bo‘la boshladi. Pyotr I Buxoro va Xiva xonliklarini siyosiy jihatdan Rossiyaga teng davlatlar emas, deb hisoblab, ularga tazyiq o‘tkaza boshladi. Bunga xonliklardagi ichki siyosiy ahvol ham qulay sharoit yaratib bergandi. Masalan, Xiva xoni Shohniyoz 1700-yilda Pyotr I huzuriga yashirincha elchi yuborib, Xivani Rossiya tobeligiga qabul qilishni so‘ragan. 1709-yili toj-u taxt vorisi Muhammad ham shunday qilgandi.

Pyotr I


Pyotr I Xiva xoniga jo‘natgan yorlig‘ida shunday gaplar yozilgandi: ʻʻShohona muruvvat ko‘rsatib, xonning qo‘l ostidagi jamiyki narsalari bilan birga, abadiy tobeligimizga olamizʼʼ. Biroq bu niyat u davrda amalga oshmay qoldi.

XIX asr o’rtalarida Markaziy Osiyo xonliklari

Rossiya imperiyasining ʻʻShimoliy urushʼʼ bilan bandligi bunga sabab bo‘ldi. 1713-yili Astraxanga kelgan Xiva elchisi Xoja Nafas rus ma’murlariga, Sankt-Peterburgga borgach, podsho Pyotr I ga Amudaryo sohillaridagi qumlar oltinga boyligini, sohilda istiqomat qiluvchi aholi ko‘p miqdorda oltin yuvib olayotganini aytadi. Ana shu ma’lumotlar ta’sirida Pyotr I o‘zbek xonliklariga kirib borish maxfiy rejasini tuzadi. U ikki harbiy ekspeditsiya tashkil etadi. Biriga Aleksandr Bekovich-Cherkasskiyni, ikkinchisiga kapitan Ivan Buxgolsni rahbar etib tayinlaydi. Вekovich-Cherkasskiy harbiy ekspeditsiyasi tarkibida katta harbiy qo‘shin bor edi. Ular 1717-yilda Xiva xonligi hududlariga kirib keladi va harbiy to‘qnashuvlar bo‘ladi. Xiva xoni Sherg‘ozixon hiyla ishlatib Bekovich-Cherkasskiyni qabul qiladi va uning qo‘shinlarini qirib tashlaydi. Pyotr I uyushtirgan ekspeditsiyaning halokati Xiva–Rossiya munosabatlarini keskinlashtirib yubordi.


ʻʻBuxgols ekspeditsiyasiʼʼga kelsak, uning qo‘shini 1715-yili Toboldan Irtish bo‘ylab Yorkentga yo‘l oladi. Bu guruh Yamishchev ko‘lida bo‘lib, u yerda istehkom quradi. Biroq ular qalmoqlar hujumiga uchrab, orqaga chekinishga majbur bo‘lishadi. 1717-yili Buxoro xoni Peterburgga o‘z elchisini yuboradi. Elchi Qulibek Abulfayzxonning Pyotr I ga shvedlar ustidan qozongan g‘alabasi munosabati bilan yozilgan qutlov maktubini topshiradi. Abulfayzxon o‘z maktubida, ayni paytda, Buxoroga Rossiya elchisi yuborilishini so‘ragan edi. Bunga javoban Rossiya hukumati 1721-yili Florio Benevenini elchi qilib jo‘natadi. Rossiya elchisiga Sharq mamlakatlariga olib boradigan suv va quruqlik yo‘llarini o‘rganish; rus savdosini kengaytirish imkoniyatlarini aniqlash; Buxoro xonini Rossiya bilan ittifoq tuzishga ko‘ndirish; xonga rus gvardiyachilarini taklif qilish; qayerda qancha oltin borligini aniqlash va ularni xaritaga tushirish; xonlikdagi qal’a va qo‘shinlar ahvolini o‘rganish hamda xonlikning Eron va Xiva bilan o‘zaro munosabatlarini o‘rganish vazifalari yuklatilgandi. F. Beneveni Buxoroga yetib keladi va Abulfayzxon qabulida bo‘ladi. F. Beneveni Buxoroda 3,5 yil turdi va o‘z oldiga qo‘yilgan masalalar bo‘yicha qimmatli ma’lumotlar to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Ularni Sankt Peterburgga ochiq va shifrlangan xat orqali jo‘natib turdi. Hukumatning barcha topshiriqlarini bajargan F. Beneveni 1725-yilda Peterburgga qaytib ketdi.


XVIII asrning birinchi choragida Kichik, O‘rta, Katta juzga bo‘lingan qozoq sultonlari o‘rtasida o‘zaro kurash kuchaydi. Natijada ular nochor ahvolga tushib, tashqaridan yordam so‘rashga majbur bo‘lishdi. 1730-yilda Kichik juz sultoni Abulxayr Rossiyaga elchi jo‘natib, Rossiya tobeligiga o‘tish istagini bildiradi. 1732-yilda Kichik juz, 1739–1740-yillarda Semekexon boshchiligidagi O‘rta juz, 1747-yilda Katta juz ham Rossiya tobeligiga o‘tdi. Natijada Rossiya hukumati uchun Markaziy Osiyoni o‘z ta’siriga bo‘ysundirish yo‘lida qulay imkoniyat yuzaga keldi. 1734-yili senat kotibi I. Kirillov boshchiligida harbiy guruh tayinlandi. U ʻʻOral dengizida Rossiya bayrog‘ini ko‘tarishiʼʼ, ʻʻBuxoro va undan Hindistongaʼʼ boradigan yo‘lni ochishi, oltin konlarini izlashni davom ettirishi lozim edi. 1735-yilda Kirillov guruhi Or daryosi bo‘yida Or qal’asini qurdi (keyinchalik bu qal’a atrofida Orenburg shahri vujudga keladi), Yoyiq va Irtish sohillari (Sibir)da istehkomlar barpo etdi. Xonliklar savdogarlari Rossiya bilan Orenburgda savdo-sotiq qiladigan bo‘lishdi. XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab Rossiya savdo-iqtisodiy aloqalarida Markaziy Osiyo xonliklarining ahamiyati yanada orta bordi. Bunda, birinchidan, Rossiyada rivojlanib borayotgan sanoat uchun xomashyo manbalari topishga intilish, ikkinchidan, Osiyoda, xususan, Hindistonda Buyuk Britaniya ta’sirining kuchayib borayotganligi sabab bo‘lgan.
XVIII asr oxiri–XIX asr boshlarida rus sarmoyasi Markaziy Osiyo bozorida yetakchi o‘rinni egalladi. Ingliz mollari Rossiya orqali olib kelinardi. Nijegorod yarmarkasida rus savdogarlaridan tashqari o‘zbek xonliklari, Eron va Hindistondan kelgan savdogarlar ham qatnashgan. XIX asr boshlarida Rossiya o‘zbek savdogarlari uchun katta imkoniyatlar yaratdi, ba’zi cheklashlar bekor qilindi. Endi ular Rossiyaning ichkari shaharlariga ham borib savdo qila oladigan bo‘lishdi.