Buxoro va Boburiylar davlati munosabatlari
Hindistondagi Boburiylar saltanati bilan Buxoro xonligi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning o‘rnatilishi Bobur va Ko‘chkunchixonlar nomi bilan bog‘liq.
Ko‘chkunchixon hukmronligi davrida Buxoro xonligi Boburiylar davlatini tan oldi hamda u bilan savdo va elchilik munosabatlarini o‘rnatdi. Ko‘chkunchixonning elchisi xon tomonidan Boburga Movarounnahring mashhur mayizlaridan, subxoni o‘riklaridan va boshqa noyob ne’matlaridan yetti tuyaga yuklangan sovg‘a-salomlari qatorida tortiq qilingan 200 ta yaxshi ot olib kelganligi manbalarda qayd etilgan. O‘z navbatida, Bobur ham Buxoro xonligiga elchilar yuborgan. Bu ikki davlat o‘rtasidagi savdo va elchilik munosabatlari Boburning o‘g‘li Humoyun hukmronligi yillarida ham davom etgan. Bunday munosabatlar keyingi shayboniy va boburiy hukmdorlar davrida yanada kengaygan. Chunonchi, Buxoroxoni Abdullaxon II safaviylarga qarshi kurashda boburiylar bilan birga harakat qilishga intilgan. Shu sababdan 1572-yili Abdullaxon II Akbarshoh huzuriga o‘zining elchilarini yubordi. Buxorolik elchilar o‘z hukmdorining sovg‘a-salomlari va maktubini olib borganlar. Bir qancha vaqtdan so‘ng yana javob sovg‘a-salomlari va maktubini olib, o‘z vatanlariga qaytganlar.
Abdullaxon o‘z maktubida ikki davlat o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini mustahkamlash istagini bayon qilgan edi. Bundan ko‘zlangan maqsad boshqa davlatlar tomonidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan hujum xavfiga qarshi ittifoq tuzish edi. 1577-yili Abdullaxon II Hindistonga ikkinchi marta elchi yuborgan. Bu elchi almashishdan siyosiy maqsad ko‘zlangan edi. Abdullaxon II to‘g‘ridan to‘g‘ri Eronni o‘zaro taqsimlab olishni taklif qildi. Lekin Akbarshoh bunga rozi bo‘lmadi. Chunki Akbarshoh fuqarolari turli din va diniy yo‘nalishlarga e’tiqod qiluvchi davlatlarning bir-biriga toqat qilib yashashlari tarafdori, diniy bag‘rikenglikni davlat siyosati darajasiga ko‘targan hukmdor edi.
Qolaversa, u Eron bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan. Akbarshoh tez orada Hindistonning shimolidagi Sind va Kashmirni egallaydi. Buxoro xonligi bu voqeani Hindistonning shayboniylar davlatining janubiy chegarasiga yaqinlashuvi deb hisoblaganlar. Chunki Movarounnahrda ham, Hindistonda ham Akbarshohni o‘z bobosi yurti — Movarounnahrni egallab olishga undovchi kuchlar bor edi. Shunday sharoitda, Abdullaxon II 1584-yilda Badaxshonni egallaydi. Bu voqeadan so‘ng Abdullaxon II Akbarshoh huzuriga 1585-yilda uchinchi marta elchi yubordi. Elchi Akbarshohga topshirgan maktubda Abdullaxon Badaxshonning egallab olinishi sabablarini tushuntirishga harakat qilgan edi. Abdullaxonning fikricha, musulmonlarning muqaddas shaharlari bo‘lgan Макка va Madinaga boradigan yo‘l Badaxshon orqali o‘tardi. Bu yo‘lni g‘ayridinlardan tozalash maqsadida Badaxshonni egallaganini bildiradi. 1586-yilda Akbarshoh o‘z elchisini Abdullaxonning elchilariga qo‘shib Buxoroga yuboradi. Akbarshoh o‘z maktubida Abdullaxonga Turkiya Eronning bir qismini bosib olganligidan tashvishlanayotganligini, Buxoro va Hindiston birgalikda Eronga yordam ko‘rsatishi zarurligini ma’lum qilgan edi.
Biroq Eron shayboniylar davlatini o‘zining asosiy raqiblaridan biri deb hisoblab kelayotgani uchun Abdullaxon II bunday ittifoqqa rozi boʻlmaydi. Bu paytda Eron shohi Abbos I Eronni birlashtirishga, mustahkamlab olishga erishgan edi. Ana shunday sharoitda Badaxshonda Abdullaxonga qarshi isyon ko‘tarildi. Buxoroda bu isyonda Akbarshohning qo‘li bor degan gumon paydo bo‘ladi. Badaxshon hokimi, Abdullaxon II ning o‘g‘li Abdulmo‘min Akbarshohga maktub yo‘llab, undan boshpana berilgan badaxshonlik isyonchilarni Buxoroga qaytarib yuborishini talab qildi. Natijada ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga sovuqchilik tushadi. Biroq Abdullaxon II Akbarshoh huzuriga o‘z elchisini yuborib, o‘g‘lining xatti-harakati uchun undan uzr so‘ragan.
Buxoro — Turkiya (Usmonli turklar davlati) munosabatlari
Manbalarda ta’kidlanishicha, Muhammad Shayboniyxon bilan Turkiya sultoni Boyazid II o‘rtasida Eron safaviylariga qarshi kurash to‘g‘risida shartnoma tuzilgan. Bu shartnoma Shayboniyxondan keyin ham davom etdi. 1515-yilda turk sultoni Sulton Salim huzuriga shayboniylar elchisi bordi. O‘z navbatida, Sulton Salimning elchisi o‘sha yili Buxoro xonligiga sultonning maktubini olib keladi. Sulton o‘z maktubida Ubaydullaxonni Eronda qarshi kurashga chaqiradi. Bu chaqiriq ostida, aslida, Turkiyaning manfaati yotar edi. Turkiya Buxoro xonligining ichki ishlariga ham aralashgan. Chunonchi, shayboniyzodalarning Movarounnahr taxti uchun kurashida Turkiya Toshkent hokimi Baroqxon Navro‘z Ahmadxon ibn Suyunchxo‘jaxonga yordam uchun harbiy kuch ham jo‘natgan. Baroqxonning Toshkentdagi qarorgohida 300 nafar turk askari doimiy xizmatda bo‘lgan, qurol-aslaha bilan ham ta’minlab turilgan. Turkiya safaviylarga qarshi kurashda shayboniylar kuchidan foydalanibgina qolmay, Buxoro xonligida o‘z siyosiy ta’sirini kuchaytirish maqsadida ham bu ichki kurashlarda faol qatnashdi.
Buxoro va Eron munosabatlari
Buxoro va Eron manfaatlari to‘qnashgan asosiy hudud Xuroson edi. Buning sababi Xurosonning ham harbiy-siyosiy, ham savdo-iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyatga ega ekanligida edi. Bundan tashqari, Xuroson Buxoro xonligi, Eron va Hindiston yo‘nalishida o‘ziga xos darvoza vazifasini ham o‘tar edi. Xurosonni nazorat qilish masalasida shayboniylar va safaviylar o‘rtasida keskin kurash ketgan. Bu masalada Muhammad Shayboniyxon, Ubaydullaxon va Abdullaxon II hukmronligi davrida shayboniylar ustunlik qildilar. Abdullaxon II Xurosonning Marv, Nishopur va Mashhad kabi yirik shaharlarini egallagan.
Buxoro–Rossiya munosabatlar
Buxoro xonligining Rossiya bilan munosabatlari XVI asrning ikkinchi yarmidan rivojlana bordi. Abdullaxon II Rossiya bilan savdo aloqalarini yaxshilashga harakat qilar ekan, bu orqali o‘z davlatining siyosiy ahvolni mustahkamlashga ham erishmoqchi edi. Chunki podsho Ivan Grozniy (1533–1584) davrida Rossiyaning mavqeyi kuchaya bordi. Ivan Grozniy davrida Qozon xonligi (1552), Hojitarxon xonligi (1556), Volga bo‘ylari va G‘arbiy Sibir hududlari Rossiya tomonidan bosib olingan edi. Bu hol Rossiyaga savdo yo‘llarini nazorat qilish imkonini berdi. Volga atrofidagi viloyatlarda savdo-sotiq ishlarini olib borish Buxoro xonligidan kelgan savdogarlar uchun ancha qulay edi. Ularga eng yaqin qo‘shni mamlakat Rossiya bo‘lib qolgandi. Bu hol ko‘p jihatdan Qozon tatarlari hamda boshqirdlarga din va til yaqinligi bilan izohlanar edi. Shuning uchun ham Abdullaxon II tom onidan 1557–1558- yillarda Moskvaga elchilar yuborilgan. Elchilar Astraxan orqali Moskvaga borib, Ivan Grozniy huzurida boʻlmadilar. Ular o‘z xonlari nomidan savdogarlarning Volga bo‘ylab erkin o‘tishlariga ijozat so‘raydilar. Elchilar Moskvadan juda ko‘p o‘q-dori, ov qushlilari va matolar bilan qaytgan.
Ayni paytda, Rossiya ham Buxoro xonligi bilan savdo-sotiq ishlarini rivojlantirishdan manfaatdor edi. Bu manfaatdorlik, avvalo, Buxoroning Rossiya tovarlarini sotish uchun qulay bozorligida edi. Ikkinchidan esa Rossiya Buxoro xonligi orqali Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan savdo aloqalarini rivojlantirish imkoniga ega bo‘lardi. Bunda, birinchi navbatda, Hindistonga chiqish maqsadi hisobga olingan edi. 1555-yili Moskvada tashkil etilgan ʻʻMoskva savdo kompaniyasiʼʼ vakili Antoniy Jenkinson boshliq elchilar rus podshosining guvohnomasi bilan 1558-yili Buxoroga yuboriladi. Elchi Antoniy Jenkinson Buxoro xoni Abdullaxon II tomonidan qabul qilindi. Elchi xonlikning xalqaro va ichki savdo imkoniyatlarini ʻʻRossiyadagi Moskva shahridan Baqtriyadagi Buxoro shahrigacha 1558-yilgi sayohatʼʼ nomli esdaliklarida bayon etadi. Antoniy Jenkinson elchiligi natijasida Rossiya va Buxoro xonligi o‘rtasida yaxshi savdo va diplomatik aloqalar yo‘lga qo‘yildi