Dashti Qipchoq haqida
XI asrdan boshlab arab va manbalarida ʻʻDashti Qipchoqʼʼ deb ataluvchi geografik hudud tilga olinadi. Bu atama Sirdaryoning yuqori oqimi va Tyanshanning g‘arbiy yonbag‘ridan Dnepr daryosining quyi oqimiga qadar cho‘zilgan dashtlarga nisbatan ishlatilgan. Ural (Yoyiq) daryosi Dashti Qipchoqni sharqiy va g‘arbiy qismlarga ajratib turgan. Dashti Qipchoqning sharqiy qismi aholisi o‘zbeklar deb atalgan. O‘zbek atamasining ma’nosini siz VII sinf ʻʻO‘zbekiston tarixiʼʼ darsligidan bilib olgansiz.
Sharqiy Dashti Qipchoq-dagi siyosiy vaziyat.
1428-yilda Jo‘jining beshinchi o‘g‘li Shaybon naslidan bo‘lgan Abulxayrhon (1412–1468) sharqiy Dashti Qipchoqni egallab, alohida davlatga asos soladi. Tarixiy manbalarda bu davlat ʻʻO‘zbek ulusiʼʼ (o‘zbeklar mamlakati) deb ham ataladi. Abulxayrxon dastlab temuriylarga rasman qaram bo‘lgan Xorazmga hujum qilgan. 1446-yilda esa Sirdaryoning o‘rta oqimida joylashgan shaharlar — Sig‘noq, Oqqo‘rg‘on, Arquq, O‘zgan va Suzoqni bosib oladi. O‘z davlatining poytaxtini Turadan Sig‘noqqa ko‘chirdi. Bu endi Abulxayrxonning temuriylarga qarshi kurashga kirishganligining tasdig‘i edi. Samarqand taxti uchun kurash kuchaygan paytda Abulxayrxon vaziyatdan foydalanishga harakat qiladi. U 1451-yilda o‘zidan madad so‘ragan temuriyzoda Abu Said Mirzoga Samarqand taxtini egallashda yordam berish bahonasida yurish bosiladi. Abulxayrxon ko‘rsatgan yordami evaziga kattadan katta sovg‘alar bilan o‘z yurtiga qaytadi. Minnatdorchilik tariqasida Abu Said Mirzo Ulug‘bekning qizi Robiya Sultonbegimni Abulxayrxonga xotinlikka beradi. Abulxayrxon keyin ham bir necha bor Movarounnahr ishlariga aralashdi. Shu tariqa u Movarounnahrda borgan sari o‘z nufuzining ortishiga erisha olgan. 1468-yilda Abulxayrxon vafot etishi bilanoq, u tuzgan davlat parchalanib ketdi.
Muhammad Shayboniyxon
Muhammad Shayboniy Abulxayrxonning nabirasi bo‘lib, uning Shohbudog‘ Sulton ismli о‘gaining farzandi edi. Shohbudog‘ Sultondan ikki o‘g‘il qolgan: Muhammad Shayboniy va Mahmud Sulton. Muhammad Shayboniy 1451-yilda tug‘ilgan. Shayboniyning bobosi Abulxayrxon saroyida ham turkiylar odatiga ko‘ra tug‘ilgan go‘dakka ikki ism qo‘yish urf bo‘lgan. Ismlarning birinchisi islomiy (arab), ikkinchisi esa turkiy bo‘lgan. Tug‘ilganda Muhammad deb nom olgan Shayboniy o‘zining ikkinchi nomi bilan mashhur bo‘lgan.
Boburnoma asarida Shayboniyning ismi Shoyboqxon deb berilgan . Bu nom ʻʻkuch-qudratʼʼ degan ma’noni anglatadi. Ota-onasidan yoshligida yetim qolgan Muhammad Shayboniy otasiga otaliq qilgan amir Boyshayx qo‘lida tarbiyalangan. Boyshayx bu shahzodaga otalarcha mehribonlik ko‘rsatgan. Keyinchalik Shayboniyga nufuzli temuriy amirlardan boʻlmish Turkiston va O‘tror hukmdori Muhammad Mazid tarxon homiylik qildi. Shayboniy ukasi bilan Turkistonda uzoq vaqt yashamadi. Keyinchalik ular Buxoroda yashab, ilm o‘rgandilar, she’riyat va ilm-fanga oshno boʻldilar.
Balog‘atga yetgani sari Shayboniy ko‘nglida bobosi Abulxayrxon davlatini tiklash orzusi jo‘sh ura boshladi. U Dashti Qipchoqqa qaytib borib, lashkar to‘plashga muvaffaq bo’ladi. Ayni paytda, u bobosining davlatini tiklash yo’lidagi xatti-harakatini dastlab o‘z qo‘shini bilan temuriylarga yollanma qo‘shin lashkarboshisi sifatida xizmat qilishdan boshlagan. Shayboniyning xizmatidan ham Moʻgʻuliston, ham Movarounnahr, ham Xuroson hukmdorlari o‘zlarining qo‘shnilariga hamda ichki raqiblariga qarshi kurashda foydalanishgan. Bu kurashlarda Shayboniy o‘zining mohir lashkarboshilik qobiliyatini namoyon qildi. Turli hukmdorlarga xizmat qilish Shayboniyga temuriylar davlatidagi vaziyatni yaxshi bilib olishga imkon berdi.

Vaqtlar o‘tib, Shayboniyxon Sirdaryo bo‘ylaridagi qo‘rg‘onlarni ham egalladi. Bu qo‘rg‘onlar kelgusida unga Movarounnahrni istilo qilish uchun tayanch vazifasini o‘tadi.