ZAVQIY (1853 – 1921)


Zavqiy XIX asr 2-yarmi va XX asrning 1-choragida yashab ijod etgan yirik ijodkorlardan biridir. Zavqiy taxallusi bilan shuhrat qozongan Ubaydullo Qoʻqon shahrida Usta Solih maxsidoʻz oilasida tugʻildi. Yoshligidanoq Usta Solih uning tarbiyasiga jiddiy ahamiyat beradi, moddiy qiyinchiliklarga qaramay avval mahalliy maktabda, soʻng Madrasai Oliy va Madrasai Chalpakda oʻqitadi. Madrasa taʼlimi va shaxsiy tinimsiz mutolaa Ubaydullo isteʼdodining kamol topishida, fors va arab tillarini egallashida, Sharq adabiyotining buyuk namoyandalari ijodiy meroslarini chuqur oʻrganishida mustahkam zamin boʻladi. Madrasada oʻqib yurgan davrida birinchi sheʼriy mashqlarini yozgan Zavqiy tez orada Qoʻqon adabiy muhitining Muqimiy, Muhyi, Furqat kabi ilgʻor shoirlari davrasiga kelib qoʻshildi, ular bilan mustahkam ijodiy hamkorlik oʻrnatdi. Zavqiy umrining oxiriga qadar maxsidoʻzlik hunarini tashlamadi. Avvaliga madrasa hujralaridan birida, keyinchalik bozor rastasida ochgan kichik doʻkonida kosibchilik bilan ota-onasiga qarashdi, oʻz oilasini tebratdi.


Bu hunar ayni zamonda Zavqiyning mehnatkash xalq bilan doimo hamnafas yashab, oddiy kishilarning turmush sharoiti va orzu-intilishlaridan bevosita xabardor boʻlishida juda qoʻl kelgan. Zavqiy XIX asrning 70–80-yillaridayoq xalqchil shoir sifatida uzil-kesil shakllanib, davr adabiy hayotida koʻrinarli oʻrin egalladi, sheʼriyat muxlislari orasida shuhrat topdi. Oʻz ijodiy faoliyatini ishqiy gʻazal, muxammaslar yozishdan boshlagan Zavqiy tez orada ijtimoiy mavzularga, davrning dolzarb muammolariga diqqatini qaratdi, mehnatkash xalq hayotidan, shahar va qishloqning ezilgan tabaqasi turmushidan lavhalarni badiiy tahlil etishga kirishdi. Mustamlaka voqeligiga va ijtimoiy hayotdagi salbiy hodisalarga tanqidiy yondashuv, shaxslar faoliyati va tabiatidagi yaramaslik, pastkashlik, nopoklik, firibgarlik kabi belgilariga hajviy munosabat shoir asarlarining yetakchi gʻoyaviy mazmuni darajasiga kоʻtarildi. Milliy adabiyotimizda Muqimiy bosh boʻlgan hajviy yoʻnalishning keng taraqqiy topishida koʻplab hajviy asarlar yozgan Zavqiyning xizmatlari juda katta boʻldi. Shoirning ijtimoiy mavzudagi va hajviy ruhdagi qator asarlarida chor mustamlakasiga aylantirilgan oʻlka hayotining eng dolzarb muammolari, jumladan, mavjud jamiyatdagi insoniy haq-huquq va moddiy boyliklarga egalik jihatidan keskin tabaqalanish mavjudligi hamda uning oqibatlari haqida jiddiy mulohazalar, qatʼiy xulosalar bayon etiladiki, bunday asarlar oʻsha davr adabiyotida yangilik boʻldi. «“Zam ona kimniki” deb nomlangan muxammasida Zavqiy ilgʻor ijtimoiy-siyosiy qarashlarini badiiy yuksak misralarda nihoyatda taʼsirchan va keskin bayon etadi. Chor mustamlakasi maʼmuriyati va mahalliy zoʻravonlar hukmron boʻlgan mavjud tuzumda shoirning qatʼiy fikricha:


Davlatu izzu sharaflar mardi bodunyoniki!
Bu zamona gʻarch kavush kiygan silliq salloniki!
Davru davron hama joyda hokimu mirzoniki!»


Xuddi shu muxammasda shoir “Xoh kosib, xoh dehqon qaygʻa borsa bagʻri qon!”, “Bekas-u bechora soʻziga kishi bermas javob. Shu sababdan beva-yu bechoralar bagʻri kabob!” deya jamiyatdagi ezilgan tabaqaning ayanchli hayotini haqqoniy tasvirlaydi. Mustamlaka etilgan jamiyatdagi hukmron adolatsizlikni haqqoniy tasvirlash mavzusi Zavqiyning yana bir nechta sheʼrlarida ham (“Kajdoi zamona”, “Ajab zamona”, “Abdurahmon shayton” va boshqalar) xuddi shunday xalqchil ruhda tahlil etilgan. Zavqiyning “Muncha koʻp” radifli hamda “Ajab zamonadur, ahbob bosh qotib qoldi” misrasi bilan boshlanuvchi muxammaslari XIX asr boshlari sheʼriyatimizdagi eng oʻtkir ijtimoiy asarlar jumlasiga kiradi. Zamonasidagi adolatsizlik, huquqsizlik, mashaqqatli hayot xalqchil shoir qalbini larzaga soladi, xususan, mehnat ahlining cheksiz azob-uqubatga, kulfat-xorlikka mahkum etilganligidan qatʼiy norozilik tigʻday oʻtkir misralardan oʻquvchi ongiga koʻchadi, unda ham oʻsha tuzumga nisbatan nafrat, oʻsha nochor ommaga nisbatan achinish va xayrixohlik tuygʻularini shakllantiradi. «Taʼkidlash lozimki, “Muncha koʻp!” radifli muxammasida savol ohangidan koʻra qatʼiy tasdiq, xitob ohangi ustivor:


Zolim falak bisotida ozor muncha koʻp!
Inson sharafli nomida xor muncha koʻp!
Har koʻchalarda qashshoq ila zor muncha koʻp!
Tarxi jahon binosida badkor muncha koʻp!
Hoʻqand aro baloga giriftor muncha koʻp!»


Zavqiy ijodiy merosida qishloqlar holati, dehqon ahli hayoti mavzusi ham katta oʻrin tutadi. Zavqiy Fargʻona vodiysi boʻylab yakka oʻzi, baʼzan esa Muqimiy bilan hamrohlikda bir necha bor sayohatlar uyushtiradi. Bunday safarlar qishloqning ahvoli, dehqon ahli turmushi bilan, ularning ogʻir mehnatlari va nochor kun kechirishlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini bergan. Bu taassurotlar esa Zavqiyning qator asarlarida oʻzining badiiy ifodasini topgan. Bu turkumda qish-u yoz, kecha-yu kunduz mehnatda kuyib ishlayotgan, gʻamli kuyuk kulchasini ham umrida toʻyib yemagan, oriq, rangi sariq, qorni ochlikdan shishgan dehqonlarning ayanchli turmushlari ularga toʻla xayrixohlik, hamdardlik ruhida kuchli achinish bilan tasvirlangan. “Yangiqoʻrgʻon qishlogʻi”, “Suv janjali”, “Shohimardon sayohati” sheʼrlari shu turkumga kiradi. 1898-yilda uyushtirilgan ana shunday sayohati chogʻida Zavqiy Andijon qoʻzgʻolonini bostirish bahonasida chor maʼmuriyatining butun xalq boshiga balolar keltirib, ayovsiz jazo choralarini koʻrganiga, qanchadan qancha kishilarni dorga osib, taʼqib-tazyiqni kuchaytirganiga, koʻplab qishloqlarni toʻpga tutib yer bilan yakson qilganiga jonli guvoh boʻldi.
Xuddi shu taassurotning badiiy mevasi sifatida “Eshon” radifli sheʼr maydonga keldi. Shoir bu xalq qoʻzgʻolonining asl mohiyatini, uning asosiy maqsadini toʻgʻri tushuna olmadi. Mustamlaka maʼmuriyati koʻrgan jazo tadbirlari oqibatida oddiy xalq ahvolining yanada ogʻir boʻlganligi, qishloq-shaharlarning esa xonavayron etilgani (“Xonavayron boʻldi bir ming manzilu maʼvo!”) shoir qalbini larzaga soladi. Samimiy kuyunch bilan “Qancha odam oʻldilar, koʻp xalq boʻldilar asir!” deb yozgan Zavqiy bularning hammasiga xalq qoʻzgʻolonining rahbarini aybdor deb biladi.


Shu munosabat bilan Zavqiy tarjimayi holi va ijodining hali toʻla oʻrganilmagan sahifalari ham oz emasligini aytib oʻtish oʻrinli. Katta ijod yoʻlini bosib oʻtgan shoirning adabiy merosi afsuski, hanuz toʻla aniqlanib toʻplanmagan. Uning oʻz asarlarini devon holiga keltirgani toʻgʻrisida ogʻzaki maʼlumotlar uchraydi, ammo bu devon ilmga maʼlum emas. Jiddiy ijtimoiy-siyosiy voqealar silsilasi yuz bergan murakkab davrda yashab ijod etgan shoirning dunyoqarashida va unga toʻla muvofiq holda ijodiy merosida esa ziddiyatli oʻrinlar oz emas. 1900-yil avvalida Zavqiy haj safariga otlangan togʻasi Muhammad Siddiqqa hamroh boʻlib bir necha mamlakatlarni bosib, Makka va Madinani ziyorat qiladi. Uning taassuroti “Hujjoji Makka ahliga chunu charo demang” misrasi bilan boshlanuvchi sheʼrida oʻz badiiy ifodasini topgan. Zavqiyning asrimiz boshlarida yaratgan ijtimoiy yoʻnalishdagi asarlari jumlasidan “Voqeai qozi saylov” deb nomlangan hajman kattagina masnaviysi alohida diqqatga sazovor. Xalqchil shoir mustamlaka maʼmuriyatining qattiq nazorati ostida oʻtkaziladigan qalbaki “saylov”larning puch mohiyatini, undagi poraxoʻrlik va hiyla-nayranglarni, shuningdek, (saylanuvchi) shaxslarning jirkanch basharalarini, iflos qilmishlarini oʻquvchi koʻzi oldida ishonarli fosh etadi.


«Qahatlik boʻldi bu Fargʻonamizda,
Topilmas parcha non vayronamizda
— bayti bilan boshlanuvchi masnaviyda esa Birinchi jahon urushi tufayli mustamlakalardagi ogʻir hayot yanada ayanchli bir holga kelgani, ochlik va vabo kasalining mehnatkash omma boshiga yangi-yangi kulfatlar solgani haqqoniy boʻyoqlarda tasvirlangan. Bu asar xalq harakatlari kabi ijtimoiy-siyosiy mavzuning toʻla xalqchil ruhda yoritish bobida Zavqiy katta yutuqlarga erishganini isbotlovchi hujjatdir. Shoir dunyoqarashidagi bunday gʻoyalarning qatʼiy shakllanishida asrimiz boshlarida milliy ozodlik gʻoyalarini, ilm-maʼrifat targʻibotini bayroq qilib koʻtargan jadidchilik harakatining taʼsiri beqiyosdir.» Jadidchilik gʻoyalarini toʻla qabul qilgan shoir oʻz amaliy-ijtimoiy faoliyati bilan ham ilm-maʼrifatni, yangi usuldagi maktab-maorifni targʻib qildi, fan-texnikani egallashga, zamona bilan hamqadam boʻlishga daʼvat etdi. Bu jihatdan shoirning “Fursat gʻanimat, ahbob, millatga koʻz ochaylik” misrasi bilan boshlanuvchi muxammasi alohida diqqatga sazovor. 1916-yilda yozilgan deb taxmin etilgan “Ajab ermas” radifli muxammas, faqat Zavqiy ijodida emas, balki XX asr boshlaridagi butun oʻzbek ijtimoiy-siyosiy sheʼriyatida katta hodisa boʻldi. Bunda shoir mustamlaka asorati ostida ezilayotgan ona yurtning kulfatli kunlari unut boʻlishi haqida soʻz ochadi, ogʻir iqtisodiy hayot kechirayotgan xalqning baxtli taqdiri haqida, boʻlajak katta ijtimoiy oʻzgarishlar xususida bashorat qiladi.


«Oʻtib bir qam aqronim jahon obod koʻrgaysiz!
Jahon ahlini zolim zulmidan ozod koʻrgaysiz!
Giriftori alam ermas — hammani shod koʻrgaysiz!»


Ubaydullo Zavqiy adabiyotimiz tarixidan faqat ijtimoiy-siyosiy va hajviy sheʼrlar muallifi sifatidagina emas, balki, ayni zamonda, isteʼdodli hajvchi va nozik did lirik ijodkor sifatida ham oʻrin olgan. Uning turmush ikir-chikirlari, kundalik hayotda uchrovchi nosozliklar va kishilar tabiatidagi salbiy odatlar ustidan begʻaraz kulgi, yengil masxara qoʻzgʻovchi, iliq tabassum va shirin hazil bilan qorishiq “Taʼrifi kalish”, “Otim”, “Fonus”, “Sigirim”, “Pashshalar” kabi hajviyalari oʻquvchilarda yaxshi kayfiyat, quvnoqlik uygʻotadi, ayni zamonda ziyraklikka undaydi. Zavqiy yaratgan ishqiy gʻazal va muxammaslarning koʻpchiligi esa oʻsha davrdayoq hofizlar ijrosida xalq qoʻshiqlari qatorida katta shuhrat tutgan. Xususan, “Yuzungni koʻrsatib avval oʻzingga bandalar qilding”, “Yor kelur zamona yoʻq, kelmasa-kelmasin, netay?”, “Kulbam aro, ey maxliqo, bir yoʻl xirom aylab keling” misralari bilan boshlanuvchi asarlari hayot shavqi va goʻzalliklaridan bahramandlikka undaydi, sevgi-sadoqatni ulugʻlaydi, insoniy his-tuygʻularni, nozik kechinmalarni nihoyatda taʼsirchan tarzda ravshan ifodalaydi. “Fargʻona adabiy muhitida kamol topgan Muqimiy, Furqat, Zavqiy kabi ulugʻ maʼrifatchilarning millatimiz maʼnaviy xazinasiga qoʻshgan hissalari ham beqiyosdir” (Islom Karimov).