Sohibqiron Amir Temur Markaziy Osiyo va unga qoʻshni boʻlgan yurtlarni birlashtirgach, Samarqandga tasarruf etilgan barcha mintaqa va viloyatlardan mashhur olim va hunarmandlarni toʻplay boshlagan. Uning maqsadi IX–X asrlarda boʻlgani kabi islom dunyosining ilmiy markazlari sifatida tanilgan Xorazm, Buxoro va Bagʻdoddagi “Bayt ul-hikma” ilmiy maktablari anʼanalarini Samarqandda tiklash boʻlgan. Samarqandga kelgan barcha olimlarga ijod qilishlari uchun poytaxtda yetarlicha qulayliklar yaratilgan. Saroyda, Amir Temur huzurida, erkin ilmiy bahslar boʻlib, gʻolib chiqqan olim va shoirlar ragʻbatlantirilgan, sinovdan oʻtgan yirik olimlar yangi qurilgan madrasalarga mudarrislikka yuborilgan. Ilm-fanga, maʼrifatga eʼtibor balandligi bois oʻsha zamonning koʻpgina olimlari Samarqandga borishni oʻzlari uchun sharaf deb bilishgan. Shundaylardan biri Markaziy Osiyo falsafiy tafakkuri tarixida oʻchmas iz qoldirgan faylasuf Taftazoniydir. U 722-hijriy ( milodiy 1322) yilning safar oyida hozirgi Ashxobod shahri yaqinidagi Niso muzofotidagi Taftazon qishlogʻida tugʻilgan.
Oʻn olti yoshigacha ilohiyot fanlarini, arab tili, nutq sanʼati va mantiq ilmini oʻsha davrning mashhur olimlari al-ljiy va mantiqshunos Qutbiddin ar-Roziy at-Taxtoniydan (1290–1365) oʻrganarkan, uning birinchi ilmiy asari esa Saraxs (Eron) olimlari orasida mashhur boʼlib, shu asari orqali madrasa mudarrisi huquqini qoʻlga kiritgan. Shu davrdan boshlab u qariyb 30 yil davomida Movarounnahr va Xuroson boʻylab koʻchib yurib, turli madrasalarda falsafa va mantiqdan dars bergan. Soʻngra Amir Temur daʼvatiga binoan Samarqandga kelib, umrining oxirigacha shu shaharda ijod etib, Amir Temur saroyidagi koʻpsonli ilmiy bahslarda faol qatnashgan. Manbalarda qayd etilishicha, Samarqandda yashagan mashhur faylasuf Mir Sayyid Sharif Jurjoniy va Taftazoniy oʻrtasidagi ilmiy bahslar juda keskin va qiziqarli oʻtgan. Taftazoniyning islom falsafasi, kalom, mantiq, handasa, sheʼriyat va arab tili grammatikasi sohasidagi katta asarlari Movarounnahr va Xuroson shaharlarida keng tarqalgan boʻlib, eng mashhur asari “Tahzib al-mantiq val-kalom” bizgacha Jaloliddin Davoniy va Kurdistoniylarning sharhlari orqali, “Maqosid fi ilm al-kalom” yoki “Maqosid at-tolibin fi usul ad-din” (“Din asoslarini izlovchilarning maqsadlari”) asari esa muallifning oʻz sharhlari bilan birgalikda yetib kelgan. Taftazoniy 1392-yilning 12-avgustida vafot etgan.
Taftazoniyning ilmiy merosi oʻrta asrlar fanining barcha sohalarini oʻz ichiga olgan boʻlib, Qurʼon tafsiridan boshqa asarlari arab tilida yozilgan.
Bu asarlardan XIV–XVI asrning 2-yarmigacha Movarounnahr va uning atrofidagi madrasalarda oʻquv qoʻllanmasi sifatida foydalanilgan. Taftazoniy qirqdan ortiq asar yozgan boʻlib, bizgacha “Tahzib al-mantiq val-kalom” (“Mantiq va kalomga sayqal berish”), “As-Saʼdiya” (XIII asr oxiri va XIV asr birinchi yarmida yashagan Kotibiyning mantiqqa oid “Ash-Shamsiya” risolasiga yozilgan sharh), “Al-mutavvol” (“Keng talqin”), “Muxtasar al-maoniy” (“Qisqacha maʼnolar”), “Al-irshod al-hodiy (“Yoʻl boshlovchi rahbar”), “Al-maqosid at-tolibin” (“Tolibi ilmlarning maqsadlari”), “Risola fi zavoye al-musallas” (“Uchburchakning burchaklari haqida risola”) kabi asarlaridan tashqari oʻzidan oldin oʻtgan mutafakkirlar asarlariga yozgan sharh va hoshiyalari yetib kelgan. Taftazoniy oʻz falsafiy qarashlarida tabiat hodisalari oʻrtasida sabab-oqibat munosabatlari mavjudligiga shubha qilmay, borliqning ana shunday munosabatlarini diqqat bilan tahlil etib, sabab va oqibatning muayyan turlarini ajratib koʻrsatadi: “Sabab — bu shunday narsaki, narsaning mavjud boʻIishi unga bogʻliqdir. Sabab ichki va tashqi koʻrinishlarga ega.
Agar sababning muayyan belgilari oqibatga koʻchib oʻtsa, unda ichki sabab namoyon boʻlgan boʻladi, agarda buning aksi boʻlsa, unda tashqi sabab oʻzligini koʻrsatgan boʻladi”. Taftazoniy oʻzining “Tahzib al-mantiq va-l-kalom” asarida insonning xulq-atvoridagi iroda erkinligi masalasiga kengroq toʻxtaladi. Uning fikricha, har qanday oliyjanoblik va xayrli ishlar oʻz tabiatiga koʻra xudoning mohiyatidan kelib chiqadi va u hamma narsaning xoliqi sifatida xayr va sharofatning yaratilganligi sababdan insonlarni yomon xulq-atvordan tiyilib turishga chorlaydi. Yomon xulqlar, gunohlar insonga xos narsalar boʻlmasdan, ular faqat kishilarni sinash uchun yaratilgan. Shunday qilib, uning fikricha, xudo oʻz bandalariga ikki yoʻlni “taklif” etadi, yaʼni sharafli, xayrli faoliyat koʻrsatishni yoki nomatlub mashgʻulotlar bilan gunohga botishni, gunohga botish esa jazoga tortilishni keltirib chiqaradi.
Mutafakkirning taʼkidlashicha, xudo tomonidan insonlarga xayrli ishlar qilish buyurilgan, gʻayrisharʼiy ishlar insonning oʻz irodasiga bogʻliqdir. Shuning uchun xudo yomon xulq-atvorli insonlarni jazolaydi. Yomon xulq-atvorni qoralash xudoning irodasiga qarshi borish emas, chunki yomonlikning yer yuzida mavjudligi insonlarni poklikka chorlovchi sinovdir.
Bilish nazariyasida Taftazoniyning qarashlari Ibn Sinonikidan farq qiladi. Ibn Sino narsa, hodisalar haqidagi maʼlumotlarni bilim deb qabul etgan boʻlsa, Taftazoniy ularni alohida his-tuygʻu va bilim oʻrtasidagi vositaviy bosqich deb tushunadi. Bilish jarayoni uch shartni taqozo etadi: 1) his-tuygʻu organlari va ashyolar oʻrtasida oʻzaro taʼsir; 2) bu omillarning inson ruhi tomonidan qabul etilishi; 3) aqliy bilish. His-tuygʻuni esa tashqi hissiyot deb atab, ichki his-tuygʻu ham tashqi hissiyot asosida paydo boʻlishligini taʼkidlaydi. Narsalar toʻgʻrisida biror tushuncha hosil qilish his-tuygʻu uygʻotgan qiyofa orqali amalga oshishini koʻrsatib oʻtadi. Ashyolar va hodisalar mavjudligi tufayli ular uygʻotgan his-tuygʻu shakllaridan bilim shakllanadi. Chunki hissiyot moddadan, uning zaruriy sifatlari va aloqalari bilan birgalikda tashqi qiyofasinigina qabul qilib oladi. Shu sababdan mutafakkirning fikricha, hissiy tasavvurga ega boʻlish uchun moddaning boʻlishligi shartdir. Lekin aqliy, mantiqiy bilish esa moddiy asosdan ancha uzoqlashgan boʻIib, hissiy bilimlarga qaraganda yuqoriroq bosqichda hosil boʻladi.
Taftazoniy fikricha, mantiq — tafakkurdagi xatoliklardan xalos qiladigan vosita boʻlib, yangi bilimlar hosil qilish uchun zamindir. Mantiqiy bilish shakllari tasavvur va tasdiqdir. Biror ashyo yoki hodisani tasavvur qilish va uning toʻgʻrisida hukm chiqarishda asosiy oʻrinni til bajaradi. Ong va uning belgisi nutq bilan bevosita bogʻlangandir. Biror аshуо yoki hodisa belgisi boʻlgan soʻzlar, biror-bir mazmun tufayligina qandaydir maʼno kasb etadi. Taftazoniy fikricha, mantiq fani mavhum mantiqiy ong bilan bogʻlangan boʻlib, tushuncha va hukmni ifodalovchi soʻzlar va gaplarni tahlil etadi.
Aql quroli orqali ashyolarni aks ettiradigan tushunchalarni taʼriflab, Taftazoniy oʻz oldiga shunday savol qoʻyadi: Tushunchalar qanday kelib chiqadi va shakllanadi? Taftazoniy aqlning tahliliy-xulosaviy qobiliyati (tahlilot) va shuuriy isteʼdodi (mafhumot) tushunchalar shakllanishi uchun asosiy yoʻl deb hisoblaydi. Uning taʼkidlashicha: “Faqat tahlilot va mafhumot vositasidagina ashyolar haqida muayyan tushunchalar hosil etish mumkin”.
Taftazoniyning ilmiy merosi Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlari ijtimoiy-siyosiy tafakkuri tarixida munosib oʻrin tutgan qadimgi yunon faylasuf va mantiqshunoslari maktabiga mansubdir. Ammo eramizdan oldingi ilmiy yutuqlar bilan chegaralanmasdan, sharq Uygʻonish davri yuksakliklaridan turib uni rivojlantirilganligi va yangi gʻoyalar bilan boyitilganligi diqqatga sazovordir. Taftazoniy Amir Temur davridagi Samarqand ilmiy muhitida oʻsha zamon olimlari bilan birgalikda samarali ijod etib, keyinchalik olamshumul ahamiyat kasb etgan Ulugʻbek maktabining vujudga kelishiga zamin hozirlagan mutafakkirlardan biri boʻlib tarixda qoldi. U Islom falsafasi boʻlgan kalom ilmiga mantiqiy xulosalarini tadbiq etib, uni kuchaytirdi va ilohiyotning ham jozibali fan sifatida rivojlanishiga katta hissa qoʻshdi. Uning asarlarining ilmiy qimmati hozirda ham oʻz kuchini yoʻqotgani yoʻq. Taftazoniyning ilmiy merosini oʻrganish tafakkurimiz tarixining zarhal sahifalarini boyitish imkonini beradi.