Buxoroda mang’itlar sulolasi hukmronligining o‘rnatilishi


Buxoro xonligi davlat mustaqilligini yoʻqotishi

Buxoro Eron bosqiniga qarshi tura olmagach, Abulfayzxon taslim bo‘lish shartlari haqidagi shartnomani imzolash uchun Zarafshon daryosining bo‘yiga — Nodirshoh huzuriga borishga majbur bo‘ladi. Shartnomaga ko‘ra, Nodirshoh oliy hukmdor, Buxoro xonligi esa Eronga mute davlat deb tan olingan. Shuningdek, Nodirshoh qo‘shinlari uchun 8 yilga yetadigan 200 ming xarvor bug‘doy va arpa to‘plab beriladi. Bundan tashqari, Buxoro xonligi aholisidan 10 ming nafarli qo‘shin to‘planib, Nodirshoh ixtiyoriga jo‘natiladi.
Bu qo‘shinga Muhammad Hakimbiyning o‘g‘li Muhammad Rahim qo‘mondon etib tayinlanadi. Shu tariqa, Abulfayzxon amalda Eronga qaram qo‘g‘irchoq hukmdorga aylandi. Muhammad Hakimbiy esa qo‘shbegi (bosh vazir) lavozimini egalladi. Butun hokimiyat amalda uning qo‘lida to‘plandi. Endi ashtarxoniylar hukmronligining barham topishi muqarrar bo‘lib qoldi.


Muhammad Rahimbiy

Buxoroda ashtarxoniylar sulolasi hukmronligi davrida o‘zbek qabilalaridan mang‘itlarning nufuzi baland edi. Bu qabila haqiqiy hokimiyat ashtarxoniylar qo‘lida bo‘lib turgan davrlarda ularga sadoqat bilan xizmat qilgan. Biroq keyinchalik, Buxoroda mang‘itlar alohida nufuzga ega bo‘lish uchun astoydil kurashdi va Hakimbiy davrida bu maqsadiga erishdi. Muhammad Hakimbiy 1743-yilda vafot etgach, uning o‘g‘li Muhammad Rahimbiy o‘zining muntazam qo‘shinga egaligidan foydalanib, hokimiyatda otasi kabi alohida mavqe uchun da’vogarlik qila boshladi. So‘nggi ashtarxoniy Abulfayzxon uni otasining o‘rniga tayinlashga majbur bo‘ldi. Nodirshoh 1747-yilda o‘ldirilganidan so‘ng Eronda boshlangan ichki kurashlar Muhammad Rahimbiyning Buxoro taxtini egallashiga yo‘l ochib berdi. Uning buyrug‘i bilan Abulfayzxon ham 1747-yili o‘ldirildi. Muhammad Rahimbiy taxtga Abulfayzning o‘g‘li Abdulmo‘minni o‘tqazdi (soxta xon) va uni o‘ziga kuyov qilib oldi. Ko‘p o‘tmay Muhammad Rahimbiy kuyovi Abdulmo‘minni, uning o‘rniga o‘tqazilgan soxta xonlarni ham qatl ettirdi. Muhammad Rahimbiy Buxoro aslzodalari va ruhoniylarining qo‘llab-quvvatlashi bilan 1753-yilda hokimiyatni to‘la egalladi. Biroq mang‘itlar chingiziylar nasliga mansub bo‘lmaganligi uchun mang‘it hukmdorlari o‘zlarini xon deb emas, amir deb ataganlar. Ular ayni paytda mintaqaning diniy hukmdori — amir ul-mo‘minin hisoblanganlar.

Mang‘it hukmdori Muhammad Rahimbiy mamlakatda o‘zining mutlaq hukm dorligini o‘rnatish hamda ichki bosh-boshdoqlikni tugatish siyosatini tutdi. Bunday siyosatdan ko‘zlangan maqsad — markazlashgan davlatni tiklash edi. Muhammad Rahimbiy bu siyosatni ro‘yobga chiqarishga qat’iy kirishdi. U barcha mahalliy hukmdorlarni o‘z huzuriga chorlab, ularga o‘zining asl maqsadini, o‘z boshqaruv dasturini ma’lum qildi. Lekin davom etayotgan ichki nizolar, urushlar mamlakatni xonavayron qilayotgani, xo‘jalik, savdo-sotiq ishlarining izdan chiqayotgani, agar bu jarayonlar bundan buyon ham davom etadigan bo‘lsa, davlat halokati muqarrar ekanini alohida ta’kidladi. Qaysi mahalliy hukmdor markaziy hokimiyatga bo‘ysunmasa, ayovsiz jazoga tortilishi haqida ogohlantirdi. Muhammad Rahimbiy mustaqillikni da’vo etib yurgan Miyonqol, Nurota, Qo‘bodiyon, Boysun, Shahrisabz hamda Urgut bekliklarini to‘rt yil davomida o‘ziga bo‘ysundirdi. Ayni paytda, u markaziy hokimiyatga bo‘ysunmaslikka urinayotgan qabilalarni turgan joyidan ko‘chirtirib yuborish siyosatini tutdi. Masalan, burqut, qipchoq, yetti urug‘, bahrin, yuz, kenagas, saroy va boshqa qabilalarga nisbatan ana shunday siyosat yuritildi.


Doniyolbiy otaliq va Amir Shohmurod

Muhammad Rahimbiy yirik yer egalarining davlatni boshqarish ishlarida shu vaqtgacha davom etib kelgan aralashuvlarini keskin kamaytirishga erisha oldi. Shunday bo‘lsa-da, u barcha viloyatlarning markaziy hokimiyatni tan olishlariga toʻla erisha olmadi. Muhammad Rahimbiy vafotidan so‘ng uning amakisi Doniyolbiy otaliq hokimiyatni o‘z qo’liga oldi (1758–1785). U o‘z qo‘shinini mustahkamlashga, unga tayanib ish ko‘rishga harakat qildi. Barcha mangʻit beklariga katta yer-mulkni tanho qilib berdi. Xalqdan olinadigan soliqlarni ko‘paytirdi. Uning davrida Balx, Hisor, Ko‘lob, Oʻratepa viloyatlarining mustaqillikka intilishlari kuchaydi. Katta yer egalarining o‘zboshimchaligini esa sindira olmadi. O‘g‘illaridan biri Shohmurod darveshona hayot kechirar, shayx maslahati bilan bozorda yuk tashuvchilik qilardi. Keyin esa pichoqqa qin yasab sotib, shu orqali ro‘zg‘or tebratardi. Xalq orasida obro‘si katta boʻlgani uchun Doniyolbiy unga hokimiyatni topshirdi.

Amir Shohmurod (1785–1800) Amir Doniyolbiy otaliqning to‘ng‘ich o‘g‘li hisoblanib, yoshligidan xudojo‘y, porso bo‘lib o‘sgan. Madrasani bitirib, darveshlik jamoasi tarafdori, targʻibotchisidan biriga aylanadi. Xalq unga hurmat bilan ʻʻamiri ma’sumʼʼ (begunoh amir) unvonini bergan. Shohmurod o‘z faoliyatida ommaga tayanib ish tutdi. Adolat tamoyillariga qattiq amal qildi. O‘zi ham nihoyatda kamtarin hayot kechirgan. Masalan, bir yilda bir olacha chopon, bir bo‘z ko‘ylak kiygan. Boshiga olti gazli bo‘z salla, oyogʻiga echki terisidan tikilgan saxtiyon mahsi hamda kavush kiygan. Amir Shohmurod Samarqand shahrida katta bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdi. Shahar markazida olti qirrali chorsu qurilib, ʻʻToqi musaddasʼʼ deb atalgan. Samarqandning har bir madrasasiga imom, muazzin, mudarrislarni o‘zi tayinlagan. Talabalar va mudarrislarning maoshi uchun vaqf yerlari va mulklar ajratgan. Amir Shohmurod islohotlar o‘tkazib, davlatni mustahkamlashga erishdi. Boj va xirojdan boshqa barcha soliqlarni kamaytirdi. Rais (muhtasib) va qozi askar (harbiy sud) mansablarining nufuzini yanada orttirgan. Mamlakat iqtisodini yo‘lga qo‘yishda Shohmurod o‘tkazgan pul islohoti ham muhim ahamiyat kasb etdi. Ashtarxoniylar davrida zarb qilingan tangalarda kumush miqdori kamaytirib yuborilgandi. Shohmurod joriy qilgan qonun bo‘yicha kim mol-mulkka xiyonat qilsa, jamiyatdagi martabasidan qat’iy nazar qattiq jazoga tortilishi lozim edi. Bu tadbir xalq manfaatlariga tajovuzning oldini oldi.