Oʻzbek mumtoz adabiyotida yorqin iz qoldirgan, betakror gʻazallar va qasidalar yaratgan yetuk isteʼdod egasi, lirik shoirlardan biri Sakkokiydir.
Sakkokiyning hayoti va faoliyati haqida bizgacha juda kam maʼlumot yetib kelgan. Uning tarjimayi holi toʻgʻrisida oʻzining devoni, Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” va “Xutbai davovin” asarlaridan baʼzi bir maʼlumotlarni bilib olishimiz mumkin. Bundan tashqari, shoir Yaqiniyning “Oʻq va yoy” asarida Sakkokiy turk (oʻzbek) shoirlarining mujtahili (gʻayratlisi) deb taʼriflanishi, uning oʻz zamonasininj zabardast shoirlaridan biri ekanligini bildiradi. Sakkokiy movarounnahrlik boʻlib, u Temuriylar saltanatining poytaxti Samarqandda umrguzaronlik qilib, ijod etgan. «Sakkokiy — shoirning taxallusi, uning asl ismi maʼlum emas. “Sakkok” (pichoqchi) soʻzidan, shoir hunarmand oilada tugʻilgan deb taxmin qilish mumkin. Sakkokiy XIV asrning 2-yarmida yoki XIV asrning oxirgi choragida tugʻilganini esa hijriy 810 (1407–1408)-yilda Amir Temurning nabirasi Xalil Sultonga bagʻishlagan qasidasidagi:
Tarixqa sakkiz yuz dogʻi oʻn erdi-yu qadr axshomi,
Bir oy tugʻuldi dunyoda kim mamlakatda xon erur — misrasidan taxminan bilib olish mumkin. Chunki shoir bu qasidasini ancha ijodiy tajribaga ega boʻlgandan keyin, taxminan, 30 yoshlarida yozgan boʻlishi.»
Sakkokiy ijodining gullagan davri Ulugʻbek hukmronlik qilgan davrlarga (1409–1449) toʻgʻri keladi. Tarixdan maʼlumki, buyuk munajjim va yetuk davlat arbobi Mirzo Ulugʻbek maʼrifatparvar podshoh boʻlish bilan birga ilm-fan, sanʼ at va adabiyot ahlining homiysi ham edi. Ana shu fikrdan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, Sakkokiy Ulugʻbekdan panoh topgan allomalar sirasiga kirib, uning ijodiy faoliyati odil podshoh bilan bogʻliqdir. Sakkokiy oʻz homiysiga atab qasida bitadi, Ulugʻbekni koʻklarga koʻtarib maqtaydi, uning dushmanlariga qarshi oʻz soʻzlari bilan zarba beradi. Shoir Ulugʻbekka baho berar ekan, shunday maʼrifatparvar podshoh bilan zamondosh boʻlganidan faxr hissini tuyadi va:
«Falak yillar kerak sayr etsa-yu keltirsa ilkiga,
Meningdek shoiri turku seningdek shohi dononi, – degan misralarni yozadi.»
Sakkokiy oʻz devonida Mirzo Ulugʻbek, Xalil Sultondan tashqari, Xoja Muhammad Porsoga, Arslonxoʻja Tarxonga ham qasidalar bitgan. Bu qasidalardan tashqari devonga bir qator lirik gʻazallar ham kiritilganki, bu gʻazallarning koʻpchiligi bizgacha yetib kelmagan. Sakkokiyning oʻzi tuzgan devonining bir necha qoʻlyozma nusxalari maʼlum boʻlsa-da, bu nusxalarning birortasi ham toʻla va mukammal nusxa emas. Jumladan, Londonda, Britaniya muzeyida devonning taxminan XVI asr oʻrtalarida koʻchirilgan bir nusxasi va Toshkentda, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instutitida 1937-yilda Shoislom ismli kotib tomonidan koʻchirilgan nusxasi saqlanadi. Sakkokiy XV asr oʻrtalarida vafot etganligini Navoiyning Samarqandda boʻlgan yillarida (1465–1469) Sakkokiy muxlislari bilan uchrashgani va suhbatlashgani bilan izohlash mumkin. Nimagaki, Sakkokiy bu davrda hayot boʻlmagan, agar hayot boʻlganida Navoiy uning oʻzi bilan uchrashgan boʻlardi. Sakkokiyning qasidachilik borasidagi mahoratini nazarda tutadigan boʻlsak, shak-shubhasiz, uni oʻzbek qasidachiligining asoschisi desak, yanglishmaymiz. U ulugʻ shoir Lutfiy bilan bellasha oladigan shoir darajasida boʻlgan. Bu haqda Alisher Navoiy “Xutbai davovin” asarida shunday jumlalarni keltiradi: “Uygʻur iborati fusaxosindin va turkiy alfozining bulagʻosindin Mavlono Sakkokiy ham Lutfiylarkim, birining shirin abyotining ishtihori Turkistonda bagʻoyat va birining latif gʻazaliyotining intishori Iroq va Xurosonda benihoyatdurur va devonlari mavjud boʻlgay”. Bundan koʻrinadiki, Sakkokiy Turkiston, yaʼni Movarounnahrda oʻz ijodi bilan juda katta obroʻga ega boʻlganki, uning goʻzal qasidalari, sevgini vasf etuvchi betakror gʻazallari Samarqand ilm ahlining koʻnglidan mustahkam joy olgan.
Sakkokiy lirikasining asosiy mavzusi koʻpgina shoirlarnikidek asosan sevgi-muhabbatni sharaflashdan iborat. U insonni insonga boʻlgan muhabbatini kuylar ekan, sevgini hayotga, uning zavq-shavqi, tabiatiga va insoniy ezgu xislatlarga boʻlgan mehr-muhabbat bilan uzviy holatda tarannum etadi. U oʻz sheʼrlarining maʼno va shakliga katta eʼtibor bergan, gʻazallarida zamondoshlari kabi ajoyib soʻz oʻyinlaridan ustalik bilan foydalangan. Tasvirlanayotgan maʼshuqaning g ʻamzasini taʼriflar ekan:
«Qochonkim gʻamzasi koʻzlab oʻqin kirpiki kezlosa,
Qora qoshlaridan paydo boʻlur ushshoqning yosi, – deydi.»
Sakkokiy gʻazallarida keltirilgan koʻpgina badiiy tasvirlar va oʻxshatmalarni Alisher Navoiy, Bobur va boshqa shoirlarning gʻazallarida ham uchratish mumkin. Sakkokiy faqat lirik sheʼrlar yozish bilan cheklanib qolmay, yuqorida aytganimizdek, goʻzal qasidalar yozdi va bu qasidalar u yashagan, ijod etgan davrdagi ijtimoiy hayot bilan chambarchas bogʻlanib ketgan. Sakkokiy Ulugʻbekka atab yozgan qasidasidagi yana bir misraga eʼtiborni qaratsak, foydadan xoli boʻlmas:
«“Raiyat qoʻy erur, Sulton anga choʻpon yo boʻri,
Boʻri oʻlga-yu qoʻy tingʻay, chu Musotek shubon keldi”,— deb yozadi.»
Bu bilan Sakkokiy oʻsha davrdagi hukmdorlar haqida fikr yuritadi va adolatli hukmdorlarni choponga, adolatsiz hukmdorlarni boʻriga oʻxshatadi. Ulugʻbek davlat tepasiga kelishi voqeasini shoir quyidagicha ifodalaydi:
«Jahondin ketti tashvish-u mabodoyi amon keldi,
Xaloyiq aysh eting bu kun, sururi jovidon keldi.
Tan erdi bu ulus barcha, aningtek joni bor yo yoʻq,
Bihamdilloh, oʻgʻon fazli bila ul tanga jon keldi.»
Ulugʻbekka bagʻishlab yozilgan qasidada xalq, ulus, raiyat, omonlik, surur, adolat soʻzlari koʻp uchraydi. Bundan koʻrinib turibdiki, zamonasining ilgʻor fikrli kishisi sifatida buyuk shoir Sakkokiy xalq ahvolini oʻylagan holda, Ulugʻbekdek maʼrifatli hukmdorning davlat tepasiga kelishi xalq uchun yaxshi ish boʻlganligidan mamnun ekanligini izhor etgan. Shunday qilib, hazrat Alisher Navoiy aytganlaridek, Mavlono Sakkokiy ajoyib lirik sheʼrlar va betakror qasidalar ijod etgan hamda oʻzbek mumtoz adabiyotining ravnaq topib, gullab-yashnashiga maʼlum hissa qoʻshgan buyuk shoirlardan biri sifatida tarixda muhrlandi.