Buxoro amirligi XIX asrning birinchi yarmida


Buxoro amir Haydar hukmronligi davrida

Amir Shohmurod vafot etgach, taxtga uning o‘g‘li Haydar o‘tirdi (1800–1826). Ayrim viloyat hukmdorlari uning tajribasizligidan foydalanib, markaziy hokimiyatga bo‘ysunmaslikka urinishgan. Biroq amir Haydar katta qiyinchiliklar bilan bo‘lsa-da, ulardan aksariyatining qarshiligini sindira olgan va markaziy hokimiyatga bo‘ysundirgan. Aksariyat viloyatlar mustaqilligining tugatilishi davlat yerlari zaxirasini ko‘paytirgan. Bu esa davlat yerlarini ijaraga olib ishlovchilar sonining oshishiga olib kelgan. Bu omil amirlik iqtisodiyotining tez sur’atlar bilan o‘sishiga xizmat qilgan. Amir Haydar hukmronligi davrida mamlakat ichki va tashqi savdosi ham o‘sdi. Amir Haydar o‘z davrining eng bilimdon hukmdorlaridan biri boʻlgan. Qur’oni Karimni yoddan bilgan. Amir huzurida tez-tez diniy va ilmiy mulohazalar o‘tkazib turilgan. Buxoro madrasalariga chet davlatlardan o‘qishga keluvchilar soni ortib borgan.


Ular uchun qulay sharoit yaratish choralari ko‘rilgan. Amir Haydarning o‘zi ham madrasa talabalariga ma’ruzalar o‘qigan. Ayni paytda, amir Haydar qanchalik hurmat qilinmasin, amirlikda toʻla osoyishtalikni ta’minlay olmagan. Bunga jamiyat hayotidagi adolatsizliklar ham sabab boʻlgan. Viloyatlardagi xalq noroziligidan ayrim viloyat hokimlari va yirik zodagonlar markaziy hokimiyatdan mustaqil boʻlish maqsadi yoʻlida foydalanib qolishga urinishgan. Amir Haydarning ukasi Dinnosirbek hokimlik qilayotgan Marv viloyati aholisi 1804-yilda qo‘zg‘olon koʻtargan. Amir Haydarga qarshi boʻlgan kuchlar esa undan foydalanib, Dinnosirbekni amirlik taxtiga oʻtqazmoqchi boʻlishgan. Biroq markaziy hukumat bunga qarshi keskin choralar ko‘rishga majbur boʻlgan. Amir Haydar ukasi Dinnosirbek boshliq qo‘zg‘olonchilarga qarshi Niyozbek parvonachi boshchiligida qo‘shin yuborgan. Niyozbek parvonachi buyrugʻi bilan Marv vohasini suv bilan ta’minlab turgan Sultonbandi to‘g‘onini buzdirib tashlagan. Suvsiz qolgan marvliklar jang qilmay, o‘zlari yashab turgan joylardan boshqa yurtlarga ketishga majbur boʻlgan. Dinnosirbek esa Erondan boshpana topgan. Harbiy harakatlar oddiy mehnatkashlarning ham og‘ir ahvolini yanada og‘irlashtirgan. Bu ham yetmaganidek, harbiy harakatlar uchun qoracherikka safarbarlik va yer solig‘ining muddatidan oldin yig‘ib olinishi 1821-yili Miyonqolda qo‘zg‘olon ko‘tarilishiga olib keldi. Lekin amir Haydar qo‘zg‘olonchilarning kuchini to‘la sindirolmaydi va qo‘zg‘olonchilarga yon bosishga, ularning mulki daxlsizligi xususida yorliq berishga majbur bo‘ladi.


Amir Nasrullo hukmronligi

Amir Haydar vafot etgach, qisqa vaqt oralig‘ida uning ikki o‘g‘li taxtga o‘tirgan. Biroq ular fitna qurboni boʻlishgan. Nihoyat, taxtni uning uchinchi o‘g‘li Nasrullo egallagan (1826–1860). Amir Nasrullo amirlik tarkibiga rasman kirgan bekliklari yagona davlatga birlashtirish yo‘lida qat’iyat bilan kurash olib bordi. U qanchalik qattiqqo‘l boʻlmasin, uning davrida ham bekliklarning mustaqillik uchun kurashiga to‘la chek qo‘yishning iloji bo‘lmadi. Masalan, Shahrisabz va Kitob bekliklarini toʻla bo‘ysundirish uchun kurash 30 yil davom etgan. Va nihoyat, 1856-yildagina u Shahrisabz va Kitobni o‘ziga bo‘ysundirishga muvaffaq boʻlgan.


Amirlikning qurolli kuchlari

Amirlik muntazam (doimiy) qo‘shinga ega emasdi. Mavjud qo‘shin nomuntazam bo‘lib, qoracherik deb atalgan. Bu qo‘shin zaruriyat tugʻilganida viloyatlardan to‘plangan. Amir Nasrullo qoracherik o‘rniga muntazam qo‘shin (navkariya) tuzish maqsadida 1837-yilda harbiy islohot oʻtkazgan. Muntazam qo‘shinga ega boʻlish, birinchi navbatda, davlat yaxlitligini ta’minlashga xizmat qilardi. Zero, bunday qo‘shin markaziy hokimiyatdan mustaqil boʻlishga urinayotgan viloyatlarning imkoniyatlarini amalda yo‘qqa chiqarar edi. Ikkinchidan, qishloq xo‘jaligida mehnat qilayotgan kishilardan qoracherikka safarbar etiluvchilar sonining keskin kamayishiga olib kelar edi.
Natijada safarbarlik davrida qishloq xo‘jaligi ekinlari qarovsiz qolishining oldi olinardi. Uchinchidan esa, zaruriyat tugʻilganida amirni viloyatlar yuborishi lozim boʻlgan qoracherikka umid bogʻlashdan xalos etardi. Zero, barcha viloyatlar ham qoracherikni talab etilgan miqdorda yuboravermas edilar.
1837-yilda oʻtkazilgan harbiy islohotga ko‘ra, dastlab 800 kishilik sarbozlar (piyoda askarlar) va 250 kishilik to‘pchilardan iborat muntazam qo‘shin tuzilgan. Ularning yashashlari uchun maxsus uy-joylar qurilgan. Sarbozlar maxsus kiyim (qizil kamzul, oq shalvar va qalpoq), nayzali miltiq, qilich va to‘pponcha bilan ta’minlangan. To‘pchilar qismini shakllantirishda chetdan to‘p quyish va to‘pdan otish ilmini o‘rgatuvchi mutaxassislar jalb etilgan. Navkariya tarkibida otliq qo‘shin (navkar) ham boʻlgan. Muntazam qo‘shinning harbiy xizmatchilariga mansab darajasiga qarab maosh toʻlangan.


Ichki siyosat

Mang‘it hukmdorlari ichki siyosatining asosiy maqsadi markaziy hokimiyatni mustahkamlash, xalq ommasini qattiq itoatda tutishdan iborat boʻlgan. Ayni paytda, mangʻit hukmdorlari yirik zodagonlarning nufuzini kamaytirishga imkon beruvchi tayanch kuchlarni vujudga keltirish siyosatini tutdi. Bunday ijtimoiy tayanch davlatga xizmat qiluvchi amaldorlar tabaqasi boʻlishi mumkin edi. Mangʻit hukmdorlari ana shunday amaldor xizmatkorlar tabaqasini yarata oldilar. Amir saroyida xizmat qiluvchi 300 ga yaqin yuqori amaldorlik lavozimi joriy etildi. Bundan tashqari, mangʻit amirlari markazlashgan mutlaq hokimiyatni barpo etishni o‘zlarining bosh vazifalaridan biri deb hisoblashgan. Shu maqsadda ular amir shaxsiga sigʻinish siyosatini yuritishgan.

Amir shu darajada oliy hokimiyat mavqeyiga koʻtarilganki, jazoga tortilishdan qo‘rqqan fuqaro uning nomini baland ovoz bilan ayta olmasdi. Hukmron tabaqalar amirga xushomadgo‘ylik qilishardi. Amaldorlar amirdan ko‘rsatma kutib oʻtirmasdan uning xohish-istagini topa bilishga intilardi. Har bir amaldor amirning, kichik amaldor o‘zidan katta amaldorning qahriga uchrab qolishdan qo‘rqib yashardi. O‘zining bugungi mavqeyi, mulki, hayoti, oilasining omonligi uchun shunday bir qo‘rquv muhiti vujudga keltirilgan ediki, natijada hech kim ishonch bilan ertangi kunidan umidvor boʻla olmay qolgandi. Amirlar mangʻit qabilasidan boʻlgani uchun bu qabilani o‘zlarining asosiy siyosiy va ijtimoiy tayanchlariga aylantirgan edilar. Davlat muassasalari, asosan, ulardan tashkil etilgan. Buxoro amirlari o‘zbek qabilalari boshliqlarining o‘z qabiladoshlariga ta’sirini juda yaxshi bilishardi. Qabila boshliqlari bilan o‘zaro til topishish — mamlakat xavfsizligining asosiy kafolatlaridan biri edi. Shuning uchun ham mangʻit amirlari boshqa o‘zbek qabilalari boshliqlarini o‘z xizmatlariga olishardi.