Yer mulkchiligi shakllari
Buxoro davlatida yer-suv mulkchiligining uch shakli mavjud edi: 1)davlat yerlari (bu amlok yerlar deb ham atalgan); 2)mulk yerlari (xususiy); 3)vaqf yerlari. Davlat yerlarining suvsiz dasht, to‘qayzor qismi ko‘chmanchi jamoalarga bo‘lib berilgan bo‘lib, ular bu yerlardan foydalanganliklari uchun davlatga xiroj to‘lashardi. Bunday yerlar sotilmasdi va ayirboshlanmasdi. Davlat yerlarining boshqa bir qismi hukmron sulola a’zolariga, yirik davlat mansabdorlariga, lashkarboshilariga davlat oldidagi xizmatlari evaziga suyurg‘ol shaklida in’om etilgan edi. Suyurg‘ol olganlar u yerni boshqarish huquqini ham olganlar. Suyurg‘ol egasi davlat xazinasiga xiroj toʻlashi hamda oliy hukmdorning chaqirig‘iga ko‘ra, o‘z qo‘shini bilan harbiy yurishlarda ishtirok etishi lozim edi. XVI asrdan boshlab davlat yerlarini ʻʻtanhoʼʼ deb nom olgan shaklda in’om etish qaror topa borgan. Bunday in’omga sazovor boʻlgan kishi yerga emas, mansabining darajasiga qarab shu yerdan olinadigan soliqning ma’lum qismiga egalik qilgan. XIX asrda ham amirlikda tanholarning soni tobora ortib borgan. Eng kichik tanho yeri 3–5 gektarni tashkil etgan.
Davlat yerlarining yana bir qismi dehqonlarga ijaraga berilgan. Xazinaga eng ko‘p soliq ham ana shu yerlardan tushar edi. Xususiy yerlar (mulk)ning bir qismi xususiy shaxslarning yerlari boʻlib, ularning bu yerlarga egalik qilishlari davlat xizmati bilan bogʻliq boʻlmagan. Bunday yerlar, asosan, amirlikda asrlar osha yashab kelayotgan arablarga qarashli bo‘lgan. Bu yerlarning 1/10 qismi miqdorida oʻlpon toʻlanardi. Mulk yerlarining ikkinchi qismi (mulki hur yoki mulki hurri xolis) davlat xizmati bilan bogʻliq boʻlib, bunday yerlar urushlarda jasorat ko‘rsatgan yoki hukmdorning alohida topshiriqlarini bajarishda namuna ko‘rsatgan shaxslarga berish natijasida vujudga kelgan. Bunday yerga ega boʻlgan shaxslarga maxsus yorliqlar berilgan hamda ular barcha soliqlardan ozod etilgan. Vaqf yerlari bu — masjid, mozor, xonaqoh, madrasa va maqbaralar uchun ajratilgan yerlar edi. Bunday yerlar musodara etilgan, davlat hamda yirik yer egalari tomonidan hadya etilgan yerlar hisobiga vujudga keltirilar edi. Masjid, madrasa, qabristonlarning asosiy sarf-xarajatlari, shuningdek, talaba, mudarris hamda mutavallilarga beriladigan nafaqa va maoshlar vaqf yerlaridan olinadigan daromad hisobidan qoplanar edi. Vaqf mulkini mutavalli tasarruf etishi belgilab qo‘yilgan edi.
Soliq tizimi va majburiyatlar
Amirlikda asosiy soliq xiroj deb atalgan. U hosil ulushidan, asosan, mahsulot bilan to‘lanardi. XIX asrda xirojning bir qismi pul bilan ham yig‘iladigan bo‘lgan. To‘lanadigan xiroj miqdorini aniqlashda amlokdor o‘z odamlari bilan dehqonchilik dalasiga chiqib, qishloq oqsoqoli ishtirokida hosil miqdorini ko‘z bilan chamalab aniqlab chiqqan. Xirojdan tashqari bog‘, poliz, ekilgan yerlardan tanobona deb atalgan soliq ham olingan. Bu soliqning miqdori ekinzorning bozorga uzoq-yaqinligiga qarab belgilangan. Keyinchalik polizlarga yangi soliq — qo‘sh puli solinadigan bo‘ldi. Uning miqdori yer haydashga yaroqli har bir juft ho‘kiz hisobidan kelib chiqib belgilangan.
Soliq tizimi orasida zakot deb atalgan soliq ham bo‘lgan. Uning miqdori soliq solinadigan narsa qiymatining 2,5% ini tashkil etgan. Zakot solig‘iga, asosan, chorva mollari egalari va savdogarlar tortilgan. Tanobona, zakot, qo‘sh puli soliqlari esa faqat pul shaklida olingan. Kanallar, inshoot, qal’a, ko‘priklar, yo‘llar ta’miri hashar yo‘li bilan amalga oshirilgan. Boshda hasharchilar oziq-ovqat bilan ta’minlangan. XVIII asrdan boshlab hasharga keluvchilar oziq-ovqati, ish asboblari, ot-aravasi bilan kelishi lozim bo‘lgan.
Qishloq xo‘jaligi va sug‘orish ishlari
Markaziy Osiyoda, jumladan, Buxoro davlatida ham qishloq xo‘jaligining taqdiri sun’iy sug‘orishning qanchalik to‘g‘ri hal etilganligiga bog‘liq edi.
Shuning uchun ham XVIII asrda sug‘orish tarmoqlarining kengaytirilishiga alohida e’tibor berildi. Zarafshon daryosida Xurmo va Sarazm nahr (ariq)lari chiqarilgan. Ularning biri to‘rt chaqirim, ikkinchisi uch chaqirim uzunlikda bo‘lgan. Amir Shohmurod zamonida 40 chaqirim (1 chaqirim 0,9 km ga teng) uzunlikdagi Qozonariq (Urgut tumanini sug‘organ), 24 chaqirim uzunlikdagi Toyman arig‘i, 24 chaqirim uzunlikdagi To‘g‘uzariq qazilgan. Yana Oqdaryo va Qoradaryodan ham ariqlar chiqarilgan. Sug‘orish inshootlarini yaroqli holda saqlashning og‘ir yuki mehnatkashlar gardanida edi. Aynan ularning matonatli mehnati, sabr-toqati, sug‘orish inshootlarining muqim ishlashini ta’minlar edi. Dehqonlar suvdan foydalanishda asrlar davomida juda katta tajriba to‘plagan edilar. Ular shunday sug‘orish inshootlarini bunyod eta olganlarki, unga tan bermaslikning iloji yo‘q edi. Xususan, suv ayirg‘ich to‘g‘oni qurishdagi mohirlik buning isbotidir.
Daryo va kanallarga o‘rnatilgan chig‘ir eng ko‘p ishlatiladigan suv ayirg‘ich edi. Shunday chig‘irlar ham yaratilganki, ular suvni hatto 4 metr va undan ham balandga chiqarib bera olardi. Suvni chuqur ariqlardan chiqarib olish uchun tutqichli suv ayirg‘ichlar ishlatilar, bunda ot, tuya, eshak va ho‘kiz kuchidan foydalanilar edi. Bu kabi inshootlar Buxoro xonligi xo‘jaligida katta o‘rin tutgan. Bu hayot ta’minoti bo‘lgan inshootlarning bosh bunyodkori — dehqonlar ommasi edi. Har bir dehqon xonadoni yiliga 60 kundan 100 kungacha sug‘orish inshootlari qurish, kanal va ariqlarni tozalash, sozlash ishlarida qatnashishgan. Dehqonchilik mehnat qurollari nihoyatda sodda edi. Oddiy dehqon so‘qasi (omoch) asosiy dehqonchilik quroli edi. Ot, ho‘kiz, sigir, tuya, eshak dehqonning suyanchig‘i hisoblangan. Yaxshiyamki, O‘zbekiston tuprog‘i hosildor, iqlimi qulay mamlakatdir. Shu ikki muhim omil ancha serhosil va unumdor dehqonchilikni yo‘lga qo‘yish imkonini berar edi.
Amirlik yerlarida paxta, bug‘doy, jo‘xori, tariq, arpa, beda yetishtirish dehqonchilikning asosini tashkil etardi. Deyarli har bir dehqon xo‘jaligida o‘z ehtiyoji va sotish uchun paxta yetishtirilardi. Ipakchilik, bog‘dorchilik, sabzavotchilik va polizchilik keng rivojlangan. Piyoz, sabzi, bodring, qovoq, qovun, tarvuz, olma, olxo‘ri, o‘rik, shaftoli, nok, yong‘oq, bodom, anjir, uzum yetishtirilar edi. Buxoro amirligi o‘zining qovun va uzumi bilan mashhur edi. Ko‘pgina shaharlarni bog‘lar o‘rab turardi. 4 qismdan iborat alohida reja asosida bunyod etilgan bog‘lar ham bo‘lardi. Bog‘ qismlarining har birini ariqlar ajratib turgan. Bunday bog‘lar chorbog‘ deb atalgan. Buxorodagi Jo‘ybor, Toshkentdagi Kaykovus bog‘lari eng mashhur bog‘lar edi. Amirlikda bo‘yoq olinadigan o‘simlik — mardona ham o‘stirilgan. Dorivor o‘simliklardan esa dorilar tayyorlashgan. Amirlikda garchand salmog‘i dehqonchilikdan pastroq bo‘lsa-da, chorvachilik ham rivojlangan. Chorvachilik tumanlarida dumbali va qorako‘l qo‘ylar, yirik shoxli qoramollar, tuya va otlar boqilgan. Jun, ter, go‘sht, sut-qatiq va yog‘ kabi chorvachilik mahsulotlari xalq hayotida muhim rol o‘ynagan.