XV asrning 1-yarmida Movarounnahrda yashagan Naqshbandiya taʼlimotining yirik vakillaridan Xoʻja Ahror Valiyning ustozi boʻlmish mavlono Yaʼqub Charxiy Gʻazna (Afgʻoniston) shahriga tobe qishloqlardan biri hisoblangan Charxda tugʻilganligi uchun Charxiy taxallusini olgandir. Manbalarning guvohlik berishicha, u oʻz davridagi ilmlarni egallagach, koʻnglida tasavvufga nisbatan xohish paydo boʻlib, Buxoroga keladi va Xoʻja Bahouddin Naqshband bilan uchrashadi. Bu voqealarning tafsiloti uning “Risolai unsiya” (“Doʻstlik haqida risola”) nomli kitobida bayon qilingan.
Bir necha sinovlardan soʻng, Xoʻja Bahouddin Naqshband Charxiyni shogirdlikka qabul qilib, soʻfiylik taʼlimoti bilan tanishtiradi va uni oʻzining shogirdi va kuyovi Xoja Alouddin Attorning tarbiyasiga topshiradi. Yaʻqub Charxiy tasavvuf sohasida Buxoroda maʼnaviy kamolot topadi va Chagʻoniyonda faoliyat koʻrsata boshlaydi. Yaʼqub Charxiy Naqshband koʻrsatmasiga muvofiq xalqni haq yoʻliga daʼvat qila boshlaydi. Oʻz asarlari va yetishtirgan shogirdlari bilan shuhrati har tomonga tarqaladi. U, asosan, Movarounnahrda Ulugʻbek, Xurosonda esa Shohrux davrlarida faoliyat koʻrsatdi. Keyinchalik Naqshbandiya taʼlimotining XV asrdagi eng yirik namoyandasi boʻlib tanilgan Nasiriddin Ubaydulloh (Xoʻja Ahrori Valiy) Charxiyning shon-shuhratini eshitib, u bilan uchrashishga oshiqadi va pirovard natijada uni pir tutib, unga shogird tushadi. Bu voqeaning tafsiloti “Rashahot”da bayon qilingan.
Charxiy XV asrda Temuriylar davridagi tasavvuf, xususan, Naqshbandiya taʼlimotining yirik vakillaridan biri sifatida nom qozonadi. Bu haqda turli manbalarda maʼlumotlar keltiriladi. Mashhur Abdurahman Jomiy oʻzining “Nafohot ul-uns” kitobida Yaʻqub Charxiy faoliyati va tasavvufni targʻib qilish sohasidagi xizmatlarini alohida taʼkidlab oʻtadi va Xoja Ahrori Valiy bilan ustoz-tolib munosabatlarini tilga oladi. Mavlono Yaʻqub Charxiy oʻz ustozi Xoʻja Bahouddin Naqshbandning “mendan nimaiki senga yetgan boʻlsa, boshqalarga yetkaz”, degan amrlariga farmonbardor boʻlib, hozir boʻlganlarga xitob (soʻzlash) orqali, gʻoyibdagilarga kitob orqali yetkazishga harakat qildi. Mavlono Yaʻqub Charxiy Naqshbandiya taʼlimoti, turli diniy ilmga oid bir qancha asarlar yozadiki, bu yerda ularning roʻyxatini keltirib oʻtish maqsadga muvofiqdir:
«1. “Tafsiri Charxiy” (“Charxiyning Qurʼonga qilgan tafsiri”).
2. “Risolai unsiya” (“Doʻstlik haqida risola”).
3. “Аr-risolat ul-abdoliya” (“Abdollar haqida risola”).
4. “Аr-risolat ul-abdoliya” (“Abdollar haqida risola”).
5. “Risola dar siyrati Mustafaviya va tariqai mustaqimiya” (“Mustafoning siyratlari va toʻgʻri yoʻllar haqida risola”).
6. “Risola dar ilmi faroyiz” (“Farz narsalar haqida risola”).
7. “Risola dar aqoid” (“Aqoid ilmi haqida risola”).
8. “Risola fi-l-hisob va-l-faroyiz” (“Hisob va meros taqsimi haqida risola”).
9. “Muxtasar dar bayoni silsilai Naqshbandiya” (“Naqshbandiya suluki haqida qisqacha risola”).
10. “Sharhi asmoulloh” (“Alloh ismlarining sharhi haqida risola”).
11. “Sharhi nuvadu nuh nom” (“Allohning toʻqson toʻqqiz ismining sharhi”).
12. “Faroyizi manzuma” (“Nazmiy farz narsalar haqida”).»
Charxiyni koʻpchilik faqat Qurʼoni karimga tafsir yozgan olim sifatidagina taniydi. Haqiqatan uning maqbarasi peshtoqiga “tafsirchi olim” deb yozib qoʻyilgan. Asarlari roʻyxatidan koʻrinib turganidek, Charxiy Naqshbandiya silsilasini bayon qiluvchi alohida risola ham yozgan. Bundan tashqari u “Risolai unsiya” (“Doʻstlik haqida risola”)ni yozdiki, unda Xoʻja Bahouddin bilan uchrashgani, uning taʼlim-tarbiyasi va tariqat yoʻlida buyurgan ishlarini mukammal bayon qilib, oʻz ustozlarining nomi va shuhratlarini yoyishga xizmat qildi. Shuningdek, uning qalamiga meros haqidagi risola ham mansubdir. Charxiy hijriy 851, milodiy 1447-yili vafot etgan. U Movarounnahr va Xurosonda tasavvufning hayotiy yoʻnalishlaridan boʻlmish Naqshbandiya taʼlimotining keng yoyilishi va bu bilan umumiy madaniy yuksalish ishi yoʻlida xizmat qildi va bu yoʻlda oʻz hissasini qo’shdi.