Davlat tuzumi va ma’muriy bo‘linish
Buxoro davlat tuzumiga ko‘ra monarxiya davlati edi. Davlat tepasida amir, ya’ni yakka mustabid hukmdor turgan. Hukmdor rasman cheklanmagan huquqqa ega bo‘lib, butun hokimiyat uning qo‘lida to‘plangan. U o‘zi ishongan eng oliy toifadagi amaldorlar (arkoni davlat) hamda qabilalarning boshliqlari bilan hisoblashib ish tutgan. Buxoro amirligi ma’muriy jihatdan viloyatlarga va tumanlarga bo‘lingan. Chunonchi, amirlik davlati 40 viloyat va tumanliklardan iborat edi. Amirlikning yer maydoni taxminan 270 ming km, aholisi esa 2 mln atrofida bo‘lgan. Aholisini o‘zbeklar, tojiklar, turkmanlar, qolgan qismini esa qoraqalpoqlar, qozoqlar va boshqa xalqlar tashkil etgan. Amir tayinlaydigan hokim boshqaradigan hudud viloyat deb atalgan. Amirlikda eng quyi ma’muriy boʻlinma amlokdorlik (bir nechta katta-kichik qishloqlar birikmasi) deb atalgan. Uni amlokdor boshqargan. Boshqaruv ishida qishloq oqsoqollari, amin va miroblarga tayangan. Amlokdor (ʻʻmulk egasiʼʼ degan ma’noni anglatadi) yetishtirilgan hosilning hisobini yuritish, soliqlar va boshqa tushumlarning belgilangan muddatlarda yig‘ilishi uchun mas’ul bo‘lgan. Amin (ʻʻishonchli, halol odamʼʼ)ning asosiy vazifasi soliq va boshqa tushumlarni yig‘ish, aholi ustidan nazorat olib borish va ariqlardagi suvni ekin maydonlariga taqsimlash bo‘lgan. Qishloq mirobi esa suv inshootlarining o‘z vaqtida ta’mirlanishini, qishloqlar uchun ajratilgan suvning ariqlar bo‘yicha to‘g‘ri taqsimlanishini ta’minlagan.
Yuqori davlat lavozimlari
Amirlikning poytaxti Buxoro shahri va viloyatini qo‘shbegi boshqargan. Xazina amirning mulki bo‘lgan. Amirlikning davlat muassasalari ma’muriy, moliya, qozilik, mirshablik va harbiy idoralardan iborat bo‘lgan. Ularning har biriga tayinlangan amaldor rahbarlik qilgan. Buxoro amirligi saroyida 30 ga yaqin amaldor xizmat qilgan. Mahalliy boshqaruv muassasalarida xizmat qiluvchilarning soni 30 ming atrofida bo‘lgan. Viloyatlarning beklari (hokimlari) xon tomonidan tayinlangan. Markaziy hokimiyatda devonbegi, ko‘kaldosh, qo‘shbegi, mushrif, mirshab, dodxoh, inoq, miroxur, dasturxonchi, kitobdor, parvonachi, sadr, shayxulislom, qozikalon, muftiy, muhtasib kabi yuqori martabali lavozimlar joriy etilgan. Eng katta davlat lavozimi — qo‘shbegi (vaziri buzruk), ya’ni bosh vazir lavozimi edi. Davlatning barcha boshqaruv idoralari unga bo‘ysunar edi. Bir so‘z bilan aytganda, barcha ijroiya Yuqori davlat lavozimlari hokimiyat qo‘shbegining qo‘lida edi. Viloyat va tuman hokimlari ham qo‘shbegi tavsiyasiga binoan tayinlanar edi. Qo‘shbegi xon Arkida yashagan.
Devonbegi — xonlikning moliya-xazina ishlarini boshqargan. Soliqlar undirilishi ustidan nazorat olib borgan.
Mushrif — amaldorlar xonga in’om etgan buyumlarni hamda harbiy anjomlarni ro‘yxatga olgan. Soliq tushumlarini yozib borgan.
Mirshab — tungi shahar soqchilari boshlig‘i vazifasini bajargan.
Inoqning vazifasi amir farmoyishlarini beklardan boshqa tabaqaga yetkazishdan iborat bo‘lgan.
Amir otxonasining boshlig‘i miroxur deb atalgan.
Dasturxonchi lavozimidagi amaldor amir huzurida uyushtiriladigan ziyofatlar uchun mas’ul bo‘lgan bo‘lsa, kitobdor amir kutubxonasi boshlig‘i bo‘lgan.
Amirlikda harbiy qo‘shin bosh sarkardasi parvonachi deb atalgan.
Sadr esa vaqf mulklarini boshqargan.
Poytaxt qozisi (qozikalon) — davlatning oliy qozisi (sudyasi), amir aralashmaydigan barcha qozilik ishlariga rahbarlik qiluvchi oliy davlat lavozimi. Qozikalon shariatpanoh deb ham atalardi.
Qozikalon murakkab deb hisoblagan turli diniy-huquqiy masalalar bo‘yicha shariatga asoslanib, fatvo chiqaruvchi shaxsga muftiy deyilgan.
Shuningdek, siz 6-mavzuda bilib olgan ko‘kaldosh, dodxoh, otaliq, shayxulislom, muxtasib kabi lavozimlar ham bo‘lgan.