YUSUF XOS HOJIB (XI asr)


Yusuf Bolasogʻuniy Yettisuv oʻlkasidagi Quzoʻrda (Bolasogʻun) shahrida 1016–1018-yillar orasida dunyoga keladi. Bu davrda Yettisuv va Sharqiy Turkiston oʻlkalari turkiy qarluq qabilasidan chiqqan Qoraxoniylar sulolasi qoʻl ostida edi. Bu sulola vakillari VI–IX asrlarda hukm surgan Buyuk Turk xoqonligining davomchilari boʻlib, IX asr oʻrtalaridan davlatni boshqarib keldilar. X asr boshlarida Abdulkarim Sotuq Bugʻroxon (924–955) islom dinini qabul qildi va shu bilan turkiy elatlar ham uzil-kesil islom mintaqa madaniyatiga kelib qoʻshildilar. X asr oxiriga kelib, Somoniylar tanazzulga yuz tutgach, Qoraxoniylar Movarounnahrni tugal egalladilar. Bolasogʻun ushbu ulkan mamlakatning shimolidagi poytaxti edi.

Shoir haqida maʼlumotlar koʻp emas. “Qutadgʻu bilig” asarini 50 yoshlarda, hijriy 462-yili (1069–1070) yozib tugatgan Yusuf oʻzi haqida asar muqaddimasida shunday maʼlumot beradi: “Bu kitobni tartib beruvchi Bolasogʻunda tugʻilgan, parqiz sohibi (sabr-qanoatli) kishidir. Ammo bu kitobni Qoshgʻarda tugal qilib, Mashriq maliki Tavgʻachxon dargohiga keltiribdir. Malik uni yorlaqab, ulugʻlab oʻz (saroyida) Xos Hojiblik (lavozimini) beribdi. Shuning uchun Yusuf Ulugʻ Xos Hojib deb mashhur nomi tarqalibdi”. Kitobda nomi tilga olingan xoqon Nasriddin Tavgʻach ulugʻ Bugʻro Qoraxon Abu Ali Hasan Xorunxon binni Arslonxon boʻlib, 1075-1103-yillar davomida Qoraxoniylar davlatini boshqargan. “Qutadgʻu bilig” asari unga bagʻishlangan paytda u Koshgʻarda Arslon-tegin Toʻgʻrul Qoraxoqon Mahmudxon (1059–1075)ning oʻrtoq-qogʻoni sifatida hukm surardi (Qoraxoniylar sulolasida shunday odat boʻlib, Bolasogʻun asosiy xoqon hukmdor boʻlganda Qoshgʻarda uning oʻrtoq-qogʻoni ish yuritardi).


Asar mazmuni, tili va uslubidan kelib chiqib aytish mumkinki, Yusuf Xos Hojib arab va fors tillarini mukammal bilgan, bu tillardagi diniy, ilmiy, badiiy adabiyot bilan chuqur tanish boʻlgan. Bundan tashqari shoir qadim turk yozma adabiyoti, turkiy xalqlar ogʻzaki ijodini ham yaxshi bilgan, ular muhitida tarbiya olgan. Shoir turkiy elatlarning qadimiy qoʻshnilari xitoy, moʻgʻul, hind, eroniy xalqlar madaniyati, yunon falsafasi va boshqa oʻsha davr maʼnaviy hayotining turli tomonlari haqida mukammal maʼlumot egasi boʻlgan. Yusuf katta isteʼdod sohibidir. Oʻsha davr anʼanasiga koʻra, u arab, fors tillarida ham sheʼr ijod qilgan boʻlishi kerak, turkiy adabiy tilda, balki devon ham tuzgandir. Afsuski, bizgacha shoirning yagona dostonidan boshqa asari yetib kelmagan. Ammo aniq aytish mumkinki, hech qaysi ijodkor ilk ijodini 6,5 ming baytga yaqin yirik doston yozishdan boshlamaydi.
Masalan, Amir Xisrav Dehlaviy birinchi yirik dostonini boshlaganda ikki devon tuzgan va ular tarkibida bir qator kichik masnaviylari bor edi. Biz Yusuf Xos Hojibning ijodiy yoʻli haqidagi baʼzi maʼlumotlarni dostonga tayanib bilishimiz mumkin. Masalan, shoir kirish qismida yozadi: Bu tugʻmish elindin chiqib borgʻoni, Kitobni qoʻshubon tugal qilgʻoni. (Tugʻilgan yurtidan chiqib borgani, kitobni jamlab tugal qilgani).


Ikkinchi satrdagi kitobni jamlab, tugal qilgani haqidagi maʼlumot, uning baʼzi qismlari oldinroq alohida asar sifatida yozib, mashq qilingan boʻlishi mumkinligidan darak beradi. Masnaviy janrida yozilgan asar tarkibida vazn va qofiyalash usuliga koʻra undan farq qiluvchi ikki alohida qasida va 200 dan oshiq toʻrtlik mavjud boʻlishi ham behuda emas. Biz bu asarning tarkibiy qurilishidan kelib chiqib, uni shoir bir necha marta tahrirdan oʻtkazgan boʻlishi kerak deb, oʻylaymiz. Olimlar ham bu haqda xilma-xil taxminlar qilib kelishadi. Hozir bizning qoʻlimizga yetib kelgani oxirgi tahrir va xoqonga taqdim etilgan nusxadir.
Bu nusxa tarkibi quyidagicha:
«Uch bosqich muqaddima:


1. Nasriy muqaddima (38 satr);
2. Sheʼriy muqaddima (77 bayt);
3. Muqaddimaviy boblar (II bob, 390 bayt).»


Ikkinchi va uchinchi bosqich orasida bob sarlavhalari roʻyxati berilgan. Asosiy qism — doston mavzusi 68 bobda rivojlanadi. Undagi sarlavhalar hisobiga ishtirok etuvchilarning savol-javoblarini ham kiritsak, 174 sarlavha ostida berilgan. Umumiy hajmi 5896 bayt. Xotima qismi 2 qasida va masnaviy bobdan iborat boʻlib, oxirgi masnaviy bob mazmunigina maʼlum darajada dostonga aloqadordir. Muqaddimaning faqat uchinchi bosqichi (II bobdan iborat) bevosita doston tarkibiga uygʻunlashgan. Oldingi ikki bosqich esa qayta tahrirda kitob haqida umumiy tasavvur hosil qilish uchun atayin nasr va nazmda ilova qilingandir. Shu sababli ular boblar nomlanishi roʻyxatidan ham ilgari berilgan.

Asosiy qism oxirida (6261–6286-baytlar) shoir kitobning yozilish yili, nima maqsadda yozilgani, oʻquvchiga murojaat, Allohga munojot, Paygʻambar va chahoryorlarga salomlar bilan asarni xotimalaydi va alohida xotima qismga hojat qoldirmaydi. Ammo bundan soʻng yana 2 qasida (yigitlikka achinib, qarilikdan shikoyat qilish — 44 bayt va zamon buzuqligi, doʻstlar jafosidan yozgʻirish — 40 bayt) qoʻshilib, yana 1 masnaviy bobda muallif oʻziga oʻzi nasihat qiladi (37 bayt), asarning turkcha yozilganligi, tugallanish sanasi, yana munojot va salomlar qaytariladi. Shulardan bilinadiki, xotima qismiga ham 2 qasida qoʻshilib, qayta tahrir qilingan paytda yozilgan. Asosiy qism mazmuni va mundarijasiga koʻra “Qutadgʻu bilig” dostoni mintaqa adabiyotining birinchi bosqichida yaratilgan turkiy tildagi islom maʼnaviyatining badiiy-falsafiy, ijtimoiy-axloqiy qomusi deb baralla taʼriflasak arziydi. Uningdek ulugʻ yaxlit kitob al-Buxoriyning “Jome as-sahih”idan keyin arab va fors tillarida ham yaratilmagan edi. VIII-IX asrlarda Abdulhamid al-Kotib, Ibn al-Muqaffa (720–756), Adib Ahmad Yugnakiy, al-Johiz (775–868) kabi yirik adiblar tomonidan asos solingan odob ilmi, Abu Nasr al-Forobiyning ijtimoiy-axloqiy falsafasi, “Shohnoma” va turk xoqonlarining yodnomalari, mintaqa xalqlarining boy maʼnaviy merosi bu asar magʻziga singdirilgan. Eng asosiysi, bu kitob islom mintaqasi maʼnaviyatining qomusi boʻldi. Firdavsiy “Shohnoma”si mintaqa xalqlarining oʻtmish tarixini badiiy aks ettirsa, Yusuf Xos Hojib asari uning yangi davrdagi holatini badiiy tafakkur qonuniyatlari asosida mujassam etdi. Muallif oʻz asarini “Shohnomayi turkiy” deb shuhrat topganini aytadi, bu qiyos shu maʼnoda toʻgʻriki, oʻtmishda mintaqa eroniy hukmdorlar — Kayoniy va Sosoniylar hukmida boʻlgan boʻlsa, Yusuf davrida Sosoniylar mulki turkiy hukmdorlar qoʻliga oʻtgan edi.

Bolasogʻundan Bagʻdodgacha turkiy sulolalar hukm surar edilar. Shu sababli endi sulolalar tarixi emas, davlat boshqarish odobi muhim edi. Asarning yana boshqa shuhrat topgan nomlari “Adab ul-Muluk” (“Hukmdorlar odobi”) va “Oyin ul-mamlakat” (“Mamlakatni idora etish qoidalari”) xuddi shu jihatni aks ettirar edi. Doston mazmuni shoir tasavvuridagi shunday bir badiiy olamni aks ettiradiki, uning asosiy qahramonlari 4 timsoldan tashkil topgan. Birinchisi, Adolat — u bosh hukmdor, uning nomi Kuntugʻdi, u quyoshdek barchaga barobar nur taratadi. Ikkinchisi, Davlat — turkiyda Qut, u bosh vazir, uning ismi Oytoʻldi. Qut yoki Davlat ichki mazmuniy tushuncha boʻlib, boylik, baraka, omad, baxt, qudrat maʼnolarini oʻzida jamlagan, hukmdorning tayanchi, uning beliga quvvat, koʻziga nur, mulkiga farovonlik baxsh etuvchi bosh maslahatchi va nozir. Ammo Oytoʻldining umri foniy, davlat, baxt, omad degan narsalar poydor emas, osmondagi Оу singari goh toʻlib balqiydi, goh Hilol singari noziklashib, quvvatdan ketadi, orada koʻrinmay qolishi ham mumkin.


Oytoʻldi asar davomida xastalanib vafot etadi. Ammo uning vorisi, oʻgʻli Oʻgdulmish uning oʻrinbosari, hukmdorning yaqin maslahatchisi boʻlib qoladi. Oʻgdulmish aql va bilim ramzi. Agar boylik, omad, baxt oʻtkinchi boʻlsa, kishi qoʻlida doimiy turmasa, aql va bilim ularning oʻrnini bosa oladi. Asli asarning bosh qahramoni oʻgdulmish, yaʼni aql va bilimdir. Shu sababli kitobning asl nomi ham “Qutadgʻu bilig” (“Baxtga eltuvchi bilim”). Baxt, qut-baraka, omad, qudrat manbasi boʻlmish bilim bilan bogʻliqdir. Asardagi toʻrtinchi timsol — Qanoat. Agar insonda, jamiyatda qanoat boʻlmasa, uning barcha xosiyati bir pul, oqibati ayanchlidir. Qanoatning ismi Oʻzgʻurmish boʻlib, u Oytoʻldining, yaʼni baxt va davlatning, Oʻgdulmishning, yaʼni aql va bilimning qarindoshidir. Ammo Oytoʻldi qarindoshini eslamaydi. Baxt va omad qanoatni xotirga keltirmaydi. Hukmdorga (Yusuf Xos Hojib hukmdorni Elig deb ataydi) Oʻzgʻurmish qarindoshi haqida Oʻgdulmish eslatadi, yaʼni adolat aql yordamida qanoatdan xabar topadi va uning suhbatini istaydi. Asar oxirida Oʻzgʻurmish ham xastalanib vafot etadi. Kuntugʻdi va Oʻgdulmish, yaʼni adolat va uning bosh maslahatchisi aql qoladilar.


“Qutadgʻu bilig” qahramonlari faqat toʻrt kishi emas, uning asari badiiy umumlashmalarni hayotdan uzib aks ettirgan deb boʻlmaydi. Doston hayot haqiqatlari bilan toʻliqdir. Unda oʻsha davr turmushining barcha qirralari, ikir-chikiri, ziddiyatlari oʻz ifodasini topgan. Yusuf Xos Hojib oʻzining yuksak oʻy-xayollarini ajoyib timsollarda ifodalar ekan, hayotdan bir zum uzilmaydi, davr ziddiyatlaridan koʻz yummaydi, jamiyatdagi barcha tabaqa, toifalarga xos fazilat, qusurlar, ijtimoiy ahvolni aniq idrok qiladi. “Qutadgʻu bilig” kitobi avom xalq uchun emas, birinchi navbatda, xoqon va beklar, yaʼni yurtning hukmdorlari uchun atab yozilgandir. Turkiy sulolalar butun islom mintaqasida hukmfarmo boʻlib kelayotgan bir paytda, ijtimoiy jihatdan “Shohnoma”dan koʻra “Qutadgʻu bilig”, yaʼni “Hukmdorlar adabnomasi” koʻproq zarur va bu kitob aynan turkiy tilda yozilmogʻi kerak edi. Yusuf Xos Hojib ushbu ijtimoiy zaruratni vaqtida anglab yetdi; unga yuksak saviyada javob bera oldi. Uning asarini turkiy hukmdorlar qay darajada oʻqidi va oʻzlashtirdi, bu boshqa masala. Abu Ali Hasan Xorunxon uni yaxshi qabul qilgani, shoirni munosib taqdirlagani Kuntugʻdi va Oytoʻldi timsollari hayotiy haqiqatga ancha muvofiq kelganini koʻrsatadi.


Oʻsha davr ijtimoiy, axloqiy voqeligining juda koʻp, xilma-xil jihatlari asar mazmuniga singdirilgan. Ayniqsa, Kuntugʻdi va Oʻgdulmish suhbatlariga bagʻishlangan 15–25-boblar, Oʻgdulmish va Oʻzgʻurmish suhbatiga oid 31–53-boblar davrning barcha ijtimoiy toifalari ahvol-ruhiyati, jamiyatdagi oʻrni, feʼl-atvori haqida mufassal tasavvur beradi, ularga hukmdor va davlat ayonlarining adolatli munosabati qanday boʻlishi kerakligini tushuntiradi.
Yusuf Xos Hojib jamiyatni tubdan oʻzgartirishni emas, muvofiqlashtirish, uygʻunlashtirish, takomil baxsh etishni maqsad qilib qoʻyadi. Chunki XI asr islom jamiyatining shakllanib, yuksalib kelayotgan davri boʻlib, unda takomillashtirish takliflari oʻrinli edi. “Qutadgʻu bilig”ning badiiyligi juda yuqori. Undagi har bir qirra, voqealardagi hayotiylik va shoir xayoli oʻzaro nihoyatda uygʻun. Shoirning tasvirlari yorqin, tili nihoyatda shirali, mazmunga boy. Islom mintaqa sheʼriyatining eng asosiy uslubi xususiyati — har bir baytning mustaqil tasviriy, timsoliy birlik darajasiga koʻtarilish talabi Yusuf Xos Hojib tomonidan toʻla his qilingan va amalga tatbiq etilgan. Uning juda koʻp baytlari hikmatli soʻz (aforizm) darajasiga koʻtarilgan. Har bir bayt tugal tasvir (yaxlit obraz) beradi. Asar tavhid yoki yagona Alloh hamdi bilan boshlanadi. 32 baytli bu bobda islomning bosh tushunchasi har taraflama tavsiflab berilgan.


Xullas, turkiy tilda yaratilgan bu buyuk asar mintaqa adabiyoti rivojining birinchi bosqichi uchun maʼlum maʼnoda yakunlovchi asar boʻldi. Bu bosqichning oʻziga xos ikki jihatini qayd etib oʻtmoq kerak. Birinchidan, bu davrda ilm-fan va yozma badiiy adabiyot asosan turli hukmdorlar saroyi qoshida, ular homiyligida rivoj olib, gullab-yashnadi. Agar Abbosiy xalifalar saroyida arab tilidagi sheʼriyat, Somoniy va Gʻaznaviylar huzurida fors tilidagi adabiyot panoh topgan boʻlsa, Qoraxoniylar dargohida turkiy sheʼriyatning buyuk namunasi dunyoga keldi. Ikkinchidan, bu adabiyotning oʻziga xos tomoni maʼrifatchilik edi. Nafaqat adabiyot, balki bu davrning butun maʼnaviyatida yetakchi ruhni aqlga tayanish, bilimga chorlash, ijtimoiy adolat, margʻub axloqni aql, zakovat kuchi bilan oʻrnatishga ishonch tashkil qilar edi. Bu adabiyot birinchi navbatda hukmdor tabaqaga, beklar, zodagonlarga moʻljallangan va oʻshalarga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatishni maqsad qilgan edi.