NOSIR XISRAV (1004–1088)


Markaziy Osiyo madaniyatining ulugʻ donishmandi va mutafakkiri Nosir Xisrav 1004-yil Qobadiyonda tugʻilgan. Uning ajdodlari oʻz davrining obroʻli, davlatmand kishilaridan hisoblangan. Amudaryo bilan karvon yoʻli kesishgan joydagi bu shahar XI asrda faqat qishloq xoʻjalik mahsulotlari bilangina mashhur boʻlmay, balki savdo-sotiq hamda hunarmandchilik ham taraqqiy topgan joy edi. Qobadiyonning qoldiqlari hozir Tojikistonning Nosir Xisrav shahri chekkasidadir. Uning nomi Abu Muʼiniddin Nosir, otasining nomi esa Xisrav boʻlib, sheʼrlarida “Hujjat” taxallusini qoʻllagan. Nosir Xisrav zamon anʼanasiga koʻra, boshlangʻich maʼlumotni tugʻilgan joyida oldi, keyinchalik Marv, Balx madrasalarida tahsilni davom ettirdi, diniy va dunyoviy bilimlarni egalladi. U Qobadiyon, Marv, Balxni oʻz shahri hisoblagan va “Safarnoma” asarida “Abu Muʼiniddin Nosir Xisrav Marvaziy va Qobadiyoniy nomlari bilan taniqlidir”, deb yozadi. Adabiyot va ilm olamida Nosir Xisrav unvoni bilan tanilgan adib yoshligidayoq qator tillar va fanlar (al-jabr, handasa, mantiq, nujum, hayʼat, tibbiyot, falsafa, fiqh, tarix, kalom, musiqa, aruz va boshqalar)ni pishiq oʻrgangan. Mutafakkirning asarlarida bu haqda qiziqarli maʼlumot va lavhalarni oʻqish mumkin.


Nosir Xisrav bu davrda ulugʻ vatandoshlari Abu Ali ibn Sino, Forobiy asarlarini chuqur oʻrganadi hamda butun umrga ularning sodiq shogirdi va davomchisi boʻlib qoladi. Bundan tashqari, u qadim dunyo faylasuflari Suqrot, Platon, Aristotel taʼlimotini oʻrganish bilan shugʻullanadi. Nosir Xisrav dunyoqarashining shakllanishi, oʻsha zamon ilm-u madaniyati durdonalaridan bahramand boʻlishida uning Misr, Shom, Iroq, Qohira, Iskandariya, Damashq, Basra, Hijoz, Halab, Makka, Madina, Ozarbayjon, Armaniston, Falastin, Eron, Turkiston va Hindiston shaharlari boʻylab qilgan safarlari muhim ahamiyat kasb etdi. Ulkan adib qaysi shaharda boʻlmasin, uning diqqatini oʻsha yurtning ulugʻ shaxslari, olim-u shoirlari oʻziga jalb etgan va oʻsha donishmandlar bilan muloqotda boʻlgan. Chunonchi, Nosir Xisrav 1045-yilda Qohira shahrida karmatlar, yaʼni ismoiliya diniy mazhabi bilan yaqindan tanishadi. Manbalarning shahodatiga koʻra, Nosir Xisrav maʼlum muddat G ʻaznaviy hukmdorlardan Sulton Mahmud Gʻaznaviy va uning oʻgʻli Masʼud saltanati davrida rasmiy lavozimlarda faoliyat koʻrsatadi. Uning Saljuqiylar darborida xizmatda boʻlganligi xususida ham ayrim ishoralar saqlangan.
Biroq saroy muhitining ayanchli manzaralari isteʼdodli shoirga manzur tushmadi. Ayniqsa, amaldor-u mulozimlar, ruhoniylar-u mansabparast shoirlarning nafs uchun past ketishlari, har qanday razilliklarga tayyorgarliklari, avjiga chiqqan madhiyabozliklar Nosir Xisrav koʻzini ochdi.
Uning sheʼriyati va ilmiy qarashlarida tanqidning kuchayishiga zamin yaratdi. Ana shu omillar uning maʼnaviy dunyosida burilish yasadi, u haqiqat izlash va xalq xizmati uchun ijodiy izlanish bilan shugʻullanishga kirishdi.


Nosir Xisrav saroy ahli, reaksion kuchlar quvgʻinidan qochib umrining soʻnggi 20 yilini Yumgʻon (Hadaxshondagi qishloqlardan biri)da oʻtkazdi va koʻp asarlarini shu yerda yozdi. Nosir Xisrav 1088-yilda vafot etdi, qabri Yumgʻonda joylashgan. Keyinchalik bu tabarruk maskan shoir ijodi ixlosmandlarining ziyoratgohiga aylandi. Nosir Xisravning oilaviy hayotiga doir aniq maʼlumotlarga ega emasmiz. Manbalarda bu haqda hech qanday dalillar uchramaydi. Uning sarson-sargardonlikda oʻtgan umri, tazyiq-u taʼqib etishlar, quvgʻindagi yillar allomaning uylanishi, bola-chaqa koʻrishiga imkon bermagan koʻrinadi. Nosir Xisrav adabiy, ilmiy, falsafiy, didaktik asar va risolalarini oʻsha davr anʼanasiga koʻra, dariy va arab tillarida yaratdi. Bizgacha mutafakkirning ikkita sheʼrlar devoni (biri forsiy, ikkinchisi arab tilida), “Rushnoinoma”, “Saodatnoma” masnaviylari, “Zod ul-musofirin”, “Xon ul-ixvon”, “Din vajhi”, “Boʻston ul-uqul”, “Jomeʼ ul-hikmatayn” kabi maʼnaviy-diniy asarlari, toʻqson ikki falsafiy, mantiqiy savollarga javob usulida yozilgan nasriy risola va mashhur “Safarnoma”si yetib kelgan. Nosir Xisravning fors tilidagi sheʼrlar devoni diniy-falsafiy, ijtimoiy-axloqiy va ishq-u oshiqlik bahsiga bagʻishlangan qasida, gʻazal, ruboiy, fard, qitʼa singari janr namunalaridan iboratdir. Devondagi sheʼrlar 11000 baytni tashkil etadi.


“Rushnoinoma” — ixcham masnaviy boʻlib, 592 baytdan iborat. Asarda donishmandning diniy, falsafiy, maʼrifiy, ijtimoiy-axloqiy qarashlari rangin misralarda yuksak shoirona nazokat ila kuylanadi. “Saodatnoma” uch yuz baytdan iborat boʻlib, unda “Rushnoinoma”dagi ayrim masalalar takrorlangan. Shuningdek, bir qator falsafiy-axloqiy muammolar oʻz rivojini topgan. Nosir Xisrav oʻzining maʼnaviy hayoti, diniy-falsafiy dunyoqarashi jihatidan botiniya va ismoiliya mazhabining izdoshi va hakim-ustozlaridandir. Ismoiliya firqalari yagona — botiniya atamasi bilan yuritiladi. Mazkur diniy-falsafiy mazhab Qurʼonning (ichki) maʼnosiga tarafdor. Botiniylar qarashiga koʻra, Qurʼonni hazrati Ali ibn Abutolib va uning doʻst-u suhbatdoshlari haqiqiy maʼnosini biladilar. Mazkur mazhab ahli taʼlimotiga koʻra, Xudo olamning mabdaʼi, asl vujudidir va inson aqli-ila Xudoni bilib olishga qodir emas. Inson oʻz aqli bilan Mutlaq vujudning tashqi zohiriy tomoni — kull aqlni bilib olishi mumkin. Kull aql Xudodan ajralgan, tajalliy etgan ruhiy mohiyatdir. Kull aqldan esa jahoniy jon yoki nafsi kull, uning oqibati sifatida jismoniy olam, undagi mavjudotlar vujudga kelgan. Inson noqis jon-u aqlga ega, komillashish uchun u poklanishi lozim. Mutlaq vujudga yetishish uchun yoʻllovchi shariat, tariqat, maʼrifat va haqiqat bosqichlarini bosib oʻtib, haqiqiy — abadiy olam — Xudoyi taolo vasliga yeta oladi.


Nosir Xisrav mazkur botiniya — ismoiliya mazhabining asoschilaridan hisoblanadi. U “Rushnoinoma” asarining “Tavhid” bobida oʻz aqidasini bayon etib yozadiki, Xudoyi taolo yakka-yu yagonadir, unga sherik yoʻq, uning avvali va oxiri yoʻq. Inson Xudoni fikr-u andisha ila jismoniy koʻz hissiyotlari orqali bila olmaydi. Faqat ruhiy koʻz, qalb koʻzi bilangina mushohada etishi — koʻrishi mumkin. Mutafakkir oʻziga maslakdosh shayxlar nuqtayi nazarini maʼqullab qolmasdan, uni rivojlantiradi. Nosir Xisrav talqiniga binoan inson Xudoni va Koinotni bilib olishni oʻzligini bilib olishdan boshlamogʻi lozim. Zero vujudlikning bir necha jihatlari mavjud. Inson dastlab oʻzligining haqiqiy va oʻzgaruvchan jismiy-moddiy jihatlarini aqli bilan farqlab olishi darkor. Nosir Xisrav zamonasining yetuk maʼnaviy-ruhiy arbobi sifatida insonda asliy-ilohiy jihat borligi va u oʻz haqiqatini bilib olishga qodir ekanligini taʼkidlaydi. Buning uchun inson hayotini behuda oʻtkazmasligi, asliga yetish uchun saʼy-harakat qilishi, ilm egallashi va moddiy ehtiyoj girdobiga tushmaslikka daʼvat etadi. Nosir Xisrav asosiy diqqatni insonning poklanish jarayoniga qaratadi. Uningcha, inson oʻz asli — ilohiy ruhga qayta qoʻshilishi uchun oʻzining haqiqati, adabiyatini anglab yetishi, oʻz-oʻzini takmil eta bilishi, axloqini sof tutishi, poklashi lozim. Buning uchun gʻayri insoniy harakatlardan saqlanish, gʻarib-u gʻurabolar qalbiga ozor yetkazmaslikning oʻzi kifoyadir.

Oʻtmishdoshlari anʼanasini davom ettirgan shoir, odamlarni fazilatli, xush feʼl-atvorli qilib shakllantirishda tarbiya hissasining beqiyos ekanligiga urgʻu beradi. Shundan boʻlsa kerak, alloma asarlarida axloqiy pand-u nasihatlar, hikoyat va qissalarga keng oʻrin beriladi. Uning shunday urinishlarini “Axloqi hamida va zamima” sarlavhali sheʼri misolida ham yaqqol koʻrish mumkin.
Insonni ikkiga ajratgan faylasuf shoir uning axloqiga ham xuddi shunday munosabatda boʻladi. “Aslida odamning yomoni boʻlmaydi. Yomon tarbiya koʻrgan, feʼl-u atvori yaxshi yoxud noloyiq insonlar boʻlishi mumkin. Bas shunday ekan, asosiy diqqat axloqiy tarbiya muammolariga qaratilmogʻi lozim”. Nosir Xisravning maʼnaviy merosi pand-u hikmat bobida ulkan xazinani eslatadi. Uning katta-yu kichik asarlarida axloqiy qarashlar markaziy oʻrin tutadi. Uningcha, yomon bilan yaxshi, xayr-u saxovat va baxillik orasidagi farqni ajrata bilish uchun inson birinchi galda, oʻzligini yaxshi anglab olishi lozim. Hakimning asosiy axloqiy qarashlari umuminsoniy, umumbashariy ahamiyatga egadir. Jumladan, buyuk mutafakkirning gʻarazlik bilan behad mol-u mulkka berilmaslikka, oʻtar dunyoning yuzaki xursandchiliklariga hirs-u havas qoʻymaslikka daʼvati barcha davrlar, el-u elatlar uchun birday manfaat kasb etadi.


Moʻtabar donishmand ijodidagi umumbashariy maʼnaviy qadriyatlardan yana biri oʻzgalarga nisbatan adolatli, insofli boʻlish, qashshoq-u notavon, jismoniy jihatdan zaiflashganlarga rahm-u shafqat koʻrsatish, boshqalarning gunohini kechirish kabi yuksak gʻoya va nasihatlardir. Ulugʻ shoir xuddi shunday chaqiriq ruhi bilan mansabdorlarga murojaat qiladi, ularni oʻz qoʻl ostidagi mehnat ahliga nisbatan rahm-u shafqatli, mehribon boʻlishga daʼvat etuvchi misralarni yozadi. “Maʼnaviy jihatdan ulgʻaymoqchi boʻlsang, martabangni yuqori koʻtarishni istasang, jahonning ulugʻlariga yaqinlashishni xohlasang ilm oʻrgan, aql-u idrokingni takomillashtir”, deydi dono shoir. Chunki ayni oʻsha fazilatlar insonni ulugʻlik pogʻonasiga koʻtaradi, ular maʼnaviy jihatdan uch turga — Paygʻambar, avliyolar va hakim-u donolarga boʻlinadi. Ilm-u aql odamni haqiqiy inson rutbasiga erishtirsa, nodonlik esa uni odamiylik darajasidan chetlashtiradi. Ilgʻor mutafakkir ilm oʻrganishgagina emas, uni targʻib, tashviq qilishga, ilm toliblariga, uni qidiruvchilarga yetkazish kerakligiga alohida eʼtibor beradi:


«Oʻzingni ilm birla bezatgil, Faqat kimxob kiygan emasdir goʻzal. U ilmni jon ichidagi gavhar deb ataydi:
Aql bilgan hama gavharlar aro,
Ilmdan yaxshi kimyo yoʻqdir aslo.»


«Nosir Xisravning fikricha, kishi diliga taskin berguvchi, uni bu dunyoda shod-u xurram qilguvchi ham ilm:


Agar xurramlik istarsen, soʻroqla ilm ila hikmat,
Oʻshanda ilm-u donishdin olursan mevayi hojat.»


Uning “ilm” tushunchasi faqat diniy ilmlar bilan chegaralanib qolmay, balki butun dunyoviy bilimlarni oʻz ichiga oladi. Uning fikricha: “Kishilar orasida aqllilari aqliy lazzatga intiladi. Shundagina u umumiy lazzatga erishadi. Bu lazzat manbayi togʻliq olamdir… Faqat odam ilm oʻrganishdan lazzat topadi, bu his hayvonlarda yoʻq, ilmning har bir pogʻonasi yana yuqoriroq pogʻonaga olib keladi, demak, bilimning chegarasi yoʻq”, deb yozadi Nosir Xisrav “Zod ul-musofirin” (“Safar qiluvchilar yoʻl anjomi”) degan kitobida. Nosir Xisrav maʼnaviy bisotida ijtimoiy hayot, davlat tuzilishi, amaldor-u hokimlar faoliyati, ularning fuqarolarga munosabati haqida ham qimmatli fikr-u mulohazalar koʻzga tashlanadi. Oʻtmishda faoliyat koʻrsatgan talay faylasuf va mutafakkirlar singari u ham maʼrifatli, adolatparvar shoh-u hokimlar tarafdori edi. Tabiatan adolat va insof tarafdori boʻlgan donishmand shoir “Saodatnoma” masnaviysida mehnat ahlini, xususan, dehqonlarni samimiy muhabbat bilan sharaflaydi. Ular madhida otashin misralar yaratadi.

Mutafakkir shoir dehqon kasbiga, uning bunyodkorona mehnatiga yuksak baho beradi. Zeroki, ular tufayli olam obod. Ularning mashaqqatli mehnati sharofati ila xalq rizq-u roʻzi hamisha muhayyodur. Nosir Xisrav nigohida ular jannatdan joy olishga sazovordirlar. Chunki ular hayotning saqlovchilari va yaratuvchilari hisoblanadi:


«Jahonning shodligin boisi dehqon,
Uning birla ekinzor, bogʻ-u boʻston.
Bu ishdin yaxshi, olamda ne bordur,
Odam nasliga bu ish yodgordur…
Jafokash, pahlavon mehnat chekodur,
Toʻkib ter, barchaning rizqin ekodur.»


Dehqonlardan keyingi oʻrinda hunarmandlar turadi. Ulugʻ shoir bu toifa ahlini xushbaxt odamlar hisoblaydi. Hunarmand ham xuddi dehqon singari yaratuvchilar sirasiga mansubdir. Xalq ehtiyoji ular sanʼati, ijodiy mehnati ila taʼminlanadi:


«Kosibdan shod-u xurram yoʻq jahonda,
Hunardin yaxshi dur ham yoʻq jahonda…
Arzir uning boʻlsa boshi osmonda,
Ulsiz yashay olmas shoh ham jahonda.»


Shoir orzusicha, fozil hukmdor raiyatni doimo oʻz muhofazasiga oladi. Mamlakatni aql-u insof ila boshqaradi. Har qanday tadbirni vazirlar muhokamasiga, “kengash” — mashvarat majlisida koʻrib, maʼqullangandan keyingina farmon sifatida eʼlon qiladi. Hukmdorlarning bunday adolatli boshqaruvi tufayli mamlakat obod, uning xalqi esa farovon yashaydi, bir-biriga mehribonlik bilan munosabatda boʻladi. Yurtda hashar uyushtirish vositasida bogʻ-rogʻlar yaratadi. Jamoa ahli sharob isteʼmol qilmaydi. Bunday davlatda vijdon erkinligi barqaror hukm suradi. Diniy farzlar ixtiyoriy bajariladi. Yurt fuqarolari islom diniga eʼtiqodli va Muhammad Mustafoning paygʻambarligiga iqrordurlar. Aytilganlar bilan bir qatorda, donishmand shoir “Muluk va umaro mazammati toʻgʻrisida”, “Yomon nafs va riyokorlar haqida” sarlavhali sheʼrlarida noinsof, adolatsiz, magʻrurlangan, raiyat, ilm-fan, mehnat ahliga yomon muomala-munosabat qiluvchi, poraxoʻr, bemaʼrifat, johil, zulm-u jabrdan huzur qiluvchi hokim va amaldorlar faoliyatini qattiq qoralaydi. Shoir taʼbiricha, bunday insonlardan it sharafliroqdir. Oʻsha johillar oʻz jismoniy kayf-u rohatlari uchun qashshoq kambagʻallarni xonavayron qilishdan uyalmaydilar. Bunday muftxoʻr va xasis mulozimlar qargʻishga uchragani uchun ham ularning mol-boyliklari barakasiz, harom.


Ulugʻ shoirning talay pand-u nasihatlarida odamlarni ranjitmaslik, ularga ozor bermaslik kabi ibratli mulohazalar oʻrtaga tashlanadi. Biroq hukm aqli raftorining quyushqondan chiqishi shoirni behad gʻazablantiradi. Shundan boʻIsa kerak, uning oʻzi ham oshkora tanqidga oʻtadi va zulm-u sitamkorlarning amaliy faoliyatini boʻrining tajovuzkorligiga oʻxshatadi.
Alloma shoirning koʻpchilik asarlarida odamlar yuksak odamiylik sifat va fazilatlariga daʼvat etiladi. U insonlararo oʻzaro hurmat, samimiyat qaror topishi tarafdori edi. «Darvoqe, ahillik, adolat, mehr-u oqibat, oʻzaro ittifoq ustuvor boʻlgan yurtda zulmat chekinadi, inson sharafi ulugʻlanadi, oʻzaro nizolar yoʻqoladi, inson insonning joniga qasd qilmaydi. Ana shunday ulugʻ insonsevarlik gʻoyalari tufayli Nosir Xisrav bizga zamondoshdir.


«»Ey, mardum zodai, bo mardumi bosh,
Chi boshad dev budan, odami bosh!»»


Yaʼni:

«»Ey, inson avlodi sen, insoniylik bilan boʻl,
Nimadur dev boʻlish, odamiy boʻl!»»»


Nosir Xisravning ilm-fanni, insonni, mehnatni, kasb-hunarni ulugʻlovchi, adolatsizlikning har qanday koʻrinishini qoralovchi merosi soʻnggi avlodlar maʼnaviy yuksalishi uchun muhim ozuqa boʻldi, u xalqning sevimli shoir va mutafakkiriga aylanib ketdi. Nosir Xisrav ijodi Markaziy Osiyodan chiqqan donishmand, mutafakkirlar ijodining nihoyatda rang-barang, umuminsoniy boʻyoqlarga boy ekanligini yana bir bor isbotlaydi.